YUNESKO yodgorliklari qaysi mamlakatda ko'p?

    YUNESKO Butunjahon merosi 1978-yildan buyon har yili yangi diqqatga sazovor joylar va hodisalarni qabul qilib kelmoqda. Hozirda bu roʻyxatda butun sayyoradagi ularning har biri insoniyat sivilizatsiyasi uchun katta ahamiyatga ega 1150 dan ortiq obyekt bor.

    Jahon merosi roʻyxatiga kirish uchun mulk biror bir sivilizatsiya uchun noyob hisoblanishi, inson ijodiy dahosining asari, insoniyat tarixidagi muhim davrni aks ettiruvchi arxitekturaning ajoyib namunasi boʻlishi, muayyan tarixiy davr yoki madaniy makonda umuminsoniy qadriyatlarning oʻzaro taʼsirchanligi kabi mezonlarga javob berishi kerak.

    Madaniy va tabiiy meros yodgorliklari uchta toifaga boʻlinadi:

    • asosan inson qoʻli bilan yaratilgan meʼmoriy yodgorliklar;
    • tabiat yaratgan, masalan, togʻ jinslari yoki gʻorlar, koʻllar, daryolar va sharsharalar;
    • tabiat va inson hamkorligida yaratilgan turli xil bogʻ-rogʻlar.

    Italiyada YUNESKOning 58 ta obyekti bor. Mamlakatda insoniyat madaniyati uchun juda muhim obyektlar sifatida tan olingan butun shaharlar mavjud. Italiya yodgorliklari qatorida Rim, Neapol va Siyena shaharlarining tarixiy markazlari bor. Dolomit togʻlar tizmasi, Etna vulqoni kabi tabiiy obyektlar va inson qoʻli yaratgan 23 ta mahalliy durdona asarlari ham bu roʻyxatdan joy olgan.

    Xitoy oʻzining qadimiy gʻorlari, saroy va maqbaralari, ibodatxonalar va hokazolari bilan (jami 54 ta obyekt) Italiyadan keyingi oʻrinni egallaydi.

    Roʻyxatdan Yevropaning toʻrtta - Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Ispaniya davlatlari ham joy olgan. Bu davlatlarda tabiiy emas, balki soni 33 dan 51 tagacha boʻlgan qimmatli madaniy durdonalar hisoblanadigan yodgorliklar bor.

    Hindiston va Meksikada teng miqdordagi, har bir davlatda 40 tadan Jahon merosi obyektlari bor.

    Rossiyada YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatidan joy olgan 30 ta obyekt mavjud boʻlib, bu jami yodgorliklar umumiy sonining 2,6 foizni tashkil qiladi. Moskva, Novgorod, Qozon Kremllari, Komi bokira oʻrmonlari, Baykal koʻli, Kamchatka vulqonlari, Oltoyning oltin togʻlari va hokazolar shular jumlasidandir.

    Eron hududidagi YUNESKOga kiritilgan 26 obyekti bilan kuchli oʻntalikni yakunlaydi.

    ***

    Oʻzbekiston Respublikasi 1993-yilda BMTning ilm, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti YUNESKOga aʼzo boʻldi. Oʻshandan buyon mamlakatimiz Butunjahon moddiy va nomoddiy madaniyat merosining oʻrganish obyektiga aylandi.

    Roʻyxatga 4 ta meʼmoriy majmua - Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari, shuningdek, Ugom-Chotqol milliy bogʻi kiritilgan.

    Bundan tashqari, Oʻzbekistonning nomoddiy madaniy meros obidalari sifatida Navroʻz bayrami, “Shashmaqom” xalq qoʻshiqlari, “Katta ashula” anʼanaviy qoʻshiqlari, Askiya sanʼati, Boysun madaniy makoni, Xorazm “Lazgi”si, milliy palov, atlas, adras va miniatyura sanʼati YUNESKO roʻyxatiga kiritilgan.

    B.Muhammadiyeva tayyorladi