Davlat Rahbarining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonga imzo chekishlari mazkur siyosatning uzviy davomi boʻlib, milliy “uchinchi sektor” vakillarida juda katta qiziqish uygʻotdi.
Farmonda belgilangan vazifalarni amalga oshirish Yangi Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatining asosiy institutlari rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam poydevor hisoblanmoqda.
Agar Farmonni kontent tahlil qilsangiz, davlat va jamiyat boshqaruvida «uchinchi sektor»ning oʻrni va ahamiyatini kuchaytirishga qaratilgan kamida 5 ta muhim jihat eʼtiboringizni tortadi, jumladan:
1. Konseptual vazifalar
Eng avvalo, Farmonda fundamental asosga ega boʻlgan 6 ta konseptual vazifa belgilangan. Asosiy konseptual vazifalar fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish, davlat va jamiyat taraqqiyotida “uchinchi sektor”ning salohiyatidan toʻlaqonli foydalanish hamda ularning tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan.
Ikkinchidan, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratining yangi mexanizmlarini roʻyobga chiqarish, xorijdagi vatandoshlar, ularning uyushmalari bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Uchinchidan, alohida taʼkidlash lozimki, fuqarolik jamiyati institutlariga davlat va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼnaviy va gumanitar sohalarini rivojlantirishda koʻmakdosh boʻlish uchun juda katta imkoniyatlar ochib berilmoqda.
Xususan, vazirlik va idoralarining fuqarolik jamiyati institutlariga ijtimoiy buyurtma berishda asosiy eʼtibor jamiyatda inson huquqlarini himoya qilish, korrupsiyaga murosasiz muhitni shakllantirish, taʼlim, tibbiyot, ekologiya, qurilish, transport, kommunal xoʻjaligi, bandlik, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish va boshqa sohalarning eng dolzarb muammolari yechimiga qaratilmoqda.
Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga har yili kamida bir marotaba sohaviy va hududiy fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot oʻtkazish vazifasi yuklatilmoqda.
Bu oʻz navbatida, “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonunning
5-moddasi hamda 18-moddasi 10-bandlarining yanada keng koʻlamda aniq ishlashiga, fuqarolik jamiyati institutlarini ixtisoslashuvining kuchayishiga xizmat qiladi.
2. Raqamlashtirish
Farmonda fuqarolik jamiyati institutlarining muhim ijtimoiy ahamiyatga molik dastur va loyihalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jarayonlariga IT-texnologiyalar va dasturiy mahsulotlarni joriy qilish orqali sohani raqamlashtirish – yagona elektron platformani ishga tushirish nazarda tutilmoqda.
Bunda, fuqarolik jamiyati institutlarining muhim ahamiyatga molik loyiha va dasturlarining tanlovlari, ularga arizalar berish, ijtimoiy ahamiyatini aniqlash, gʻoliblarni belgilash, moliyalashtirish, joriy
va yakuniy monitoring kabi jarayonlarni toʻliq raqamlashtirish belgilangan.
Mazkur tashabbusning innovatsion jihati shundaki, bu kabi platforma Oʻzbekiston tajribasida avval fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jarayonlarga tatbiq qilinmagan.
Eng asosiysi fuqarolik jamiyati institutlarining dastur
va loyihalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashda inson omili minimallashtiriladi. Turli byurokratik toʻsiqlarga barham beriladi.
Ijtimoiy ahamiyatga molik dastur va loyihalarni tanlash, amalga oshirish va natijalarini baholashda (samaradorlik) shaffoflik hamda ochiqlik taʼminlanadi.
Shuningdek, portalning ishga tushirilishi milliy amaliyotga xalqaro tajribani implementatsiya qilish hamda uning jahon tajribasiga integratsiya boʻlishini yanada kuchaytiradi.
Sababi bu kabi raqamli platformalardan xalqaro va xorijiy donorlar keng koʻlamda foydalanib kelmoqda. Masalan, Yevropa Ittifoqining «Tenderlar va moliyalashtirish portali», AQSHda «Grants.gov», Rossiya Federatsiyasi «Prezident grantlari fondi» kabilarni koʻrsatish mumkin.
3. Institutsional oʻzgarishlar
Sohada koʻzda tutilayotgan institutsional islohotlarda umumxalq
va hududlar manfaatlarini inobatga olish mexanizmlarini yanada kuchaytirish, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning vertikal tizimini, ochiq shaffof barcha tushunadigan yagona uslubini yaratish maqsad qilingan.
Tahlilga koʻra, Farmonda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat vakillik organlari va ijro organlari tizimidagi oʻrni
va ahamiyati yanada kuchaytirilmoqda.
Eng birinchi navbatda asosiy institutsional oʻzgarishlarda Qonun chiqaruvchi Oliy organ huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tashkil qilinishi muhim oʻrin egallaydi.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shaharida Jamoat fondining filiallari tashkil qilinmoqda.
Fond faoliyatini samarali boshqarishga masʼul boʻlgan Parlament komissiyasiga Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining vakillari navbatma-navbat raislik qilishi kabi yangi tartib kiritilmoqda.
Mazkur tartib Fond faoliyatida, ayniqsa mablagʻlarni taqsimlash, loyihalarning ijtimoiy ahamiyatini aniqlash, tanlash, moliyalashtirish va ijrosining samaradorligini yuksaltirishda umumxalq hamda hududlar manfaatlarining inobatga olinishini taʼminlaydi.
Bu esa Fondning boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Institutsional oʻzgarishlarda OʻzNNTMA raisiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qoʻmitalari (komissiyalar) majlislarida nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili sifatida ishtirok etish huquqining berilishi hamda uning asosiy vazifasi belgilanishi muhim ahamiyatga ega.
Xorij tajribasida bu kabi komissiya alohida organ sifatida mavjud boʻlmasa-da, ammo bunday mexanizm turli mamlakatlarda qoʻllanilmoqda.
Xususan, Fransiyada Palatalararo komissiyalarga navbatma-navbat raislik qilish Milliy Assambleya va Senat vakillari oʻrtasida oʻtkaziladi.
Komissiyalarda qarorlar odatda konsensus yoki ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Navbatma-navbat raislik qilish bir palataning hukmronligini oldini olishga yordam beradi.
Italiyada doimiy va muvaqqat qoʻshma komissiyalar mavjud boʻlib, ular har ikki palata vakillaridan iborat. Ushbu komissiyalar ijtimoiy
va jamoat masalalariga oid qonun loyihalarini muhokama qilish, kelishish uchun tuzilishi mumkin. Ular konsensus asosida faoliyat olib boradi, bu esa palatalar oʻrtasidagi pozitsiyalarni doimiy ravishda muvofiqlashtiradi.
Mazkur tamoyil ijtimoiy siyosat, sogʻliqni saqlash, taʼlim
va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega sohalardagi loyihalarni samarali koʻrib chiqishga yordam beradi.
Komissiyalar qoʻshimcha maʼlumot va takliflar olish uchun fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va boshqa manfaatdor shaxslar bilan maslahat uchrashuvlarini tashkil etishi mumkin.
Ikkinchi muhim institutsional oʻzgarish, mahalliy kengashlar huzurida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat boʻlgan maslahat guruhlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Ushbu vazifa davlat boshqaruvida mahalliy kengashlarning rolini oshirish, joylardagi muammolarni hal etish va muhim qarorlarni qabul qilish jarayonlarida fuqarolik jamiyati institutlari ifoda etadigan aholi qatlamlari manfaatlarini inobatga olinishini taʼminlaydi.
Shuningdek, bunda davlat vakillik organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida muloqot maydoni hamda hamkorlik koʻprigi yuzaga kelishiga tashkiliy-huquqiy shart-sharoit shakllantirilmoqda.
Ayniqsa, ijtimoiy sheriklik komissiyasi aʼzosi boʻlgan senatorlar orqali Jamoat fondi, uning joylardagi filiallari va Parlament komissiyasi faoliyati samaradorligini oshirish mexanizmi yaratilmoqda.
Uchinchi muhim institutsional oʻzgarish, davlat organlari, ayniqsa ijro organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari raislari fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari orasidan tasdiqlanishi belgilab qoʻyildi.
Bu oʻz navbatida, «Jamiyat – islohotlar tashabbuskori» gʻoyasi hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillariga boʻlgan ishonch kabi siyosiy irodaning ifodasi hisoblanadi.
Bu kabi pragmatik gʻoya «Davlat – bosh islohotchi» degan utopiyadan farqli oʻlaroq, demokratik islohotlarning barcha jarayonlarida jamoatchilik institutlarining faol ishtirok etishini taʼminlaydi.
Aholining fikri, xohish va istagi, orzu va umidlarini roʻyobga chiqarishga, davlat va jamiyatning muloqotiga, oʻzaro tiyib turishga vosita boʻlib xizmat qiladi.
Provardida xalq xizmatidagi davlat organlarining toʻliq shakllanishida yoʻlchi yulduz boʻladi.
Shunga koʻra, Farmonda davlat organlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ikki oylik muddat berilmoqda.
Mana shu vaqt oraligʻida oʻzlarining huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini qayta tashkil etishlari lozim boʻladi.
Shu bilan birga, «Yuksalish» harakatining soʻroviga asosan har bir davlat organi oʻzining huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatiga doir maʼlumotlarni taqdim etib borishi vazifasi yuklangan.
Boshqacha soʻz bilan aytganda, mazkur masala ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatilmoqda.
Albatta, Farmonda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bilan bogʻliq barcha vazifalar «Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida»gi Qonunni takomillashtirishni nazarda tutadi.
Ahamiyatli jihati shundaki, Farmonda ushbu masala ham toʻliq eʼtiborga olingan.
4. Iqtisodiy-moliyaviy shart-sharoitlar
Farmonda fuqarolik jamiyati institutlariga iqtisodiy-moliyaviy, tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni shakllantirish talab qilinmoqda.
Ayniqsa, davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1000 baravarigacha, yaʼni 340 mln. soʻmgacha boʻlgan mablagʻlarni tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi berilmoqda.
Bu oʻz navbatida, fuqarolik jamiyati institutlarining sohaviy
va tarmoq loyihalarini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.
Natijada, fuqarolik jamiyati institutlari uchun «Davlat xaridlari toʻgʻrisida»gi Qonunda belgilangan tartib va qoidalardan farqli oʻlaroq yangi huquqiy imkoniyat yaratilmoqda.
Bunda, hududiy muammolarni hal qilishda davlat organlari
va jamoat tashkilotlarining kuchlarini birlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilishning tizimlashtirilgan mexanizmini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Unga koʻra, Vazirlar Mahkamasi har yili fuqarolik jamiyati institutlari bilan ijtimoiy sheriklik sohasida alohida dastur qabul qiladi.
Iqtisodiy-moliyaviy qoʻllab-quvvatlashda nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini tuzishning yanada yengillashtirilgan tartibi joriy qilinayotgani muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Xususan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab bu kabi tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun olinadigan davlat boji miqdori 2 baravarga kamaytirildi.
Xayriya faoliyati sohasi ham muhim islohotlarga tortilmoqda.
Jumladan, homiylik tashkilotlarining ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan shaxslarga ajratadigan mablagʻlarning soliq solinmaydigan miqdori 15 mln soʻmdan 34 mln soʻmga yoki 2 karraga oshirildi.
5. Ragʻbatlantirish
Xalq farovonligi, yurt tinchligi va vatan taraqqiyoti yoʻlidagi har qanday ezgu mehnat munosib taqdirlanishi shart.
Shunga koʻra, Davlat Rahbari fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining jamiyat oldidagi xizmatlarini ragʻbatlantirishning mexanizmlarini belgilab berdi.
Bu oʻz navbatida jamiyatda “inson qadri”ni ulugʻlash sohasidagi siyosiy irodaning fuqarolik jamiyati institutlari vakillariga nisbatan tatbiq etilishining amaliy ifodasi ekanligini koʻrsatadi.
Yil yakunlarida “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash, “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofotini taʼsis etish, “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yoʻnalishida nominatsiya tashkil etish vazifalari belgilab berildi.
Mazkur vazifalarni bajaruvchi ijrochilar, moliyaviy manbalar, amalga oshirish muddatlari koʻrsatib oʻtildi.
Bundan tashqari, fuqarolik jamiyati institutlarining muhim ahamiyatga molik loyihalari davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalari shaklida moliyaviy qoʻllab-quvvatlanganda, loyiha doirasida toʻlanadigan daromad va ijtimoiy soliqlar miqdori 3 yil muddatga 50 foiz miqdorida kamaytirildi.
Albatta Farmonning qabul qilinishi sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish yoʻlidagi saʼy-harakatlarning yarimi hisoblanadi, Farmon bilan belgilangan vazifalarning toʻliq ijrosi taʼminlanganda sifat jihatdan yangidan yangi marralar koʻzga tashlanadi.
Demak, ushbu Farmon fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada kuchaytirish, mazkur institutlarning salohiyatlaridan jamiyat hayotining turli sohalarini rivojlantirishda unumli foydalanish hamda zaruriy shart-sharoitlarni yaratib berish kabi xalqchil siyosat davom etishini koʻrsatmoqda.
Yangi Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan 10 mingga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari, yana shuncha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, 2500 dan ortiq ommaviy axborot vositalari, jamoat kengashlari, maslahat guruhlari, jamoatchilik komissiyalari va boshqa shu kabi minglab turli jamoat tuzilmalari faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Bu oʻz navbatida, Yangi Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish yoʻlida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar davomiyligi, uzviyligi va mantiqiyligi tamoyillarini saqlagan holda ularni orqaga qaytmasligini yana bir bor tasdiqlaydi.
A.Toʻrayev,
Demokratik jarayonlarni tahlil
qilish markazi boʻlim boshligʻi,
siyosiy tahlilchi