баннер
17 Apr 2025
13:06

    Yangi O'zbekistonda moddiy-madaniy meros va muzeylar istiqboli

    Muzey kollektsiyalarini to'plash – ilmiy izlanish samarasidir

    Madaniy meros turli tarixiy davrlarda doimo avlodlarning mafkuraviy taraqqiyotiga zamin, bilimlar manbai, tarbiya va ta'lim vositasi bo'lib xizmat qilib kelgan. Xususan, asrlar davomida shakllangan o'zbek xalqining madaniy va moddiy merosi jahon tsivilizatsiyasi taraqqiyotida xalqlararo madaniy ko'prik vazifasini bajarishda ajralmas qismi hisoblanadi.

    “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi”da belgilangan vazifalar doirasida muzeylar faoliyati va muzey ishining tizimli rivojlantirish bo'yicha dasturlar qabul qilingan. Ularda xalqaro aloqalarni, o'zaro foydali hamkorlikni rivojlantirish, O'zbekistonda va xorijda keng ko'rgazma faoliyati orqali mamlakat boy tarixi, bugungi yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, muzeylarda saqlanayotgan noyob eksponatlarni jahon miqyosida targ'ib etish kabi vazifalarni amalga oshirish ko'zda tutilgan. Ular O'zbekistonning turizm salohiyatidan yanada to'liq va samarali foydalanishda muhim o'rin tutadi. Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlis qonunchilik palatasiga qilgan Murojaatnomasida “...mamlakatimiz muzeylarida saqlanayotgan tarixiy eksponatlarni to'liq xatlovdan o'tkazish, har bir muzeyning katalogini yaratish lozim”, deb qayd etganidek muzey kollektsiyalarini komplektlash mazkur sohadagi eng dolzarb vazifalardandir, deya ta'kidlab o'tgandilar.

    Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 iyunida imzolangan PQ-3074 -sonli “O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazini tashkil etish to'g'risida”gi, 2018 yil 19 dekabrdagi PQ-4068-sonli “Moddiy madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrdagi “2017-2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori hamda sohaga oid boshqa me'yoriy hujjatlarda belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish bugungi kun va kelajagi uchun juda muhim hisoblanadi.

    So'nggi yillarda O'zbekistonda muzeyshunoslik sohalarini rivojlanishida Uyg'onish davri bo'ldi desak, mubolag'a bo'lmaydi. Bu, ayniqsa, yangi muzeylar tashkil etilishida yaqqol ko'zga tashlanadi. Fikrimiz dalili sifatida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 dekabrdagi “O'zbekiston amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyini tashkil etish to'g'risida”gi 1003-qarori, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida «Maqom muzeyi» faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi 2018 yil 8 avgustdagi 621-sonli qarori, 2019 yil 30 maydagi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sarmishsoy”, “Shahrisabz”, “Termiz” va “Qo'qon” davlat muzey-qo'riqxonalari faoliyatini tashkil etish to'g'risida” gi 443-sonli qarori, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 iyuldagi “Erkin Vohidov memorial muzeyi hamda Haziniy uy-muzeyi faoliyatini tashkil etish to'g'risida” gi 630-qarorlarni ko'rsatib o'tish mumkin.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Toshkent muzeyini tashkil etilishi muzeyshunoslikda erishilgan katta yutuqlardan biri bo'ldi. Adiblar xiyobonida joylashgan mazkur muzey yurtimiz poytaxti qadimiy SHosh tarixi haqida tarixning jonli guvohlari deb hisoblanadigan eksponatlar orqali hikoya qilinadi.

    “Buyuk ipak yo'lining gavjum chorrahasida joylashgan Toshkent asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va ma'rifat markazlaridan bo'lib kelgan. Vatanimizning oltin ostonasi bo'lmish poytaxtimiz bugungi kunda yanada rivojlanib, go'zal va obod megapolislardan biriga aylanib bormoqda. Lekin shunday katta shahar shu vaqtga qadar o'zining muzeyiga ega emas edi”, – deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

    Bundan tashqari Ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini ko'rsatgan ko'p millatli O'zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk G'alabani ta'minlashga qo'shgan munosib hissasini keng miqyosda yoritish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida Toshkent shahrida “Shon-sharaf” davlat muzeyi barpo etildi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” da amalga oshirishga oid Davlat dasturi” hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va san'at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida” 2017 yil 31 maydagi PQ–3022-son qarorini ijro etish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrdagi “2017-2027 yillarda davlat muzeylar faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to'g'risida”gi 975-sonli qarorini qabul qilganligi yurtimizda muzeylar rivoji istiqbolini belgilab berdi.

    Tarixdan ma'lumki, dunyoning yirik xorijiy muzeylarida kollektsiyalarning to'planishi, saqlanishi va namoyish etilishi o'sha mamlakat aholisining yaratgan moddiy-madaniy yodgorliklari tarixi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Jahon muzeyshunosligida tarixiy-madaniy merosni saqlab qolishning ustuvor yo'nalishlari, ularni ilmiy tadqiq va targ'ib etish orqali muzey kommunikatsiyasini takomillashtirishni bugungi kun tartibiga qo'ymoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 apreldagi “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF‒6199-son Farmonlarida bajarishi kerak bo'lgan ustuvor vazifalar aynan muzeyshunoslik ilmining yanada ravnaq topishida mustahkam zamin bo'lib xizmat qilishishi tabiiydir.

    Bilamizki, jahonning ko'plab muzeylari hamda ilmiy markazlarida, xususan O'zbekistonda ham muzey ashyolarini komplektlash va atributlashning ilmiy asoslarini tadqiq etish, ilmiy tavsiflash, fondlarda informatsion komplektlash ishini rivojlantirish, boyitish, muzey kollektsiyalarini saqlash, konservatsiyalash, artefaktlarning 3D ko'rinishini yaratish, ularning elektron reestrini tuzish kabi vazifalar xalqaro darajada o'rganilmoqda. Google Art Project, Historic Moments – “Tarix zarvaraqi”, Europeana global loyihasi, Goskatalog.ru kabi elektron kataloglarda muzey kollektsiyalarining yagona ma'lumotlar bazasi yaratilmoqda. Bu jarayonlar madaniy merosga bo'lgan munosabat va uning tadqiq etish zaruriyatini qay darajada muhimligidan dalolat beradi. Aynan farmonda bajarilishi lozim bo'lgan: milliy muzey fondining davlat katalogini yuritish, muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini milliy muzey fondi tarkibiga kiritish, undan chiqarish, universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o'tkazish hamda sohada davlat nazoratini amalga oshirish;

    muzeylar faoliyatini muvofiqlashtirish, rivojlantirish, muzey xodimlarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash, attestatsiyadan o'tkazish, muzeylarning toifalarini belgilash, milliy muzey fondining ochiqligini ta'minlash va muzey ashyolari hamda muzey kollektsiyalarini o'rganish, ommalashtirish, restavratsiya va asrashga doir ishlarni amalga oshirish kabi dolzarb vazifalar YAngi O'zbekiston davrida muzeyshunoslik sohasida ham Renessans bo'lishi tabiiydir.

    Darhaqiqat, keyingi yillarda tarixning turli sabablariga ko'ra xorijiy davlatlarga olib chiqib ketilgan O'zbekistonga oid madaniy merosni o'rganish, tadqiq qilish bo'yicha ko'pgina ishlar amalga oshirilmoqda. YA'ni, O'zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi, O'zbekistonga oid xorijdagi moddiy boyliklarni tadqiq etish markazi va sohaga oid ko'plab ilmiy tadqiqotlarning bajarilishi natijasida xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz o'z yurtidan olisda saqlanayotgan moddiy-madaniy merosdan boxabar bo'lish imkoniga ega bo'lmoqdalar. Aynan bu kabi dolzarb vazifalar farmonning quyidagi bandlarida o'z ifodasini topgan:

    d) mamlakatimiz va xorijdagi madaniy boyliklar sohasida:

    madaniy boyliklarni muhofaza qilish, shu jumladan, ularning O'zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi va uning hududiga olib kirilishi bo'yicha sertifikat berish va realizatsiya qilishni muvofiqlashtirish, madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan o'tkazish, ularning toifasini aniqlash, davlat reestrini yuritish, sohada davlat nazoratini amalga oshirish;

    mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid xorijdagi madaniy boyliklarni aniqlash, ularning to'liq ma'lumotlar bazasini yaratish, muntazam yangilab borish hamda asl yoki ko'chirma nusxalari, foto va videotasvirlarini yurtimizga olib kelish;

    ilmiy o'rganish asosida olingan ilmiy ma'lumotlar va ularning tahliliy natijalariga oid bibliografik to'plamlar, kataloglar, kitob-al`bomlar, axborot byulletenlari va boshqa matbaa mahsulotlarini turli tillarda nashr etish, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog'ida keng yoritish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.

    Darhaqiqat, bu borada har bir xalqning o'ziga tegishli bo'lgan milliy-madaniy merosini saqlash, o'rganish va xorijdagilarini imkon qadar qaytarish vazifasi XXI asr ilmiy-amaliy yo'nalishlarida dolzarb masalalar qatoridan o'rin oldi. Bu borada xalqaro va mahalliy me'yoriy hujjatlarga tayangan holda, xorijdagi O'zbekistonga oid moddiy merosni asrash, ular haqidagi to'liq ma'lumotlar bazasi – reestrini tuzish, muntazam yangilab borish, muzey ashyolarining egizak nusxalarini, nodir qo'lyozmalarning faksimilelarini yaratish, ularning ko'rgazmalarini tashkil etish kabi ishlar mamlakatning sayyohlik salohiyatini yanada oshirishga va muzey fondlarini to'ldirishda xizmat qiladi.

    Albatta, bu kabi vazifalarni to'laqonli bajarishda ilmiy salohiyatli, har tomonlama puxta bilim va ko'nikmaga ega kadrlar faoliyati juda muhim hisoblanadi. Ma'lumki, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida muzeyshunos mutaxassislarga ta'lim berish yo'lga qo'yilgan. “Muzeyshunoslik” kafedrasi tarixiga nazar tashlasak, 1992 yilda Mannon Uyg'ur nomidagi Toshkent davlat san'at instituti Tasviriy san'at fakul`teti “Tasviriy san'at tarixi va nazariyasi” kafedrasi San'atshunoslik ta'lim yo'nalishi negizida birinchi Muzeyshunoslik yo'nalishiga talabalar saralab olingan. 1999 yilda “Tasviriy san'at tarixi va nazariyasi” kafedrasi negizida “Muzeyshunoslik” kafedrasi tashkil etilgan. Bugungi kunda ushbu kafedrada o'z sohasining etuk mutaxassislari fan doktorlari talabalarga saboq berib kelmoqdalar. Talbalar bevosita olgan nazariy bilimlarini amaliyot bilan qo'llash maqsadida, 2019 yil dekabr` oyida O'zbekiston davlat san'at muzeyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Muzeyshunoslik kafedrasining filiali ochilgan bo'lsa, 2020 yil 15 yanvar` kuni Muzeyshunoslik kafedrasining O'zbekiston tarixi davlat muzeyida ham ikkinchi filialini ochilishi kafedra tarixida muhim voqealardan biri bo'ldi.

    Muzeyshunoslik kafedrasi O'zbekiston muzeylar kengashi, respublikamizdagi yirik muzeylar, YuNESKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi, Sankt-Peterburg davlat madaniyat instituti, Koreya Universiteti va boshqa xorijiy davlatlardagi oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini olib bormoqda.

    Bugungi kunda mazkur institutda muzeyshunos kadrlarni tayyorlash, o'zaro tajriba almashish maqsadida jahonning etakchi mamlakatlari muzeylari bilan ham samarali ilmiy hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 yanvardagi “Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti faoliyatini yanada takomillashtirish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi 8-son Qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida institutda ko'plab xorijiy soha mutaxassislari bilan hamkorlikda muntazam ravishda konferentsiyalar, seminarlar o'tkazib kelinmoqda. O'tkazilayotgan xalqaro ilmiy anjumanlarda sohaga ixtisoslashgan oliy ta'lim muassasalari vakillari o'z ilmiy tadqiqotlari natijalari bilan ishtirok etib, moddiy va madaniy meros, jahonning ko'plab nufuzli muzeylarida saqlanayotgan bu kabi eksponatlar, muzeylardagi innovatsion tadqiqotlar, muzeyshunoslikka bag'ishlangan dolzarb muammolar va ularning echimlari haqida o'z fikr va mulohazalarini bildiradilar.

    Xulosa o'rnida shuni aytish joizki, jahonning yirik muzeylarida saqlanayotgan O'zbekistonga oid ashyolarni o'rganish, ajdodlar moddiy-ma'naviy merosi va ularning asosiy xususiyatlarini tadqiq etish tarix, muzeyshunoslik va san'atshunoslik ilmini yangi ma'lumotlar bilan to'ldirish, kelajakda sohaga oid tadqiqotlarni bajarishda asos vazifasini o'taydi. Muzey faoliyati muzey fondlari asosida amalga oshiriladi. Muzey kollektsiyalarini to'plash – ilmiy izlanish samarasidir. Fan va texnikaning rivojlanishi bilan bog'liq holda komplektlashning zamonaviy usuli – informatsion komplektlash vujudga kelganligi natijasida xorijiy muzeylar, kutubxonalar internet saytlaridan foydalanish orqali, O'zbekistonda xorijiy muzeylarning tajribalaridan foydalangan holda muzey kommunikatsiyasini rivojlantirishda katta samara beradi. Bunda dunyo bo'ylab tarqab ketgan O'zbekistonga oid merosni o'rganishda jahon muzeylarining internet saytlariga qo'yilgan ma'lumotlar, fotosuratlar mavzuga oid ma'lumotlarni to'plash, ya'ni zamonaviy informatsion komplektlashning muhim tamoyili bo'lib xizmat qiladi. Bilim olishning ushbu zamonaviy usullari videomuzeylar, virtual sayohatlar va elektron kataloglar orqali amalga oshiriladi. Albatta, bu borada biz, soha vakillari muzeyshunoslik ilmining Renessans davrini yaratishda hozir turishimiz, badiiy ta'lim yo'nalishida esa amaliyot bilan integratsion jarayonda bo'lishimiz darkordir.

    Dilafro'z QURBONOVA,

    Kamoliddin Behzod nomidagi

    Milliy rassomlik va dizayn instituti prorektori

    Telegram kanalimiz
    Text to speech