Yashil makon – sogʻlom havo, musaffo obi hayot va koʻrkam tabiiy manzara uygʻunligidir. Bu loyiha zamirida zamonaviy imorat va korxonalar, avtomobil va turli rusumdagi mashinalar, logistika va texnika vositalari qurshovida qolgan makonga asl tabiatni tuhfa etish, koʻchat ekish va bogʻ yaratish yotadi.
Yashil makon – inson ruhiyati doim izlaydigan, topsa qalbi orom topadigan, bagʻrida vujudi olam-olam zavqqa toʻladigan benazir neʻmat, mislsiz sarvat.
Odamzot yaralibdiki, vujudi tabiatning goʻzal maʻvolarini izlaydi. YAm-yashil oʻrmonlar, koʻm-koʻk daraxtzorlar, maysalarni qamragan qiru adirlar, oʻsimliklari yashnagan dalalar shoirlar, adiblar, olimlar, fozillar ijodining ilhom manbaidir. Atoqli shoirimiz Hamid Olimjon uni qamrab olgan yashil tabiatdan zavqlanib: Koʻm-koʻm, koʻm-koʻk, koʻm-koʻk, deya hayqirgani bejiz emas. Oʻzining eng mashhur sheʻrini derazasining oldida bir tup oʻrik gullaganida bitgani ostida ramzlar yashirin. Yashil tabiat inson qalbiga joʻshqinlik bagʻishlaydi. Tibbiyot mutaxassislarining fikricha, yashil tabiatga boqish inson koʻzini ravshanlashtiradi.
Rivoyat qilishlaricha, otamiz Odam alayhis-salomning er yuziga tushishlari Hindiston zaminiga toʻgʻri keldi. U kishining tavbayu istigʻfor bilan toʻkkan koʻz yoshlaridan chechaklar undi, zamin gullarga toʻldi(!). Bu qisqa rivoyat chuqur mazmunga ega. Inson maʻnaviy kamolotga intilgani sayin atrofi gulu gulzorga, manzili koʻkalamzorga, makoni yam-yashil boʻstonga aylanar ekan. Odam farzandlari otalari yoʻlidan borib, baxt-saodat manzili ixlos bilan izlasalar ularning bu harakatlariga yarasha zamin ham goʻzallashib, koʻrkamlashib borar ekan.
Qurʻon karimning “Aʻrof” surasi 55-oyatida “Erni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qoʻygandan keyin (unda) buzgʻunchilik qilmangiz!”, deya taʻkidlanadi. Shunday ekan bizga ota-bobolarimizdan meros zaminning tabiatini asrashimiz, uni obod holda oʻzimizdan keyingi avlodlarga qoldirishimiz zarur. Prezidentimizning Shavkat Mirziyoev “Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak”, degan soʻzlari har birimiz uchun dasturulamal boʻlmogʻi kerak.
Davlatimiz rahbarining: “Birni kessang, oʻnni ek” degan dono maqol ham bejiz aytilmagan. Daraxt ekkan odamga uning savobi tegib turadi, deyilgan. Oilada farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan” degan purmaʻno soʻzlari zamirida ham ajdod-avlod munosabatida uzviylik daraxt ekish orqali amalga oshirilganini anglatadi.
Oʻzbek xalqining turli munosabatlar bilan koʻchat ekish anʻanasini tiklash va rivojlantirish, xususan, farzand tugʻilganda shodiyonasi uchun qilinadigan xarajatlarning bir qismini oʻzi yashagan joyda daraxt ekishga sarflash muhim ahamiyatga ega.
Ota farzandining nafaqat maʻnaviy va moddiy kamoli haqida qaygʻurishi, balki avlodlarining musaffo havodan nafas olishlari uchun ham mulohaza qilishi zarur. Inson farzandi kuniga oʻrtacha 3 marotaba taomlanadi, 3-5 litr atrofida suv ichadi. Biz taomlanish meʻyori, ichayotgan ichimlik suvimiz tozaligi haqida koʻp va xoʻp mulohaza qilamiz. Bugungi kunda taomlanish borasida “Toʻgʻri ovqatlanish”, dietaga riyao qilish xalqimiz orasida urfga kirib bormoqda. Suvning musaffoligini saqlash yoʻlida turli tashkilotlar oʻz xizmatlarini taklif qilmoqda.
Ammo havo tozaligichi? Unga biz qanchalik eʻtibor beryapmiz? Taomga bir kunda 3-4-marta, suvga 5-10-marta ishimiz tushsa, havodan bir kunda 23000-24000-marta nafas olamiz. Ushbu matematik tahlilning oʻzi avvalo havo sofligini saqlash nechogʻliq muhimligini koʻrsatib beradi.
Yashil makon loyihasi aynan nafas biz nafas olayotgan havo musaffoligini taʻminlashda dolzarb sanaladi. Bu loyihada faol ishtirok etish orqali nafaqat tabiatni, balki oʻz salomatligimizni, qolaversa, kelgusi avlodlar sogʻligini saqlashga hissa qoʻshgan boʻlamiz. Bejizga oʻrmonlarni Er sayyorasining oʻpkasiga oʻxshatmaydilar. Oʻrmonlar sabab atmosferadagi kislorod miqdori meʻyorda boʻladi, zararli va zaharli moddalar barham topadi.
Yashil makon loyihasi bogʻu rogʻlarni barpo qilishda muhimdir. Har bir ekilgan koʻchat atrofida oʻziga xos mikroflora, tabiatning kichik dunyosi shakllanadi. Qushlar va boshqa turli jonzotlar ham oʻstirilgan daraxt bagʻrida hayot kechiradilar. Anas (r.a.) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan rivoyat qiladi: “Qaysi bir musulmon biror koʻchat yoki ekin eksa, undan qush, inson yoki hayvon esa, u uchun bundan sadaqa hosil boʻladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Hadisdagi “musulmon” soʻzi erkakni ham, ayolni ham barobar qamrab oladi. YAʻni erkak kishimi yoki ayolmi, biror koʻchat yoki ekin eksa, undan inson yoki boshqa jonzotlar ham foydalansa, unga savobi etadi.
Yashayotgan makonni yashillikka burkash, bogʻu boʻstonlar, gulzoru gulistonlar barpo qilish inson hayotini boqiylikka daxldor qiladi. Islom taʻlimotida “Savobi daryodek oqib turuvchi yaxshilik” tushunchasi bor. Bu yaxshilik mazmunida oʻzidan soʻng ilm, solih farzand va omma foydalanadigan inshootlar: masjidlar, koʻpriklar, bogʻu rogʻlar qoldirish ifodalangan.
Daraxt ekish ilm ahlining va solih farzandining sogʻlom hayot kechirishida, qolaversa, turli inshootlar barpo etilishida oʻziga xos ahamiyatga ega. Xalqimiz: “Yaxshidan bogʻ qoladi”, deya bejiz taʻkidlamagan. Musaffo islom taʻlimotini kelgusi avlodlarga etkazishda ulkan xizmatlarni amalga oshirgan sahoba va tobeʻinlar, diyorimizda yashab oʻtgan ulugʻ allomalar koʻchat ekib, bogʻ yaratish ishiga alohida eʻtibor qaratganlar. Sahoba Xuzayma ibn Sobitning boʻsh erlari bor edi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu u kishining yonlariga kelib: ey, Xuzayma! Mana bu eringizga koʻchat ekib qoʻying dedilar. Shunda, Otam: Men keksayib qoldim, umrim ham oz qoldi dedilar. SHunda, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Yoʻq, unday qilmang, boʻsh turgan bu eringizga, albatta, koʻchat eking deb, oʻzlari birga oʻsha erga koʻchat ekdilar”. Hazrati Umar roziyallohu anhu boʻsh turgan erni koʻrib, koʻchat ekishga buyuribgina qolmay balki oʻzlari ham koʻchat ekishda ishtirok etganlar.
Islom olamining qariyb yarmi eʻtiqod qiladigan moturidiya taʻlimoti asoschisi Imom Moturidiy (870-945)ning uzumzorda mehnat qilgani tarixiy manbalarda oʻz ifodasini topgan. Hanafiy mazhabi asoschisi Imom Aʻzamning, shuningdek, Imom Buxoriyning hadis ilmi borasidagi ustozlaridan biri Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziyning bobolari bogʻdorchilik bilan shugʻullangani maʻlum va mashhur.
Toshkent shahridagi tuman va mahallalarning nomlaridan ham qadimdan shahar aholisi koʻchat ekish va bogʻ barpo qilishga naqadar eʻtibor berganini anglash mumkin: Olmazor, Chilonzor tumanlari, Mevazor, Uzumzor, Tutzor, Tokzor, Sebzor (seb – forsiyda olma), Archazor, Yongʻoq mahallalari. Tarixiy manbalarda shahar aholisi qishda hunarmandchilik, bahor, yoz va kuz oylarida bogʻdorchilik bilan shugʻullangani oʻz ifodasini topgan.
Mashhur rivoyatga koʻra qadimgi davrda bir otaxon koʻchat ekayotganlarida oldilaridan odil podshoh oʻtib qolibdi va soʻrabdi: “Otaxon, keksayib qolibsiz, bu koʻchatning mevasini koʻrish nasib qilarmi ekan?”. Otaxon: “Avvalgilar ekkan daraxtning mevasini biz eyapmiz, biz ekkan koʻchatning mevasini avlodlar esin-da”, deya javob qilibdi. Bu javobga qoyil qolgan humdor otaxonga ming tillo sovgʻa qilibdi. Otaxon: “Koʻrdingizmi shohim, boshqalar ekkan koʻchat 2-3 yilda meva bersa, biz ekkan koʻchat darhol meva berdi”, debdi. Podshoh qoyil qolib, yana ming tillo beribdi. Otaxon: “Koʻrdingizmi shohim, boshqalar ekkan koʻchat yilda bir marta meva bersa, biz ekkan koʻchat ikkita marta meva berdi” debdi. Bu gapga qoyil qolan podshoh yana ming tillo sovgʻa beribdi-da vaziriga qarab: “Tezroq ketmasak, donishmand otaxonga bor pulimiz ketib qoladi” deya, yoʻlida davom etgan ekan.
Bobolarimiz zakovati, podshohlarimiz saxovati va xalqimizning xolis mehnatini oʻzida ifoda etgan mazkur hikoya qalblarimiz samimiy zavq bilan birga koʻchat ekib, bogʻ yaratishdek ezgu ishlarga nisbatan motivatsiya uygʻotadi.
Yashil makon loyihasiga hissa qoʻshish vatanparvarlik, elparvarlik va donishmanlik namunasi. YUrt ravnaqi, mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligi, avlodlar saodati yoʻlidagi ezgu ish. Unda faol ishtirok etish oʻzini oqil va fozil hisoblagan har bir insonning dolzarb vazifasi hisoblanadi.
Saidafzal SAIDJALOLOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi katta oʻqituvchisi,
“Maʻrifat” targʻibotchilar jamiyati aʻzosi