Yutuqlari hamjihatligiga yarashgan xalqmiz

    Inson dunyoga kelar ekan, oʻlchab berilgan umrini mazmunli va barakali oʻtkazishni maqsad qiladi. Oʻzidan munosib farzandlar, yaxshi nom qoldirishni, keksalik gashtini surishni, qariganda nevara-chevaralar qurshovida boʻlishni orzu qiladi.

    Xususan, Oʻzbekistonda yashayotgan millionlab insonlarning hayot falsafasi mana shunday ezgu qadriyatlarga asoslangan.

    Inson qadrini yanada yuksaltirish, odamlarni rozi qilish, ularning muammolarini hal qilish keyingi yillarda davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Yurtimiz shahar va qishloqlaridagi ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari insonlar hayotini yaxshilash, ularga munosib sharoit yaratish maqsadida qilinayotgan saʼy-harakatlar hosilasidir. Bu esa yuqorida taʼkidlaganimiz, millionlab insonlarning hayot falsafasi bilan oʻzaro hamohang.

    Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotida, boringki, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhasida katta oʻzgarishlar yuz berayotganini koʻrib, bu islohotlar shiddatiga oʻrganib ham qoldik. Har kuni ommaviy axborot vositalari orqali qaysidir sohaga oid biror-bir oʻzgarish haqida eshityapmiz. Muhimi, yurtdoshlarimizning qaysidir sohaga oid takliflari, eʼtirozlari, muammolar haqidagi murojaatlari darhol yuqori doiralarda aks-sado bermoqda. Katta-katta loyihalarni muhokama qilishda, byudjet mablagʻlarini taqsimlashda, davlat va jamiyat hayotidagi muhim loyihalarda xalqimizning takliflari, fikr-mulohazalari inobatga olinmoqda.

    Prezidentimizning davlatimiz mustaqilligining oʻttiz bir yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqini televizorda tinglab, matbuotda oʻqib, oʻzimiz uchun baʼzi xulosalar chiqardik. Mamlakatimizdagi oʻzgarishlarning koʻlami va mohiyati haqida muayyan tushunchaga ega boʻldik.

    Yuz berayotgan islohot va oʻzgarishlar samarasini Surxondaryo viloyati misolida koʻraylik. Ilgari viloyatda birgina Termiz davlat universiteti mavjud edi. Bu esa uzoq yillardan buyon kadrlar va moddiy-texnik bazaning yetishmasligini vujudga keltirgandi. Vaholanki, viloyat yoshlari orasida oʻqishga talab yuqori, abituriyentlar bir oʻringa boʻladigan tanlovda mamlakatda doim birinchi edi. Ayniqsa, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi hamda axborot texnologiyalari sohalarida kadrlar tanqisligi yaqqol sezilardi.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan oxirgi besh yilda oltita oliy oʻquv muassasasi tashkil etildi. Ilgari viloyatdagi yagona oliy oʻquv yurtida 5-7 ming talaba oʻqigan boʻlsa, hozir ularning soni 30 mingdan oshdi. Eʼtiborlisi, yangi tashkil etilgan oliy oʻquv yurtlarida taʼlim jarayoni zamon talabalari darajasida, kredit-modul tizimi asosida tashkil etilmoqda. Tajribali ustozlar koʻmagida yosh mutaxassislar ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Sohaga ilmiy-innovatsion loyihalar, ishlanmalar keng tatbiq etilmoqda.

    Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi sohasida viloyatning imkoniyati keng boʻlsa-da, hali qoniqarli darajada emas. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, sohaga investitsiyalarni faol jalb qilish hamda klasterlar faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha qilinishi kerak boʻlgan ishlar koʻp.

    Bugun ushbu muammolarni hal etish, viloyat qishloq xoʻjaligi sohasini yangi bosqichga koʻtarish hamda sohaga ilgʻor texnologiya va innovatsiyalarni joriy etishda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti jamoasi ham hissa qoʻshmoqda. Prezidentimizning 2021-yil 28-oktyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan institutda tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, hududlarni ixtisoslashtirish, eksportbop va daromadbop qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishni tashkil etish, qishloq xoʻjaligida innovatsion resurslar, tejamkor texnologiyalarni hamda raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish boʻyicha samarali ishlar bajarilyapti.

    Bugun qishloq xoʻjaligi sohasida juda katta yangilanishlar kuzatilmoqda. Bu kabi islohotlar Surxondaryo viloyatida ham izchil davom etmoqda. Xususan, 2017-yilda yetishtirilgan yalpi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari qiymati 11 trillion 837 milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilga kelib bu koʻrsatkich 24 trillion 16 milliard soʻmga yetdi. 2017-yilga nisbatan 12,1 trillion soʻmga oʻsish kuzatildi.

    Klaster tizimining joriy qilinishi qishloq xoʻjaligida tub burilish yasadi. Bugun viloyatda 11 ta paxta-toʻqimachilik, 13 ta gʻallachilik, 20 ta meva-sabzavotchilik, 2 ta sholichilik, 3 ta qorakoʻlchilik, 5 ta ipakchilikka ixtisoslashtirilgan klaster faoliyat yurityapti.

    Birgina paxtachilikka eʼtibor qaratsak. Bundan besh yil ilgari, yaʼni 2017-yilda 99,2 ming gektar maydonda paxta yetishtirilib, oʻrtacha hosildorlik 24,9 sentnerni tashkil etgan, jami 247,3 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirilgan boʻlsa, 2021-yilda 72 ming 370 gektar paxta maydonidan 253,566 ming tonna hosil olindi. Birgina misol: Uzun tumanidagi “Xoʻjamurodbobo nabiralari” fermer xoʻjaligi oʻtgan yili gektaridan 45,6 sentner paxta oldi.

    Viloyatda meva-sabzavotni qayta ishlovchi 14 ta korxona mavjud boʻlib, yillik quvvati 158 ming 300 tonnani, qayta ishlash darajasi 12,8 foizni tashkil qiladi. Joriy yilda yillik ishlab chiqarish quvvati 7 ming 800 tonna boʻlgan meva-sabzavotni qayta ishlash boʻyicha yangidan 9 ta korxonani ishga tushirish boʻyicha ishlar bajarilmoqda. Loyihalar amalga oshishi natijasida 102 ta yangi ish oʻrni yaratiladi hamda qayta ishlash darajasi 13,5 foizga yetkaziladi.

    Xalqimizni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash muhim hayotiy ahamiyatga ega. Chunki odamlarning kundalik turmush tarzidan ishlab chiqarish korxonalarigacha elektr energiyasi suv va havodek zarur. Shuni inobatga olgan holda viloyatda 457 mVtlik quyosh fotoelektr stansiyasi qurish uchun 601 gektar yer ajratilgan. Ushbu yirik loyihaga Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi 260 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb qilgan. Stansiyaning yillik ishlab chiqarish hajmi 1,04 milliard kVt/soatni tashkil etadi. Buning natijasida yiliga 340 million kub metr tabiiy gaz tejalib, 300 mingta xonadon elektr energiyasi bilan taʼminlanadi.

    Prezidentimiz davlatimiz mustaqilligining oʻttiz bir yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida xalqimizning toza ichimlik suvga ehtiyojini qondirish masalasida soʻz yuritarkan, jumladan, shunday dedi: “...Aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash masalasi doimo diqqatimiz markazida boʻladi. Sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmi keskin koʻpaytiriladi. Shu bilan birga, muammoli hududlarga toza ichimlik suvini yetkazish va sifatini yaxshilash boʻyicha alohida dasturlarni amalga oshiramiz”.

    Bu yoʻnalishda vohaning 1,7 million aholisini ichimlik suv bilan taʼminlashga xizmat qiluvchi tashabbuslardan biri — “Toʻpalang” suv omboridan magistral quvur tortish loyihasini taʼkidlash oʻrinli. Loyihaning qiymati 138 million AQSH dollari deb baholanib, 361 kilometr quvur yotqizishni nazarda tutadi. Doyiha roʻyobi natijasida Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahri aholisining suv taʼminoti yaxshilanadi. Hozir viloyat aholisining toza ichimlik suv bilan taminlanganlik darajasi 46 foizni tashkil etadi, xolos. Soʻnggi yillarda toza ichimlik suv tanqisligi sababli aholi orasida turli kasalliklar koʻpaygani hisobga olinsa, mazkur loyihaning surxondaryoliklar juda ahamiyatli ekanini koʻrinadi.

    “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida viloyatda keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bugun vohadagi qishloq, mahalla va ovullarni aylanar ekansiz, hudud infratuzilmasi tubdan oʻzgarganiga guvoh boʻlasiz. Ushbu dasturlarda aholini toza ichimlik suv bilin taʼminlash, koʻchalarga shagʻal va asfalt yotqizish hamda elektr taʼminoti bilan bogʻliq boʻlgan masalalar birlamchi vazifa qilib belgilangan.

    Mahallalarda hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi lavozimlarining joriy etilishi joylardagi muammolarni yanada samarali hal etishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu boʻgʻin orqali mahallalarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholi vakillari bilan aniq va maqsadli ishlash mexanizmi yaratildi.

    Aholi turmush tarzini yaxshilash, ularga munosib yashash sharoitini yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ushbu islohotlarning mazmuni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” davlat dasturi mohiyatini oʻzida aks ettirmoqda.

    Ulkan oʻzgarishlarga yuz tutayotgan voha barcha sohalarda tashabbuskor va ilgʻor boʻlishga harakat qilmoqda. “Tashabbusli byudjet” loyihasining ikkinchi mavsumi uchun ovoz berish jarayonida mamlakatimiz boʻyicha yuborilgan 61 ming 556 ta ovozning 22 foizi, ovoz berish jarayonida qatnashgan eng faol oʻttizta mahalladan oʻn yettitasi viloyatimiz hissasiga toʻgʻri kelgani ham yuqoridagi fikrimizning dalilidir.

    Nafsilamrini aytganda, amalga oshirilayotgan islohotlarning koʻlami va darajasi mana shunday raqamlarda, taqqoslashlarda koʻzga tashlanadi. Bugungi tahlikali va murakkab davrda davlatimiz uchun istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va ularga resurslar topish oson boʻlmayapti. Shunga qaramay, yurtimiz obodligi, tinchligi, xalqimiz farovonligi, millatlararo totuvlik yoʻlidagi saʼy-harakatlar izchil davom etmoqda. Yangi Oʻzbekistonning salmoqli yutuqlarga erishishi, ulkan marralarni zabt etishida xalqimizning hamjihatligi va birdamligi asosiy mezon boʻlmoqda.

    Abdugʻaffor JOʻRAYEV,

    Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish

    instituti rektori vazifasini bajaruvchi,

    iqtisodiyot fanlari doktori, professor