"Yashil iqtisodiyot"ga o'tish kontseptsiyada qanday maqsadlar ko'zlangan?

    Bugungi kunga qadar O'zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi o'n bitta xalqaro konventsiya, bitim va ular doirasidagi ettita ko'p tomonlama xalqaro shartnomaga qo'shildi.

    Mamlakatimizning yangi rivojlanish bosqichida barcha sohalar kabi atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarning inson salomatligiga salbiy ta'sirining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar barqaror rivojlanish kafolati bo'lmoqda. Albatta, bu islohotlarning huquqiy asoslari Konstitutsiyamizda belgilab berilgan.

    Xususan, Konstitutsiyaning 50-moddasida “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo'lishga majburdirlar”, deb ko'rsatilgan. Bu esa fuqarolarning er, suv, o'rmon, er osti boyliklari, hayvonot, o'simliklar dunyosi va boshqa tabiiy zaxiralardan oqilona foydalanishni, ularni tiklash va muhofaza qilishni hamda ushbu majburiyatni o'z vaqtida bajarishni taqozo etadi. Ushbu holat ekologik sohaga oid barcha qonunlarda ham aniq tarzda o'z ifodasini topgani konstitutsiyaviy talab­larni yana­da mustahkamlaydi.

    Shuningdek, Asosiy qonunimizning 54-, 55- va 100-moddalarida ham yuridik va jismoniy shaxslarga atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish vazifasi yuklatilgan. Ushbu konstitutsiyaviy me'yorlar asosida ekologiya, atrof-muhit, aholi salomatligini muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo'yicha o'ttizdan ziyod qonun va uch yuzga yaqin qonunosti hujjat qabul qilindi.

    Joriy yil davlat dasturida ham ekologik va ijtimoiy rivojlanish sohasida zalvorli vazifalar belgilangan. Xususan, majmuaviy, to'g'ridan-to'g'ri amal qiladigan ekologiya kodeksi, “ekologik audit to'g'risida”gi, “Suv ta'minoti va oqova xizmatlar to'g'risida”gi qonun loyihalari, Ichimlik suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish kontseptsiyasi kabi hujjatlarni ishlab chiqish nazarda tutilgan.

    Albatta, hozirgi globallashuv jarayonida sanoatning kes­kin taraqqiy etishi ekologiya sohasini qonunlashtirish, amaldagi ayrim ekologik qonunlarni takomillashtirish maqsadida ularni kodekslashtirish muhim ahamiyatga ega. Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida hukumat sanoat rivojini ekologiyaga ta'sirining oldini olish bo'yicha 2025 yilgacha mo'ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishini, shuningdek, nufuzli xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda ekologiya kodeksi loyihasini ishlab chiqishi lozimligini qayd etgan edi. Shu asosda ekologiya kodeksi loyihasi ishlab chiqildi va bugungi kunda keng jamoatchilik ishtirokida muhokamalardan o'tkazilmoqda.

    Mazkur loyihada ekologiyaga oid qonunchilik bazasini tizimlashtirish hamda uni kodifikatsiyalash, atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha vakolatli davlat organining faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilishda fuqarolar va jamoat birlashmalarining huquq hamda majburiyatlari, ekologik nazorat va monitoring turlari, ekologik ekspertizani o'tkazish tartibi, tabiiy resurslardan foydalanishga qo'yiladigan talablar o'z ifodasini topgan.

    Bugungi kunga qadar O'zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi o'n bitta xalqaro konventsiya, bitim va ular doirasidagi ettita ko'p tomonlama xalqaro shartnomaga qo'shildi. Jumladan, Parij bitimini ratifikatsiya qilgan tomon sifatida 2030 yilga kelib issiqxona gazlari solishtirma tashlanmalarini 2010 yildagi darajaga nisbatan 10 foiz qisqartirish bo'yicha majburiyat olgan. SHundan kelib chiqib, davlat dasturining tegishli bandiga muvofiq, O'zbekistonning Parij bitimiga qo'shilishi munosabati bilan “yashil iqtisodiyot”ga o'tish bo'yicha davlat strategiyasi ishlab chiqildi. Mamlakatimizda bu yo'nalishda ekologik sof, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish bo'yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, so'nggi yillarda Orolbo'yi hududida bir nechta loyiha bajarildi. Buning natijasida Orol dengizining qurib qolgan hududida saksovul va cho'lga chidamli bosh­qa o'simliklar ekildi. Mo'ynoq shahri infratuzilmasi keskin yaxshilandi.

    O'zbekistonda 2019-2030 yillarda “yashil iqtisodiyot”ga o'tish kontseptsiyasi qator vazifalarni o'z ichiga oladi. Jumladan, energiya samaradorligi ko'rsatkichini ikki karra oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirish, ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining yigirma besh foizidan ko'prog'iga etkazish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini zamonaviy, arzon va ishonchli energiya bilan ta'minlash ko'zda tutilgan.

    Bundan tashqari, sanoat korxonalari infratuzilmasini modernizatsiyalash, energiya samaradorligini 20 foizdan kam bo'lmagan miqdorga oshirish hamda sof va ekologik xavfsiz texnologiyalar va sanoat jarayonlaridan yanada keng foydalanish hisobiga ularning barqarorligini ta'minlash mo'ljallangan. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish va rivojlantirish nazarda tutilgan bo'lib, umumiy energiya ishlab chiqarish salmog'ida ushbu ekologik toza energiya ulushini 12 foizga etkazish belgilangan.

    Shuningdek, “aqlli” qishloq xo'jaligi tamoyillarini joriy etish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 million gektargacha maydonda tomchilatib sug'orish texnologiyasini joriy etish va ularda etishtiriladigan ekinlar hosildorligini 20-40 foizgacha ko'paytirish ko'zda tutilgan. Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida erlarning tanazzulga uchrashi bo'yicha neytral balansga hamda asosiy turdagi qishloq xo'jaligi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning o'rtacha hosildorligini 20-25 foizgacha oshirishga erishish mo'ljallangan.

    Bugungi kunda suv va suvdan foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarini kodifikatsiyalash­tirish maqsadida Suv kodeksini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda. Chiqindilarni boshqarishning zamonaviy texnolo­giyalarini joriy etishning huquqiy asoslarini ta'minlab beruvchi “Chiqindilar to'g'risida”gi qonunning yangi tahriri tayyorlanmoqda. Ushbu hujjatda qayd etilgan qishloq va suv xo'jaligi, qattiq maishiy chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish, “yashil” texnologiyalarni joriy etishning institutsional asoslarini rivojlantirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini ta'lim va fanga integratsiya qilish muhim vazifalardan biridir.

    Bu yo'ldagi sa'y-harakatlar energiya samaradorligini oshirish borasidagi boshqaruvni yaxshilashga, tabiiy resurslarni saqlash va ulardan oqilona foydalanishga, shu orqali aholi farovonligi va iqtisodiyot barqarorligini ta'minlashga xizmat qiladi.

    Bundan ko'rinib turibdiki, O'zbekiston Konstitutsiyasida hamda uning konstitutsiyaviy normalari asosida qabul qilingan qonunlarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog'liq ko'plab masalalar o'z ifodasini topgan. Umuman olganda, ekologik normativ-me'yoriy hujjatlar mamlakatimizda insonning yashash uchun qulay atrof tabiiy muhitga ega bo'lish huquqini kafolatlaydi. Shu bois, Konstitutsiyamizda bu borada belgilangan tamoyillarni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz orasida keng targ'ib qilish ekologiya sohasidagi konstitutsiyaviy talablarni mustahkamlash va ekologik xavfsizlikni ta'minlashga zamin bo'ladi.I

    Islom XUSHVAQTOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati