“Yashil makon” umummilliy loyihasi respublika boʻylab joriy etilmoqda

    Mamlakatimizda 6 Yanvar 2022 2399

    “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoniga muvofiq, yurtimizda daraxtzorlarni koʻpaytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi joriy etildi.

    Umummilliy loyiha hududlarda yashil bogʻlar va yashil jamoat parklarini barpo etish, koʻchatxonalar sonini koʻpaytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos xorijiy manzarali daraxtlarni mahalliylashtirishni koʻzda tutadi.
    Loyihaga koʻra, daraxtlarni shikastlash va nobud qilganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Mazkur yoʻnalishda jamoatchilik nazorati yanada oshiriladi. Daraxtlarni ekish va parvarish qilish sohasidagi boshqaruv tizimi takomillashtiriladi. Shuningdek, qator zarur choralar koʻzda tutilgan:

    – hududlarning tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillarni amalga oshirish hamda buning natijasida hududlar kesimida respublika xaritasini ishlab chiqish;
    – har bir daraxtni parvarish qilish uchun masʼul boʻlgan shaxslarni belgilash, bu borada ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish;

    Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi. Moratoriy davrida amaldagi cheklov va majburiyatlar bilan birga qoʻshimcha ravishda quyidagilar oshirildi:

    - moratoriy talablarini buzganlik uchun maʼmuriy jarimalar miqdori besh baravarga;
    — daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish va shikastlash bilan oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari ikki baravarga.

    Moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi darajasi bir pogʻona pasaytiriladi. Darajasi bir pogʻona pasaytirilgan qurilish-pudrat tashkilotlari bir yil mobaynida darajasini koʻtarish imkonidan mahrum boʻladi. Bunda darajasini bir pogʻonaga pasaytirish imkoni boʻlmagan qurilish-pudrat tashkilotlari bir yil muddatga qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingidan toʻliq chiqarib tashlanadi.
    Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2022-yil 1-apreldan boshlab yangi tartib oʻrnatiladi. Unga muvofiq:

    – aholi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qoʻmitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlash, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish boʻyicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi;
    – huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat boʻyicha huquqbuzardan undirilgan mablagʻlar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi. Bunda, huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan soʻng kelib tushgan xabarlar boʻyicha ragʻbatlantirish amalga oshirilmaydi, bunda ragʻbatlantirish huquqbuzarlik boʻyicha birinchi xabar bergan shaxsga nisbatan qoʻllaniladi;
    – huquqbuzarlik holati boʻyicha fotosurat, videoyozuv va xabarlarni taqdim etgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
    Farmon bilan 2022-2024-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “yashil bogʻlar”ni barpo etish dasturi, shuningdek, yangi hamda madaniyat va istirohat bogʻlari negizida tashkil etilayotgan “yashil jamoat parklari” roʻyxatlari tasdiqlandi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.