Yangi uy o'ylari

    19 yil mobaynida 11 marta ko'chishning o'zi bo'ladimi?! 36 yoshli podpolkovnik yashash joyi o'zgaraverishidan, yuk ortmoqlab yuraverishdan bezigandi. Mana, endi o'sha qo'nimsiz yillar ortda qoldi.

    U zamonaviy parda ipini astagina tortdi. Issiq harorat hovuridan “terlagan” derazani qo'li bilan xiyol artdi-da, pastdagi gavjum bolalar maydonchasiga ko'z yugurtirdi. Ajoyib manzara yuqoridan kaftdek ko'rinarkan. Yetti yoshli o'rtancha o'g'li Ibratbekni nigohi bilan qidirib topdi. Yuziga mayin tabassum yoyildi, yuragi entikdi. Ayni paytda yangi uyga egalik hissidan yoqimli hayajonga tushdi. Xayoli uzoq-uzoqlarga ketdi...

    Tepa qavatga liftda ko'tarilgan to'ng'ich farzandi Usmonbekning yangroq ovozi qulog'iga chalinganida hali ham tirsagiga suyanib turganini, barmoqlari uvushganini sezdi. Dilbandining chehrasida xurramlik ufurardi. Hammadan ko'ra uning quvonchi cheksiz, o'ziga sig'masdi. Boisi, bolakay Buxoroning Qo'rako'l tumanida dunyoga kelib, 4-sinfgacha bir emas, naq uchta maktabga ko'chib o'qigandi.

    Yangi sinfdoshlari bilan tanishib, atrof-muhitga endi moslashganida va do'st orttirganida kutilmaganda yana qayergadir jo'nashardi. Endi bunday noma'lum ovoragarchilik xavotiridan, omonat vaziyatdan qutulgandi. O'zlarining doimiy uylari bo'lishi haqidagi xushxabarni eshitganida beg'ubor o'ylar og'ushida “Urra, endi hech qayerga ko'chmaymiz, parkka ham tez-tez boramiz”, degan hayqiriq bilan azoblarni unutdi.

    Podpolkovnikning o'zi ham katta mashinada Qashqadaryo, Farg'ona-yu Namangan bo'ylab yuk ortmoqlab yurishdan bezigandi. Axir 19 yil mobaynida 11 marta ko'chishning o'zi bo'ladimi?! Bir haftadirki, qishloqdagi hovlisida bola parvarishi bilan mashg'ul pedagog ayoli Gulbahor kenjatoyi Nurmuhammadni bag'riga bosib, shirin bezovtalikka cho'mgan. Shinam xonadonga mo'ljallab ohori to'kilmagan idish-tovoq va xo'jalik buyumlarini, kiyimlarni tayyorlardi. Muntazam ijarama-ijara sang'igan “lash-lush”larni nazari tushmasligi va o'sha qo'nimsiz yillarni eslamaslik uchun omborga eltib tashladi.

    Qahramonimiz Ismoil O'rinboyev Umarshayx Mirzo makon tutgan ko'hna Axsikent diyoridan. 1987-yil 20-aprelda tug'ilgan. Padari buzrukvori tomondan shajarasi Qo'qon taraflardagi ajdodlariga ulanadi. Bobosi sho'rolar davrida mirshab o'tgan. To'raqo'rg'ondagi 52-o'rta maktabni va tumanning Oqtosh shaharchasidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatni a'lo baholarga tugatdi. Musofirlik tamg'asi bolaligidan peshonasiga bitilgandi. Litseyda yotib qolib o'qirdi, mehribonlari huzuriga haftada bir borardi, sog'inch uni tez ulg'aytirdi. 2005-yilda jismoniy holat va test imtihonlaridan yaxshi natija to'plab, Toshkent oliy umumqo'shin qo'mondonlik bilim yurti kursanti bo'ldi va 2009-yilda muvaffaqiyatli tamomladi.

    Ishga har sutka To'raqo'rg'on tumanining SHahand (SHohqang') qishlog'idagi “Dukat” mahallasi, “Nomdon” ko'chasi, 218-uydan qatnardi. Qat'iy tartib-intizom va favqulodda topshiriqlarni qamragan faoliyati sababli sahar ketib, kech qaytardi. Olis masofa toliqtirsa-da va ko'p vaqti yo'lga sovurilsa ham, “oyning o'n beshi yorug'”ligiga ishonardi.

    Bugun tongda esa pensioner ota-onasi – faxriy hisobchi, bog'bon In'omjon aka va nafaqadagi hamshira, mohir kashtachi Zulfiya opaning duosiga ko'mildi. Yoshligida poliz mahsulotlari yetishtirilgan, ayni damda qalin daraxtzorga aylangan, sersoya, bo'z tuproqli shudgori bilan “xayrlashdi”. Darvoza ostonasidan hatlab, shohko'chagacha hamrohlik qiladigan qo'shariqdagi tiniq oqayotgan suv ham xuddi uni yangi boshpana bilan qutlayotganday.

    Ro'parasida ulkan Sirdaryo shovillaydi. Qarshisida yastanib yotgan – qadim moziyda Farg'ona vodiysining poytaxti sanalgan Axsikent arxeologik yodgorligi ko'zni qamashtirgudek. Har kuni shu alfozda tarixiy maskanlar yonidan shaxsiy avtomobilini sekin minib ildamlardi.

    Kasallik oqibatida erta olamdan o'tgan rahmatli akasining hayotligida aytgan vasiyatini bajarganidan, ichki ishlar xodimi bo'lishni orzulagan suyangan tog'ining armoni ushalganidan mamnun.

    - Ikki opam o'z turmushidan tinchigan. Bittagina akamning umri qisqa ekan. U harbiylikka qiziqardi va shu kasbni egallashimni tayinlagandi. Mana, istagini bajo keltirdim, ruhi shod bo'lishidan umidvorman, - deydi suhbatdoshimiz Sharqiy harbiy okrugi Namangan viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig'ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo'yicha o'rinbosari Ismoil O'rinboyev. – Aslida, kichikligimda elchi bo'lishni xohlardim. Diplomatlikka havasim balandligi uchun tarix, adabiyot, huquq va aniq fanlarni namunali o'zlashtirardim. Hash-pash deguncha hozirgi sohamda xizmatni boshlaganimga 20 yil to'libdi. Ishim asosan yoshlar, yosh harbiylar bilan bevosita bog'liq.

    Harbiy libosi yarashgan va savlatli Ismoil aka mamlakatimizning turli viloyatlaridagi Toshkent, Denov, Navoiy, Kattaqo'rg'on, Qarshi va Marg'ilon shaharlarida, Qorako'l, Nishon tumanlaridagi harbiy qism, safarbarlik chaqiruvi rezervida va harbiy okruglar boshqaruv apparatida o'rinbosar, katta ofitser lavozimlarida unga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan uddaladi.

    Qator malaka oshirish kurslarida bilim-ko'nikmalarini boyitdi. Xususan, psixolog va yurist mutaxassisligi bo'yicha ham maxsus sertifikati mavjud. Shiori: “Yigit kishiga qirq hunar oz”. Dehqonchilik, chorvachilik va duradgorlikdan tuzukkina xabardor. Yutuqlari mo'l, rahbarlari va kasbdoshlari e'tirofiga sazovor, hurmat qozongan. Masalan, avvalroq Sharqiy harbiy okrugi qo'mondonining jangovar va ma'naviy-ma'rifiy ishlardagi hamda 2023-yil yakunlariga oid uchrashuvda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ilg'orligi uchun Namangan viloyati hokimining tashakkurnomasi, qimmatbaho esdalik sovg'asi bilan taqdirlandi.

    2012-yilda Mudofaa vazirligi qoshidagi “Tinchlik yo'lidagi hamkorlik dasturi” yuzasidan qo'lga kiritgan xalqaro sertifikati va ingliz tilini bilishi tufayli ish haqiga har safar qo'shimcha ustama yoziladi. 2009-yilda leytenant, 2011-yilda katta leytenant, 2013-yilda kapitan, 2017-yilda mayor va 2021-yilda podpolkovnik unvonlarini oldi.

    Darvoqe, 2020-yili muhtaram Prezidentimiz, O'zbekiston Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoyev taklif-tashabbusi bilan Amir Temur jangovar bayrog'i ta'sis etilgan. Shuning sharafiga ikki yilda bir respublikadagi 5 ta harbiy okrug miqyosida yirik ko'lamdagi musobaqa uyushtiriladi. Murosasiz bellashuvda eng zo'r natijaga erishgan okrugga mazkur nufuzli bayroq topshiriladi. Bu esa go'yo o'sha okrugdagilar buyuk sarkarda Amir Temur qo'shiniga tenglashtiriladi, qiyoslanadi. 196 xil yo'nalishdan ikkitasida birinchilikni qayd etib qaytganidan so'ng 2021-yili Ismoil O'rinboyevga podpolkovnik unvoni berilgani u uchun eng esda qolarli va qadrli voqea sifatida xotirasiga muhrlandi.

