Bundan 5-6 yil burun turgʻunlik, jahon hamjamiyati va qoʻni-qoʻshnilarimizdan ajralib, milliy mahdudlikka berilish tendensiyasi ancha kuchaygandi. Ochigʻini aytganda, mamlakatda tizimli inqiroz boshlangan edi. Vaziyatni faqat davlatning ichki va tashqi siyosatini tubdan oʻzgartirib, har bir yoʻnalishda, sohada islohotlarning yangi konsepsiyasini yaratib va qatʼiyat bilan amalga oshirib, oʻnglash mumkin edi.
Oʻzbekistonda rahbariyat oʻzgarishi bilan shunday siyosat yuritila boshlandi. Bu siyosat asosiga “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” gʻoyasi qoʻyildi.
Bu gʻoya, bu tashabbus ilgari surilganiga shaxsan guvoh boʻlganman. 2016-yili Shahrisabz shahrida
Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuvda maʼnaviy yuksalish asoslarini xalqimizga taqdim etdi. Insonning maʼnaviy komilligi, rivojlanishiga xizmat qiluvchi shu ulugʻvor gʻoya asosida 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasi ishlab chiqildi. Uning doirasida har bir sohani 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi joriy etildi va bu ish davom etmoqda. Oʻtgan yillarda Prezidentimiz yuzlab yangi farmon va qarorlar qabul qildi, faqat qogʻozlardagina ishlayotgan, real hayotga mos boʻlmagan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritildi.
Dilimdagi gaplarni qogʻozga koʻchira boshlagan kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tarixiy ahamiyatga ega 10 ta eng muhim tashabbusi 100 nafar mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan shakllantirilgani haqida xabar tarqaldi.
Ezgu xabarning qanoti bor, deyishadi. Bugun ana shu tashabbuslar ish stolimda turibdi. Har kuni shu tashabbuslarga bir qur koʻz yugurtiraman, shunda keyingi 5 yilda aziz Vatanimizda roʻy bergan xayrli oʻzgarishlar, farahli voqealar koʻz oldimdan birma-bir oʻta boshlaydi.
Yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari shakllandi, chegaralar ochilib, nazorat-kiritish punktlari tashkil etildi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha masalalar boʻyicha konstruktiv muloqot oʻrnatildi.
Shunday yillar boʻldiki, qoʻshnilar bilan ahil boʻlishimiz kerak, dedik, lekin uyimizga qoʻymadik, oʻzimiz ham bormadik. Eshiklarni mahkam yopib oldik. Qon-qardosh, quda-anda, doʻstu birodar xalqlarimiz uzoq yillar bir-birining diydorini sogʻinib yashadi. Maʼrakaga, toʻyga borolmadi. Hatto, ota-onasini, yaqin qarindoshlarini “soʻnggi manzil”ga kuzatishdan mosuvo boʻlgan yurtdoshlarimizni bilamiz. Ularning qalbidagi armon, alam choʻgʻi esa endi-endi soʻna boshladi.
Bugun xalqimiz yetakchisi — Prezident
Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi bilan Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasidagi munosabatlar tamomila doʻstona kayfiyatda namoyon boʻlmoqda.
Chegaralar ochildi, qoʻshni davlatlar bilan bogʻliq barcha masalalarga yechim topildi. Agar hozirgi manzarani bitta gap bilan taʼriflash mumkin boʻlsa: ming-ming yillardan buyon qutlugʻ zaminda oʻsayotgan bitta daraxt shoxlari yana qayta yashnay boshladi.
Doʻst otini minib yur, manzilingga yetasan, deydi xalqimiz. Keyingi yillarda shu maqol hikmati ham koʻz oldimizda ochilmoqda. Gap shundaki, qoʻshnilar bilan doʻstona aloqalarning qayta tiklanishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi teng manfaatli iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlariga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonning birgina Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi 2016-yildan 2019-yilgacha 2 barobardan oshdi. Pirovardida, besh yil oldingi 2,5 milliard dollardan 5,2 milliard dollarga yetdi. Bu koʻrsatkichlarni qoʻshni davlatlarning har birida koʻrish mumkin.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlari bilan azaliy doʻstlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgani xalqaro hamjamiyatda Oʻzbekistonning nufuzini, obroʻ-eʼtiborini chandon oshirdi.
Yana bir gap. Bugun qoʻshni davlatlar bilan bizni faqat rasmiy chegara chiziqlari ajratib turibdi, maqsadlarimiz, siyosiy irodamiz, bagʻrikenglik, doʻstlik va hamjihatlik kabi tamoyillarimiz esa mushtarak.
Valyuta bozori erkinlashtirildi, naqd pul bilan bogʻliq muammolar bartaraf etildi.
— Pensiyamizni uyimizgacha olib kelib berishadi, baraka topgurlar, — deydi shahrisabzlik 102 yoshli Saʼdullo bobo. — Bundan toʻrt yil muqaddam kunlab bank eshigi yonida oʻtirib, pensiyani foizga pul qildirib, shunga ham “mayli-da, endi” deb yurgan edik. Hamshira qizlar tez-tez holimizni soʻraydi. Sanatoriyda dam olib kelyapmiz. Inson qadrlansa qalb yosharar, boshingdagi doʻppi ham qiyshaymas ekan...
Saʼdullo boboning gapida jon bor. Plastik kartochkamizdagi oʻz pulimizni naqd pul qilish uchun sarson yugurganlarimiz hali yodimizda. Ayrim “uddaburonlar” 40 foizgacha ushlab qolib pulimizni naqdlashtirib bergani ham bor gap. Shunga ham rozi boʻldik-da. Chorasiz edik.
Qishloq muallimlarini ayting. Plastik kartochkasidagi 1 million soʻm pulni naqd qilish uchun omadi chopsa 200 mingi, yoʻqsa 300-400 mingidan voz kechishga ham tayyor edi. Chunki bozordan un, yogʻ, kartoshka, piyoz deganday oziq-ovqat sotib olishi kerak, uyida joʻjabirday jon, farzandlari yeyman-ichaman, deb turganda pul koʻzga koʻrinarmidi. Bozorda esa, plastik kartochkaga savdo qilinmasdi. Borlari ham baribir foiz ushlab qolardi.
Yaqinda qadrdon ukamiz bundan toʻrt yil oldingi voqeani eslab, gurung berib qoldi: “Keliningiz oʻqituvchi. Plastigiga tushgan pulini naqd qilish uchun bormagan bankim, uchramagan tanishim qolmadi. Foiz falon pul. Har oy shu hol takror. Bir kuni, alam bilan xotinimning plastigini oldim-da oʻrtasidan ikki boʻlib, javonning bir chetiga uloqtirib yubordim. Qachon shu tizim oʻzgarsa keyin ishlatamiz, dedim. Ancha-muncha yigʻilgan ekan, bankomatlar ishlay boshlaganida bemalol naqd qildirib oldik. Birgina naqd pul bilan bogʻliq siyosatning isloh qilingani ham xonadonlarimizga rizq-baraka boʻlib kirdi. Buni tan olmaslik, noshukrlik boʻlar”.
Bu ham mayli. Xorijda Oʻzbekistonga inson huquqlariga rioya qilinmaydigan demokratik davlat, deb qarash, uni baʼzi masalalarda “qora roʻyxat”ga kiritish yildan-yil kuchaydi. Qator nufuzli xalqaro tashkilotlar, banklar yurtimizdagi vakolatxonalarini yopa boshladi. Investitsiyalar kiritish oʻsmadi.
Tahlilchilarning fikriga koʻra, oʻsha davrda Oʻzbekistonga investitsiya kiritayotgan xorijliklarning mablagʻidan chetda ishlab yurgan muhojirlar yuborayotgan valyuta miqdori koʻproq ekan. Shu faktning oʻziyoq mehnat migrantligi qay yoʻsinda avj olgani, xorijlik investorlarning Oʻzbekistonga oʻz sarmoyasini tikishga hayiqqanini yaqqol koʻrsatib turibdi.
Bugun Oʻzbekistonda iqtisodiy yuksalish epkini kezmoqda. Tadbirkorlarga erkinlik berildi, qulay va jozibador investitsiya muhiti yaratildi. Import oʻrnini toʻldiruvchi yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga kirishildi, eksport bozori kengaydi. Pirovardida, minglab yangi ish oʻrinlari paydo boʻldi, xorijlik ishbilarmonlarning Oʻzbekistonga qiziqishi va biznes yuritish uchun ishonchi ortdi.
Bu kabi yana koʻplab yaxshi natijalarga erishishda mamlakatda valyuta bozori erkinlashgani muhim omil boʻldi, albatta.
Bundan toʻrt yilcha oldin Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatda valyuta bozorini erkinlashtirish siyosatini ilgari surganida Oʻzbekistondagi turgʻun hayotga koʻnikib qolgan xalqaro hamjamiyat ham, ekspertlar va iqtisodiy tahlilchilar ham ishonqiramay qarashgan edi.
Ammo qanchalik ogʻir boʻlmasin, qanchalik murakkab sharoit va toʻsqinliklar yuzaga kelmasin, Oʻzbekiston yetakchisining qatʼiy va mustahkam siyosiy irodasi bilan maqsadga erishildi. Bugun mamlakatimizda nafaqat valyuta bozori erkinlashdi, balki oʻzbek soʻmida xalqaro obligatsiyalarni ham joylashtirishni boshladik. Shu kunlarga yetkazganiga ming shukr!
Majburiy mehnat, shu jumladan, bolalar mehnatiga barham berildi.
Tan olish kerak, mustaqillikdan keyin ham oddiy xalqni majburiy mehnatga jalb qilish, bolalar kuchidan foydalanish, xotin-qizlarni choychaqaga ham arzimaydigan maosh evaziga ogʻir mehnatga tortish yuraklarni zada qilib tashladi. Biz qaysi yoʻldan ketayapmiz, tilda “Mustaqillik, yurt taraqqiyoti, gullab-yashnayotgan jamiyat” haqida gapirilsa-da, odamlar majlisdan soʻng shivirlab “bularning hammasi eski qolipdagi soʻzlar, koʻrib turibsiz-ku, xalq qiynalayapti”, deyishardi.
Hukumat haqida bir yomon gap aytib qoʻyib baloga qolishdan hayiqish davri edi u paytlar. Hammasi joyida, hammasi maromida koʻrinsa-da, aslida ichki bir tushkun kayfiyat hukmron edi. Mustaqillikdan keyin ishsizlik tufayli yoshlarimizning Rossiyaga, Qozogʻistonga mardikorlikka ketganini nima bilan izohlash mumkin? Qanchadan-qancha hunarsiz va qoʻlidan ish kelmaydigan gʻoʻr yoshlarning sovuq oʻlkada qarovsiz, och qolganiga yuragimiz achishganini unutib boʻladimi?! Yoʻq, albatta!
Bugun Oʻzbekiston majburiy mehnatga barham berilgan mamlakatlar safida. Yaqinda yangi bir xushxabarni oʻqib qoldim. AQSH Davlat departamentining Jahonda odam savdosi toʻgʻrisidagi yillik maʼruzasida Oʻzbekistonning pozitsiyasi yaxshilanibdi. Bu shu oy boshidagi gap.
Eʼlon qilingan maʼruzada jahondagi 192 davlatda ushbu sohadagi vaziyat chuqur tahlil etilgan, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bilan bir qatorda, erishilgan natijalar ham inobatga olingan. Unda Oʻzbekiston odam savdosi va majburiy mehnatga barham berish yoʻlida salmoqli harakatlarni amalga oshirayotgan mamlakatlar qatorida qayd etilgan.
2020-yilgi hisobotda AQSH Davlat departamenti rahbari Oʻzbekistonni alohida tilga olib, “Oʻzbekistonning ushbu muammoni hal qilishga qaratilgan katta saʼy-harakatlari mintaqadagi mamlakatlar uchun yangi standartni belgilab bermoqda”, deya ushbu muammoni bartaraf etish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho bergan edi.
