Yosh dasturchilar oilasi: birgalikdagi gʻoyalar katta loyihalarga aylanmoqda

    “Koʻplab mahalliy va xalqaro loyihalarda mentor, ekspert sifatida ishtirok etib koʻrdimki, Oʻzbekistonda iqtidorli yoshlar juda koʻp. Ular istiqbolli loyihalarini yaratib, amaliyotda qoʻllashyapti”.

    “Uch yil oldin bir necha kishidan iborat kichik jamoam bilan ilk startap loyiham — “EPOS” ustida ishlashni boshladik. Barchamiz dasturchi boʻlganimiz uchun loyihani yaratish unchalik qiyinchilik tugʻdirmadi. Onlayn kassa mobil ilovasini doʻkonlarga bepul oʻrnatdik, qisqa vaqtda dastur uchun buyurtmalarimiz soni ortib bordi. Orada boshqa loyihalarga ham qoʻl urdik. Ammo ularning koʻpi zarar keltirayotgandi va kompaniyamiz katta miqdorda qarzga kirib qoldi. Shundan soʻng bor eʼtiborimni bilimlarimni yanada mustahkamlash, biznes koʻnikmalarimni oshirishga qaratdim. Nihoyat, kompaniya qarzlardan chiqdi, bu orada esa kuchli jamoa shakllandi. Hozir 60 kishidan iborat kompaniya — IT sohasida yuqori bilim va koʻnikmaga ega, koʻplab loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirayotgan katta jamoaga rahbarlik qilyapman”.

    Maʼmurjon Qodirov dasturchi boʻlishni maqsad qilganidayoq muvaffaqiyatga erishish yoʻlida ana shunday yutqazishlar ham boʻlishini bilgan va bunga tayyor turgandi. Oʻz xatolarini koʻrib, ularni toʻgʻirlashga intilgani uchun ham bugun shu sohaning yetakchilaridan biriga aylandi. Dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchi “Novalab Tech” hamda “EPOS systems” IT kompaniyalarining asoschisi bugungi kunda AQSHda oʻz faoliyatini kengaytirish harakatida, yangi loyihalar ustida ishlamoqda.

    ... Yoshim 27 da. Toshkent shahridagi Inha universitetining IT yoʻnalishini tamomlaganman. Oʻqish davrida talabalar almashinuv dasturi boʻyicha AQSH, Koreya davlatlarida tahsil olib qaytdim. Xorij davlatlari tajribasi, ayniqsa, ulardagi axborot texnologiyalari sohasidagi soʻnggi yangiliklar, zamonaviy texnologiyalarni oʻrganish faoliyatimda katta mahorat maktabi boʻldi, oʻz loyihamni yaratishga qiziqishim yanada ortdi. Yurtimizdagi “MyTaxi” kompaniyasida ishlab, tajriba oshirdim. Dasturchilikdan jamoa yetakchisi darajasiga koʻtarildim. Ilk loyihamni esa oʻz yurtim — Oʻzbekistonda tashkil qildim.

    Chet elda oʻqish bilan birga, boʻsh vaqtlarimda ishlab, u yerdagi kassa tizimini oʻrganganim menga foyda boʻldi. Mamlakatimizda 2019-yilda boshlagan ilk loyiham ham onlayn kassa ilovasi edi. Bu “EPOS systems” loyihasining bir qismi. Albatta, ish avvalida qiyinchiliklar boʻlgan. Chunki dastur yaratish va uni amaliyotga joriy etish oson ish emas. Muvaffaqiyatga erishish uchun doimiy izlanish, koʻnikma va bozorni oʻrganib borish talab etiladi. Biz ana shu mezonlar asosida loyihamizni rivojlantirib boryapmiz. Yaʼni, “EPOS” loyihasi savdoni elektron tahlil qilish, jarayonda foyda va zarar haqidagi barcha maʼlumotlarni olib, tizimga solishni nazarda tutadi. Bizning asosiy mijozlarimiz har qanday yoʻnalishdagi savdo doʻkonlari hisoblanadi. Ushbu tizimga talab yildan yilga oshib boryapti. Bugungi kunga kelib 2 mingdan ortiq doʻkonlar mijozlarimizga aylangan.

