Har bir mamlakat erkin va farovon jamiyat qurishga intilar ekan, bu yoʻldagi ulugʻvor maqsad hamda vazifalarini, avvalo, oʻz Konstitutsiyasida mustahkamlaydi. Bunda qonun ustuvorligini taʼminlash har qanday zamonaviy demokratik davlatning asosi hisoblanadi. Aynan Konstitutsiyada belgilangan ustuvor qoidalar asosida jamiyat, uning siyosiy institutlari va iqtisodiyot toʻliq rivojlanadi. Shu maʼnoda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya jamiyatimizning evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat boʻlib, bu adolatli jamiyat barpo etish yoʻlidagi ulkan qadamdir.
Soʻnggi yillarda erishgan yutuqlarimizni, xususan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, soʻz va eʼtiqod erkinligi sohalaridagi yuzlab cheklovlar olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hal qilingani va boshqa ijobiy harakatlar ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasini taʼminlash zarur. Bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qoʻyish talab etilmoqda. Oʻtgan qisqa davrda sud-huquq tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan tarixiy oʻzgarishlarga qoʻl urildi. Mamlakatimizda inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat darajasida belgilandi.
Prezidentimizning joriy yil 16-yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlarida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar belgilandi. 2023-2026-yillarda sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha harakatlar dasturi tasdiqlandi.
Bunda “Yangi Oʻzbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirishni, sohaga ilgʻor xalqaro standartlarni joriy etishni talab etmoqda. Shu bois, yangilanayotgan Konstitutsiyada sud organlarini fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi mustaqil organga aylantirish eng muhim vazifa etib belgilandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya “Inson – jamiyat – davlat” paradigmasiga asoslangani, unda barcha aholi toifalarining, hatto jinoyat sodir etgan shaxslar huquq va manfaatlari aks etgani bilan oʻta muhim ahamiyatga ega. Muhim yangiliklardan biri Oʻzbekiston – huquqiy davlat sifatida belgilanayotganidir. Jumladan, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi, deya eʼlon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 barobardan ortiqqa oshmoqda.
Inson huquq va erkinliklari qonunlarimiz, har bir vazirlik va idora faoliyati mazmuniga aylanishi qatʼiy talab sifatida belgilanyaptiki, bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolar manfaatlarini koʻzlab faoliyat koʻrsatishiga asos boʻladi.
Qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal boʻlishi shart va zarur. Bunga koʻra, qonunchilikdagi inson va davlat oʻrtasida munosabatlarni tartibga soluvchi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklari oldi olinadi.
Konstitutsiyada davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerakligi mustahkamlanmoqda. Qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga oʻz roziligisiz yuklatilishi mumkin emasligi qayd etilyaptiki, ushbu norma odamlar hayotini yanada yengillashtiradi.
Hujjat loyihasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Bu norma fuqarolarimizning doimiy ravishda davlat himoyasida ekaniga ishonchini mustahkamlashga, oʻz yurtidan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqda. Xususan, oʻlim jazosi taqiqlanmoqda. Oʻlim jazosi taqiqlanishi konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.
Yashash huquqi har bir insonning ajralmas va tabiiy huquqidir. Oʻzbekistonda 2008-yildan barcha jinoyatlar uchun oʻlim jazosi bekor qilingan. Bu Konstitutsiyada emas, jinoyat qonunchiligida oʻz aksini topgan edi. Oʻlim jazosi taqiqlanishi konstitutsiyaviy darajada belgilanishi bilan davlatimiz bu oʻta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik gʻoyalariga sodiqligini butun dunyoga namoyon qiladi.
Bugungi kunda 106 davlatda oʻlim jazosi barcha jinoyatlar uchun bekor qilingan. Ayrim davlatlar oʻz tajribasida oʻlim jazosini qonunlar bilan bekor qilsa-da, Konstitutsiyasida boʻlmagani bois, uni jazo sifatida qayta tiklash holatlari ham kuzatilgan.
Oʻzbekistonning Konstitutsiyaga kiritilayotgan qatʼiy pozitsiyasi mamlakatimizda inson hayoti va qadri yuqori darajada himoya qilinishini yana bir bor tasdiqlaydi. Bundan tashqari, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga yoki qamoqqa olinishi, ushlab turilishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emasligi, hibsga yoki qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyilishi belgilanyapti. Yaʼni shaxs erkinligini cheklash bilan bogʻliq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgandir. Bu orqali xalqaro eʼtirof etilgan “Xabeas korpus” institutining qoʻllanish koʻlami yanada kengayadi.
Yangi norma sud-tergov jarayonlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turishga, shaxs asossiz hibsga olinishi holatlarini bartaraf etishga, tergov davomida inson ozodligini cheklash bilan bogʻliq xatolarga yoʻl qoʻyilmasligiga xizmat qiladi. Pirovardida jinoyat ishi yurituvida inson qadr-qimmati, shaxsiy hayoti daxlsizligi, qonunga va sudga ishonchi, emin-erkin harakat qilish huquqi mustahkam kafolatlanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada: “Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas. Shaxs ushlab turilgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soat oʻtguniga qadar sudga ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi toʻgʻrisidagi masala hal qilish uchun olib borilishi kerak. Agar ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerak”, degan norma belgilanmoqda. Bu qoida, birinchi navbatda, shaxsni asossiz va muddatsiz hibsga olishga yoʻl qoʻymaslik talabini taʼminlaydi.
Qamoq ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qoʻllanilishi amaliyotiga kelsak, 2022-yilda tergov organlaridan sudlarga kelib tushgan jami 24 ming 118 iltimosnomadan 23 ming 503 tasi qanoatlantirilgan, 485 tasi rad etilgan, yaʼni 485 shaxsga nisbatan asossiz ravishda qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilishining oldi olingan.
Mazkur normaning Konstitutsiyada mustahkamlanishi shaxsning erkin harakatlanishga boʻlgan huquqining qatʼiy kafolati boʻladi va shaxs ushlab turilgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soat oʻtguniga qadar sudga ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun olib borish kerakligini qatʼiy belgilaydi, agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklashga oid qaror qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi zarurligini anglatadi. Eng muhimi, ushbu norma insonning fundamental huquqlari sud orqali himoya qilinishi va shaxs erkinligi hamda daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolati sifatida xizmat qiladi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiya sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini fuqarolarni jazolovchi yondashuvdan inson huquqlarini hurmat qiluvchi va himoyalovchi, poymol qilingan huquqlarni tiklovchi, ragʻbatlantiruvchi yondashuvga oʻzgartirmoqda.
Shaxsni birinchi marta ushlash chogʻida unga tushunarli tilda huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik (xalqaro eʼtirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berilmoqda.
Aynan protsessual ushlash vaqtida inson ogʻir ruhiy holatga tushadi va huquqiy yordamga muhtoj boʻladi. Chunki u bunday ogʻir vaziyatda jinoyatda aybdor yoki aybsizligini isbotlash majburiyati oʻziga emas, aksincha, toʻliq tergov organlariga yuklatilganini anglay olmaydi. Tergov organlari tomonidan kimdir qoʻlga olinganida, u nima uchun ushlangani aytilmasligidan shikoyatlar koʻp. Natijada fuqarolar huquqlari qoʻlga olingan vaqtning oʻzidayoq xavf ostida qoladi. Afsuski, fuqarolar oʻz huquqlarini yaxshi bilmagani va hech kim ularga buni aniq va batafsil tushuntirmagani uchun tergov jarayonida qonunga zid holatlar kuzatiladi. Bu salbiy holatlarning oldini olish maqsadida rivojlangan davlatlar Konstitutsiya va qonunlarida aks etgan “Miranda qoidasi” Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga ham kiritilmoqda.
“Miranda qoidasi”ga binoan, ushlangan shaxs sukut saqlash, soʻroq jarayonida advokati ishtirokini talab qilish va boshqa huquqlarga egaligi sodda tilda shaxsga ilk soniyalardayoq tushuntiriladi. Yaʼni yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jinoiy taʼqibga olingan shaxslarni davlat organlari hamda mansabdor shaxslar oʻzboshimchaligidan himoyalashning deyarli barcha usullari aks etmoqda.
Har kimning yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi mustahkamlanmoqda.
Har kim oʻz huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi belgilanyapti. Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar oʻz buzilgan huquq va erkinliklarini, oʻzgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Yagona shart – fuqarolar tomonidan oʻzini himoya qilishda qoʻllaniladigan usullar yoki choralarning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boʻlishi.
Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengaymoqda. Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan koʻrib chiqilishi huquqi kafolatlanyapti.
Shu bilan birga, birinchi marotaba har kim Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekani belgilanib, inson huquqlarini himoya qilish borasida mutlaqo yangicha yondashuv – xalqaro huquqiy institutlarga murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini taʼminlaydi.
Bulardan tashqari, har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga egaligi qayd etilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerakligi qayd etilmoqda. Mazkur norma toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qoida boʻlib, tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni taʼminlaydi hamda shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortilishdan himoya qiladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi aybsizligini isbotlashga, hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilanmoqda. Bu qoidalarning Konstitutsiyada belgilanishi jinoiy taʼqib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar oʻtkazish, shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qoʻllanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur yangi qoidaning ahamiyati nimada? Bu norma aybsizlik prezumpsiyasi prinsipining muhim kafolatidir. Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur insonparvar qoidaga koʻra, jinoyat ishi boʻyicha har qanday dalillarga nisbatan shubha paydo boʻlsa, bunday shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi zarur.
Nima uchun shaxs huquqining bunday kafolati muhim? Shaxsni aybdorligiga oid har qanday shubhalarga tayanib, ayblash uchun yetarli boʻlmagan dalillar asosida javobgarlikka tortish mumkin emas. Bordi-yu, tergovda ayb eʼlon qilinsa ham bunday vaziyatda sudda aybini tasdiqlovchi dalillar yetarli emasligi tufayli unga nisbatan oqlov hukmi chiqariladi. Yaʼni “Isbotlanmagan ayb – isbotlangan aybsizlikka teng”, degan xalqaro standart amal qiladi. Aytish mumkinki, mamlakatimiz sudlari tomonidan soʻnggi 6 yilda 4700 dan ortiq fuqaro oqlangan.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur norma surishtiruv, tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni taʼminlaydi, natijada shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortishning oldini olishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim norma – agar shaxs oʻz aybini tan olgani unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kafolatlanmoqda. Bu hol jinoyat boʻyicha haqiqatni aniqlash, shuningdek, aybsiz insonlar javobgarlikka tortilishining oldini olishga, ayni paytda, jinoyat sodir etgan haqiqiy aybdor shaxs yoki shaxslarni aniqlashga xizmat qiladi.
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar oʻziga nisbatan insoniy muomalada boʻlinishi hamda inson shaxsiga xos boʻlgan shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi ham tarixda ilk bor konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanmoqda. Qolaversa, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligi belgilanyaptiki, bularning hammasi mustabid tuzumdan qolgan illatga, qancha yoshlarimizni oʻz orzu-umidlaridan voz kechishga majbur qilgan noinsoniy taqiqlarga chek qoʻyadi.
Konstitutsiyada har kim oʻz shaxsiga doir maʼlumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek, notoʻgʻri maʼlumotlar tuzatilishini, oʻzi toʻgʻrisida qonunga xilof yoʻl bilan toʻplangan yoki huquqiy asoslarga ega boʻlmay qolgan maʼlumotlar yoʻq qilinishini talab qilish huquqiga ega ekani mustahkamlanmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aholimiz kutayotgan yangiliklardan yana biri – xususiy mulk daxlsizligi, mulkdorlar huquq va qonuniy manfaatlar himoyasi kuchaytirilayotgani. Mamlakatimizda barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi qatʼiy belgilanib, davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlashi boʻyicha qoida mustahkamlanmoqda. Mazkur norma iqtisodiyotga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etishni ragʻbatlantirish, investorlar ishonchini oshirish, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlaydi.
Konstitutsiyada ilk marotaba yer xususiy mulk boʻlishi mumkinligi nazarda tutilmoqda. Ushbu norma haqiqiy inqilobiy yangiliklardan biri sifatida mulkchilik munosabatlaridagi boʻshliqni toʻldirdi. Shu bilan birga, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u koʻrgan zararning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanishi belgilanyapti.
Mazkur normaning Konstitutsiyaga kiritilishi bir necha yillardan buyon jamiyatimizdagi dolzarb muammolardan biriga aylangan “snos” masalasiga nisbatan xalqparvar, mulkdor tarafga oqilona yechim boʻladi. Haqiqatan ham, barcha demokratik huquqiy davlatda mulk huquqi, ayniqsa, shaxs yashab turgan uy-joyga nisbatan mulk huquqi muqaddas huquq hisoblanadi va mutlaq himoya qilinadi.
Bunda uy-joy mulkdorlariga nisbatan 2 turdagi muhim konstitutsiyaviy kafolat belgilanmoqda: sud kafolati va uy-joydan mahrum etilganda kompensatsiya olish kafolati. Sud kafolati uy-joyga nisbatan mulk huquqi sud qarorisiz mahrum etilishiga yoʻl qoʻyilmasligini anglatadi. Ushbu kafolat uy-joyga nisbatan mulk huquqi mulkdorning erk-xohishidan qatʼi nazar, majburiy tarzda bekor boʻlayotganda qoʻllanilishi nazarda tutilgan. Sud tomonidan mulk huquqi bekor boʻlishiga sabab boʻluvchi holatlar amaldagi qonun hujjatlari asosida obyektiv tarzda koʻrib chiqiladi. Albatta, mazkur tartib mulkdor har qanday holatda asossiz ravishda mulk huquqidan mahrum etilmasligini kafolatlaydi.
Ikkinchi kafolat mulkdor iqtisodiy manfaatlari himoyasiga yoʻnaltirilgani bilan eʼtiborga molik. Mazkur norma qonunda belgilangan hollarda va tartibda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdor shu uy-joy va yetkazilgan zarar uchun teng qiymatda kompensatsiya olishini kafolatlaydi.
Konstitutsiyadagi yana muhim jihatlardan biri sud hokimiyati bilan bogʻliq yangiliklardir. Odil sudlovga erishishni kengaytirish maqsadida shaxslarga sud tomonidan qoʻllanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish haqidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etish huquqi mustahkamlanmoqda. Mazkur norma bilan agar biror fuqaro yoki yuridik shaxsning fikricha, ularning ishi maʼmuriy, jinoiy, iqtisodiy yoki fuqarolik sudlarda koʻrilib, ishni sudda koʻrishda, birinchidan, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan boʻlsa, ikkinchidan, Konstitutsiyaga muvofiq kelmasa, uchinchidan, sudda koʻrilishi tugallangan muayyan ishda qoʻllanilgan boʻlsa, toʻrtinchidan, sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalangan boʻlsa, qoʻllanilgan amaldagi qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish toʻgʻrisida shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
“Sud hokimiyati” bobida aks ettirilgan oʻzgartirishlar sud hokimiyati mustaqilligini samarali taʼminlash, sudyalar korpusini shakllantirish, odil sudlov samaradorligini oshirishga asoslangan boʻlib, buning tub mohiyatida “Inson qadri uchun” gʻoyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish yotadi.
Kiritilayotgan oʻzgartirishlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda.
Oʻtgan davrda sud-huquq sohasidagi islohotlar natijasida sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy oʻzgarishlar yuz berdi. Har bir islohotdan kelib chiqib, Konstitutsiyaga ham tegishli tuzatishlar kiritilishi talab etildi. Hozirgi loyihada Oʻzbekistonda sud tizimi va sudlar faoliyatining tartibi qonun bilan belgilanishi nazarda tutilib, unda sud tizimidagi sudlar nomma-nom keltirib oʻtilmagan.
Bu, oʻz navbatida, keyingi davrlar uchun islohotlarda sud tizimining tashkiliy-tuzilmaviy oʻzgarishlari qamrab olingan taqdirda Konstitutsiyaga yana qoʻshimchalar kiritishni talab etmaydi, uning normalari barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Eʼtibor tortadigan jihatlardan yana biri - eng yuqori rahbar sudyalik lavozimlarida boʻlish muddati qatʼiy belgilanmoqda. Endi ayni bir shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Sudyalar oliy kengashi raisi va uning oʻrinbosari etib surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin boʻlmaydi. Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud sudyalari qayta saylanish huquqisiz 10 yillik muddatga saylanishi hamda Konstitutsiyaviy sud raisi va oʻrinbosarining vakolat muddati 5 yil ekani haqidagi qoida oʻz aksini topmoqda.
Konstitutsiya loyihasida Sudyalar oliy kengashi bilan bogʻliq qoʻshimchalar ham nazarda tutilmoqda. Uning maqomi aniqlashtirilib, Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining mustaqil organi sifatida sud hokimiyati mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlash bilan birga, sudyalar korpusini shakllantirishga ham masʼul ekani koʻzda tutilmoqda. Bundan tashqari, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha aʼzolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritilmoqda.Sudyalar oliy kengashi raisi va uning oʻrinbosari Prezident taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanishi belgilanmoqda.
