Yangi Konstitutsiyada tibbiy yordamning kafolati

    Loyihaga koʻra, Konstitutsiyamizning 40-moddasiga sogʻliqni saqlashga oid normalar qoʻshilyapti.

    Bugungi kunda mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizgʻin pallaga kirdi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.

    Ularning aksariyati mazmun-mohiyatiga koʻra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla taʼminlashga qaratilgan.

    Konstitutsiyaviy islohotlar keng qamrovli boʻlib, ulardan eng eʼtiborlisi sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish masalasi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyish bilan bogʻliq.

    Loyihaga koʻra, Konstitutsiyamizning 40-moddasiga sogʻliqni saqlashga oid quyidagicha normalar qoʻshilyapti:

    Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning qonunda belgilangan hamda tez va shoshilinch tibbiy yordamni ham oʻz ichiga oladigan kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli.

    Davlat sogʻliqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlarini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, tibbiy sugʻurtaning turli shakllarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha zarur choralar koʻradi.

    Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

    Davlat Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish boʻyicha zarur choralar koʻradi.

    Shuningdek, Konstitutsiyaga 401-modda qoʻshilmoqda, “Har kim sogʻlom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega boʻlish hamda oʻz sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi huquqiga ega”.

    Bugungi kunda tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yoʻnalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda. Buni birgina misol, yaʼni qisqa davrda buyrak, jigar va oʻzak hujayralarda 700 dan ortiq murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilganida ham koʻrish mumkin.

    Bundan tashqari, jamiyatda yashovchi har bir shaxsning malakali tibbiy xizmatdan foydalanishi uning Vatanga boʻlgan ertangi ishonchini yanada oshiradi. Shunga koʻra, Konstitutsiyamizda mamlakatda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, qadr-qimmatini ulugʻlashda sogʻliqni saqlash tizimi ustuvor ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.

    R.Raxmonov,

    Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi

    masʼul xodimi