    Ismoil aka bilan qurib bitkazilgan yangi uylarni topshirishga bag'ishlangan tantanali tadbirga tayyorgarlik jarayonlarida va idorasida samimiy muloqot qurdik. Dastlab aziz ustozlari – o'rta maktabdagi ilk muallimi Ma'muraxon oya Qosimova va matematika fani o'qituvchisi Yoqubjon domla Siddiqov, litseydagi chaqiruvga qadar boshlang'ich tayyorgarlik fani o'qituvchisi Valijon Kamolov, Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig'i, polkovnik Iskandar Mallayevning ismini alohida ehtirom bilan tilga oldi. Qarang, o'zi ham ustoz maqomiga yetishdi, shogirdlari talaygina.

    Tashkilotchilar taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, harbiy xizmatchilarning fidokorona, samarali mehnatiga mukofot tariqasida davlat ikki va uch xonali uylar ajratadi. Respublika mudofaa vazirining tegishli buyrug'iga muvofiq, bu gal namanganlik 56 kishi tasdiqlandi. Aksariyati boshqa viloyatlarda shartnoma asosida sharafli vazifasini o'tamoqda. Ro'yxat ichida Ismoil aka ham bor va bungacha uning nomzodi ketma-ket besh yil tavsiya etilgandi. Nasibasi va navbati 2024-yil boshida ekan.

    E'tiborlisi, xonadon narxining 25 foizli boshlang'ich to'loviga davlat homiydir. Qolgani esa 20 yil muddatga 14 foizli imtiyozli kredit bilan oyma-oy uziladi. Kimlarga ikki yoki uch xonali xonadon berilishi va aynan nechanchi qavat rasmiylashtirilishi nizomini surishtirdik. Xalq tilida ifodalaganda va qadriyatlarimizga binoan aralash farzand, ya'ni o'g'il va qiz o'stirayotgan yosh oilaga 3 xonali, necha nafarligidan qat'i nazar, faqat o'g'illari bor oilaga esa ikki xonali uy tuhfasi toifalanarkan. Lotoreya usulida sonlar yashirilgan maxsus “bilet”ni tortish orqali bino qavatlaridan biri tanlanadi.

    Bamisoli harbiydek tik qad rostlagan 16 qavatli osmono'par turar joy tevaragi fayzga chulg'angan. Vatan himoyachilari kuni arafasidagi ochilish marosimida orziqqan ko'ngillar hayratlandi. Oltinrang lentalar bog'langan xonadon kalitlari taqdim etilganida gulduros olqishlar avjlandi, minnatdorlik tuyg'ulari jo'shdi, ezgu niyatlar, qizg'in tabriklar bildirildi, shaxdam qadamlar bilan yorug' istiqbolga yuzlanildi.

    Tabiiyki, chiroyli xonadonlarni jihozlash barchani g'ayrat-shijoatga undaydi. Albatta, yangi qo'shnilar bilan gurunglashishga, farzandlar esa yangi o'rtoq, dugonalari bilan maza qilib o'ynashga ishtiyoqmand. Beshinchi qavatgacha tushgan baxtli raqam sohiblarining esa kayfiyati juda chog'. Umuman, inshootning qulay jihatlari bisyor. Jumladan, markaziy yo'l bo'yida, maktab, bog'cha, tibbiyot punktiga yaqin hududda joylashgan.

    Ocherkimiz qahramoni shunday saboq-xulosani takroran angladiki, tinimsiz izlanish, har qaysi yumushga mas'uliyat bilan yondashish haqiqiy daraja-mavqeni belgilashini ikki karra tushundi. Mustaqilligimizni mustahkamlash, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimiz tinchlik-osoyishtaligini ta'minlashga hissa qo'shish, kecha-yu kunduz ogohlik-hushyorlikka intilish askarlarning, alp-azamatlarning muqaddas burchidir. Yuksak salohiyatli, mard va aql-zakovati kuchli, izchil islohotlarga daxldor yosh va tajribali kadrlarga boqsangiz, ularning qudratli milliy armiyamizga kamarbastaligi faxrlanishga arziydi.

    Ha, O'rinboyevlar oilasining muqim yashash manzili o'zgardi: Namangan shahri, Davlatobod tumani, Yangi Namangan shaharchasi, “Tadbirkor” mahalla fuqarolar yig'ini, “Yoshlik” ko'chasi, 2-“A” uy, 60-xonadon, 10-qavat. Elimizning jasur va munosib o'g'loniga muhtasham koshona muborak, ilohim, xursandchiliklarga, to'ylarga buyursin!

    Orifjon JO'RAYEV,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Mazkur ocherk «Yangi O'zbekiston» gazetasining 2024-yil 12-yanvar,

    8-sonida «HARBIY OILASINING MUQIM YASHASH MANZILI O'ZGARDI» sarlavhasi bilan chop etildi.