Yangi Oʻzbekiston muhandislari ilm-fan va ishlab chiqarish drayveriga aylanishi zarur

    Dunyo ilm-fani rivojlanishning yangi bosqichlariga qadam qoʻyayotgan, taʼbir joiz boʻlsa, sunʼiy idrok hayotimizning barcha jabhasiga faol kirib kelayotgan ayni pallada agrar davlat maqomini boʻyinga olib yashash taraqqiyotga intiladigan mamlakatga munosib holat emas.

    Mana shu hayotiy zaruratni oʻz vaqtida anglab, kadrlar tayyorlash oʻzanini zamonaviy talablarga yoʻnaltirmagan davlat ham, oliy taʼlim tizimi ham, jamiyat ham muqarrar yutqazadi.

    Prezidentimiz raisligida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi barcha mutasaddilar, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, ilm-fan hamda ishlab chiqarish vakillari uchun tarixiy uchrashuv boʻldi.

    Davlatimiz rahbari 2022-yili 20-dekabrda Oliy Majlisga hamda xalqimizga Murojaatnomasida kimyo sanoati, elektrotexnika, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida muhandislik maktablari tashkil qilinishi, yangi zamon muhandislari tayyorlash tizimi yaratilishi haqida soʻz yuritgan edi. Videoselektor yigʻilishi ana shu konseptual maqsadga erishish yoʻlidagi hal qiluvchi qadam boʻldi.

    Yangi gʻoya va tashabbuslarga tayanilgan yigʻilishda zamonaviy talablarga mos muhandis kadrlar tayyorlashning ayni paytdagi holati tanqidiy tahlil etildi. Holatga qaysi tomondan qaramaylik, raqamlar bor holatni ochiq-oydin koʻrsatib turibdi.

    Shu oʻrinda davlatimiz rahbari keltirgan faktlarni yana bir karra esga olsak. Yurtimizda texnika yoʻnalishidagi 36 ta davlat oliy taʼlim muassasasini har yili 67 ming yigit-qiz bitiradi. Biroq ularning 60 foizi oʻzi oʻqigan yoʻnalish boʻyicha ishlamayapti. Sababi, ularni tayyorlagan oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturi va ixtisosliklari bugungi kunda ish beruvchilar talabini toʻlaqonli qoniqtira olmayapti.

    Oliy taʼlim muassasalari zamonaviy yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻymasa, mahalliy sanoat tarmoqlari katta mablagʻ sarflab, ishchilarini xorijda oʻqitish yoki chetdan mutaxassis olib kelishga majbur boʻladi.

    Holbuki, chet eldan jalb qilinayotgan muhandislarning ishini oʻzbek oʻgʻil-qizlari ham uddalashga qodir. Buning uchun ularga zamonaviy koʻnikma va tajribalar oʻrgatilishi kerak. Holatga eng munosib taʼrif ham yigʻilishda aytildi: zamonaviy muhandislar tayyorlanmayotganining sababi shuki, OTM va sanoat korxonasi oʻrtasida uzilish yuz bergan. Rektorlar korxonalarga borib, yangi texnologiya va uskunalar bilan tanishmayapti. Ular mutaxassislar tayyorlashda iqtisodiyotning real sektoridagi kadrlarga ehtiyojni inobatga olmayapti.

    Davlatimiz rahbari oliy taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash masalasiga toʻxtalar ekan, doim mana shu nozik jihatga alohida eʼtibor qaratadi. Nazariy bilim va koʻnikmaning amaliyotda mustahkamlanishi va asoslanishi, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish zanjirining toʻlaqonli integratsiyasini taʼminlashga urgʻu beradi. Bu bejiz emas. Shu yoʻl bilan bitiruvchilarning sifatli bilim olib, kasb-hunar oʻrganib, amaliyotda chiniqib, biror korxona yoki tashkilotga kerakli xodim sifatida shakllanib borishiga erishiladi. Bu jarayonda, shubhasiz, ishlab chiqaruvchilarning kadrlarga ehtiyoji va talabi nihoyatda muhim.

    Yigʻilishda birinchi bosqichda 10 ta oliygohda oliy muhandislik maktablari ochilishi maʼlum qilindi. Ushbu maktablarda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yoʻlga qoʻyilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi. «Tarmoq – korxona – oliygoh» zanjiri asosida har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab beriladi.

    Kelgusida hamkor korxonalarda oliy taʼlim muassasasi kafedralari ochiladi va dual taʼlim yoʻlga qoʻyiladi. Bu jarayonda korxonalar kafedralarni jihozlash, oʻqituvchi va talabalarni ragʻbatlantirish choralarini koʻradi. Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi taʼlimi ham toʻliq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi. Ushbu jarayonda tajriba-sinov ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi qonuniy asoslarini takomillashtirish oldimizda turgan muhim vazifalardan.

    Zamonaviy OTMlarning daromadi faqat talabaning shartnomasidan tushadigan tushumdangina shakllantirilmaydi. Ayniqsa, texnika-muhandislik yoʻnalishidagi oliygohlar keng qamrovli ish yuritishi, buning uchun huquqiy imkoniyatlar bemalol boʻlishi muhim.

    Ilmiy ishlanmalar, amaliy, innovatsion, fundamental va startap loyihalarni amalga oshirish evaziga ham katta foyda olish mumkin. OTM olimlarining ixtirolari tijoriylashtirilib, ishlab chiqarishga faol joriy etilishi orqali ham salmoqli mablagʻ shakllanadi. Mana shu jarayonni tajriba-sinov ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi muvofiqlashtiradi.

    Yigʻilishda bildirilgan fikrlar, belgilab berilgan dolzarb vazifalar yurtimizda oliy muhandislik texnika taʼlimini yangi bosqichga olib chiqish, ilm-fan va ishlab chiqarishni bir-biriga yaqinlashtirish, yaxshi natijalar uchun sherik va hamkorga aylantirishga asos boʻladi.

    Oʻylab koʻraylik, ilm-fan, texnik-muhandislik bilimi ishlab chiqarish bilan, korxonalar bilan, real hayot bilan bogʻlanmasa, iqtisodiyotga, jamiyatga qachon va qanday samara keltirishi mumkin? Ilm-fandan, muhandislikdan maqsad ishlab chiqarishda, iqtisodiyotda faol boʻlishdan iborat emasmi aslida?

    Texnik samaradorlik nuqtayi nazaridan eng rivojlangan mamlakatlar oʻz vaqtida shu savollar bilan bogʻliq masalalarga jiddiy eʼtibor qaratgan. Ilm-fandan, ishlab chiqarishdan asosiy maqsad insonga, turmush farovonligiga xizmat qilishdir.

    Shu maʼnoda mazkur yigʻilish, unda ilgari surilgan ilgʻor fikr va tashabbuslar yangi Oʻzbekistonning mazmuni va qiyofasini yana bir bor koʻz oldimizda gavdalantirdi.

    Uchinchi Renessans ezgu orzu, buyuk maqsaddir. Odamlar hayoti bilan, millionlab yurtdoshlarimizning turish-turmushi, mamlakat iqtisodiyoti bilan uzviy bogʻlangan ilm-fan uning mustahkam poydevoriga aylanishi zarur.

    Ulugʻbek Inoyatov,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari