Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi Mirzaqalʼa qishlogʻi aholisi yaqin-yaqingacha asosan dehqonchilik, chorvachilik bilan tirikchilik qilardi. Tuman markazidan qariyb 20 kilometr olisda joylashgan bu qishloqda faqat muallim yoki shifokorgina oʻz sohasi boʻyicha ish topa olar, boshqa mutaxassislar yoki biror kasb-hunari boʻlmagan yoshlar viloyat markaziga, poytaxtga, yana bir toifa yoshlar chet davlatlarga ish izlab chiqib ketardi.
Mirzaqalʼa qanday qilib ishsizlikdan xoli hududga aylandi?
Ammo, bugun vaziyat oʻzgardi – qishloqda tadbirkorlik muhiti shakllana boshladi. Hozir bu yerda gilam toʻqishga ixtisoslashgan oilaviy korxona, quloqchin ishlab chiqaradigan sex, shaharlardagi kabi mashina yuvadigan shoxobcha, zamonaviy qiyofadagi savdo va xizmat koʻrsatish tuzilmalari tashkil etildi. Natijada yangi ish oʻrinlari yaratilib, aholi bandligi taʼminlanmoqda. Yaratilayotgan yangi ish oʻrinlarida taklif etilayotgan oylik ham bir paytlardagi singari arzimas darajada kam emas, 2–3 million soʻm atrofida. Shu bois qishloq ahli olisga ish izlab ketishdan koʻra, oʻz qishlogʻida yaratilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanishga intilmoqda.
Shirmonoy Boboyeva ham ana shunday imkoniyatlar tufayli mehnat migratsiyasidan qaytib kelib, uyida gilam toʻqish sexi ochdi. Hozir oʻzi va ikki qizi olamga dongʻi ketgan Buxoro ipak gilamlarini toʻqiyapti.
Buxoro gilamlari qadimiyligi, goʻzalligi, chidamliligi bilan dunyo boʻylab dovrugʻ qozongan. Jun va ipakdan qoʻl mehnati, koʻz nuri bilan toʻqiladigan bu gilamlar bozorda ancha xaridorgir. Ayniqsa, xorijlik sayyohlar milliyligimiz va tariximizning koʻzgusi boʻlgan bu mahsulotlarga katta qiziqish bildiradi. Tadbirkor kelgusida bu faoliyatni yanada rivojlantirish, qishloq yoshlariga ham oʻrgatish niyatida. Bu borada unga mahalla faollari, ayniqsa, hokim yordamchisi yaqindan koʻmak beryapti.
– Ikki yil oldin mahallada ish boshlaganimda uch yuzga yaqin ishsiz aholi roʻyxatga olindi, – deydi “Mirzaqalʼa” mahalla fuqarolar yigʻinidagi hokim yordamchisi Azamat Roʻziyev. – Aholining soliq toʻlovlaridan ham qarzdorligi kattagina boʻlgan. Bunga asosiy sabab – ishsizlik, odamlarda tadbirkorlik koʻnikmasi yetishmasligi edi. Hokim yordamchisi sifatida faoliyatimning ilk kunlaridanoq bu muammoni bartaraf etish yoʻllarini izladim. Aholi orasida kambagʻallikni qisqartirishning asosiy strategiyasi sifatida esa, avvalo, tadbirkorlik muhitini rivojlantirishga kirishdik.
Hokim yordamchisi bu yoʻnalishda ham asosan qishloq aholisining qiziqish va talablaridan kelib chiqib ish tutdi. Masalan, bir xonadon farzandi Toshkent shahrida katta tadbirkor, sexida ish oʻrni ham koʻp. Ammo, Qorakoʻldan Toshkentga qatnab ishlash oson emas. Hokim yordamchisi buning yoʻlini topdi – ushbu tadbirkor koʻmagiga tayanib uning ota-onasi xonadonida kichik ishlab chiqarish sexi tashkil etdi va yigirmaga yaqin xotin-qizlar ishli boʻldi. Hozir bu sex uchun yarim tayyor mahsulot Toshkentdan keltirilyapti. Tayyorlangan mahsulot ham poytaxtga joʻnatilyapti. Endilikda shu mahsulotni yaqin atrofdagi bozorlarga yetkazib berish chorasi izlanyapti. Bu bir tomondan tannarxni arzonlashtirish, ikkinchi tomondan esa, ishlab chiqarishni kengaytirishga zamin yaratishi mumkin.
Ana shunday oʻziga xos tadbirkorlik loyihalari, ishsizlikni bartaraf etish chora-tadbirlari tufayli Mirzaqalʼa mahallasi bugungi kunga kelib ishsizlikdan xoli hudud maqomiga erishdi. Ochigʻi, yaqin-yaqingacha ishsizlik darajasi yuqori, aholi turmush sharoiti ogʻir boʻlgan hudud uchun bu katta natija. Ammo, rivojlanish surʼati shiddat bilan kechayotgan bugungi davrda bunday natija bilan kifoyalanib boʻlmaydi. Qolaversa, mehnat bozoriga har yili yangi-yangi yoshlar kirib kelyapti, ularni yuqori daromadli ish bilan taʼminlash, yosh oilalarning farovonligini oshirish masalasi dolzarb boʻlib qolaveradi.
Buni yaxshi anglagan mahalla faollari, jumladan, hokim yordamchisi bu yil ham shu yoʻnalishda bir qator yangi loyihalarni rejalashtirgan. Quvonarlisi, endilikda qishloqdagi kichik tadbirkorlik loyihalaridan kattaroqlariga oʻtilyapti. Masalan, eshik va romlar ishlab chiqaradigan sex ochish, zamonaviy mebellar ishlab chiqarish korxonasini barpo etish, qishloq aholisi toʻy va boshqa marosimlarini oʻtkazishi uchun muhtasham restoran qurish.
Albatta, bu ishlar oson emas. Buning uchun aholini tadbirkorlikka yoʻnaltirish, ishlab chiqarilgan mahsulotning bozorini topish talab etiladi. Ikkita oliygohni bitirgan, neft-gaz va iqtisod sohalarida tajriba orttirgan yosh, sergʻayrat hokim yordamchisi bunday maqsadlar roʻyobga chiqmagunicha tinib-tinchimaydiganlar toifasidan. Qolaversa, hali qishloq aholisidan oʻttizga yaqini hozir ham xorijda mehnat migratsiyasida yuribdi. Ular yurtga qaytganda munosib maoshli ish joyi taklif qilish kerak. Buning uchun tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, kichik korxonalarni yirik ishlab chiqarish tarmoqlariga aylantirish uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish lozim.
Aholi oʻrtasida tomorqadan foydalanish madaniyatini oshirish ham muhim. Chunki, hozir qishloq aholisi tomorqasida, ishsizlarni band qilish maqsadida ajratilayotgan yerda aksariyat holatlarda chorvaga ozuqa yetishtirish bilan cheklanadi. Holbuki, tumanning koʻpgina mahallalarida tomorqada qulupnay, pomidor, bodring, koʻkat singari kichik maydonda koʻp daromad keltiruvchi ekin yetishtirib, yaxshigina daromad olish boʻyicha tajriba orttirilgan. Hokim yordamchisi shu kunlarda aholi oʻrtasida ana shunday yangilik va tajribalarni targʻibot qilish maqsadida bir qator amaliy tadbirlar tashkil qilish harakatida.
Umuman olganda, mazkur mahallada joriy yil yakuniga qadar 12 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etish, kam taʼminlangan 45 ta oilaga qoʻshimcha daromad topish manbaini yaratib berish, toʻrt yuzga yaqin kishining bandligini taʼminlash kabi maqsadlar koʻzlanyapti. Albatta, bu yurtimizning birgina mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni taʼminlash, oilalarning daromadini oshirish orqali kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan saʼy-harakatlarning kichik bir rejasi.
Bu yoʻnalishda mamlakatimiz miqyosida olib borilayotgan ishlarning samarasi esa katta-katta raqamlar va koʻrsatkichlarda namoyon boʻlmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Statistika agentligi va Jahon banki bilan birgalikda Oʻzbekistondagi monetar kambagʻallik darajasini baholash boʻyicha oʻtkazgan tadqiqotiga koʻra, yurtimizda 2023-yilda kambagʻallik darajasi 11 foizgacha pasaygan va 1 million aholining daromadi belgilangan kambagʻallik chegarasidan oshgan.
Yana bir quvonarli raqam, soʻnggi uch yilda aholi daromadlari tarkibida kichik biznesdan olinadigan daromadlar ulushi koʻpaygan. Bu mamlakatimizda aholi orasida kambagʻallikni bartaraf etish, tadbirkorlik, ishbilarmonlik muhitini kuchaytirishga qaratilayotgan eʼtiborning oʻziga xos natijasidir.
Mahalla yettiligi hamjihatligi samarasi
Aytish joizki, har qanday mamlakatda aholining kam taʼminlangan qatlami mavjud. Shu bois, dunyo mamlakatlari aholi farovonligini taʼminlash va kambagʻallik darajasini qisqartirish boʻyicha turli xil ijtimoiy-iqtisodiy siyosat olib boradi. Jahon banki maʼlumotiga koʻra, dunyo miqyosida aholining kambagʻallik darajasini kamaytirish boʻyicha koʻrilayotgan bunday chora-tadbirlar tufayli 2020-yilga kelib mazkur koʻrsatkich 8 foizgacha pasaydi. Muammo bilan kurashish bugungi kunda ham dolzarb vazifadir. Zero, aholining kambagʻal qatlami mamlakatga xos boʻlgan tezkor iqtisodiy oʻsishdan foyda koʻrish imkoniyatidan mahrum boʻlibgina qolmay, jamiyatning turli sohalarida ishtirok etish imkoniyati cheklangani tufayli rivojlanishga ham hissa qoʻsha olmaydi.
Bu esa jamiyatda ijtimoiy adolat, teng huquqlilik tamoyillari buzilishi, odamlarning davlatdan noroziligi kuchayishiga olib keladi va barqaror rivojlanishga soya soladi. Shu bois, jahon hamjamiyati bu muammoning oldini olishga doimiy eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari sifatida 2030-yilda dunyo miqyosida kambagʻallik darajasini 6 foizgacha tushirishni muhim maqsadli koʻrsatkich etib belgilagan.
Mamlakatimizda ilk bor kambagʻallik masalasi 2020-yil 24-yanvarda Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatnomasida koʻtarilib, kambagʻallikni qisqartirish davlatning ustuvor vazifasi sifatida belgilab berilgandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy davlat ekani va davlat kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishi belgilandi. Qisqa davrda kambagʻallik va uni qisqartirishga oid normativ-huquqiy baza yaratildi. Kambagʻallik atamasiga rasmiy taʼrif va kambagʻal kim degan savolga, kambagʻallikni qisqartirishni amalga oshirishda aholining manzilli guruhiga aniqlik kiritish maqsadida xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda minimal isteʼmol harajatlari qiymatini hisoblash metodologiyasi ishlab chiqilib, kambagʻallik mezoni amaliyotga joriy etildi.
– Milliy qonunchilikka koʻra, aholi iqtisodiy imkoniyatlarining hayot kechirish uchun zarur minimal ehtiyojlarini qondirishiga yetarli darajada boʻlmasligi kambagʻallik deb belgilandi, – deydi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi boʻlim boshligʻi Muzaffar Abduhakimov. – Mazkur rasmiy uslubiyot asosida olib borilgan kuzatuvlar hamda hisob-kitoblar natijasiga koʻra, mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 2022-yil boshidagi 17 foizdan 2,9 foizga qisqarib, 2023-yil boshida 14,1 foizni tashkil etgan boʻlsa, mazkur koʻrsatkich 2023-yilda 11 foizga pasaydi. Shu bilan birga, kambagʻallik darajasini 2026-yil yakuniga qadar 2022-yilga nisbatan ikki barobarga, shuningdek, 2030-yilgacha keskin qisqartirish strategik maqsad sifatida belgilangan.
Bunday salmoqli natijalarga faol ijtimoiy-iqtisodiy siyosat bilan erishilishi barchamizga maʼlum. Oʻz navbatida, minimal isteʼmol xarajatlari qiymati 2021-yilda 440 ming soʻm, 2022-yil uchun 498 ming soʻm, 2023-yilda 568 ming soʻm hamda 2024-yilda 621 ming soʻmni tashkil etish hisobiga eng kam pensiyalar miqdori mos ravishda oshirib borildi. Shu bilan birga, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari YAIMga nisbatan 2 barobarga oshib, kam taʼminlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga koʻpaydi hamda nogironligi boʻlgan shaxslar va nogironligi boʻlgan bolalarning parvarishi bilan band boʻlganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.
Umuman olganda, kambagʻallik darajasi mamlakatda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning natijasini namoyon etadi. Bu borada koʻzlangan maqsadlarga erishish uchun inklyuziv iqtisodiy oʻsish orqali makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya manzilligini oshirish, raqobatbardosh kasb-hunar egallashga sharoit yaratish muhim vazifalar hisoblanadi. Bundan tashqari, bozor tamoyillari asosida tadbirkorlik muhitini yaratish orqali yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish, hududlarda mavjud zaxiralarni ishga tushirib, ularni mutanosib rivojlantirish kabi ustuvor loyihalarni roʻyobga chiqarish lozim.
Bunday ulkan maqsadlarga erishishda har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi taʼsis etilgani ayni muddao boʻldi. Bugungi kunda hokim yordamchilari ehtiyojmand aholi daromadini oshirish maqsadida xonadonbay oʻrganish asosida 36 turdagi xizmat, shundan, 21 turdagi subsidiya hamda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida imtiyozli kreditlardan foydalanib, joylarda keng qamrovli ishlarni olib bormoqda.
Mutaxassislarning oʻrganishlariga koʻra, oilalarning kambagʻallikka tushish sabablari turlicha. Shu nuqtayi nazardan, kambagʻal oilalarni bu holatdan chiqarish uchun ularning faqat bandligini taʼminlash bilan ish bitmaydi. Shunday holatlar borki, bunda inson oʻz vaqtida yetarli ijtimoiy himoya bilan taʼminlanmasa, taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlaridan yetarli darajada foydalanmasa, kambagʻallikdan qutula olmaydi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilib, ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgani bu borada muhim qadam boʻldi. Endilikda “mahalla yettiligi” birgalikda har bir ehtiyojmand oilani kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha individual dastur tuzish va uni amalga oshirish, ehtiyojmand oilalarning kambagʻallikka tushish sabablarini bartaraf etish uchun kompleks yondashish imkoniyati yaratildi.
Ayni paytda bu yoʻnalishda amaliy ishlar ham yil sayin rivojlanib boryapti. Misol uchun, 2023-yilda hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilgan loyihalar inatijasida 4,1 million aholi bandligini taʼminlashga erishildi. Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik ham yaxshi samara beryapti. Xususan, “20 ming tadbirkor 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 6 ming 700 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari bilan 455 ming aholi bandligini taʼminlash boʻyicha hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Bundan tashqari, hokim yordamchilari koʻmagida 241,3 ming fuqaroga ijara asosida yer ajratildi. 472 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 10 trillion soʻm imtiyozli kredit, 73 ming ishsiz fuqaroga 356 milliard soʻm subsidiya ajratildi. Mahallabay ishlash asosida 51 mingta mikroloyihalar amalga oshirilishi natijasida 206 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. 181 ming ishsiz fuqaro kasb-hunarga oʻqitildi va 183,8 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.
Xorij tajribasi ham oʻrganilyapti
Aholi farovonligini oshirish, xalqimizning sogʻlom va uzoq umr kechirishini taʼminlash borasida yurtimizda erishilayotgan yutuq va natijalarni yanada yuksaltirishda bu yoʻnalishda xalqaro tajribani oʻrganish ham muhim. Shu maqsadda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, jumladan, kambagʻallikni qisqartirish borasida Xitoy, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlar va Jahon banki, BMTning Taraqqiyot dasturi, UNICEF hamda GIZ kabi xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik olib borilmoqda.
Xitoy kambagʻallikni qisqartirishda katta tajribaga ega. Ushbu mamlakatda soʻnggi qirq yil mobaynida koʻrilgan choralar natijasida 800 million aholi kambagʻallikdan chiqarilib, kambagʻallik tugatilgani eʼlon qilindi. Albatta, bu natija rivojlanishni koʻzlagan har qanday mamlakatni qiziqtirmay qolmaydi. Jumladan, mamlakatimizdagi islohotlar jarayonida Xitoy tajribasini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan yil shu maqsadda Xitoydagi kambagʻallikni qisqartirish xalqaro markazi tomonidan yurtimiz mutaxassislari uchun amaliy seminar tashkil etildi. Hokim yordamchilari uchun onlayn seminar ham oʻtkazildi. Bu yoʻnalishdagi ishlarni kelgusida ham davom ettirish maqsadida 5-yillik hamkorlik dasturi kelishib olindi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimizda bu yoʻnalishda yaqin istiqbolda amalga oshiriladigan islohotlarning aniq yoʻnalishlari belgilab berilgan. Bu masalalar har yili qabul qilinadigan davlat dasturlaridan keng oʻrin olyapti. Xususan, davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasida keng qamrovli chora-tadbirlar oʻz aksini topgan.
Jumladan, oilalarni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha ishlab chiqilgan individual dasturlar doirasida kambagʻallik darajasini 10 foizga kamaytirish koʻzda tutilgan. Bunda kambagʻal oilalar aʼzolarining 180 ming nafarini doimiy ish oʻrinlariga ishga joylashtirish, 320 ming nafariga imtiyozli kredit va subsidiya ajratish, 100 ming nafarini kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish, 1,5 ming nafariga oliy taʼlim oʻquv-kontrakt toʻlovlarini qoplab berish koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, bandlik organlarida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati va natijadorligini oshirish orqali 423 ming aholini mehnat faoliyatiga jalb qilish, “Yangiish.mehnat.uz” axborot tizimini takomillashtirish orqali aholi bandligi dasturi ijrosi bilan bogʻliq jarayonlarni onlayn kuzatib borish imkoniyatini yaratish ham rejalashtirilgan.
Vazirliklar, idoralar va ilmiy tadqiqot institutlari ekspertlarini jalb qilgan holda Samarqand tumani misolida ishsiz aholining manzilli roʻyxatini shakllantirish uslubiyotini ishlab chiqish vazifasi ham belgilangan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, hozir yurtimizda ishsizlik holatini oʻrganish boʻyicha monitoring oʻtkazishda asosan aholi orasida soʻrovnoma oʻtkazish amaliyotiga tayaniladi. Tabiiyki, bu holatda ishsiz shaxs aynan qaysi mahallada yashayotgani, uning ijtimoiy holati boʻyicha aniq maʼlumotga ega boʻlishning imkoni yoʻq. Bu esa ishsizlikni bartaraf etish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladi. Ishsiz aholini aniqlashning yangicha mexanizmi ishlab chiqilishi bu muammoga yechim boʻladi va ishsizlikni bartaraf etishda yaxshi samara berishi kutilmoqda.
Fuqarolarni davlat hisobidan kasb-hunarga oʻqitish, ularning zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish boʻyicha kasbiy koʻnikma va malakasini rivojlantirish borasida ham muhim vazifalar belgilangan. Xususan, joriy yilda ish bilan band boʻlmagan kamida 200 ming nafar, shu jumladan, 110 ming nafar ishsiz xotin-qizlar hamda 90 ming nafar ishsiz yoshlarni kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish rejalashtirilgan. Kasbga oʻqitish markazlari oʻqituvchilarining xalqaro standartlar asosida malakasini oshirish, kasb-hunarga oʻqitishda xususiy sektor va “usta-shogird” maktablari ulushini 20 foizga yetkazish choralarini koʻrish masalalari ham koʻzda tutilgan.
Bularning barchasi, avvalo, oilalar toʻkinlik, farovonlikda hayot kechirishini, xalqimiz oʻziga toʻq, turmushi obod, boʻlishini koʻzlab amalga oshirilmoqda. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi.
Bahor Xidirova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri