2021-yilning 14-aprel kuni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi arxeologik yodgorliklarni qayta xatlovdan oʻtkazish ishlari olib borildi.
Tekshirish paytida ushbu tumanning Surankent MFY, Yangi hayot mahallasi, Mehribon koʻchasida alohida tepalik koʻrinishida saqlanib qolgan Sigirtepa arxeologik yodgorligining janubi-sharqiy tomonidagi tuproqlar orasida singan holatdagi sopol idishga duch kelindi. Ushbu sopol idish tuproqdan ajratib olingach, tana qismi tuxumsimon, boʻgʻzi uzun, bir uchi boʻgʻzining tepasiga, ikkinchi uchi keng tana qismiga ulangan “G” shaklidagi qalin dastali koʻza ekanligi aniq boʻldi. Koʻza oʻrganilganda boʻyining saqlangan qismi 48 sm.ni, ogʻzining diametri – 10 sm.ni, yassi shaklidagi tagining diametri – 15 sm.ni, uzun boʻgʻzining balandligi esa – 15 sm.ni tashkil qildi.
Bu koʻza kulolchilik charxi yordamida yasalgan boʻlib, uning yelkasiga aylanasi boʻylab taroqsimon moslama bilan yonma-yon toʻrt qator botiq chiziq tushirib, bezak berilgan. Koʻza xumdorda pishirilgandan soʻng jigarrang tusga kirgan. Pishirilib tayyor boʻlgandan soʻng uning sirtiga qizil rangdagi angob bir tekisda surtib, chiroy berilgan.
Tadqiqotlarda bunga oʻxshash qizil rangda angoblangan, tanasi tuxumsimon, boʻgʻzi uzun koʻzalar Toshkent vohasida aniqlanib, miloddan oldingi II asrdan – milodiy VI asrning birinchi yarmigacha boʻlgan davr bilan davrlashtirilgan, Qavunchi madaniyati nomi berilgan kulolchilik buyumlari majmuasida koʻplab uchraydi.
Ammo bu madaniyatga oid koʻzalar moʻrtligi, charx yordamisiz, qoʻlda yasalganligi, dastasining kichikroqligi bilan Yuqorichirchiq tumanidan yangi topilgan koʻzadan farq qiladi. Yangi topilgan koʻza oʻzining charxda bejirim qilib yasalganligi, yelkasiga taroqsimon asbobda aylanasiga tirnab bezak berilganligi, dastasining shakli va yuksak did bilan yaratilganligiga koʻra IX-XII asrlarga oid koʻzalarga oʻxshab ketadi.
Shularga asoslanib, yangi topilgan koʻzani qadimiy hunarmadchilik anʼanalarining takomillashuvi natijasida IX-XII asrlarda ishlab chiqarilganligini, u topilgan yodgorlik ham shu asrlarga oidligini taxmin qilish mumkin.
Ushbu koʻzani kelajakda Toshkent muzeyiga topshirish koʻzda tutilgan. Chunki, oʻzbek xalqining uzoq vaqtlar davomida avloddan-avlodga oʻtib kelgan oʻziga xos hunarmandchilik anʼanalarini koʻrsatib bera oladigan mazkur topilma muzey koʻrgazmalari orasida oʻzining munosib oʻrnini topadi va muzeyga keluvchi tomoshabinlarda katta qiziqish oʻygʻotadi .
Dilmurod NORMURODOV,
Fanlar akademiyasi Tarix instituti boʻlim boshligʻi