Bu eʼtirof zamirida paxta terimiga talabalar, oʻqituvchilar va sogʻliqni saqlash xodimlari tizimli jalb etilishiga barham berilgani, paxta teruvchilarga beriladigan pul miqdori oshirilgani, ixtiyoriy mehnatni ragʻbatlantirish uchun ish sharoitlari yaxshilangani, xalqaro kuzatuvchilarning moneliksiz tekshiruvi uchun imkoniyat yaratib berilgani, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha oliy darajadagi Milliy komissiya taʼsis etilgani kabi omillar yotganini tushunish qiyin emas.
Bolalar mehnatiga barham berilgani ham tarixiy voqelik edi. Biz-ku bolaligimizdan paxta dalasida oʻsdik, lekin mustaqillik yillarida ham shu manzaraning takror boʻlayotgani koʻnglimizni ezib kelardi. Maktab oʻquvchilari, talabalar paxta dalasida...
Endi bunday emas. Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan bolalar mehnati va majburiy mehnat holatlarini aniqlash boʻyicha tekshiruvlar soni ortdi, mamlakatimizda odam savdosiga oid jinoyatlarni aniqlash va qonuniy javobgarlikka tortish borasidagi ishlar samara bera boshladi.
OTMlarga qabul kvotalari oshirilib, milliy va xorijiy universitetlar filiallari ochildi.
Hozir taʼlim haqida oʻylar ekanmiz, yana majburiy mehnat mavzusini davom ettirishga toʻgʻri keladi. Peshonamizga minglab balolarni yogʻdirgan paxta siyosati, paxta yakkahokimligi millat bolalarini moʻrt va kasalmand qilib qoʻygani ustiga savodsizlikka mahkum etgani ham achinarli boʻldi. Ammo bu vaziyat mustaqillikdan keyin ham salbiyligicha qoldi. Hosilning yarmidan ortigʻini terib oladigan mashinalar metallomga topshirib yuborildi. Terimning asosiy yuki maktab, kollej oʻquvchilari, talabalar zimmasiga tushdi. Mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish uchun millat maʼrifatini, millat ongu tafakkurini boy berish alal-oqibat milliy inqirozga yuz tutishga olib kelishi haqida oʻylab koʻrilmadi.
Bu farzandlarimizning oʻqishdan qolib ketishi yoki chalasavod boʻlib ulgʻayishiga, milliy gʻurur, milliy oʻzlikdan uzoqlashishga yoʻl ochdi. Eng yomoni ham shu oʻzi. Baʼzi yoshlar shular bois chetga chiqib, turli ekstremistlar tuzogʻiga ilindi.
Qorni toʻq, usti but, oilasi obod, farzandlari oʻqimishli boʻlgan xalqgina oʻz oldiga ulugʻvor maqsadlar qoʻyadi. Eʼtibor bering, bugun har bir viloyatda ixtisoslashtirilgan maktablar, ijod maktablari, Prezident maktablari faoliyat yuritmoqda. Taʼlim tizimini zamonaviy metodlar asosida, shaxs tarbiyasiga eʼtibor qaratgan holda, ayniqsa, xalqaro standartlar talablariga mos faoliyat olib borilayotgani qanchalik samarali ekanligi namoyon boʻlmoqda.
Qaysi kuni bir yosh yigit yonimga kelib, “Bobo meni tabriklang, muddatidan oldin birvarakayiga 31 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi talabasi boʻldim”, deydi. Uzundan uzoq duo qildim. Axir shular-ku, davlatimiz rahbari aytganidek, Uchinchi Renessans bunyodkorlari.
Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari qadam qoʻyilar ekan, bu qadamlar Uchinchi Renessans poydevori uchun zamin boʻlayotganini xalqimiz chin dildan his etyapti. Bu his yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusining bir koʻrinishidir. Xalq dardi bilan yashash, har bir oʻzbekistonlikni oʻz ogʻasi, singlisi, qadrdoni, farzandi kabi koʻrish uchun — Yurtboshi kabi jonkuyar boʻlmoq kerak. Bu jonkuyarlikni koʻrganda, qalblar uygʻonsa, erta uchun nimadir qilish ishqida yonsa, ayni mana shu saboqning amaliy ahamiyati yuzaga chiqadi.
Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qila boshladi.
Shavkat Mirziyoyev rahbarlikka kelgach, ana shu qatʼiy talabni qoʻydi. Bu talab korrupsiyaga qarshi kurash bilan qoʻshib olib borildi va koʻplab rahbarlarni hushyor tortishga majbur qildi.
Yangi davr boshlanganini, insonga, uning toʻq va farovon yashashiga, kambagʻallikka, ishsizlikka barham berilishi, davlat ichki siyosatining maqsadini tashkil etishini odamlar anglab yetgach, ularning mamlakat kelajagiga ishonchi yuksala boshladi. Aholining murojaatlari bilan ishlash tizimi — siyosiy madaniyat darajasiga koʻtarildi. Qabulxonalar, sayyor qabullarda yillar davomida yechim topmagan muammosi hal boʻlgani chogʻda, koʻzda yosh bilan shukrona aytayotgan odamlarni koʻrsang, bir qalbga ekilgan yaxshilik urugʻi, bir necha qalblarga totim boʻlishini, duoga aylanishini his qilasan.
Qamashi tumanidan 82 kilometr olisdan joylashgan “Katta oʻra” MFYda yashovchi “Ayollar daftari”ga kiritilgan Munisa Eshboyeva yanvar oyida boʻlgan sayyor qabul chogʻida tikuvchilik sexi ochish istagida ekanini bildirdi. Unga shahardagi oʻquv markazida kasb egallashi uchun imkon yaratildi. Tikuv mashinasi hadya etildi. Chevar qiz qishloqdagi 22 nafar ishtiyoqmandga oʻrganganlarini oʻrgatdi. Ayni kunda ular tomonidan turli kiyim-kechak, roʻzgʻor buyumlari tikilmoqda. “Ustoz-shogird” anʼanasi doirasida ayollar bandligi taʼminlanishi qatorida oilalarga daromad kirib bormoqda.
Oʻzbekiston mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashda tashabbuskor, faol targʻibotchi mamlakat sifatida tanildi. Insonparvarlik siyosati bilan namuna boʻldi.
Qaysi kuni Qarshi shahridagi “Chaqar” mahallasidan Afgʻonistonga kelin boʻlib tushgan Nodima ota uyiga mehmon boʻlib kelibdi. Qavmu qarindoshlar jam, suhbat qizigan, ammo uning koʻzi eshikda emish, har zamonda choʻchib turib, derazadan atrofni kuzatib, goh hadik, goh sarosima ichida oʻtirishi bilan mezbonlarni hayratga solarmish. Erta tongda turib, uni yum-yum yigʻlayotgan holida koʻrishibdi. “Biz farzandlarimiz bilan vidolashib uyquga yotamiz. Hozir portlash yuz bermasmikin, degan qoʻrquv bilan yashaymiz. Bu tinch, osoyishta hayot — baxt! Sizlarga havasim kelyapti”, debdi u.
Oʻzbekiston oʻz Yurtboshisi rahbarligida tinchlikparvar mamlakat sifatida ham tanildi. Shavkat Mirziyoyevning doʻstona, bagʻrikenglik siyosati Markaziy Osiyoda oʻzgacha ajib muhit yaratdi. Mintaqa hayotiga doir eng muhim masalalar rasmiy Toshkentda hal etilishi yaxshi anʼanaga aylandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan kelayotgan hafta, 15-16-iyul kunlari Toshkentda oʻtishi kutilayotgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya ham fikrimiz tasdigʻidir.
Davlat rahbari tavqi laʼnatlarga uchragan va jang ketayotgan hududlarda sarsonu sargardon boʻlib yurgan millat ayollari va bolalari haqida chin yurakdan qaygʻurdi. Aslida hijratga ketib qolganlarning hammasi ham sotqin emas, ular orasida aldanganlari, adashganlari va ketishga majbur boʻlganlari ham koʻp.
Sir emas, “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi orqali ayollar va bolalar olib kelinganda, boshida koʻpgina yurtdoshlarimiz bu tadbirga hadiksirab qaragandi. Ammo davlat rahbarining yuragidagi millatparvarlik otashi xalq taqdiri, millat kelajagi uchun har qanday taʼna-dashnomlarni kuydirib kul qilishga qodirligini vaqtning oʻzi koʻrsatdi va bu otash shuʼlasi xalqimiz yuragida ham aks eta boshladi.
Islohotlar har bir yurtdoshimiz hayotiga kirib bordi. Minglab oilalarda yangi, farovon hayot boshlandi.
“Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” kabi ijtimoiy himoya qilishning aniq tizimi vujudga kelishi, mazkur daftarga tushganlarni ish va barqaror daromad manbai bilan taʼminlab, zarur hollarda yangi kasblarga oʻqitib yoki tadbirkorlikka jalb qilib, daftarlardan chiqarish yuzasidan olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlar, ajratilayotgan mablagʻlar xalqimizga manzur boʻlmoqda. Asosiysi, mazkur tizim yurtimiz rivojiga katta hissa qoʻshmoqda. Bir necha misol keltirib oʻtsam.
Qashqadaryo viloyatida dastlab “Temir daftar”ga 69 ming 194 oila kiritilgan edi. Ularda salkam 300 ming kishi, shundan 72 ming 183 nafar mehnatga layoqatli fuqaro qayd etildi. Bugun 65 ming 980 oila daftardan chiqarildi. Ularning
71 ming 768 nafar ishga layoqatli aʼzosi ish bilan taʼminlandi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 59 ming 593 yigit-qizdan 2021-yil 1-iyungacha 26 ming 523 nafari daftardan chiqarildi. Gʻalladan boʻshagan maydonlardan takroriy ekin uchun yer ajratish hisobiga bu koʻrsatkich yana-da sezilarli oshadi.
“Ayollar daftari” boʻyicha ham kompleks chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Shu kungacha daftardagi ayollarning barchasi qandaydir koʻmak oldi. “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati va jamgʻarmasi doirasida ehtiyojmand oilalarga 141 milliard 162 million soʻmlik moddiy yordam koʻrsatildi. Keltirilgan raqamlardan yurtda har bir inson eʼtiborda ekani oʻz isbotini topmoqda.
Men shu xalqning vakili sifatida komil ishonch bilan ayta olamanki, yurtimizda olib borilayotgan strategiya, yangi Oʻzbekistonni barpo qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlar bu eng toʻgʻri va odil, samarali yoʻldir.
Yaqin toʻrt yil ichida amalga oshirilgan yirik iqtisodiy-ijtimoiy dasturlar, jumladan, viloyatimizda barpo etilayotgan sunʼiy yoqilgʻi ishlab chiqaradigan GTL, yengil sanoat korxonalari, qishloq xoʻjalik sohasidagi bunyodkorlik, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari avvalida davlat rahbarining har bir hamyurtimiz farovon yashashi istagini anglaysan kishi. Moddiy toʻkislikni taʼminlash, har bir oilaning tadbirkor boʻlishi yoʻlida qilingan harakatlar, amalga oshirilgan chora-tadbirlar bugun amaliy natija bermoqda.
Eng muhimi, xalqimizni har tomonlama rozi qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlar dilda shukronalik uygʻotmoqda, bu esa tilda minnatdorlik va duo boʻlib aks etmoqda.
Buyuk bobokalonimiz Abul Muin an-Nasafiyning “Iymon qalbdan tasdiq, tilda taʼkiddir”, degan dono oʻgitlari bugun Oʻzbekistonda olib borilayotgan siyosat misolida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Zero, xalqi iymonli-eʼtiqodli mamlakatning kelajagi nurafshondir.