Yangicha sharoitda ishlashni oʻrganish yoʻlida

    Dolzarb 22 Oktabr 2020 1717

    Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharririga intervyusi

    — Bugungi kunda jahon miqyosidagi va milliy darajadagi siyosiy munozaralarning asosiy mavzusi global pandemiya inqirozining dunyo davlatlari siyosatiga taʼsiri boʻlib qolmoqda. Koʻplab ekspertlar mamlakatlarning inqirozgacha boʻlgan rivojlanish surʼatlari va davlatlararo munosabatlarning avvalgi darajasini qayta tiklash va ularni saqlab qolish uchun resurslari va imkoniyatlari yoʻqligi haqida fikr bildirmoqda. Siz shunday nuqtayi nazar haqida nima deya olasiz?

    — Koronavirus pandemiyasi keng miqyosli va, koʻrinib turgandek, uzoq muddatli taʼsir kuchiga ega, bir kecha-kunduzda tugamaydigan global hodisa sifatida allaqachon zamonaviy dunyo jarayonlarining barcha sohalari — siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, ekologiya, inson taraqqiyotida sezilarli oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Koʻplab mamlakatlarda sogʻliqni saqlash inqirozi shu paytgacha mavjud boʻlgan iqtisodiy muammolar, ijtimoiy va gender tengsizlikni yana-da kuchaytirdi, bugun qator mintaqalar duch kelayotgan tabiiy ofatlarning salbiy taʼsirini oshirdi. Shuningdek, u davlatlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va xalqaro faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini oʻzgartirishga yoki tuzatishlar kiritishga majbur qildi. Bunday sharoitda insoniyatning turmush tarzi ham oʻzgarib bormoqda.

    Shu sababli atrofimizdagi tez oʻzgarayotgan dunyo haqida gapirganda uning nafaqat “pandemik oʻlchovi”, balki oʻzaro bogʻliq boʻlgan yangi hodisalarning butun bir jamlanmasini nazarda tutish kerak. Ular turli mamlakatlarning ichki hayotini, xalqaro siyosat, dunyo iqtisodiyoti, jahon xoʻjalik munosabatlarini, shuningdek, global axborot, texnologik va ijtimoiy-gumanitar aloqalarni qamrab olmoqda. Umuman olganda, soʻz shakllanayotgan sifat jihatidan yangi xalqaro munosabatlar tizimi, ehtimol tubdan oʻzgargan yangi dunyo tartibi haqida ketmoqda.

    Ushbu munosabatlar nafaqat siyosiy, iqtisodiy asoslarni, balki, eʼtibor qaratmoqchimanki, zamonaviy dunyo tartibi qadriyatlarini jiddiy qayta koʻrib chiqish jarayonida shakllanmoqda. Aniqroq qilib aytganda, buni, masalan, ayrim davlatlarning milliy egotsentrizm, deb atalmish xususiyatlari kuchayishida, koʻplab hukumatlarning, avvalambor, oʻz mamlakatlari yoki hatto ularning alohida siyosiy doiralarining manfaatlarini taʼminlashga intilishida koʻrish mumkin. Shunday ham ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar rivojlanish bosqichi jihatidan sezilarli darajada farq qiladigan davlatlarning tengsizligi tobora kuchaymoqda. Ayrim davlatlar oʻrtasidagi ziddiyatlar chuqurlashib, axborot, texnologik, sanksiyaviy urushlarning yana-da keskin bosqichlariga aylanib bormoqda. Biz dunyoning turli mintaqalarida zoʻravonlik va harbiy inqirozning avj olishiga guvoh boʻlmoqdamiz.

    Afsuski, bularning barchasi dunyoning yetakchi davlatlari munosabatlaridagi tizimli keskinliklar muhitida sodir boʻlmoqda. Biror bir davlatni chetlab oʻtmagan pandemiya sharoitida ushbu keskinlik umumjahon muammolariga yechim topishga, jumladan, kambagʻallik, qashshoqlik va ochlik, xavfli kasalliklar va iqlim oʻzgarishi oqibatlariga qarshi kurashishga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Covid-19ning chegara yopilishi, karantin zonalari belgilanishi, taʼminotning uzilishi va boshqa koʻrinishdagi toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsiri bilan birga, turli global “oʻyinchi”lar oʻrtasidagi xalqaro siyosiy nomutanosibliklar dunyo miqyosidagi ishlab chiqarish va mahsulotlarni sotish zanjirlarining buzilishi, erkin savdoga zarar yetishi, investitsiyalar oqimi va iqtisodiy aloqalarning susayishiga olib kelmoqda.

    Xalqaro maydondagi qoidalar yana-da qatʼiylashishi mumkin. Biz davlatlararo munosabatlardagi siyosiy egoizm ortda qolib, dunyoning barcha yetakchilari tomonidan pandemiyaga qarshi kurashish va boshqa umumiy muammolarni hal qilish jarayoni saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish, hamjihatlik va birdamlikni talab qilayotganini anglanishiga umid qilamiz.

    Shu maʼnoda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi va BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish boʻyicha tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro sheriklar oldidagi majburiyatlari aks etishi kerak.

    Prezidentimiz siyosiy va iqtisodiy hamkorlikning yuzaga kelayotgan masalalarini oʻz vaqtida hal qilish va pandemiyani bartaraf etishda tizimli aloqalarni amalga oshirish uchun xorijiy mamlakatlar, dunyoning yetakchi davlatlari rahbarlari bilan muntazam aloqalarni yoʻlga qoʻyganini taʼkidlashni istardim.

    Ushbu yangi sharoitlarda Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalari xalqaro maydonda roʻy berayotgan oʻzgarishlarning mohiyatini chuqur anglashi va ularni oʻz faoliyatida hisobga olishi kerak, deb hisoblayman.

    Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonning tashqi siyosati faqat dunyodagi voqealarga munosabat bildirish bilan chegaralanishdan yoki xalqaro munosabatlar oqimida harakatlanishdan iborat boʻlishi kerak emas. Tashqi siyosat puxta oʻylangan, amaliy, faol va tashabbuskor mazmun kasb etishi zarur.

    Shu munosabat bilan, ayniqsa, axborot-tahliliy va prognozlash ishlarining amaliy ahamiyati ortib bormoqda. Bu yoʻnalishda zarur choralar koʻrilmoqda, sogʻliqni saqlash va iqtisodiyot sohasidagi inqirozli hodisalarga qarshi kurashishdagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda va dunyodagi epidemiologik vaziyat doimiy ravishda tahlil qilinmoqda. Tashqi ishlar vazirligi boshqa idoralar bilan birgalikda jahon siyosati va iqtisodiyotining muhim muammolarini oʻrganmoqda, zamonaviy sharoitlarda sheriklar bilan ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, milliy eksportni qoʻllab-quvvatlash, turizm sohasini tiklash va boshqa dolzarb masalalarni hal qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqmoqda.

    Ayting-chi, pandemiya tashqi siyosat idorasi faoliyatining tashkiliy jihatlariga qanday taʼsir oʻtkazdi?

    — Darhaqiqat, pandemiya mamlakatlar hayotining barcha jabhalariga oʻz taʼsirini oʻtkazdi, davlat organlari, shu jumladan, tashqi ishlar mahkamalari faoliyatini tashkil etishni jiddiy ravishda oʻzgartirdi. Tabiiyki, biz ham oʻz ishimizni koʻp jihatdan, avvalambor, siyosiy va diplomatik aloqalar, davlatlararo hamkorlik va siyosiy maslahatlashuvlarni amalga oshirishning yangi mexanizmlaridan samarali foydalangan holda qayta qurishimizga toʻgʻri keldi.

    Aytish mumkinki, pandemiya bizga maʼlum boʻlgan salbiy oqibatlari bilan bir qatorda insoniyatni aloqalarning yangi shakllarini izlab topishga undadi, raqamlashtirish jarayonlari va yangi texnologik asrga yaqinlashishni tezlashtirdi. Hech bir davlat bu jarayondan chetda qola olmaydi. Oʻzbekiston ham toʻlaqonli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tashqi siyosatdagi ustuvor vazifalarni bajarishda zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan faol foydalanmoqda.

    Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev zamonamizning yangi talablariga rioya qilish zarurligiga alohida eʼtibor qaratmoqda: “Hayotimizni normal izga solish, iqtisodiyotimizni tiklash uchun pandemiya sharoitida yashash va mehnat qilishga oʻrganishimiz, barcha ehtiyot choralarini koʻrgan holda, bu borada boshlagan ishlarimizni temir intizom bilan davom ettirishimiz kerak”.

    Aks holda iqtisodiyotimizning uzluksiz rivojlanishini, shu jumladan, jamiyatning barqaror hayoti uchun eng muhim shartlardan biri boʻlgan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlab boʻlmaydi.

    Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari oʻz faoliyatini yangi sharoitlarga moslashtirib, turli darajadagi xalqaro uchrashuvlar va muzokaralar, iqtisodiy tadbirlarni oʻtkazishda, konsullik xizmatlari koʻrsatishda, shuningdek, xalq diplomatiyasini kengaytirishda elektron aloqa vositalaridan samarali foydalanmoqda. Boshqacha aytganda, xalqaro siyosatda raqamli diplomatiyani rivojlantirishning global tendensiyalaridan ortda qolmaslikka harakat qilyapmiz.

    Bu avvalgi yillarda boʻlgani kabi joriy yilda ham xalqaro tadbirlar faol oʻtkazilayotganini anglatadi. Shunga qaramay, belgilangan baʼzi rejalar dunyodagi ogʻir epidemiologik vaziyat tufayli bajarilmay qolyapti, deyish mumkinmi?

    — Men yaqinda ommaviy axborot vositalariga Oʻzbekiston tashqi siyosatining dolzarb masalalari haqida batafsil soʻzlab bergan edim. Fikrlarimni takrorlamagan holda pandemiya sharoiti bilan bogʻliq baʼzi masalalarga toʻxtalib oʻtmoqchiman. Bevosita yuzma-yuz uchrashuvlar soni, albatta, kamaydi, baʼzilarining muddatini esa keyinroqqa qoldirishga toʻgʻri keldi. Gap, eʼtibor bering, bu tadbirlarni bekor qilish emas, balki keyingi muddatlarga koʻchirish haqida ketmoqda. Shu bilan birga, sheriklarimiz bilan tashqi siyosiy muloqot susaygani yoʻq, aksincha, u jadal davom ettirilmoqda.

    Masalan, Oʻzbekiston Respublikasining joriy yil Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga raisligi doirasida rejalashtirilgan koʻplab tadbirlarni bekor qilmasdan, ularni epidemiologik xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda bevosita hamda videokonferensiya shaklida muvaffaqiyatli oʻtkazdik. MDH doirasida va Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar bilan ikki tomonlama darajada 200 dan ortiq tadbir tashkil etildi. Ular orasidan turli tuzilmalarning quyidagi yigʻilishlarini eslash mumkin. MDH Iqtisodiy kengashi — ulardan biri (13-mart) Moskvada bevosita shaklda, ikkitasi (30-iyun va 15-sentyabr) videoaloqa vositasida, Tashqi ishlar vazirlari kengashi (12-may), Hukumat rahbarlari kengashi (29-may), Sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik boʻyicha kengash (30-iyul), Biznes tashabbuslari haftaligi (9-15-sentyabr), MDH Iqtisodiy forumi (9-sentyabr); Mintaqalararo va chegaraoldi hamkorlik kengashining yigʻilishi (10-sentyabr) va boshqalar shular jumlasidandir.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil 24-iyun kuni Buyuk gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda qatnashish uchun Moskvaga tashrif buyurdi. 12-oktyabr kuni Buxoroda Rossiya Federatsiyasi bilan hukumatlararo komissiyaning 21-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbir doirasida sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, ishlab chiqarish, energetika va sogʻliqni saqlashning turli sektorlarida investitsiyaviy loyihalarini amalga oshirish, migratsiyaga oid va mamlakatlarimiz uchun muhim boʻlgan boshqa masalalar muhokama qilindi.

    MDH Hukumat rahbarlari va Davlat rahbarlari kengashlarining yigʻilishlari, Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlari rahbarlari qoʻshma komissiyasining ikkinchi yigʻilishi, Hamdoʻstlik davlatlari Prezidentlarining norasmiy sammiti va boshqa muhim tadbirlar kun tartibida turibdi.

    Yaqinda Markaziy Osiyoning besh mamlakati va Rossiya tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchinchi yigʻilishi virtual uchrashuv shaklida boʻlib oʻtdi.

    Boshqa ustuvor yoʻnalishlarda ham tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalar faol amalga oshirilmoqda. Joriy yil 27-may kuni tashqi siyosat idoralari rahbarlarining Oʻzbekiston-AIR-AQSH uch tomonlama uchrashuvi hamda qoʻshni Afgʻonistonda iqtisodiy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash va barqarorlikni tiklash boʻyicha shu formatdagi qator amaliy uchrashuvlar tashkil etildi. 30-iyun kuni Markaziy Osiyoning besh mamlakati va AQSH vazirlari uchrashuvi (C5+1), Amerika delegatsiyalari bilan iqtisodiy tashriflar va ikki tomonlama darajadagi muzokaralar oʻtkazildi.

    Oʻzbekiston joriy yil boshqa koʻp tomonlama mintaqaviy forumlarda faol ishtirok etdi. Ularning bosh mavzusini Covid-19ga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va tajriba almashish masalalari tashkil qildi. Men “Bir makon, bir yoʻl”, “Markaziy Osiyo-Xitoy” videokonferensiyalari, “Yaponiya+Markaziy Osiyo” muloqotini nazarda tutayapman.

    Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi oliy darajadagi aloqalar natijasida tashkil etilgan Ikki tomonlama loyihalarni muvofiqlashtirish va amalga oshirishni ragʻbatlantirish boʻyicha Oʻzbekiston-Hindiston qoʻmitasining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Pokiston bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, shu jumladan, Oʻzbekistonning Tovarlarni tranzit qilish boʻyicha toʻrt tomonlama (Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Pokiston) kelishuvga qoʻshilishi boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

    Biz Yevropa mamlakatlari, shuningdek, boshqa anʼanaviy sheriklarimiz bilan munosabatlarda ijobiy dinamikani saqlab qolishga muvaffaq boʻldik. Epidemiologik inqiroz Yevropa Ittifoqi bilan turli sohalarda oʻzaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish maqsadida yuqori darajadagi muloqotni izchil faollashtirishga toʻsqinlik qilolmadi. Oʻtgan yili Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisida bitim tuzish boʻyicha boshlangan muzokaralar davom ettirilmoqda. Bugun ularning 7-turiga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

    Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish va Yevropa Ittifoqining “GSP+” — “Preferensiyalar bosh tizimi”ning manfaatdor davlati maqomini olish boʻyicha harakatlarini qoʻllab-quvvatlamoqda.

    Covid-19ning jahon, shu jumladan, Yevropa iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri sharoitida Yevropadagi sheriklarimiz pandemiya oqibatlarini bartaraf etish uchun Oʻzbekistonga 30 million yevrodan ortiq mablagʻ ajratdi. Norvegiya, Finlyandiya va Yevropa Ittifoqi Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondiga moliyaviy yordam koʻrsatdi.

    Yaqin Sharq va Fors koʻrfazi davlatlari bilan oʻzaro munosabatlar Oʻzbekiston tashqi siyosiy hamkorligining izchil rivojlanayotgan yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda. Koʻplab dolzarb xalqaro masalalar, avvalambor, musulmon dunyosi davlatlarining barqaror rivojlanishini taʼminlash, maʼrifiy islom va bagʻrikenglik gʻoyalarini targʻib qilish nuqtayi nazaridan bizning yondashuvlarimiz juda yaqin.

    Yaqin Sharq davlatlari rahbariyati bilan oliy va yuqori darajadagi muntazam aloqalar oʻrnatilgan, siyosiy maslahatlashuvlar amalga oshirilmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari Oʻzbekistonga koronavirusga qarshi kurashishda birdamlik va hamjihatlik ifodasi sifatida oʻpkani sunʼiy shamollatish apparatlari, kislorod kontsentratorlari, PZR-laboratoriyalar va boshqa tibbiy asbob-uskunalar shaklida insonparvarlik yordami koʻrsatdi.

    Joriy yil 13-oktyabr kuni Oʻzbekiston 2021-2023-yillarda BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylangani uzoqni koʻzlangan rejalarimiz global inqirozga qaramasdan amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Oʻzbekiston Respublikasi saylovda xalqaro miqyosda keng qoʻllab-quvvatlandi va Osiyo mintaqasi nomzodlari orasida eng koʻp ovoz oldi. Bu muvaffaqiyatga erishishda mamlakatimiz rahbariyatining demokratik va bozor islohotlarini davom ettirish, inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga hissa qoʻshishga sodiqligi asos boʻldi.

    Tashqi ishlar vazirligi, diplomatik vakolatxonalar va konsullik idoralarining asosiy vazifalaridan biri Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy manfaatlarini taʼminlashga yordam berishdan iborat. Bugun ushbu yoʻnalishdagi faoliyat qanday aniq maqsadlarga qaratilgan va dunyodagi mavjud qiyin vaziyat uning samaradorligiga qanday taʼsir koʻrsatdi?

    — Oʻzbekiston iqtisodiy diplomatiyasi izchil mustahkamlanmoqda. Qizigʻi shundaki, pandemiya davri sinovlari mazkur jarayon samardorligining asosiy sabablaridan biri boʻldi. Covid-19 milliy kompaniyalar eksportini qoʻllab-quvvatlash, investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni jadallashtirishga undamoqda. Bu yangi ish oʻrinlari yaratish, inqirozdan tiklanishga amaliy yordam demakdir.

    Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Mahalliy korxonalar tomonidan eksport shartnomalari tuzish, tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha birgalikda harakat qilinmoqda.

    Karantin cheklovlari sababli chegaralar yopilgan va transport aloqalari buzilgan bir sharoitda mamlakatimiz tadbirkorlariga xorijga mahsulot yetkazish yoki chet eldan yuk olib kelishda transport va logistika masalalarini hal qilishda yaqindan yordam berilmoqda. Yangi transport koridorlarini ochish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.

    Investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish doirasida respublikaga zamonaviy uskunalar va xorijlik mutaxassislarni olib kelishga koʻmak koʻrsatilmoqda. Xususan, bugungi kungacha iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan 3 ming 500 dan ortiq chet ellik mutaxassisning Oʻzbekistonga olib kelinishi tashkil qilindi.

    Mamlakatimizga sarmoyalar jalb qilish, shu jumladan, chet elda istiqomat qiladigan vatandoshlar tomonidan investitsiyalar kiritish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun 818 million dollarlik 120 dan ortiq loyiha ustida ish olib borilmoqda. Chet el investorlari, xalqaro tashkilotlar va kompaniyalarda ishlaydigan hamda Oʻzbekiston taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻsha oladigan yurtdoshlarimizning ismlari jamlangan “Oltin daftar” shakllantirildi.

    Shu oʻrinda Oʻzbekiston koronavirus epidemiyasi xalqaro koʻlamda tarqala boshlangan dastlabki kunlardanoq barcha asosiy tashqi siyosiy sheriklar bilan oʻzaro yordam va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyganini alohida taʼkidlamoqchiman.

    Bunday saʼy-harakatlarsiz nafaqat turli davlatlar va sherik tashkilotlar bilan koʻp qirrali aloqalar, balki oddiy insonlar, fuqarolarimiz taqdiri bilan bogʻliq masalalarni hal etib boʻlmasligini qayd etmoqchiman. Xorijda boʻlib turgan yurtdoshlarimizning koʻpchiligi epidemiya munosabati bilan joriy qilingan cheklovlar natijasida qiyin sharoitga tushib qoldi. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi, respublikaning boshqa vazirlik va idoralari hamda xorijiy sheriklar tomonidan 300 mingdan ortiq yurtdoshimizni Vatanga qaytarish boʻyicha puxta muvofiqlashtirilgan ishlar tashkil etildi. Oʻzbekistonning chet mamlakatlarda vaqtincha boʻlib turgan koʻplab fuqarolariga elchixonalar va konsullik idoralari orqali moliyaviy mablagʻlar taqdim qilish, yashash joyi va oziq-ovqat bilan taʼminlash shaklidagi begʻaraz yordam koʻrsatilmoqda. Shu bilan birga, 15 mingdan ortiq chet el fuqarosiga Oʻzbekistondan oʻz yurtiga qaytishiga koʻmak berildi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi samarali kurashish va ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish maqsadida Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy va Rossiyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislari jalb qilindi. Ular respublikamizning turli mintaqalarida faoliyat yuritdi.

    Pandemiya oqibatlariga qarshi kurashish jarayonida AQSH hukumati va Amerika insonparvarlik tashkilotlari va kompaniyalarining gumanitar yordami jalb qilindi. Bundan tashqari, amerikalik sheriklar Sirdaryo viloyatida roʻy bergan favqulodda hodisadan zarar koʻrgan aholi, “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasiga yordam koʻrsatdi.

    Oʻzbekiston olib borayotgan faol mintaqaviy siyosat dunyo hamjamiyati diqqatini jalb qilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formati yaratildi va ikkita sammit boʻlib oʻtdi. Ulardan biri 2019-yil Toshkentda tashkil etildi. Qirgʻizistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik qanday kechmoqda?

    — Oʻzaro kelishuvga binoan, Markaziy Osiyo davlatlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqa davlatlari rahbarlarining shaxsiy ishtirokida oʻtkazilishi kerak. Prezidentlarning shaxsiy uchrashuvlari sammitlar samaradorligining muhim omili hisoblanadi. Oliy darajadagi mazkur uchrashuvlar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining dolzarb muammolarni hal qilish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha hamkorligining barcha qirralari koʻrib chiqilmoqda.

    Afsuski, koronavirus bilan bogʻliq vaziyat va pandemiyani bartaraf etish bilan bogʻliq sananing noaniqligi sabab joriy yil oxirigacha uchinchi Maslahat uchrashuvini oʻtkazish uchun imkoniyat boʻlmasligi koʻzga tashlanib qoldi.

    Lekin bu holat qoʻshni davlatlar rejalashtirilgan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish yoʻlida “sekinlashgani”ni anglatmaydi. Markaziy Osiyoning barcha besh davlati uchun koʻp tomonlama hamkorlik savdo aloqalarini mustahkamlash, investitsiya oqimlarini jalb qilish, mintaqa mamlakatlarining global taʼminot zanjirlariga faol qoʻshilishi uchun yangi imkoniyat va imtiyozlarni shakllantirish omili sifatida ustuvor ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari avvalgi uchrashuvlarida mintaqaviy savdoni rivojlantirish, energetika sohasidagi salohiyatni oshirish, istiqbolli transport koridorlarini shakllantirish va oʻzaro manfaatli boʻlgan boshqa masalalarni hal qilishda birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishgan. Markaziy Osiyo hamkorligini mustahkamlash mintaqamizning barqaror rivojlanishi va xavfsizligini taʼminlashning kaliti boʻlib qolmoqda va bunda qoʻshni davlatlar Prezidentlarining qarashlari bir-biriga toʻliq mos keladi, deb taʼkidlash mumkin.

    Qozogʻiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi davlat rahbarlarining Qirgʻiz Respublikasidagi voqealar yuzasidan qoʻshma bayonoti ushbu masalalardagi yakdillikka yorqin misol boʻldi. Unda “Qirgʻizistonning ravnaqi mintaqaviy xavfsizlik va butun Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishining muhim omili” ekani yana bir bor taʼkidlandi. Mintaqa davlatlari rahbarlari, shuningdek, “Markaziy Osiyo birdamligini yana-da mustahkamlash yoʻlidan borar ekanmiz, biz Qirgʻiziston xalqini uning hamjihatlik, tinch, mustaqil taraqqiyot va farovonlik borasidagi intilishida doimo qoʻllab-quvvatlaymiz”, deb qayd etdilar.

    Shu munosabat bilan Turkmaniston umummintaqaviy manfaatlardan kelib chiqqan holda kelgusi yil mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini mehmondoʻst turkman zaminida oʻtkazishni taklif qilmoqda. Sammit dasturiga qator muhim iqtisodiy va madaniy tadbirlarni kiritish ham taklif qilindi.

    Biz, Maslahat kengashining hamraisi sifatida Turkmanistonning ushbu taklifini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz va navbatdagi Maslahat uchrashuvi keng va sermazmun dastur asosida oʻtishiga umid qilamiz. Turkmanistondagi sammitdan soʻng qirgʻiz doʻstlarimizning Maslahat uchrashuvini Bishkekda tashkil etish boʻyicha taklifiga yana qaytishimiz mumkin.

    TIV tashqi siyosiy faoliyatni xalqaro vaziyatga moslashtiribgina qolmasdan, uni muntazam takomillashtirayotganiga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Zero, har qanday inqiroz, jumladan, insoniyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan pandemiya inqirozi oddiy sharoitlarda sezilmaydigan muammolarni ochib beradi. Ushbu tahdidlarga munosib javob berish uchun oʻz ishimizni doimiy ravishda takomillashtirib borishimiz kerak.

    Shu munosabat bilan ikkita asosiy xulosa chiqarish mumkin. Birinchidan, tashqi siyosat idorasi faoliyatiga tanqidiy baho berish, yangi zaxiralarni izlab topish uchun barcha kuchlarni safarbar etish zarur. Ikkinchidan, Covid-19 pandemiyasiga qarshi munosib kurashish uchun qatʼiy siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik sharoitda ishlashni oʻrganish kerak.

    Xulosa shuki, bugungi kunda texnologik taraqqiyot va ilmiy, shu jumladan, tibbiyot sohasidagi bilimlar juda tez va jadal rivojlanmoqda. Aynan tibbiyot yuqori intellektual tarmoqlardan biri hisoblanadi. Pandemiyaga qarshi kurashishga eng ilgʻor intellektual kuchlar safarbar qilingan, yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari izchil faoliyat yuritmoqda va dunyoning turli mintaqalarida salmoqli resurslar ajratilgan. Yaqin kelajakda ushbu muammoga munosib javob topilishi va insoniyatni ana shunday qiyin sinovlardan ishonchli himoya qilish mumkin boʻlishiga ishonchimiz komil

    — Hurmatli Abdulaziz Hafizovich, qiziqarli va sermazmun suhbatingiz uchun katta rahmat.

    Salim DONIYOROV

    suhbatlashdi.