Yangicha ruh va yangicha yondashuv bilan

    Oʻzbekiston uchun 2022-yilning eng muhim va muhokamalar markazida boʻlayotgan yil mavzusi bu — Bosh qonunimizni isloh qilishdir. Tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan fuqarolarning oʻz taklif va mulohazalarini yuborishi va ularning qulay boʻlishi uchun turli platformalar ham yaratildi.

    Qayd etilishicha, bugungi kun holatiga koʻra, Komissiyaga fuqarolardan 60 mingdan ortiq taklif kelib tushgan.

    Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan tayyorlangan takliflar chuqur muhokamadan oʻtkazilmoqda va hozirda Qonunchilik palatasiga kiritish bosqichida turibdi. Endi qonun, reglament asosida muhokamalardan oʻtkaziladi. Albatta yangilangan Konstitutsiya xalqimizning kelgusi farovon va obod hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamdir. Bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan Prezidentimiz rahbarligidagi keng koʻlamli islohotlar yangicha yondashuv va yangicha ruh bilan hayotimizning deyarli barcha jabhalarini qamrab olgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvini ham ushbu islohotlarning yana bir mantiqiy davomi deyish mumkin.

    — “Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli Taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. Bir soʻz bilan aytganda, «Inson qadri uchun” gʻoyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili boʻlgan «Inson-jamiyat-davlat» degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur. Yaʼni insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishi kerak»—dedi ushbu muloqotda Prezidentimiz.

    Shuningdek Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida yangilangan Konstitutsiyada 4 ta yoʻnalish ustuvor ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi. Xususan, birinchi yoʻnalish inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquq va manfaatlari masalasi etib belgilandi. Ikkinchi yoʻnalish esa Asosiy qonunimizda “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan gʻoyani mustahkamlash deya qayd etildi. Chunki “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bogʻliq. Uchinchi yoʻnalish erkin va adolatli fuqarolik jamiyati rivojlanishi bilan bogʻliq masala boʻlsa, toʻrtinchi yoʻnalish sifatida Oʻzbekistonda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish masalasi sifatida belgilandi.

    Mamlakat rahbari uchrashuv davomida “Miranda qoidasi”ni Konstitutsiyaga kiritish, bosh Qomusimizga “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos boʻlishi mumkin emas”, deb qatʼiy yozib qoʻyish, “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan gʻoyani mustahkamlash, davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qatʼi nazar, doimo qoʻllab-quvvatlashini mustaqil qoida sifatida belgilash kabi bir qator muhim takliflarni oʻrtaga tashladi.

    Aytib oʻtish kerakki, asosiy qonunimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartish kiritish nazarda tutilmoqda.

    Kundalik turmush tarzimiz, mamlakatimizning kelajagi bilan bogʻliq barcha dolzarb jihatlar bu taklif va oʻzgartishlarning aksariyatini qamrab olgan deyish mumkin. Shuningdek, Konstitutsiyaviy islohotlarning keng omma muhokamasiga qoʻyilishi va xalqning xohish-irodasini inobatga olgan holda, referendum orqali qabul qilish taklif etilgani Oʻzbekistonning har bir fuqarosini Vatan oldidagi burch va majburiyatlariga befarq boʻlmaslikka chaqiradi.

    Bosh qonunga xalq ehtiyoji va zamon talabidan kelib chiqib oʻzgartirish yoki unga qoʻshimchalar kiritish har bir davlat taraqqiyotining muayyan bosqichida yuz berishi tabiiy jarayon.

    Rivojlangan mamlakatlar Konstitutsiyalari ham xalq irodasi va talabi bilan bir necha bor oʻzgargan.

    Akmal Roʻzitoyev,

    Toshkent shahar hokimining

    davlat tili boʻyicha maslahatchisi