Yangi loyiha yurtimizni jahon bozoriga yanada yaqinroq tanitishga xizmat qiladi

    Serquyosh yurtimizda yetishtirilgan, vitamin va minerallarga boy, ekologik toza meva-sabzavot hamda poliz mahsulotlari xushtaʼmligi bilan ajralib turadi. Shu bois, ular nafaqat oʻzimizda, balki xorijda ham xaridorgir va sevib isteʼmol qilinadi. Demak, bozorbop mahsulotlar yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, ichki va tashqi bozorga sifatli hamda maqbul narxlarda yetkazib berishga alohida eʼtibor har qachongidan yuqori boʻlib boraverishi kerak.

    Bu borada esa agrologistika xizmatlarining alohida oʻrni bor. Zero, bunday markazlarning asosiy vazifasi mamlakatning eksport salohiyatini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarish uchun tayyorlash jarayonini xalqaro darajaga yetkazishdan iborat.

    Tahlillarga koʻra, meva-sabzavot va poliz mahsulotlarining ichki isteʼmoldan ortgan qismini toʻgʻridan toʻgʻri yoki qayta ishlangan holda eksportga chiqarish Oʻzbekiston uchun jahon bozorlarida katta imkoniyat yaratadi.

    Bugungi kunda yurtimizda yuzga yaqin agrologistika markazi faoliyat yuritadi. Ularning umumiy sigʻimi qariyb bir million tonnani tashkil etadi.

    Garchi meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini eksportga chiqarish sohasi yildan yilga rivojlanayotgan boʻlsa-da, mamlakatimizda hali ishga solinmagan imkoniyatlar juda koʻp.

    Buni toʻgʻri anglagan “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB “BMB holding” kompaniyasining Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida “BMB Agro Plus” korxonasini tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi. Mazkur loyiha uchun bank tomonidan 34,6 million dollar kredit ajratildi.

    Ushbu tashabbus qisqa fursatda muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Eng ulugʻ va eng aziz ayyom — mustaqilligimizning 33-yillik bayrami arafasida Sharof Rashidov tumanida “BMB Holding” tarkibidagi klasterlarda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zamonaviy texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlash orqali qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, saqlash va sotish (eksport) jarayonlarini keng tatbiq etishga xizmat qiluvchi “BMB Agro Plus” korxonasining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.

    Korxonadagi Belgiya, Avstriya, Italiya, Turkiya va Xitoyning yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar yiliga 40 ming tonnadan ortiq meva-sabzavotni chuqur qayta ishlash imkonini beradi. Xususan, yiliga 21 ming tonna mahsulot birlamchi qayta ishlanadi. Mahsulotni quritish natijasida 12,5 ming tonna meva hamda 5 ming tonna pyure, jem, tomat va boshqalar uchun ­xomashyo ishlab chiqariladi. Ellik ming tonna dukkakli mahsulot saralanib, 1500 tonna mahsulot shok va akustika usulda muzlatilishi rejalashtirilgan.

    Loyiha ikki bosqichdan iborat boʻlib, birinchi bosqichda meva-sabzavotni birlamchi chuqur qayta ishlab, murabbo, konserva, pyure va pasta kabi mahsulotlar ishlab chiqarish hamda quritish, ikkinchi bosqichda esa sublimatsion usulda quritish liniyasi, shok va akustika usulda muzlatish jarayonlarini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan. Eng muhimi, loyiha doirasida 400 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.

    — Bozor iqtisodiyoti sharoitida mahsulot ishlab chiqarishdan to isteʼmolchiga yetkazib berish ketma-ketligini ­tizimli tashkil etish muhim ahamiyatga ega, — ­deydi “BMB Holding” kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov. — Shuning uchun mazkur korxonani ochdik. Loyiha samarasini oʻrganish davomida ekspertlarimiz tomonidan zarur maʼlumotlar jamlandi. Mamlakatimizda har yili 23 million tonnadan ziyod meva-sabzavot yetishtirilib, undan 3,5 million tonnadan ortigʻi qayta ishlanib, bir yarim million tonnasi tashqi bozorlarga hoʻl holida eksport qilinadi. Xalqaro bozorda quyosh nuriga toʻyingan meva-sabzavotimizga talab oshib borayotgan ekan, ular qayta ishlanib, chiroyli qadoqlarda savdoga chiqarilsa, ayni muddaodir.


    Farhod NEʼMATOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri


    Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 179-sonida (2024-yil 5-sentyabr) chop etilgan.


    Hamkorlik materiali