Yoshlar keyingi 5 yilda mamlakatimiz rivojining drayveri boʻladi

    Keyingi avlod 10 Sentabr 2021 5149

    Maʼlumki, XX asrning 70 yillarida Yoshlar siyosati rivojlangan davlatlarning aksariyatida milliy siyosatning mustaqil yoʻnalishiga aylandi. Mutaxassislarning fikriga koʻra, globallashuv natijasida yoshlar ijtimoiy va iqtisodiy oʻzgarishlarning eng oldi jabhalarida boʻlib, integratsiyalashuv jarayonida aynan yoshlar millat darajasi va turmush sharoitining asosiy koʻrsatkichi sifatida qaralishi kerak deb, taʼkidlaydilar. Zero davlat siyosatining boshqa koʻplab yoʻnalishlaridan farqli Yoshlar siyosati yosh avlodni zamonaviy jamiyatga integratsiyalashga qaratilgan.

    Mamlakatimizda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar va bolalar aholining 60% ni tashkil qiladi. Biz yoshlarni Oʻzbekistonning eng katta va salohiyatli ishchi kuchiga aylantirishimiz kerak. Buning uchun yoshlarning intellektual, jismonan, maʼnan rivojiga investitsiyalar kiritib, ularni Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqadigan avlod qilib tarbiyalashimiz zarur.

    Yoshlar siyosatini amalga oshirishda shaxsni rivojlantirish, shaxs salohiyatini roʻyobga chiqarish, yoshlarning jismoniy salomatligini mustahkamlash, ularning turmush sifatini oshirish kabi bir qator asosiy yoʻnalishlar belgilangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashish uchun Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida ushbu muhim masalalar qay daraja oʻz aksini topgan?

    Chumchuq soʻysa ham qassob soʻysin

    Xalq taʼlimi va maktabgacha taʼlim vazirliklari oʻqitish va tarbiya sifatiga, mahalliy hokimliklar esa qurilish-taʼmirlash ishlariga javob beradi, deb taʼkidlandi saylovoldi dasturida. Bu hozirgi kunda taʼlim tizimini toʻgʻri tashkillashtirishda qiyinchiliklar tugʻdirayotgan eng katta muammolardan biridir. Taʼlim vazirliklari bevosita taʼlim tizimini takomillashtirish, oʻqitish sifatini oshirish, oʻquv-uslubiy materiallar bilan taʼminlash, zamonaviy oʻqitish dasturlarini kiritish, oʻqituvchilarning malaka oshirishlari uchun shart-sharoitlar yaratish kabi bir qator muhim masalalar bilan shugʻullanishlari zarur. Oʻquv binolarining zamonaviy andozalarga moslash, ularni taʼmirlash ishlarini esa tegishli tashkilotlar oʻz zimmasiga olishi oqilona yoʻldir.

    Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir

    Dasturda “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Bunda aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalash oliy maqsad qilib belgilandi. Darhaqiqat, maʼrifat yuksalgan jamiyatda jaholat yoʻqoladi, oʻgʻrilik boʻlmaydi. “Ijtimoiy sohadagi barcha islohotlarning natijasi kambagʻallikni qisqartirish va taʼlim-tarbiya tizimini qanday tashkil etishimizga bogʻliq”, deb qayd etildi. Bu borada:

    • maktabgacha taʼlimdagi qamrov darajasi 62% dan 80 % gacha yetkazish;
    • Taʼlim sifatini oshirishni nazarda tutuvchi Maktablarni rivojlantirish davlat dasturi ishlab chiqish;
    • maktab taʼlimi tizimi uchun oʻquv dasturlari va darsliklari ilgʻor xorijiy tajriba asosida toʻla qayta ishlanib amalga joriy etish;
    • 1,2 million oʻquvchi oʻrni yaratish uchun, maktablar rekonstruksiya qilinib, yangidan barpo etish kabi bir qator vazifalar aniq belgilandi.

    Taʼlim tizimining eng asosiy negizi va muammoli boʻgʻini ham maktabligi sir emas. Dasturda taʼlim tizimini yanada takomillashtirishda aynan oʻrta taʼlimga eʼtibor qaratilgani oqilona qarordir. Yuksak madaniyat va maʼnaviyatga ega avlodni yetishtirib chiqarishning eng muhim quroli maʼrifat ekanligini unutmasligimiz kerak.

    Bilim bilan saodat yoʻli ochiladi

    Mamlakatimizda oliy taʼlim tizimida eʼtirofga loyiq ulkan oʻzgarishlar va tub islohotlar olib borilayotgani ayni haqiqatdir. Oxirgi yillarda oliy taʼlim tizimiga xorij tajribasini tatbiq etilayotgani, taʼlim tizimida shaffoflik va haqiqatni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar diqqatga sazovordir. Eng avvalo, oliy maʼlumot olish imkoniyati bir necha barobarga oshdi. Soʻnggi 5 yilda 64 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshdi. Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan 28 foizga yetdi. Bu taʼlimda jiddiy burilishdan dalolat beradi.

    Keyingi bosqich sifatida qanday vazifalar belgilandi?

    • 10 ta oliygoh nufuzli xalqaro reytinglar olishiga erishish;
    • xususiy universitetlarda taʼlim oluvchilarga 7 yillik taʼlim kreditini olish tartibi joriy etish;
    • 100 ming oʻrinli talabalar yotoqxonalari barpo etish;
    • zamonaviy erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish maqsadida “El-yurt umidi jamgʻarmasi” orqali, ularni nufuzli xorijiy oliygohlaridagi bakalavriat, magistratura va doktoranturaga yuborish koʻlami 2-martaga oshirish kabi belgilangan aniq vazifalar hozirgi islohotlarning bevosita tadrijiy davomi sifatida oliy taʼlimni tizimli takomillashtirishni taʼminlaydi. Ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu vazifalar hozirgi kunda oliy taʼlim tizimidagi muammolarni toʻliq qamrab olgan.

    Sogʻ tanda sogʻlom aql

    Dasturda jismoniy yetuk va barkamol avlodni tarbiyalash bundan buyon ham ustuvor vazifamiz boʻlib qolishi alohida taʼkidlangan. Bu borada yoshlar orasida sportni targʻib etish va rivojlantirish maqsadida Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha har ikki yilda oʻtkaziladigan umumrespublika sport oʻyinlari – Milliy olimpiada tizimi yaratilishi, 2024-yili Parijda boʻladigan olimpiya va paralimpiya oʻyinlarida munosib ishtirok etish uchun, tegishli “yoʻl xaritasi” qabul qilinishi belgilangan.

    “Umuman, taʼlim - tarbiya va sport sohasida izchil davom ettiriladigan islohotlarimiz, Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlarini kamolga yetkazishga, xizmat qiladi” deyiladi maʼruzada.

    - oliy taʼlimga qamrov 50 % ga yetkazish va taʼlim sifatini oshirish

    Yoshlarga oid davlat siyosatining maqsadi yoshlarni muvaffaqiyatli ijtimoiylashtirish va oʻz-oʻzini anglash uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlar salohiyatini rivojlantirish va uni mamlakat innovatsion rivojlanishi uchun qoʻllashdir.

    Mexribon Abduraxmanova,

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti

    Oʻzbek va rus tillari kafedrasi mudiri.