Sud hokimiyatining mustaqil ish yuritishi – demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishning yagona yoʻli. Shu sababli Asosiy qonunning yangi tahririda sudyalar mustaqilligi kafolatlariga alohida urgʻu berilgan. Jumladan, sudyalar faqatgina qonunga emas, balki Konstitutsiyaga boʻysunishi ham toʻgʻridan-toʻgʻri belgilanmoqda.
Shu oʻrinda sudyalar muayyan ishlar boʻyicha hisobdor boʻlmasligi kabi normaning aks ettirilishi uning mustaqilligini yanada kuchaytiradi. Davlat sudya va uning oila aʼzolari xavfsizligini taʼminlashga masʼul ekani belgilanishi esa uning daxlsizligi kafolatlarini mustahkamlash bilan birga, fuqarolarning odil sudlovga ishonchini orttiradi.
Konstitutsiyaga sud hokimiyatining moliyaviy mustaqilligini taʼminlashga oid alohida modda kiritilayotgani sudlar mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bunday kafolatni davlat oʻz zimmasiga olgan holda Konstitutsiya loyihasida sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat davlat byudjetidan boʻlishi hamda u odil sudlovni toʻliq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini taʼminlashi kerakligi koʻzda tutilmoqda. Ushbu norma sudlar tomonidan odil sudlovni adolatli, qonuniy amalga oshirishning asosiy kafolatlaridan biri hisoblanadi.
Ushbu kafolatlar sud hokimiyati uchun bugungi kun rivojlanish davrida juda muhim sanaladi va bunday tashabbuslar mamlakatning xalqaro nufuzini va xalqning sudlarga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasida boshqa idoralar bilan bir qatorda Oliy sudga ham masʼuliyatli vazifalar yuklatilmoqda. Bunda Oliy sud tomonidan odil sudlovni amalga oshirishda sudlar tomonidan konstitutsiyaviy normalar toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida Oliy sud plenumining barcha instansiya sudlari tomonidan ishlarni koʻrib chiqishning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi hujjat sifatida qoʻllash yuzasidan yagona sud amaliyoti toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinishi nazarda tutilmoqda.
Konstitutsiyaga advokatura boʻyicha alohida bob kiritilayotgani inson huquqlarini himoya qilish sohasida muhim institut boʻlgan advokaturaning konstitutsiyaviy maqomini tubdan oshirmoqda. Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan eʼtiboran oʻz tanloviga koʻra advokat yordamidan foydalanish huquqiga egaligi kafolatlanmoqda.
Tahlillarga koʻra, 2023-yil 1-yanvar holatida Oʻzbekistonda 4577 nafar advokat faoliyat koʻrsatmoqda. Bu esa oʻrtacha 7865 kishiga bitta advokat toʻgʻri kelishini anglatadi. Ushbu koʻrsatkich Isroilda 136, AQSHda 260, Germaniyada 500, Qozogʻistonda 3932 kishiga teng.
Aslida qanday boʻlishi kerak?! Tabiiyki, advokatsiz odil sud amalga oshmaydi. Taraflar protsessual jihatdan maqomi teng boʻlgandagina tortishuv vujudga keladi. Shu bois, sud protsessida advokatning mavqei prokuror bilan tengma-teng boʻlishi lozim. Eng muhimi shundaki, prokuratura va sudga oid konstitutsiyaviy normalar alohida bobda aks etganidek, endi advokaturaga bagʻishlangan yangi bob kiritilmoqda. Tarixiy ahamiyatga ega ushbu voqelik jinoyat yoki fuqarolik protsesslarda tortishuv tamoyilining mustahkam konstitutsiyaviy asosini yaratmoqda.
Umuman olganda, advokaturaga bagʻishlangan yangi bobning Konstitutsiyada aks etishi fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi yanada oshishiga, malakali yuridik yordam olish kafolati kuchayishiga, pirovardida har bir fuqaroning huquq va erkinliklari samarali himoyalanishiga xizmat qiladi.
Shunday ekan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya haqiqatan ham xalq Konstitutsiyasi boʻlmoqda. Chunki u oddiy va hayotiy, isbot talab etmaydigan haqiqatni oʻzida aks ettiradi va shu bilan xalqimiz istagiga va xorijiy davlatlar tajribasiga toʻla mos keladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya yangi Oʻzbekistonimizning bugungi hayoti va ertangi taqdiri, sud-huquq islohotlari izchil amalga oshirilishi va inson huquqlari mustahkam kafolatlanishi uchun xizmat qiladi.
Baxtiyor ISLOMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi