Yangi Oʻzbekiston: ochiq va erkin saylovlar

    Fikr 27 Yanvar 2021 6515

    Saylovlar xalqimizning oʻz xohish-irodasini bildirishi, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokining asosiy shakli hisoblanadi. Saylovlarning ochiq-oshkora va shaffof tarzda oʻtishida huquqiy asoslarning hayotiy va xalqchil tarzda ishlab chiqilishi muhim ahamiyat ega.

    Binobarin, mamlakatimizda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlari xalqaro normalar hamda demokratik prinsiplarga toʻla javob berishida milliy qonunchilik va saylov amaliyotimizning oʻrni beqiyos. Bu oʻz navbatida, xalqimiz uchun saylov jarayonlarining qonuniy va adolatli oʻtishini toʻla taʼminlash imkonini oshiradi.

    Shu jihatdan, mamlakatimizda davlat xokimiyati organlari va institutlarini saylovlar yoʻli bilan tashkil etish borasida xalqaro normalar va andozalarga toʻla mos keladigan tajriba shakllantirildi. Xususan, Konstitutsiyamizda belgilab berilgan saylovga oid konstitutsiyaviy tamoyillar asosida Saylov kodeksi qabul kilindi.

    Lekin bugun zamon tez va shiddat bilan oʻzgarayotganini hisobga olgan holda, voqelikning ortida emas, balki uning oldida yurishimiz, taraqqiyotimiz va demokratik yangilanish zaminini belgilab beradigan qonunlarni oʻz vaqtida qabul qilishimiz, ularga hayot taqozo etayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritishimiz darkor.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 25-yanvarda boʻlib oʻtgan majlisida muhokama qilingan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining qabul qilinishi saylov jarayonlarining ochiq va oshkora oʻtishini taʼminlashi muqarrar.

    Birinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan qonun loyihasining muhim xususiyati shundaki, unda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilishi va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanishi nazarda tutilmoqda.

    Xorijda istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼiy nazar saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, shuningdek, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida koʻchma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratilmoqda. 2019-yilgi parlament saylovlarida ham mazkur amaliyot ilk bor tajribadan oʻtkazilgan edi.

    Yana ham muhim bir jihat borki, bu haqda alohida aytib oʻtish ayni muddaodir. U ham boʻlsa, saylov natijalarini eʼlon qilish muddatlarining asossiz choʻzilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilayotganidir. Zero, erkin saylovlar nafaqat hokimiyatni shakllantirish tamoyili, ayni paytda uning xalq oldidagi masʼuliyati ifodasi hamdir.

    Bular hali hammasi emas. Qonun loyihasida faqat siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablagʻlardan foydalanishning shaffofligini taʼminlash maqsadida ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan soʻng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini eʼlon qilish tartibi ham joriy etilmoqda.

    Ayonki, saylovlarning dekabr oyida oʻtkazilishi saylovlardan keyingi siyosiy tadbirlar parlament birinchi majlisini oʻtkazish, Hukumatni shakllantirish, davlat rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi kabi muhim siyosiy jarayonlar yangi yilning birinchi choragiga toʻgʻri kelmoqda. Bu esa Davlat dasturini qabul qilish va boshqa islohotlar kechiktirilishiga sabab boʻlyapti.

    Agar xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, asosan iqlimi issiq boʻlgan janubiy yarimshar davlatlarida xususan, Gana, Misr, Nigeriya, JAR, Jazoir, Venesuela, Dominika, San Marino kabi mamlakatlarda saylovlar dekabr oyida oʻtkazilishini koʻramiz. AQSH, Shveysariya, Ispaniya, Urugvay, Chili, Bosniya, Iordaniya, Moldova davlatlarida esa saylovlar oktyabr-noyabr oylarida boʻlib oʻtadi.

    Shu nuqtayi nazardan bir qator omillarni inobatga olib Prezident saylovining oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilishi oqilona qarordir. Birinchidan ob-havo moʻtadil boʻlsa, ikkinchidan ayni shu vaqtda saylovchilar va kuzatuvchilar uchun qulay sharoit vujudga keladi. Sababi saylovda xalqimiz oʻzining xohish-irodasini, yuksak siyosiy ongi va faol fuqarolik pozitsiyasini yaqqol namoyon etadi.

    Xulosa oʻrnida aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va milliy qonunchilik talablariga toʻla rioya qilingan holda oʻtkazilishiga shubha yoʻq. Zotan, mazkur hujjatning qabul qilinishi saylovoldi tashviqot tadbirlarini oʻtkazish va ommaviy tadbirlarni tashkillashtirish, eng muhimi, saylovlarning adolatli oʻtkazilishiga zamin yaratadi.

    Faxriddin SAMATOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasi deputati,
    OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi