Bu qishloqdagi 40-umumtaʼlim maktabi. 100 oʻringa moʻljallangan maktab bahavo adirlikda joylashgan, yuzlari qir shamoli va quyoshda qoraygan bolalar taʼlim muassasasiga 3-5 kilometr yoʻl bosib keladi. Oʻqishga ishtiyoqi baland qorakoʻzlar uchun masofaning ahamiyati yoʻqdek goʻyo. Tabiat injiqliklari ularga kor qilmaydi. Deylik, kuz va qish oylarida soy suvi koʻpayishi tufayli yoʻlda yurishning imkoni boʻlmay qolgan paytlarda ham bolalar baʼzan loy, baʼzan suv kechib maktabga kelgan paytlari koʻp boʻlgan. Qishloq ahlidan shu haqdagi hikoyalarni eshitar ekanman, mashhur adib Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” asaridagi mana bu bitiklar yodimga tushadi: “Boʻlmasa tizzadan suv kechib, izgʻirinda nafasimiz kesilib, shuncha uzoq joyga — tepalikka har kun qatnab, tinka-madorimizni quritishga bizni kim majbur qilardi, deysiz? Maktabga oʻz ixtiyorimiz bilan havas qilib borardik. Oʻqishlaringga borsalaringchi, deb bizni qistovga oladigan hech kim yoʻq edi... Duyshenning darslariga quloq solib, oʻqish bilan mashgʻul boʻlardik”.
Oʻquvchi qalbiga yoʻl topilgan joyda boshqa sabablar bekor. Bilimi, mehri dunyochalik keng ustozlar bor ekan, maktab muqaddas dargoh, ustoz esa misli shamchiroq boʻlib oʻziga chorlab turaveradi.
Yoqubovlar oilasi asli Xorazmdan. Oila boshi Qodirberdi Yoqubov uzoq yillar Xonqa tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabida jismoniy tarbiyadan, turmush oʻrtogʻi Zumrad Jumaniyozova esa tarix fanidan oʻquvchilarga saboq berib kelgan. Hayotini maktab va oʻquvchilar bilan bogʻlagan oʻqituvchilar halolligi, jonkuyar va fidoyiligi bilan el oʻrtasida hurmat, eʼtibor qozongan. Qodirberdi aka va Zumrad opa olis hududda ishlashni ixtiyor etganida avvaliga yaqinlari hayron boʻldi. Ammo bir qarorga kelingan, ularning Payariq tumanidagi 40-maktabda ish boshlashi aniq boʻlgan edi.
Qishloq ahli sodda, tanti. Ular oʻzga yerlik muallimlarni katta hurmat bilan kutib oldi. Darrov ijaraga uy berildi. Qoʻni-qoʻshni tez-tez xabar olib turar, oʻzlari uchun tayyorlagan tansiq taomlardan ilinar, begona joyning pastu balandi haqidagi hikoyalar yangi mehmonlar uchun ham juda qiziq edi. Mehri issiq bu el yangi oʻqituvchilarning qishloqqa moslashishi uchun borini ayamadi. Muallimlar ham birpasda shu yerlik odamlarga qoʻshilib ketdi.
— 2022/2023 oʻquv yilidan ish boshladik. Biz bu yerga kelgunga qadar tarix fanidan mutaxassis yoʻqligi sabab dars oʻtilmagan, — deydi Zumrad Jumaniyozova. — Bu fanni yangi metodika boʻyicha oʻta boshlaganimdan keyin nafaqat bolalar, balki ota-onalarning ham qiziqishi ortdi. Ular men bilan suhbatlashish uchun maktabga tez-tez keladigan boʻldi. Oʻquvchilarim fan olimpiadalarida tuman, viloyat bosqichlarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda.
Taʼtilda Xorazmga ketib qolsak, ota-onalar, oʻquvchilar telefon qilib hol-ahvol soʻraydi. “Qachon kelasiz?” deya betoqat boʻladi. Qishloq ahlining cheksiz hurmatidan boshim osmonga yetadi. Pedagog uchun bundan katta baxt bormi?
Qishloq maktabida ilk muallima ayol sifatida ish boshlagan Zumrad opa bu yerga goʻyoki oʻzi bilan yangi nafas olib kirdi. U pedagog sifatida bolaning hafsalasizligiga yoʻl qoʻymaslik eng asosiy vazifasi ekanini yaxshi bilardi. Shu bois, tarix fani bilan birga oʻquvchi qizlarga odob-axloq sirlarini ham oʻrgata boshladi. Ularning bilimga qiziqishini oshirish, kasb-hunarga yoʻnaltirishga eʼtibor qaratdi. Maktabda sinflar oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini tashkil etildi. Toʻgaraklar ish boshladi.
Taʼlimdagi oʻzgarishlar, islohotlar bu maktabga ham kirib bordi. Oʻz ustida ishlagan, malaka oshirgan, toifaga ega boʻlgan ustozlar soni ortib borar ekan, oʻqitish sifati ham yuksaldi. Yangi metodikalar qoʻllanila boshlandi. Bu bolalarning bilimi va intilishlarida oʻz aksini topdi. Joriy yilda bitiruvchilarining 60 foizi oliy taʼlim muassasalariga qabul qilindi. Bundan ikki yil avval maktab “qizil” toifada edi. Ayni paytda bir necha tamoyillar asosida “yashil” maqomini oldi. Bunda, albatta, Qodirberdi aka va Zumrad opaning hissasi alohida.
— Qiyinchiliklar yoʻq deb ayta olmayman. Ayol kishi emasmanmi, uyni, yaqinlarimni sogʻinaman. Ammo bolalarning katta hurmat va intilishini koʻrib, shu yerda qolishim kerakligini his qilaman. Biz kelguncha qishloqda internet boʻlmagan. Bolalar telefonga oʻrganmagan. Ular bilimga chanqoq. Zehni oʻtkir, eshitganini ilib oladi. Farzandlarimdek boʻlib qolgan bu bolalarni tashlab ketishga koʻzim qiymaydi. Koʻzlari yonib turadigan oʻgʻil-qizlar orasida ertaga yurt koriga yaraydigan asl insonlar chiqishiga ishonchim komil, — deydi Zumrad Jumaniyozova.
Oʻqituvchilik katta fidoyilik talab etadigan kasblardan biridir. Chunki har bir oʻquvchida alohida salohiyat borligini ilgʻash, uni yuzaga chiqarish katta mehnat talab qiladi. Zahmatli, ammo sharafli bu mehnat natijasida ertaga insoniyatga nafi tegadigan olim, shifokor, uchuvchi yoki muhandis yetishib chiqishi mumkin. El orasida hurmat-eʼtibor topgan qaysiki kasb egalari bor, ustoz va murabbiylarning samarali mehnati mahsulidir. Ular ertaga qanday muvaffaqiyatga erishishidan qatʼi nazar, qalbining toʻrida hamisha ustoz yodi, minnatdorlik tuygʻulari hukmron boʻlishi muqarrar.
— Qishloq juda xushmanzara, bu yerda hatto ekoturizmni rivojlantirish mumkin, — deydi Qodirberdi Yoqubov. — Yam-yashil yoʻl, shuvullab oqayotgan soy, orqada viqor toʻkib turgan togʻlar, adirliklar har qanday sayyoh eʼtiborini jalb qila oladi. Ammo kuz va qish oylaridagi yogʻinlar yoʻllarda noqulaylik tugʻdiradi. Ish boshlagan dastlabki kezlarimiz 2,5-3 kilometrcha yoʻlni yayov bosib oʻtishga toʻgʻri kelgan, nosoz yoʻlda suv, loy kechgan paytimiz boʻldi. Bizku, mayli, oʻquvchilar qiynalishi kerak emas. Viloyat hokimligiga shu haqda bildirdik. Yoʻl taʼmiri, koʻprik qurish bugun navbati bilan qilinmoqda. Mahalliy aholining, oʻquvchilarimizning ravon yoʻlda yurish orzusi ushalayotganidan xursandman.
Pedagog yosh avlod kelajagiga taʼsir koʻrsatadigan har bir muammoni oʻziga daxldor deb biladi. Oʻquvchisining zarur bilim va koʻnikmaga ega boʻlishiga xalal berayotgan jihatlar, yutuqlariga ragʻbat beradigan omillarni eʼtibordan chetda qoldirmaydi. Mamlakatimizda sport rivojiga qaratilayotgan eʼtibor, oʻsib kelayotgan avlodning har jihatdan sogʻlom va baquvvat boʻlib voyaga yetishi yoʻlidagi saʼy-harakatlar uning ham diqqat markazida. Shu sabab bolalarning sportga qiziqishini oshirishni eng katta vazifasi deb biladi.
— Bu yerga kelganimda eski, rangi oʻchgan shaxmat-shashka taxtalaridan boshqa hech narsa yoʻq edi, — deya soʻzida davom etadi Qodirberdi muallim. — Oʻzim bilan birga zarur sport inventarlarini olib keldim. Bolalar futbol, voleybol, stol tennisi bilan shugʻullana boshladi. Mashgʻulotlarni kengaytirib, boshqa koʻpgina sport turlarini ham oʻrgatmoqchiman. Qiziqish juda yuqori. “Besh tashabbus olimpiadasi”da tumanda sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdik.
Oʻqituvchining maqomi yuksak koʻrilgan jamiyatda, albatta, rivojlanish boʻladi. Shu bois, mamlakatimizda xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarni boshlashda qoʻyilgan eng katta vazifa ham jamiyatda ustozning nufuzini oshirish boʻldi. Bugun pedagog xodimlarning mehnatiga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, ijtimoiy himoya qilish borasida eʼtiborga molik ishlar qilinyapti. Turli yoʻnalishlarda oʻz iqtidorini namoyish etgan ustoz-murabbiylarga ustama va qoʻshimcha haq toʻlash mexanizmi joriy qilingan. Jumladan, Prezidentimizning tegishli qaroriga binoan, olis va chekka hududda ishlayotgan pedagoglarni moddiy ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Qahramonlarimiz ham bu imtiyozdan foydalanmoqda.
Muallimlik — ulugʻ maqom. Shogirdning bilimi va salohiyati qay darajadaligi ustozning maqomi nechogʻligini belgilaydi. Ana shu ezgu maqsadda chekka va olis hududlarga borib ishlayotgan oʻqituvchilarni esa eʼtibor, ehtirom, eʼzoz egasi deyishga toʻla haqlimiz.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 197-sonida (2024-yil 27-sentyabr) chop etilgan.