Jahon iste'mol bozori yil sayin kengayib boryapti: talabga yarasha taklif ham yuqori. Iste'molchilar bir mahsulotning bir necha o'nlab turlarini tanlash imkoniyatiga ega. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor, insoniyat so'nggi yillarda atrof-muhit tozaligi, bu orqali o'z salomatligi haqida jiddiy qayg'ura boshladi. Natijada, dunyo bozorida ekologik toza mahsulotlarga talab ortib, odamlar atrof-muhitga kamroq zarar yetkazadigan ishlab chiqaruvchilar, sotuvchi va brendlarni afzal ko'rmoqda. Xalqaro tashkilotlardan birining xisobotiga ko'ra, hatto, iste'molchilarning 57 foizi tabiat tozaligiga hissa qo'shish maqsadida onlayn xaridlarni tanlamoqda.
Logistika, ya'ni, etkazib berish xizmatlari iqtisodiyotning asosiy negizlaridan hisoblanadi. Odatda, bu vazifani transport vositalari bajaradi. Ishlab chiqaruvchi va buyurtmachi o'rtasidagi tovarlar havo, temiryo'l, dengiz yoki avtomobil yo'li transportlari orqali bir manzildan ikkinchi manzilga yetkaziladi. Davlatlar o'rtasidagi savdo aloqalari ham asrlar davomida shu tarzda amalga oshirib kelinmoqda. Shu jihatdan, mamlakatlarning eksport rivojini transport-logistika xizmatlarisiz tasavvur etish qiyin.
Yurtimizning xorij davlatlari bilan muntazam olib borilayotgan hamkorlik munosabatlarining eng avvalida ham eksportga urg'u berilyaptiki, natijada O'zbekiston qisqa vaqt ichida tashqi bozorga xomashyo yetkazib beruvchidan, tayyor mahsulot eksport qiluvchi mamlakatga aylandi. Ishlab chiqarish va eksport ko'lamining ortishi logistika xizmatlariga bo'lgan talabni ham oshirmoqda. Raqamlarga to'xtaladigan bo'lsak, yurtimizda eksportyor korxonalar soni besh yilda 4 ming 500 tadan 7 ming 200 taga ko'paygan. Eksport qilinayotgan mahsulotlar turlari esa 1 ming 500 tadan qariyb 3 mingtaga oshib, mamlakatlar geografiyasi 164 taga yetdi. Mutaxassislar O'zbekistonni Markaziy Osiyodagi asosiy davlatlardan biri sifatida eksport imkoniyatlarini yanada yuqoriroq baholamoqda.
Logistika masalalarini hal etish, yangi transport yo'laklarini yaratish bunga keng yo'l ochadi. Bu borada vazifalar ham belgilangan. Xususan, davlatimiz rahbari o'tgan yili 20 dekabrdagi Oliy Majlisga va O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2023-yilda tayyor mahsulotlar eksportini qo'shimcha 4 milliard dollarga oshirish asosiy maqsadlarimizdan biri ekanini ta'kidladi. Joriy yilda Prezident farmoni bilan qabul qilingan Davlat dasturida esa 2026-yilga qadar mamlakatimiz eksport hajmini 30 milliard dollarga yetkazishdek katta maqsadlar qo'yilgan.
Buning uchun logistika xizmatlarini nafaqat rivojlantirish, balki zamon talabiga moslashtirib borish ham taqazo etiladi. Ya'ni, yuqorida ta'kidlanganidek, odamlarda tezkor, ekologik va arzon mahsulot hamda xizmatlarga ehtiyoj oshib bormoqda. Logistika masalalari ham bundan mustasno emas. Tadbirkor va ishlab chiqaruvchilar esa ana shu talabga moslashmoqda. Hatto, logistika xizmatlarida “yashillik”ka e'tibor kuchayishi ortidan, bu masala biznes majburiyatga aylanib boryapti.
Asosiy mezon: iqtisodiyot, ijtimoiy hayot va ekologiya
Xo'sh, bugungi kunda odamlar intilayotgan “yashil” logistika o'zi nima va uni qo'llashning eng maqbul amaliyotlari nimalarda ko'zga tashlanadi?
Manbalarga ko'ra, “yashil” logistika ijtimoiy rivojlanishning ekologik va ijtimoiy omillarini hisobga olgan holda tovarlarni barqaror ravishda ishlab chiqarish va tarqatishni anglatadi. U logistika faoliyatining atrof-muhitga ta'sirini o'lchash va minimallashtirishga qaratilgan barcha harakatlarni tavsiflaydi.
Sodda qilib aytganda esa, “yashil” logistika — bu logistika jarayonlarini raqamlashtirish orqali iste'molchilarga mahsulotlarni eng minimal xarajatlar evaziga, kelishilgan muddatda yetkazib berish hamda bu bosqichda atrof-muhitga bo'ladigan zararli ta'sirni kamaytirish mezonidir. Ya'ni, bu yerda buyurtmani ham tez, ham arzon, ham ekologiyaga zarar keltirmagan holda yetkazib berish nazarda tutiladi. U chiqindilarni boshqarish, utilizatsiya qilish, qadoqlash, qayta ishlash, energiya iste'molini kamaytirish va hokazolar bilan shug'ullanadigan ta'minot zanjirini o'z ichiga oladi. Bularning bariga logistika xizmatlarini zamonaviylashtirish va raqamlashtirish evaziga erishish mumkin.
Bunda logistika operatsiyalarining bari raqamlashtirish hisobiga osonlik bilan amalga oshiriladi. Raqamlashtirish, o'z-o'zidan qog'oz ko'rinishidagi xizmatlardan butkul voz kechish va buning natijasida, vaqt, ortiqcha xarajatlarni tejashga olib keladi. Qarabsizki, energiya sarfi ham kamayib, chiqindilar chiqishi sezilarli qisqaradi. To'g'ri tanlangan texnologiya va ta'minot zanjiri iste'molchi talablariga yechim bo'lish barobarida, yetkazib berish va brend imijini oshirish xarajatlarini ham kamaytirishi mumkin.
“Yashil” logistika 1980-yillarning o'rtalarida paydo bo'lgani haqida ma'lumotlar bor. U ish paytida atrof-muhitga etkazilgan zararni minimallashtirish uchun ilg'or texnologiyalar va uskunalardan foydalanadigan logistika tizimi va yondashuvlari ko'rinishida yuzaga kelgan.
Tasavvur qiling, tadbirkor qaysidir viloyatda qishloq xo'jaligi mahsulotini etishtirish bilan shug'ullanadi. Xaridorlari shaharlardagi bozorlar, supermarketlar, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari yoki xorij maydoni bo'lishi mumkin. Toza mahsulot oxirgi xaridorga yetib borguniga qadar bir necha kungina vaqt bo'ladi. Shu vaqt ichida hosilni yig'ib olish, qadoqlash, transport vositasiga yuklab, xaridorga yetkazish kerak. Mahsulot sifatli qadoqlansayu, logistika tizimi yaxshi yo'lga qo'yilmagan yoki transportda saqlash uchun zarur sharoitlar bo'lmasa, xaridor o'zi kutgan mahsulotni ololmaydi. Mahsulotning sifati buzilishidan ishlab chiqaruvchi ham katta ziyon ko'radi. Yaroqsiz mahsulotlar esa chiqindiga aylanib, tabiatga zarar yetkazadi. Bularning bari o'zaro bog'liq va shunday holatlarning oldini olish uchun ham “yashil” logistikani rivojlantirish zarur.
Ekologik talablarga javob beradigan logistikada uchta asosiy mezon — iqtisodiyot, ijtimoiy hayot va ekologiya barqarorligi nazarda tutiladi. Ya'ni, mahsulotlarni yetkazib berishda ularning tabiatga salbiy ta'siri bo'lmasligi barobarida, iqtisodiy tejamkorligi ham zaruriy qiymatga ega. Hatto, mahsulotlarni qadoqlashda joyni tejashni inobatga olish, foydalaniladigan xomashyoni qayta ishlash mumkinligiga e'tibor qaratish zarur. Umuman, bunda barcha jarayon sifatli, ekologik toza mahsulot yetkazib berishga qaratiladi. Raqamli texnologiya va zamonaviy qurilmalar esa ushbu jarayonlarning sifat hamda tezkorligini ta'minlaydi.
Hozir aksariyat davlatlarning talabi ham shu — “yashil” logistikani rivojlantirishdan iborat. Tizimni raqamlashtirish yo'li milliy “yashil” logistikamizni rivojlantirishda ham mos keladi. Qolaversa, mamlakatimizda barcha sohalarda jadal raqamlashtirish jarayonlari ketayotgan hozirgi sharoitda bu zaruriy ehtiyoj hamdir.
Arzon va samarali
Logistika tizimiga mamlakat iqtisodiyotining qon tomiri, deya ta'rif berilishi bejiz emas. Boisi, samarador logistika ichki bozorda tayyor mahsulot va xomashyo harakatini optimallashtirish orqali tovar va xizmatlarning xaridorlar uchun qulay sharoit va arzon narxlarda yetkazib berilishini ta'minlaydi, bozordagi raqobatni rag'batlantiradi. Tashqi bozorda esa mamlakatning iqtisodiy raqobatbardoshligini oshiradi va jahon iqtisodiyotiga integratsiya jarayonini tezlashtiradi.
O'zbekiston geografik joylashuvi jihatidan O'rta Osiyoning markazidagi davlatlardan biri. Demak, bizda boshqa mamlakatlar uchun “Xab” vazifasini bajarish imkoniyati katta. Ammo geografik nuqtai nazardan, dengizga chiqish imkoniyatlarimiz cheklangan. Bu esa mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda ko'plab qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. SHunday sharoitda, biz mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishimizga to'g'ri keladi. Chunki yurtimizda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar berilayotgani hisobiga eksportyor korxonalar soni yildan yilga ortib, o'zbek brendi ostidagi mahsulotlar yangi bozorlar, hatto, Yevropa davlatlari savdo rastalariga kirib boryapti.
O'zbekiston uchun Yevropa bozorlari 2021-yildan boshlab ochildi. Mamlakatimizning GSP+ tizimiga a'zo bo'lgani ham katta voqelikdir. Bu tizim O'zbekistondan eksport qilinadigan 6 ming turdan ortiq mahsulotlarni Yevropa Ittifoqidagi 28 ta davlatga olib kirish eshiklarini ochdi. Bu juda katta imkoniyat va unga moslashish, talablarni tahlil qilib, standartlarga javob berish ustida ishlar olib borilyapti. Mahalliy eksportyorlarga logistika masalalarida kengroq imkoniyatlar yaratish maqsadida yurtimizdagi havo va temir yo'llari yangi loyihalar asosida qo'shimcha qulayliklar yaratishga intilmoqda.
Logistika rivoji bevosita davlatlar o'rtasidagi savdo aloqalarining o'sishiga borib taqaladi. Geografik va iqtisodiy jihatdan oladigan bo'lsak, O'zbekiston Markaziy Osiyoda transport oqimlarining yangi arxitekturasini shakllantirish imkonini beradi. So'nggi yillarda mamlakatimiz rahbari Markaziy Osiyoda “yashil” transport-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish tashabbusini faol ilgari surmoqda. Buni o'zaro hamkorlikda boshlangan katta loyihalar, xalqaro maydondagi chiqishlar xronologiyasida ham kuzatish mumkin.
Masalan, Markaziy Osiyo — Fors ko'rfazi transmintaqaviy yo'nalishidan samarali foydalanish bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlar tashabbusini olaylik. O'zaro kelishuv asosida birinchidan, Janubiy Osiyoga chiqadigan Transafg'on yo'lagini tezroq shakllantirish, shuningdek, Xitoy — Qirg'iziston — O'zbekiston avtomobil va temir yo'l magistrallarini qurishni jadallashtirish ko'zda tutilgan. Ikkinchi yirik loyiha Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshovar temir yo'lining qurilishidir. Hududlarimizni o'zaro bog'laydigan bu yo'l “yashil” logistikaning asosiy elementi hisoblanadi. Qurilish loyihasi allaqachon qo'llab-quvvatlangan bo'lib, hozirda keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda.
Bu yo'llarning zarurligi shundaki, ular transport tashuvlarini ancha yengillashtiradi. Birgina, Xitoy—Qirg'iziston—O'zbekiston yo'nalishining amalga oshirilishi Xitoydan Janubi-Sharqiy Yevropagacha bo'lgan masofani 900 kilometrga qisqartiradi, bu 7-8 kunga teng degani. Mazkur yo'l yangi transport koridorining muhim bo'g'iniga aylanadi va u orqali O'zbekiston Xitoyning nihoyatda katta bo'lgan savdo maydoniga kirib boradi. Qolaversa, “Sharq—G'arb” loyihasi doirasida O'rta Er dengizi portlariga qiyinchiliklarsiz chiqiladi. Vaqt va sarf-xarajatlarning qisqarishi eksport ko'lamini oshiradi. Mahsulotlar belgilangan manzilga o'z sifatini yo'qotmagan holda, belgilangan muddatlarda yetib boradi.
“Yashil” logistika haqida gap borganida, uni transport vositalari tashuvidan holi tasavvur etish noto'g'ri bo'ladi. Chunki, hatto, onlayn buyutmalar ham mijozlarga ma'lum transport turi orqali yetkazib beriladi. Shunchaki, mijozlar tezkor, kamjarj va, albatta, sifatli logistikaga ko'proq talabgir. Buyurtmalarni qabul qilish va boshqa jarayonlarning elektron amalga oshirilishi esa ana shu sifatning yanada oshishiga xizmat qiladi.
Buyurtmalarni tezkor va sifatini saqlagan holda etkazish uchun esa zamonaviy transport infratuzilmasini yaratish zarur. Mintaqamizdagi tranzit yo'laklarining raqobatbardoshligini oshirish, biznes uchun eng qulay tariflarni joriy etish ham shular jumlasidan. Bularning hisobiga oxirgi yillarda mamlakatimizdagi yuk va yo'lovchi tashish xizmatlarida o'sish kuzatilayotganini ko'rishimiz mumkin. Masalan, o'tgan yili barcha transport turlarida yuk tashish 6,5 foizga, yo'lovchi tashish esa 2,9 foizga oshgan. Tranzit yuk tashish hajmi esa 10 million tonnadan oshib, xalqaro yuk tashishning umumiy hajmi 49 million tonnaga yetdi.
O'zbekistonda transport sohasi yalpi ichki mahsulotning 6,4 foizini, jami investitsiyalar hajmining 7,4 foizini, jami xizmatlar bozorining 29,5 foizini tashkil qiladi. Mutaxassislar 2030-yilga borib yurtimizning tranzit salohiyati 4,4 baravarga oshib, 6,04 milliard tonnagacha yetishini taxmin qilmoqda. Shu bilan birga, transport sohasiga yo'naltirilgan investitsiyalarning mamlakat yalpi ichki mahsulotiga nisbatan ulushi 46,7 milliard dollargacha oshishi haqida taxminlar bor.
2022—2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida temir yo'l infratuzilmasini elektrlashtirish darajasini 60 foizga etkazish va avtomobil yo'llari tarmog'ini jadal rivojlantirish, tashqi savdo uchun transport tizimida “yashil yo'laklar” va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish vazifalari ham qo'yilgan.
Bu mamlakatimizning jahon bozoridagi rolini mustahkamlab, ishonchli hamkorlar sonini ko'paytirish, “yashil” logistikani rivojlantirish, eksport ko'lamini yanada oshirishga keng yo'l ochadi.
Shodiyor NARZULLAYEV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tadqiqotchisi
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 06.04.23-y, 66-sonida chop etilgan)