Shuning uchun ham mamlakatimizda sport ravnaqiga, xalqimizni sportga ommaviy tarzda keng jalb etishga, ayniqsa, kelajagimiz egalari boʻlgan yosh avlodni har jihatdan yetuk va komil insonlar sifatida ulgʻaytirishga yuksak darajada eʼtibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan. Chunki sport aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash orqali jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptiradi. Turli kasalliklar, yoshlar oʻrtasida zararli odatlarning oldini oladi. Sport yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishda ham muhim oʻrin tutadi. Mustaqillik yillarida bu borada keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Aholining, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Hududlarimizda minglab sport inshootlari va majmualari, oʻyingohlar bunyod etildi hamda rekonstruksiya qilindi.
Jumladan, Namangan muhandislik-texnologiya institutida ham jismoniy tarbiya va sport sohasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur institutda 1 ta yopiq va 6 ta ochiq sport maydonchasi mavjud boʻlib, bunda futbol, mini futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, muaytay kabi sport turlari bilan shugʻullanishga moʻljallangan. Koʻrkam va zamonaviy sport maydonchasi talab darajasidagi sport anjomlari bilan jihozlangan boʻlib, talabalarning har jihatdan chiniqib, mahorat bobida toblanishlariga xizmat qilmoqda.
Institutimizda darsdan soʻng, muaytay sport toʻgaragi ham faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Bu toʻgarakni oʻzim tashkil etganman. Institutimizda sport mutaxassislari tayyorlanmaydi. Shunday boʻlsada, 2 nafar jahon chempioni, 2 nafar Osiyo va 50 dan ortiq Oʻzbekiston chempionlarini, xalqaro musobaqalar ishtirokchilarini va sovrindorlarini tarbiyalay oldim. Bu zahmatlar esa bugun meva berdi.Sababi, kuni kecha, “Jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi boʻyicha dotsent ilmiy unvoniga sazovor boʻldim. Albatta bu jarayonda qoʻlga kiritilgan natijalarning oʻrni katta boʻldi.
Rejalar, maqsadlar aniq. Yaratilgan bunday keng imkoniyatlardan oqilona foydalanib, sportga qiziquvchan talabalarni katta sport sari yoʻnaltirish, terma jamoalar tarkibiga munosib nomzodlar tayyorlash qolaversa, joriy yilda sovrinli natijalarimizni yanada koʻpaytirishni maqsad qilganmiz.
Ulugʻbek Qoʻchqorov,
Namangan muhandislik-texnologiya instituti,
“Jismoniy tarbiya va sport” fani dotsenti.