Ekspertlar, OAV vakillari va jurnalistlar qatnashgan tadbirda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Sharipov, Transport vazirligi, Energetika vazirligi va Turizm qo‘mitasi vakillari so‘zga chiqdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yil 26-dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida erishilgan ulkan natijalar va yangi ustuvor vazifalar «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etishini, hamda mazkur hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholining fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishi zarurligini ta’kidlagan edilar.

Matbuot anjumanida Jamshid Sharipov so‘zga chiqib, strategiyaning takomillashtirilishi va vazifalarning yangilanishi mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligida muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, keng jamoatchilikning faol ishtiroki vazifalarni yanada mukammal va xalqchil qilishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov ham ushbu strategiyada O‘zbekistonning global transport-logistika tarmoqlariga integratsiyasini chuqurlashtirish va milliy transport tizimi salohiyatini oshirish ustuvor vazifalardan ekanini ta’kidladi. Uning ma'lumotiga ko‘ra, transport xizmatlari hajmini 301 trillion so‘mgacha, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari hajmini 250 trillion so‘mga yetkazish, aviaqatnovlar sonini 200 mingtaga, respublika hududlari orasidagi reyslar sonini esa 41 mingtaga chiqarish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi kotibiyati boshlig‘i Bekzod Ismoilov yangilanayotgan strategiyada 2030-yilga qadar «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keskin oshirish va iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholini zarur energiya bilan uzluksiz ta’minlash maqsadlari belgilanganini ma’lum qildi.

Bekzod Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvati 25 ming MVtga yetkaziladi, elektr energiyasi hajmi 120 milliard kVt·soatgacha oshiriladi. Shuningdek, 2030-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54%ga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Energiya saqlash tizimlari bo‘yicha ham qator rejalar belgilangan: 2024-yilda 300 MVt, 2025-yilda 1245 MVt quvvatli tizimlar ishga tushirildi. 2030-yilga qadar esa bu quvvat 4,5 ming MVtga yetkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, issiqlik elektr stansiyalari quvvati 22 ming MVtdan oshiriladi, gidroelektr stansiyalari quvvati esa 5 ming MVtdan ortiqlash rejalashtirilgan. 2025-yilda aholi xonadonlari va ijtimoiy ob’ektlarga o‘rnatilgan 2 GVt quvvatli quyosh panellari orqali 2 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi vakili Oybek Xakimovning ma’lumotlariga ko‘ra, 2030-yilga borib xorijiy turistlar soni yillik 20 million nafarga yetkazilishi, turizm xizmatlari eksporti hajmi 6 milliard dollarga chiqarilishi hamda hududlarda 4 mingta yangi mehmonxona, mehmon uyi va xostellar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Matbuot anjumani yakunida mas’ullar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi kotibiyati boshlig‘i Bekzod Ismoilov berilgan savollarga quydagicha javob berdi.

Savol:

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida yashil iqtisodiyotga o‘tish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Ammo bugun elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gazga qaramlik hali ham yuqori. Gazga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha aniq va o‘lchab bo‘ladigan ko‘rsatkichlar bormi?

Javob:

Ha, bor. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida energetika sohasida asosiy maqsad — qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini bosqichma-bosqich oshirish orqali tabiiy gazga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishdan iborat. Quyosh va shamol energetikasi quvvatlari kengayib borishi natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarishda gaz ulushi tabiiy ravishda qisqaradi. Bu jarayon yashil iqtisodiyotga o‘tishning asosiy mexanizmlaridan biri hisoblanadi.

Savol:

Energetika infratuzilmasi, ayniqsa transformatorlar va past kuchlanishli tarmoqlar eskirgani sharoitida yashil iqtisodiyotga o‘tish qanchalik real? Bu muammo strategiyada qanday hal etiladi?

Javob:

Infratuzilmaning eskirishi mavjud muammo ekani tan olinadi. Shu sababli «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida faqat yangi generatsiya quvvatlarini qurish emas, balki mavjud elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish ham ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Transformatorlar va past kuchlanishli tarmoqlarni bosqichma-bosqich yangilash, yuklamani kamaytirish va energiya yo‘qotishlarini qisqartirish yashil iqtisodiyotga o‘tishning amaliy asosini tashkil etadi.

Savol:

Gaz yoki elektr uzilishlari vaqtida aholining asosiy ehtiyojlarini qoplash uchun har bir mahallada kichik quyosh panellari va zaxira batareyalarini o‘rnatish qanchalik samarali yechim bo‘lishi mumkin?

Javob:

Bu yechim amaliy va samarali hisoblanadi. Quyosh panellari kunduzgi paytda uy xo‘jaliklari uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish, ortiqcha energiyani tarmoqqa uzatish va kechki soatlarda batareyalar orqali ehtiyojni qoplash imkonini beradi. Shu orqali past kuchlanishli tarmoqlardagi yuklama kamayadi, transformatorlarga tushayotgan bosim pasayadi va umumiy tizim barqarorligi oshadi. Bu yondashuv yashil iqtisodiyotga o‘tish maqsadlariga to‘liq mos keladi.

Savol:

Agar strategiyada belgilangan maqsadlarga erishilmasa, javobgarlik qanday ta’minlanadi?

Javob:

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi va undan kelib chiqadigan davlat dasturlarida har bir vazifa bo‘yicha aniq mas'ullar, muddatlar va ijro ko‘rsatkichlari belgilangan. Agar belgilangan natijalarga erishilmasa, ijro tahlil qilinadi, mas’ul rahbarlar faoliyatiga tanqidiy baho beriladi va zarur hollarda tashkiliy hamda intizomiy choralar qo‘llaniladi. Bu mexanizm strategiya ijrosining ta’minlanishiga qaratilgan, – dedi Energetika vazirligi kotibiyati boshlig‘i Bekzod Ismoilov.

Yashil iqtisodiyotga o‘tish O‘zbekiston uchun bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan tizimli jarayondir. Gazga qaramlikni kamaytirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va mahalliy darajada quyosh energetikasini rivojlantirish ushbu strategiyaning o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlari hisoblanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov ham berilgan savollarga attroflicha javob berdi.

Logistika markazlariga qo‘yilayotgan talablar ularni reyting asosida boshqarish tizimini joriy etishga olib keldi. Hududlarda logistika markazi qurishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar odatda katta hajmda — millionlab investitsiya bilan loyihani boshlayaptilar. Shu bilan birga, bunday loyihalar uchun yer maydonlari imtiyozli shartlarda ajratib berilyapti.

Natijada tranzit tashuvlarda logistika markazlarining o‘rni tobora ortib boryapti. Ayniqsa, tovarlarga qayta ishlov berish, ularni saralash va taqsimlashda markazlar muhim ahamiyat kasb etadi. Temir yo‘l orqali yuklar ko‘pincha blok poezdlarda keladi, ammo amalda ular turli yo‘nalishlarga ajratiladi. Ana shu jarayonda logistika markazlari hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

O‘zbekistondagi logistika markazlarining bugungi salohiyati Qozog‘istondagi yirik logistika imkoniyatlari bilan taqqoslanishi mumkin. Mamlakatimiz mintaqaviy tranzit xabiga aylanish uchun yetarli imkoniyatlarga ega.

Logistika markazlari shartli ravishda uch toifaga ajratiladi. Hozirgi kunda, ayniqsa Toshkent va yirik shaharlar atrofida xalqaro logistika kompaniyalari ishtirokida yangi markazlar qurilishi boshlangan. Buning sabablari:

·        Davlat rahbari tomonidan logistika sohasini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilishi;

·        Mahalliy mutaxassislarning malakasi yetarli darajada shakllanganligi;

·        Temir yo‘l tarmoqlarining mintaqaviy yo‘nalishlar bilan samarali bog‘langanligi.

Amalda transport va logistika markazlaridan foydalanish asosan temir yo‘l orqali amalga oshiriladi. Temir yo‘l tarmoqlarining elektrlashtirilishi tashish xarajatlarini arzonlashtirdi. Shuningdek, vagon parki salohiyati ham kengayib boryapti.

So‘nggi yillarda Xitoydan chiqadigan yuklar geografiyasi ham kengaydi. Ilgari asosan Qozog‘iston orqali amalga oshirilgan tashuvlar, oxirgi besh yilda Qirg‘iziston orqali O‘zbekiston bo‘ylab o‘tuvchi tranzit hajmlari 53 barobarga oshdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston orqali Afg‘oniston bo‘ylab Pokiston tomon yo‘naltirilayotgan tranzit tashuvlari ham bosqichma-bosqich rivojlanib boryapti.

Shuningdek, hozirgi kunda o‘rta yo‘lak orqali yuk tashuvlari xajmi keskin oshib boryapti. Jumladan, 2025-yilda mazkur yo‘lak orqali tashuvlar hajmi bir million tonnadan oshgan. Bu O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan transport-logistika sohasidagi hamkorligini mustahkamlab, mintaqaviy savdo yo‘laklarini ochishda muhim ahamiyatga ega.

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi mamlakatni yashil iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tkazish, energiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va mahalliy quyosh energetikasini rivojlantirishga qaratilgan tizimli jarayondir. Strategiyada gazga qaramlikni kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish va infratuzilmani yangilash ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Shu bilan birga, logistika markazlari va transport infratuzilmasi rivojlantirilishi mamlakatni mintaqaviy tranzit xabiga aylantirish va savdo yo‘laklarini kengaytirishda muhim rol o‘ynaydi.

 

Zulxumor Akbarova