Qarorga koʻra, xalqaro moliya institutlarining 7,8 mln AQSH dollari miqdoridagi grant mablagʻidan 2023-yilda quyidagi choralar koʻriladi:
yillik quvvati 10 ming tonna boʻlgan mayda shoxli mollar uchun omuxta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil qilish;
chorva hayvonlari genetik tadqiqoti laboratoriyasini tashkil qilish;
qorakoʻlchilik-naslchilik xoʻjaliklarida 500 ming bosh mayda shoxli mollarni raqamli identifikatsiya qilish.
Shuningdek, don yetishtirish uchun 800 gektar yaylov oʻzlashtiriladi.
Qarorga koʻra, 500 gektar yaylovda quyosh energiyasida ishlaydigan nasos agregatlari yordamida yerosti suvlarini chiqarish hamda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish boʻyicha namunaviy pilot loyihasi amalga oshiriladi.
2023-yil 1-avgustgacha:
ijaraga berilgan yaylov yer maydonlari (oʻrmon fondi yerlari bundan mustasno) xatlovdan oʻtkazilib, yaylovlardan foydalanishning holati hamda shartnoma talablari bajarilganligi oʻrganiladi;
yaylov yer maydonlaridan maqsadsiz foydalangan holatlar yuzasidan choralar koʻriladi;
yaylov yer maydonlarining elektron hisobini yuritish yoʻlga qoʻyiladi.
2023-yil 1-sentyabrgacha yangi tahrirdagi “Yaylovlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.