Yangilanayotgan Konstitutsiya: 10 ta demokratik oʻzgarish va 10 ta muhim ijobiy majburiyat

    Mamlakatimizda 26 Aprel 2023 2777

    Qonunchilik palatasiga faoliyati qoniqarsiz deb topilgan vazirni lavozimidan ozod etish boʻyicha Prezidentga taklif kiritish huquqi berilmoqda.

    Yurtimizda joriy yil 30-aprel kuni oʻtkazilishi kutilayotgan Referendum xalqimizning demokratik islohotlar yoʻlidagi yana bir muhim qadami boʻladi.

    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yilning 20-iyun sanasida Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvida, Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozimligini alohida taʼkidlagan edi.

    Darhaqiqat, yangilanayotgan Bosh qomusimizda barcha jabhalar qatori davlat hokimiyati va boshqaruv tizimiga oid eng muhim 10 ta demokratik oʻzgarishlar belgilanmoqda.

    Bularga toʻxtalar ekanmiz, birinchi navbatda, Qonunchilik palatasining vakolatlari 5 tadan 12 taga koʻpayganini alohida taʼkidlash oʻrinli. Ayniqsa, Bosh vazir nomzodi Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng taklif etilish tartibi joriy qilinayotganini qayd etish joiz.

    Shuningdek, Qonunchilik palatasiga faoliyati qoniqarsiz deb topilgan vazirni lavozimidan ozod etish boʻyicha Prezidentga taklif kiritish huquqi berilmoqda.

    Oliy Majlis Senati ham ixcham, xalqchil va hududlar manfaatini ifoda etadigan organga aylanmoqda. Buning amaliy tasdigʻi sifatida senatorlar soni 100 nafardan 65 nafarga tushirilishi koʻzda tutildi. Senatning mutlaq vakolatlari 14 tadan 18 taga koʻpaymoqda. Unga Prezidentning bir qator vakolatlari oʻtkaziladi.

    Xususan,

    - Bosh prokuror, Hisob palatasi raisiligiga nomzodlar avval Senatda koʻrib chiqilib va maʼqullangandan keyin Prezident tomonidan tayinlanadi;

    - Respublika korrupsiyaga va monopoliyaga qarshi kurashish organlarining rahbarlari Senat tomonidan saylanishi tartibi joriy qilinadi.

    Qolaversa, Sud hokimiyatining mustaqilligini taʼminlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha aʼzolari Senat tomonidan saylanishi, shuningdek, Qonunchilik palatasi va Senatga parlament tekshiruvi oʻtkazish huquqi mustahkamlanmoqda.

    Shu bilan birga, Qonunchilikka takliflar kiritish instituti joriy qilinadi. Saylov huquqiga ega boʻlgan, yuz ming nafardan kam boʻlmagan fuqarolar, Senat, Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritish huquqiga egaligi qayd qilinmoqda.

    Ijro organi hisoblangan – Vazirlar Mahkamasining iqtisodiyot, ijtimoiy taʼminot, kambagʻallikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya kabi sohalardagi vakolatlari kengaytirilishi olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga koʻtaradi.

    Koʻp yillardan beri, viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi muhokamalarga sabab boʻlayotgan edi. Nihoyat, bu masala Yangi Konstitutsiyamiz orqali ijobiy yechim topmoqda.

    Oʻninchi oʻzgarish fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi oʻrnatilmoqda. Ularning mahalliy ahamiyatga molik masalalarni qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etish huquqi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi, tom maʼnoda mamlakatimizning demokratik islohotlar yoʻlidagi yangi qadami deyish mumkin.

    Yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat oʻz zimmasiga 10 ta muhim ijtimoiy majburiyatni olayotganini ham alohida qayd etish lozim.

    Bular sirasiga quyidagilar kirmoqda:

    - Davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻradi.

    - Davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

    - Davlat bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olishni kafolatlaydi.

    - Bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi.

    - Fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga haqli.

    - Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini taʼminlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi.

    - Pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emas.

    - Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan choralarni koʻradi.

    - Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan toʻlaqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

    - Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning ishga joylashishiga, taʼlim olishiga koʻmaklashadi, ularga zarur boʻlgan axborotni toʻsqinliksiz olish imkoniyatini taʼminlaydi.

    Bir soʻz bilana aytganda, Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda 10 ta demokratik oʻzgarish va 10 ta muhim ijobiy majburiyatning oʻrin olishi albatta porloq kelajagimiz uchun xizmat qiladi.

    Nurillo Toʻxtasinov,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    “Davlat boshqaruvi” kafedrasi oʻqituvchisi