Maktabda oʻqiyotgan paytlarim Konstitutsiyamizning 128 moddasini soʻzma-soʻz yod olganim uchun yangi loyihadagi har bir modda, har bir soʻzning oʻzgarish va yangilanishi, qoʻshimchalar bilan boyitilganligini darrov payqadim.
Eʼtiborimni tortgani Qomusimizdagi “Inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” nomli boʻlimi boʻldi.
Ushbu boʻlimga qoʻshilgan “Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi;
Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emasligi haqidagi bandlar bu davlatimizning bugungi insonparvar siyosatini oʻzida aks ettirmoqda. Shuningdek, bu boʻlimning “Shaxsiy huquq va erkinliklar” bobidagi 8 ta modda maʼno va mazmun bilan boyigandan tashqari, yana 3 ta muhim modda qoʻshilgan.
Masalan, shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi;
shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi;
hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi;
agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi kabi yangi qoʻshilgan modda va bandlar davlatimiz olib borayotgan - huquqiy davlat qurish sari islohotlarimiz ortga qaytmas taraqqiyot yoʻlida ekanligimizdan dalolat beradi.
Shuningdek, “Fuqarolarning siyosiy huquqlari” bobida esa Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egaligi, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar bobidagi mehnatga haq toʻlashda munosib turmush tarzining eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilmaslik, uni boʻshatish, ish haqini kamaytirish kabi holatlar taqiqlanishi kabi ijtimoiy huquqlar mustahkamlangan. Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash tartibi qonun bilan belgilanishi ham qayd etilgan. Bu kabi kiritilgan insonni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi bandlar Yangi Oʻzbekistonda inson qadri yuqori darajalarga koʻtarilayotganidan darak beradi.
Tan olish lozim, amaldagi Konstitutsiyamizda ekologiya masalasiga uncha eʼtibor qaratilmagan edi. Masalan, “Ekologiya soʻzi faqatgina ”fuqarolarning “ekologik muhitga zarar yetkazmaslik” burchi ekanligi belgilangan. Hozirgi loyihada esa Oʻzbekistondagi ekologik sharoit hisobga olinib, ekologik huquq insonning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquqlari qatoriga kiritilgan. Nafaqat bizni, balki butun Markaziy Osiyoni tashvishlantirayotgan Orolboʻyi ekologik muammosini bartaraf qilish masalalari Konstitutsiyamizning yangi loyihasidan joy oldi. Darhaqiqat, 31 yil oldin ekologik xavfsizlik bilan bogʻliq masalalar bugungi kundagidek dolzarb ahamiyat kasb etmagan edi.
Konstitutsiyamizda koʻpchilik yod biladigan eng kichik moddalardan biri – soddagina 18 ta soʻzdan iborat boʻlgan taʼlim olish haqidagi 41-modda edi. Bu modda yangi loyihada Yangi Oʻzbekistonga xos tarzda sifatli taʼlimni kelajagimiz kafolati sifatida belgilaydigan batafsil 3 ta modda asosida bayon qilinmoqda. Bu yerda birinchi marta maktabgacha taʼlimning ham davlat nazoratida ekanligi belgilab qoʻyilgan. Biz naqadar achchiq boʻlmasin mustaqilligimizning chorak asrida bogʻchalarimizni haroba ahvolga olib kelganimizni ham tan olishimiz kerak. Ahir inson umri davomida oladigan barcha maʼlumotning 70 foizini bogʻcha yoshida qabul qiladi-ku. Oliy taʼlim haqida ham Konstitutsiyamizda alohida taʼkidlanmagan edi. Yangi loyihada oliy taʼlim tashkilotlari uchun qonunga muvofiq akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish kabi dunyoviy, rivojlangan davlatlarga xos erkinliklarning mustahkamlab qoʻyilayotganligi har bir ziyolini hursand qilishi tabiiy.
Yana yangi tahrirdagi konstitutsiyada fuqarolarning burchlari qatoriga ilmiy merosni avaylab asrash, davlat tomonidan ilmiy meros muxofaza qilinishi belgilandi.
Amaldagi konstitutsiyamizdagi “Oila” bobi “Oila, bolalar va yoshlar” bobi sifatida yangidan tahrirlanib, yoshlarga gʻamhoʻrlik, ularning ijodiy, intellektual, jismoniy rivojlanishlari uchun shart-sharoitlar yaratilishi haqidagi yangi moddalar bilan boyitilgan.
Shu bilan birga xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, xalq vakillik organi boʻlmish parlamentning rolini va oʻrnini, masʼuliyatini oshirish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, umuman mamlakatimizda parlamentarizm, xalq hokimiyatchiligini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator normalar Konstitutsiyamizning yangi loyihasiga kiritilgan.
Shu oʻrinda bolalagimi bilan bogʻliq fikrlarni keltirib oʻtsam.
11-sinfni bitirayotgan vaqtlarimda (mustaqillikka erishganimizning oʻn ikkinchi yili) biz paxta dalalaridagi (paxta dalasini yovvoyi oʻtlardan tozalash, “chkanka” nomli paxtaga ishlov berish kabi) jabr-u sitamlarimiz evaziga “5” baho olayotgan, ustozlarim esa guruh–guruh boʻlib qishloqdagi ogʻilxonalardan goʻng yigʻib, kolxoz, shirkat xoʻjaligi dalasiga goʻng tashiyotgan, qishloq fermasiga oʻrta asrlarga xos begor tizimi kabi yoʻl boʻylaridagi yontoqlarni chopib (“Moloʻtoq” deb nomlanardi) fermaga topshirayotgan vaqtlarimiz bugungi taʼlim sohasidagi, umuman butun jamiyatimizdagi bu islohotlar haqida hatto tasavvur qilish ham mushkul edi, nazarimda. Esimni taniganimdan to universitetda oʻqituvchi boʻlib ishlay boshlagunimga qadar yilning chorak qismini paxta terib, oʻqituvchilik faoliyatimda esa talabalarni dalaga haydab umr oʻtkazdim. Oʻsha paytlarda nahotki, umrimning oxirigacha fasllarning goʻzali boʻlmish kuzni faqat dalada, gʻoʻzaqator ichida oʻtkazaman, degan vahima qalbimni egallar edi. Allohga ming shukurki, oʻqituvchining daladagi hayoti qoʻrqinchli tush kabi ortda qoldi.
Xulosa qilib aytganda konstitutsiyamizning 128 moddasi zamon, sharoit taʼqozosi bilan maʼno va mazmun jihatdan boyitilgan. Qoʻshimcha 27 ta yangi modda kiritilishini Oʻzbekiston xalqining yorqin kelajagi kafolati, deb hisoblash mumkin. Shuningdek, kiritilayotgan normalarda Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash, uning haq-huquqlarini himoya qilish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ilm-fanni rivojlantirish, boshqaruvda jamoatchilik nazoratini oʻrnatish orqali demokratiyani qaror toptirish kabi muhim masalalar oʻrin olmoqda.
Ishonamanki, har bir yurtdoshimiz Konstitutsiyamizga kiritilayotgan normalari bilan tanishib, ular xalqimiz farovonligi, davlatimiz kelajagining muhim kafolati ekanligini anglab yetadi.
Bekzod ABDIRIMOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Xorazm viloyati boʻlimi rahbari