    Raqamli dastur har joyda kerak

    Inson hayotida bolalikning oʻrni alohida oʻrin tutadi. Maʼmurjon bilan suhbatlashib, oʻylab qoldim “agar uning oilasida oʻqishga, aniq fanlarga boʻlgan qiziqishini ragʻbatlantirish boʻlmaganida, bugungidek oʻz sevimli kasbida qunt bilan ishlagan boʻlarmidi?” Menimcha, yoʻq. Har holda, Maʼmurjonning oʻzi ham ota-onasining qoʻllab-quvvatlashi sabab oʻz ustida koʻproq ishlagani, tanlagan yoʻnalishida qatʼiy borganini taʼkidlaydi. “Mantiqiy masalalarni yechishga boʻlgan qizqishim dasturlashni oʻrganishga yetaklagan boʻlsa, savdo-sotiq, biznesga ishtiyoqim tadbirkorlikka olib bordi va hozir shu yoʻnalishda tadbirkorlik bilan shugʻullanyapman”, deydi u.

    Kompaniya dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarib, xaridorlarga taqdim etadi. Dasturiy taʼminot atamasi ingliz tilida “software” deb ham ataladi. Bu kompʼyuterda maʼlum bir turdagi vazifani bajarish uchun ishlab chiqilgan vositadir. Aniqrogʻi, dasturiy taʼminot deganda, hisoblash texnikasi vositalari bilan maʼlumotlarni qayta ishlash tizimini yaratish va ulardan foydalanish uchun qoʻllaniladigan dasturiy va hujjatli vositalar yigʻindisi tushuniladi.

    Hozirgi raqamlashtirish jarayonlarida bunday mahsulotlarga talab boshqa davlatlar qatori yurtimizda ham oʻsib bormoqda. Bilamizki, 2022—2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 5 baravar, ularning eksportini esa 10 baravar oshirib, 500 million AQSH dollariga yetkazish vazifalari qoʻyilgan. Buning uchun Maʼmurjon kabi yoshlarga barcha zarur imkoniyat va sharoitlar yaratib berilyapti. Natijada, dasturiy taʼminot yaratish va dasturlash hozirgi vaqtda eng talabgir hamda serdaromad sohalardan biriga aylandi. Bunday kadrlarga talab ham avvalgi yillarga nisbatan bir necha barobar oʻsgan.

    Qahramonimiz asos solgan “Novalab tech” kopaniyasi dasturiy mahsulotlarning koʻplab turlari — maxsus mobil ilovalar, IT platformalar, veb-saytlar ishlab chiqarish boʻyicha yetakchilar qatorida turadi. Jamoa ishlab chiqaruvchilar, veb-dizaynerlar, loyiha menejerlari hamda biznes tahlilchilardan iborat. Ular asosan, dasturiy taʼminot yaratish, korxonalarda “POS” ilovasi yordamida savdo jarayonini qoʻllab-quvvatlash va avtomatlashtirishga koʻmaklashish bilan shugʻullanadi.

    Eng yaxshi dasturchilar jamoasi sifatida qator mahalliy va xalqaro tanlovlarda taqdirlanib kelmoqda. Ular shu soha bozorida mehnati va imkoniyatlarini namoyon qilishga ulgurgan, ammo oʻz ustilarida ishlash, bilim olishga investitsiya kiritishdan toʻxtashmaydi. Oʻzlari kabi yoshlarni doim qoʻllab-quvvatlashadi.

    — Bizning asosiy qadriyatimiz sifatli dasturiy taʼminot yaratishdan iborat, — deydi Maʼmurjon. — Doim xarajat va sifat oʻrtasidagi optimal muvozanatni saqlashga intilamiz. Hozirgi kunda AQSHning Kaliforniya shtatida yashab, faoliyatimni davom ettiryapman. Kaliforniya dunyoning IT markazi hisoblanadi va bu yerda Google, Salesforce, Facebook singari jahonga mashhur gigant kompaniyalar faoliyat olib boradi. Men ana shu boy tajribani oʻrganib, bilimlarimni oshirish va yurtimizda qoʻllashni maqsad qilganman. Hozirgi kunda kompaniyalarimiz faoliyatini xalqaro darajaga olib chiqib, chet eldan investitsiyalar jalb qilish, yangi hamkorlar topish ustida ishlayapmiz. Qolaversa, dasturiy taʼminot ishlab chiqarishga asoslangan yangi startap loyihamni boshlash arafasidaman. Ularni keyinchalik Oʻzbekistonga olib kirib, sunʼiy intellekt rivojiga hissa qoʻshishni koʻzlaganman.

    Dastur yaratish ham startap loyihaning bir turi. Aniqrogʻi, bu loyiha ham ishlab chiqarish jarayonidan, to amaliyotga joriy etishgacha boʻlgan bosqichlarni oʻz ichiga oladi. Bu gʻoyaga aniqlik kiritish, uni yaratishga tayyorgarlik, shakli, dizayni va har qanday ikir-chikirigacha ishlab chiqish boʻlishi mumkin. Startap loyihalar aynan shu bosqichlardan oʻtadi. Va bosqichlar loyiha mazmun-mohiyatiga qarab boshqacha nomlanishi hamda kichikroq bosqichlarga boʻlinishi mumkin. Ammo asosiysi, dasturiy taʼminot yaratishda boshqaruv metodologiyalarini bilish muhim ahamiyatga ega. Aks holda, katta bozor va raqobat maydonida mijoz topish hamda uning ishonchiga kirish qiyinlashadi.

    Mendan koʻp soʻrashadi, yaxshi dasturchi boʻlish uchun nima qilish kerak, deb. Buning uchun insondan avvalo, shu sohaga boʻlgan katta qiziqish, sabr va mehnat talab etiladi. Bular oʻz-oʻzidan koʻproq oʻqib-oʻrganish, doimiy izlanishga undaydi. Hozir IT bozorida ishlar juda koʻp, dasturchilarga talab katta. Lekin professional dasturchi boʻlaman, degan inson koʻproq pul toʻlanadigan emas, balki uni oʻstiradigan loyihalarda ishlashi kerak.

    Koʻplab mahalliy va xalqaro loyihalarda mentor, ekspert sifatida ishtirok etib koʻrdimki, Oʻzbekistonda iqtidorli yoshlar juda koʻp. Ular istiqbolli loyihalarini yaratib, amaliyotda qoʻllashyapti. Zamonaviy sohalar mamlakatimizda ishsizlikni kamaytirishga ham hissa qoʻshayotgani quvonarli. Kompaniyamizning asosiy faoliyati Oʻzbekistonda boʻlgani bois, dasturchilikka qiziqadigan, iqtidorli yigit-qizlarning bir qanchasini ish bilan taʼminlashga erishganmiz. Qolaversa, olgan barcha bilimlarimni yoshlar bilan boʻlishishga harakat qilib kelyapman. Xorijda oʻqish, ishlash istagidagi yigit-qizlardan ham maslahatlarimni ayamayman. Chet davlatga chiqishda, birinchi navbatda, oʻsha yurtning tili, madaniyatini bilishlari zarurligini taʼkidlayman. Chunki jahon bozorida raqobat juda kuchli va til bilmagan dasturchi oʻz imkoniyatlarini toʻliq namoyon eta olmaydi. Shu bois, oʻz loyihalarimga jalb qilayotgan yosh dasturchilarni, avvalo, til oʻrganishlariga sharoit yaratamiz. Koʻplab iqtidorli yoshlarimizning dunyo miqyosiga chiqishlariga koʻmaklashishni maqsad qilib, shu yoʻlda harakat qilyapmiz.

    Uyda ham, ishda ham yonma-yon...

    Xalqimizda beozorgina naql bor: oʻxshatmasdan — uchratmas. Gap Maʼmurjon Qodirovning oʻzi kabi tinib-tinchimas, yaxshigina dasturchi va loyihalar boshqaruvchisi boʻlgan turmush oʻrtogʻi, 24 yoshli Madina Qodirova haqida boryapti. Ularni koʻpchilik yosh dasturchilar oilasi, deydi. Balki ularni dunyoqarashlari, bir-birinikiga oʻxshash qiziqishlari birlashtirgandir. Har holda, hayot yoʻllarini oʻzaro bogʻlagan yoshlar, ish faoliyatlarida ham doim yonma-yon, bir-biriga koʻmakchi.

    Madinaning kasbi menejer. Ayni paytda Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetining magistratura yoʻnalishida 2-bosqich talabasi. Oʻqish bilan bir vaqtda, “Novalab tech” kompaniyasida loyiha boshqaruvchisi boʻlib ishlaydi. Oʻz jamoasi bilan bir qancha loyihalarni ishlab chiqib, amaliyotda sinovdan oʻtkazmoqda.

    — Ziyolilar xonadonida tugʻilganman, oilada 4 farzandmiz, — deydi Madina. — Ota-onam bolaligimizdan oʻqishga, turli yoʻnalishlarda oʻzimizni sinab koʻrishga qiziqtirishgan. Otam har gal ishga ketayotib, biror kitobni oʻqishimizni vazifa qilib berardilar. Onam uy bekasi boʻlganlari uchun taʼlim-tarbiyamizni doim nazorat qilganlar. Birga dars tayyorlardik, matematik masalalarni yechardik...

    Aniq fanlarga qiziqishim sabab, koʻproq matematika, fizika fanlari, mantiqiy masalalar yechishni xush koʻrardim. Bu qiziqishim shaxmatni oʻrganishimga ham sabab boʻlgan. Turli tanlovlarda ishtirok etib, yuqori oʻrinlarni olganman. Kandidat master darajasigacha chiqqanman.

    Yangilik yaratishga boʻlgan qiziqishim ham yoʻq emasdi. Bu meni dasturchi boʻlishimga turtki berdi. 17 yoshimda shu sohani oʻrganishni boshladim. Oʻqish bilan bir vaqtda, katta bir kompaniyada amaliyotchi boʻlib ishladim. Mening asosiy qiziqishim iqtisodiyot yoʻnalishi va dasturchilik orqali shu sohadagi muammolarga zamonaviy texnologiyalar orqali yechim topishni maqsad qilganman. Shaxmatda oʻrgangan strategiya, taktikalarim esa loyiha yaratish jarayonidagi murakkab vazifalarni hal etishimda qoʻl keladi.

    Madina ilk loyihasini 18 yoshida yaratdi. “Eatmore” deb nomlangan loyiha ovqatlanish maskanlaridagi barcha ish jarayonlarini avtomatlashtirish va mijozlarga yuqori hamda sifatli xizmat koʻrsatishga moʻljallangan platforma. Bunda mijozlar taomlarni planshet orqali buyurtma qilish barobarida, yegulik tarkibidagi oʻzlariga yoqmagan mahsulotlarni olib tashlash yoki, aksincha, qoʻshishlari mumkin boʻladi. Dasturni ishlab chiqishda Madina oʻzi oʻrgangan ilk kodlaridan foydalangan. Loyiha esa yomon natija bermadi. Hatto, Turin Politexnika universitetida oʻtkazilgan tanlovda biznes yoʻnalishi boʻyicha faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan.

    Koʻzlar uchun foydali ilova

    Shaxmatda bir qoida bor: agar piyoda raqib kataklarining birinchi qatoriga yetib borsa, shoxdan tashqari hoxlagan figurasiga aylanishi mumkin. Lekin ot yoki fil bunday qila olmaydi. Hayotda ham shunday. Biz kim boʻlib tugʻilishimizdan qatʼiy nazar, kelajakdagi muvaffaqiyatlarimiz faqat oʻz mehnat va harakatlarimizga bogʻliq. Va buni uddalayotganlar oramizda millionlab topiladi.

    Madina loyihalar ustida ishlayotganida, avvalo, ularning odamlar uchun foydali boʻlishini istaydi. “Yoshlarforumi”, “Mycareer” kabi startap loyihalari shular jumlasidan. “Eyecaria” dasturi esa bolalarda uchraydigan koʻz saratoni kasalligiga erta tashxis qoʻyish maqsadida ishlab chiqilgan.

    — Bu kichik yoshdagi bolalarning koʻz toʻr pardasida hosil boʻladigan saraton kasalligini aniqlash va shifokor-bemor aloqasini innovatsion yoʻlga qoʻyishga moʻljallangan platforma, — tushuntiradi Madina. — Loyiha mobil ilova tarzida ishlab chiqilgan va smartfonlarga yuklab olish orqali foydalaniladi. Ilova yuklab olingach, maxsus tugmalar orqali koʻz skaner qilinadi. Maxsus texnologiya esa foydalanuvchida kasallik bor yoki yoʻqligini koʻrsatadi. Agar kasallik mavjud boʻlsa, ilovada bemorga eng yaqin masofadagi soha shifokorlari roʻyxati chiqarib beriladi. Bundan tashqari, ilovadan koʻz uchun har kunlik mashqlar, foydali maʼlumotlarni topish mumkin.

    Afsuski, koʻz sohasidagi bu kasallik dunyo boʻyicha kam uchraydi va jiddiy oqibatlarga ega. Jahonning koʻplab rivojlangan davlatlarida uning davosini topish boʻyicha doimiy izlanishlar olib boriladi. Davosi murakkab boʻlgani bois, kasallikni erta bosqichlarda aniqlash nihoyatda muhim. Ilova esa koʻzdagi oʻsmalarni aniqlashdek murakkab jarayonda yaxshigina yordam beradi. Jamoamiz bilan dastur yordamida retinoblastomaga duch kelgan bolalar hayotini saqlab qolishni maqsad qilganmiz. Bu loyihaning tayyor boʻlishida juda koʻp kishining mehnati, yordami tekkan. Kichik maslahati bilan boʻlsada ishtirok etgan har bir insonni jamoamiz aʼzosi, deb bilaman.

    Tibbiyotda foydali boʻlgan bu loyiha qator tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Rossiyaning “Qvant” jurnalida “Yilning eng yaxshi startap loyihasi”, deb eʼtirof etilgan. Loyihani yurtimiz amaliyotida toʻliq faollishtirish uchun esa katta mablagʻ zarur. Shu bois, hozircha jamoa uni ilova sifatida sinovdan oʻtkazib, takomillashtirish ustida ish olib boryapti.

    Oila yoki karyera?!

    Tan olishimiz kerak, koʻp ayollar ana shu savol qarshisida qoladi. Ayniqsa, biror loyiha yaratib, uning ustida ishlash erkaklarga nisbatan, ayollar uchun qiyinroq. Qolaversa, yosh ona uchun uy yumushlari, farzandga doimiy eʼtibordan ortib, ilm qilish, nimadir yaratish oson emas. Ammo Madina bularning bariga ulguradi. Chunki u qimmatli vaqtini tartibga solib olgan va aytishicha, bu 80 foiz hollarda ijobiy natija beryapti. Hamma narsaga ulgurishining eng katta siri esa turmush oʻrtogʻining doimiy qoʻllab-quvvatlovi, uni tushunishida boʻlsa kerak.

    — Oʻzimni eng baxtli ayollardan biri, deb bilaman. Chunki shu vaqtgacha hayotimda uchragan va yonimda boʻlgan insonlarning bari meni tushunib, qiziqishlarimni hurmat qilib, doim ishonch va yordam berib kelishgan, — deydi Madina. — Kelinlik uyimda ham shunday. Biror ish boshlashdan oldin hamisha yaqinlarimning maslahati, duosini olaman. Bu menga koʻproq kuch beradi. Turmush oʻrtogʻimga kelsak, ular mening ham ustozim, ham ishdagi rahbarim. Loyihalarimiz ustida birgalikda ishlaymiz, bir-birimizdan oʻrganamiz, fikr almashamiz. Doim biror loyiha ustida ish boshlaganimda, uni mukammalroq oʻrganishim uchun zarur kitoblar, oʻquv kurslari olib beradilar. Bu insondan hamisha yangi boshqaruv usullari, loyihani toʻgʻri moliyalashtirish, biznesga oid bilimlarni oʻrganaman. Ularning yonimda turishlari meni intilishga, oʻsishga undaydi.

    Madina loyihalarni asosan jamiyatdagi muammolardan kelib chiqib yaratadi. Oʻzi duch kelayotgan qiyinchiliklarni yon daftariga yozib boradi va ularning yechimini topishga intiladi. Hozirgi kunda yosh ona boʻlgani sababli, oʻzi kabi ayollar uchun “BabyMom” loyihasini tayyorlash ustida ishlayapti. Uning aytishicha, bu ilova yosh onalarning bola parvarishidagi bilimlarini oshirish orqali goʻdaklarning rivojlanishiga koʻmaklashadi. Madina kelajakda shunday loyihalarni yanada koʻpaytirmoqchi. Eng katta maqsadlaridan biri esa yurtimizga bilimli, olim insonlarni yetkazib beradigan bolalar maktabini ochish ekanini aytdi. Qolaversa, oʻzi kabi yoshlarga dasturchilik yoʻnalishida investorlik qilishni koʻzlagan.

    Qahramonimiz oʻqishning keyingi bosqichlarini xorijda davom ettirmoqchi. Hatto, kirish imtixonlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, Boston, Texas, Arizona, Linkoln davlat universitetlariga oʻqishga qabul qilingan.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 24.02.23, 38-sonida eʼlon qilingan)