Qarorda yuksak intellektual salohiyatga ega, jahon mehnat bozori, ilm-fan va texnologiyalar olamida raqobatbardosh, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni chuqur oʻzlashtirgan kadrlar tayyorlash borasidagi vazifalar belgilab berilgan. Shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi zimmasiga ham muayyan topshiriqlar yuklangan.
Yangi tashkil etiladigan universitetda taʼlim jarayonini umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar asosida tashkil etish boʻyicha bir qancha xalqaro oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishladik. Xususan, AQSHning Massachusets texnologiya instituti, Stenford universiteti, Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti, Germaniyaning Myunxen texnika universiteti va boshqa nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan muzokaralar olib borildi. Ularning tajribasi oʻrganildi.
Massachusets texnologiya instituti yangi innovatsiyalar, yangi gʻoyalar, axborot texnologiyalari boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi. Shu institut bilan shartnoma imzoladik. Unga koʻra, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti oʻquv rejasi va dasturlari Massachusets texnologiya instituti bilan birgalikda ishlab chiqiladi.
Myunxen texnika universiteti oʻquv rejasi va dasturlarini ishlab chiqish bilan birga, taʼlim sifatini nazorat qilishda ham bizga koʻmaklashadi. Yangi universitetga kirish imtihonlari hamkorimiz — Cambridge Assessment tashkiloti bilan birga tashkil etiladi.
Yangi oliy oʻquv yurtini tashkil qilish jarayonida biz yosh, lekin xalqaro reytingdan qisqa muddatda yuqori oʻrin olgan universitetlar bilan muzokara olib bordik. Bunga misol qilib, Singapur texnologiya va dizayn universitetini keltirishimiz mumkin. Mazkur oliy oʻquv yurti nufuzli universitetlar qatori oʻzining taʼlim dasturi bilan oʻrtoqlashdi. Hamkorlarimiz oʻquv va ilmiy laboratoriya jihozlari, sarflanadigan laboratoriya materiallari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, multimedia mahsulotlari, oʻquv va ilmiy-metodik adabiyotlar bilan taʼminlashda yordam beradi.
Ayni paytda xalqaro ekspertlar bilan birga mamlakatimiz uchun kelajak kasblarini belgilab oldik. Universitetda joriy yildan boshlab muhandislik, matematika, fizika yoʻnalishlari boʻyicha tabiiy fanlar, biznes-moliyaviy boshqaruv fakultetlarini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Agrotexnologiyalar boʻyicha yangi yoʻnalishlar tashkil etish rejamizda bor. Zero, agrar soha boʻyicha mamlakatimiz katta resurslarga ega. Shu bois ham agrotexnologiya, shuningdek, atrofmuhit muhandisligini oʻrganish, informatika fakultetlarini tashkil etish boʻyicha ishlayapmiz.
Hozir barcha soha taraqqiyotida axborot texnologiyalari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli mazkur yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlash maqsadida axborot texnologiyalari fakultetini ochmoqchimiz.
Yangi universitetning yana bir oʻziga xosligi shundaki, ilm-fan, taʼlim hamda ishlab chiqarish oʻzaro integratsiya qilinadi. Universitetda tahsil oladigan talabalarni birinchi kursdanoq ishlab chiqarish muassasalariga biriktirish koʻzda tutilgan. Ular birinchi kursdan ilmiy maqolalar yozishni oʻrganish uchun professor ustozlarga biriktiriladi.
“Yangi Oʻzbekiston” universiteti sanoat bilan bogʻliq holda ham faoliyat olib boradi. Ayni paytda nafaqat yurtimizdagi sanoat korxonalari, balki boshqa davlatlardagi yirik korxonalar bilan ham muzokaralar olib bormoqdamiz. U yerda 3-4-kursdagi talabalarimizning amaliyot oʻtashi koʻzda tutilgan.
Ushbu universitet oʻqituvchilari bilan birgalikda yoshlarning vatanparvarlik tuygʻusini oshirish borasida ham bir qancha dasturlar ustida ishlayapmiz. “Yangi Oʻzbekiston” universitetida oʻqish davlat tilida, shuningdek, ingliz tilida ham olib boriladi. Xorijlik mutaxassislar, mahalliy professor-oʻqituvchilar oʻz sohasi boʻyicha yoshlarga chuqur bilim berish bilan birga, talabalarni xalqaro kasbiy koʻnikmaga ham yoʻnaltirishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019-yili Vazirlar Mahkamasi huzurida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etilgandi. Bundan maqsad salohiyatli, iqtidorli bolalarni tanlab olish, ularga jahon standartlari darajasida bilim berish etib belgilangan. Bu yil Prezident maktablarini 96 nafar oʻquvchi bitirdi. Ulardan 88 nafari muddatidan oldin, xorijdagi reytingi baland universitetlarga oʻqishga qabul qilindi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekiston” universitetining ochilayotgani ana shu maktabda farzandlari tahsil olayotgan ota-onalar uchun ham quvonchli voqea boʻldi. Zero, iqtidorli, ilmga chanqoq, vatanparvar yoshlar yangi universitetda tahsil olib, ertaga yurt koriga yaraydigan yetuk mutaxassis boʻlishi shubhasiz.
Hilola UMAROVA,
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan
maktablarni rivojlantirish agentligi direktori