YOshlarni qo'llab-quvvatlash uchun yangi imkoniyatlar

    “YOshlar daftari”ga kirgan 5 nafardan ortiq ishsizlar bandligini ta'minlagan tadbirkorlarga 1 maydan boshlab davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyoz beriladi.

    Yangi O'zbekiston yoshlari — mamlakatni modernizatsiya qilishga qaratilgan jadal va keng ko'lamli islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi va faol ishtirokchisi bo'lib maydonga chiqmoqda. SHu bois, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar o'z bilim va salohiyatini namoyon etishi uchun zamon talabidan kelib chiqib, yangi-yangi tashabbuslar, izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Joriy yilning 13 aprel` kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bo'lib o'tgan videoselektor yig'ilishida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etilib, yoshlar bandligini ta'minlash va ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari muhokama etildi. SHu bilan birga, joylarda yoshlarni qo'llab-quvvatlash, tadbirkorlikka yo'naltirish, zamonaviy andozalar asosida ta'lim olishini ta'minlash bilan bog'liq ishlar qanday tashkil etilayotgani ko'rib chiqildi.

    Davlatimiz rahbari yig'ilishni “zamonga munosib bo'lib ishlash kerak”, degan so'zlar bilan boshlar ekan, ko'pchilik quyi bo'g'indagi rahbarlar masala mohiyatini tushunmayotgani, yoshlar bilan ishlash bo'yicha natijalardan mutlaqo norozi ekanini qayd etib o'tdi.

    Darhaqiqat, yoshlar — millatimizning ertangi kuni davomchilari, kelajagimiz bunyodkorlaridir. Ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, iqtidor va iste'dodini ro'yobga chiqarish bugungi kunda hayotiy zaruratdir.

    Shu bois, videoselektorda yoshlarimizga yana ko'plab imkoniyat va qulayliklar yaratish bo'yicha vazifalar belgilab berildi. Ma'lumki, respublika bo'yicha 120 ta IT-markazini “Yoshlar daftari”ga kirgan 4 mingga yaqin yigit-qizlar tamomlagan. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida sertifikat olgan shunday yoshlarga komp`yuterlar xaridi uchun “Mikrokreditbank”, “Aloqabank” va “Xalq banki” kreditlar ajratadi, ularning foiz xarajatlari to'liq byudjetdan qoplab beriladi. YA'ni kredit foizsiz beriladi.

    Shuningdek, joriy yil 1 iyun` kunidan boshlab “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga va Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga haydovchilik guvohnomasini olish, bir oylik harbiy xizmatni o'tash xarajatlari byudjetdan to'lab beriladi.“YOshlar daftari”ga kirganlarga qiziqishidan kelib chiqib, xorijiy tillar va umumta'lim fanlari bo'yicha nodavlat ta'lim tashkilotlarida o'qish xarajatining bir qismi qoplanadi. YOshlarga berilayotgan bu kabi imkoniyatlar ularning bandligini ta'minlash, bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazishda muhim omil bo'ladi.

    Yana bir e'tiborga molik jihat. Yig'ilishda yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish va bandligini ta'minlash bo'yicha yangi mexanizm joriy etish vazifasi qo'yildi. Bu tizimda xalqqa ham, tashkilotlarga ham ma'qul bo'ladigan bir qancha imtiyozlar belgilandi. YA'ni joriy yil 1 iyundan boshlab, “Yoshlar daftari”ga kirgan talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot o'taganda, ularga 500 ming so'mgacha subsidiya ajratiladi. SHuningdek, birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazi bitiruvchilari 6 oygacha daromad solig'i to'lashdan ozod etiladi.

    Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”ga kirgan 5 nafardan ortiq ishsizlar bandligini ta'minlagan tadbirkorlarga 1 maydan boshlab davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyoz beriladi. Ijaraga bino olib o'z biznesini boshlayotgan yoshlarga bir yillik ijara summasining 30 foizigacha qismi qoplab beriladi. Xodimlari sonining kamida 70 foizi “Yoshlar daftari”ga kirgan yosh tadbirkorlarga davlat mulki auktsionsiz beriladi va ulardan 5 yil davomida ijara haqi undirilmaydi.

    Shuningdek, har bir mahalla va xonadonni sifatli tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish uchun malakali o'rta bo'g'in tibbiyot xodimlarini ko'paytirish zarurligi ta'kidlab o'tildi. Buning uchun sog'liqni saqlash sohasidagi islohotlarning davomi sifatida joriy yilda qo'shimcha 20 minggacha o'rta tibbiyot va ijtimoiy xodimlar shtatini tashkil etish hisobiga minglab yoshlar uchun yangi ish o'rinlari yaratishi belgilandi.

    Bundan tashqari, oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini yaxshilash va rektorlarning bu boradagi mas'uliyatini oshirish borasida ham davlatimiz rahbari tomonidan qator tashabbuslar ilgari surildi. Mahallabay, xonadonbay ishlash lozimligi, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, yoshlar o'rtasida jinoyatchilikning oldini olish borasida aniq vazifalar belgilab berildi.

    Albatta, yuqorida belgilab berilgan tashabbuslarni joylarda, eng chekka hududlarda to'laqonli ijro etilishida faol ishtirok etib, parlament va deputatlik nazoratini o'rnatish bizning zimmamizga katta mas'uliyat yuklaydi. Zero, yoshlar kamolotiga e'tibor –kelajakka e'tibor deganidir.

    Abdulla ASLONOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati