Binobarin, bu davrda qadalgan urug‘ yerning issiq taftida unib chiqib, o‘zini tutib oladi, asad quyoshida barq urib, kuz havosining qay darajada kelishidan qat’i nazar, pishib yetilishga ulguradi.
Shu bois, ayni kunlarda yurtimiz dalalarida ish qizg‘in. Bir tomondan, bu yilgi g‘alla o‘rimi mavsumining yakuniy bosqichi kechayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, bug‘doydan bo‘shagan dala maydonlariga takroriy ekin ekish avj pallasiga kirgan.
Global iqlim o‘zgarishlari, suv tanqisligi, xalqaro savdo-sotiq va transport logistikasi bilan bog‘liq muammolar kuzatilayotgan murakkab vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash barcha davlatlarning kun tartibidagi eng muhim masalalardan biriga aylandi. Ayni shu jihatlar, qolaversa, yurtimiz qishloq xo‘jaligi sohasining yuqori salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida mazkur tarmoqda ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohaga bozor munosabatlarini tatbiq etish, yerga egalik huquqi kafolatlarini kuchaytirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash kabi qator yo‘nalishlardagi yangilanishlar agrar sektorimiz rivojini yangi bosqichga olib chiqdi.
O‘rtacha hosildorlik 70 sentnerdan oshdi
Buni birgina g‘allachilikda qo‘lga kiritilayotgan natijalar misolida ham ko‘rish mumkin. Xususan, paxta bilan birga g‘alla maydonlari ham qisqartirib borilayotgan bir paytda hosildorlikni oshirish hisobiga yetishtirilayotgan yalpi hosil hajmi yildan yilga oshmoqda. Jumladan, 2020 yilda o‘rtacha hosildorlik gektaridan o‘rtacha 57 sentnerni, 2021 yilda esa 64 sentnerni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili 70 sentnerga yetdi. Joriy mavsum esa mirishkorlarimiz gektaridan 70 sentnerdan oshirib hosil oldi, 8 million tonnadan ortiq don xirmoni ko‘tarildi.
— Bu yil fermer va g‘allachilik klasterlari tomonidan 1 million 248 ming gektar maydonda boshoqli don ekinlari yetishtirildi, — deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdulla Mansurov. — G‘allakorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali yuqori hosildorlikka erishish choralari ko‘rildi. Xususan, boshoqli don yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvatlash jamg‘armasi hisobidan 5 trillion so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Hosildorlikni oshirish maqsadida biologik eskirgan navlar o‘rniga bug‘doyning yuqori hosilli, noqulay ob-havoga chidamli “Asr”, “O‘zbekiston-25”, “Davr”, “Jasmina”, “Bunyodkor” kabi 12 ta yangi kuzgi navi maydoni 585 ming gektarga kengaytirildi.
Ekish mavsumi maqbulligi, noyabr oyidagi yog‘ingarchiliklar hisobiga asosiy g‘alla maydonlaridagi ekinlar tuproqning tabiiy nam sharoitida undirib olindi. Shuningdek, mart-may oylarida azotli mineral o‘g‘itlar bilan 3 marta hamda makro-mikroo‘g‘itlarga boyitilgan biostimulyatorlar bilan suspensiya usulida 4-5 marta bargidan oziqlantirildi. Begona o‘t, kasallik va zararkunandalarga qarshi kimyoviy va biologik ishlovlar o‘z vaqtida o‘tkazildi.
Aksariyat viloyatlarda yuqori hosildorlik qayd etildi. Jumladan, sug‘oriladigan yerdan buxorolik g‘allakorlar o‘rtacha 74,8 sentnerdan hosil olgan bo‘lsa, Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 74,2 sentner, Samarqandda 73,8 sentner,
Farg‘onada 73,7 sentner, Andijonda 73,5 sentner, Xorazmda 73 sentner, Surxondaryoda 72,3 sentner, Sirdaryoda 72,1 sentner, Namanganda 72,6 sentnerni tashkil etdi.
— Yetishtirilgan g‘alla hosilini sifatli o‘rib-yig‘ib olish maqsadida 2 ming 557 ta g‘alla o‘rish otryadi tashkil etilib, ularga yuqori unumli 3 ming 205 ta g‘alla o‘rish kombayni, 14 ming 725 ta yuk avtomobili, mingta traktor tirkamasi, 1 ming 261 ta ko‘chma ustaxona va 1 ming 131 ta yonilg‘i qo‘yish shoxobchasi biriktirildi, — deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi departament boshlig‘i Zafar Ortiqov. — G‘allaning pishish holatidan kelib chiqib, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 22–24 may, Sirdaryo, Toshkent va Buxoroda 29 may, Jizzaxda 31 may hamda Farg‘ona va Navoiyda 2 iyun, Andijon, Samarqand va Xorazmda 5 iyun hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 8 iyundan g‘alla o‘rimiga kirishildi.
Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Uchqo‘rg‘on, Pop, To‘raqo‘rg‘on, Mirzacho‘l, Paxtakor, Qamashi, Norin, Oltinsoy, Sariosiyo, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot, Termiz, Mirzaobod, Oqoltin, Sayxunobod, Sirdaryo, Buvayda, Dang‘ara, Quva, Oltiariq va Furqat tumanlarida nisbatan yuqori samaradorlik qayd etilib, hosildorlik 76-80 sentnerga yetdi. Pirovardida respublikamiz bo‘yicha gektaridan o‘tgan yillardagiga nisbatan yuqori – 70 sentnerdan oshirib hosil olishga erishildi.
G‘allakorlarimizning ulkan xirmon ko‘tarishida Mirzacho‘l tumanidagi “Og‘abek Sobirovich”, Uchqo‘rg‘ondagi “Farhod zamin tolasi”, Kattaqo‘rg‘ondagi “Jamolov Lutfullo dalalari”, Angordagi “Ikki do‘st Surxon Angor”, Jarqo‘rg‘ondagi “Otaqum Umidli Baraka”, Qumqo‘rg‘ondagi “Xurshid Jo‘rayev”, Boyovutdagi “Bekzod Obloqulov”, Bekoboddagi “Boqiyeva Nazira agro”, Yuqorichirchiqdagi “Ibrohim agro fayz”, Buvaydadagi “Alqor agrotex”, Quvadagi “Komiljon Dilafro‘z Ismigul” kabi fermer xo‘jaliklari gektaridan 95-100 sentnerdan hosil olgani, ayniqsa, qo‘l keldi.
Bozor tamoyillariga moslashuv
Mamlakatimiz g‘allachilik tarmog‘ida bu kabi ijobiy natijaga erishilishida fermer xo‘jaliklarining manfaatdorligi yildan yilga oshib borayotgani muhim omil bo‘lmoqda.
Bu boradagi muhim o‘zgarishlar o‘tgan yildan yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Xususan, Prezidentimiz 2022 yil 11 may kuni g‘allachilikdagi islohotlarning muhim bosqichiga bag‘ishlangan yig‘ilishda don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy g‘alla bozorini yaratish borasida muhim qadam tashlashning fursati yetganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari barcha zarur tashkiliy ishlar hal qilingan holda 2022 yil 1 iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishini ma’lum qildi. Shunday qilib, davlat resurslari uchun sotib olinadigan bug‘doy narxi ikki barobar – 2021 yildagi 1 million 550 ming so‘mdan 2022 yil hosili uchun 3 million so‘mga oshirildi.
Prezidentimizning 2022 yil 28 maydagi “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, aytish kerakki, bu borada huquqiy asos o‘laroq muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Negaki, mazkur qaror g‘alla yetishtiruvchilar, jumladan, fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligini mustahkamlash va shu asosda g‘alla hosildorligi hamda uning yalpi hajmini keskin oshirishga yo‘l ochmoqda.
Qarordagi eng muhim jihatlardan biri – un mahsulotlari 2022 yilning 1 iyunidan, g‘alla mahsulotlari esa 1 iyulidan boshlab ochiq birja savdolariga qo‘yilishini belgilab berildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad bug‘doy va un narxlari barqarorligini ta’minlashdan iborat.
Qolaversa, mahsulotlar uchun narxlar barqarorligiga erishishning eng samarali usuli talab va taklif mutanosibligini ta’minlash hisoblanadi. Shaffof birja savdolari esa mana shunday imkoniyatlarni taqdim etadi.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Respublika tovar-xomashyo birjasida zarur shart-sharoitlar yaratildi. Xususan, bug‘doyni birja orqali sotishda fermerlar birja komission to‘lovlari va garov mablag‘ini kiritishdan ozod etildi. Bundan tashqari, bug‘doyning birja orqali tumanlarda samarali sotilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida 20 mingdan ziyod fermer o‘qitildi hamda birjada elektron raqamli imzo orqali soddalashtirilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, brokerlik idoralariga biriktirildi.
Shu bilan birga, brokerlar sonini ko‘paytirish maqsadida Savdo-sanoat palatasining qariyb 200 xodimi, fermer xo‘jaliklarining 500 dan ziyod buxgalteri brokerlikka o‘qitilib, birjada broker sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: pirovard natija qanday bo‘lyapti? Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, 2022 yilning iyul oyidan 2023 yilning mart oyigacha bo‘lgan davrda birjada oliy navli import unning o‘rtacha narxi 11,4 foiz, mahalliy oliy navli unning o‘rtacha narxi esa 13,7 foiz tushgan.
Takroriy ekindan qariyb 12 million tonna mahsulot
Yuqorida aytganimizdek, ayni paytda boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan dala maydonlariga takroriy ekin ekish ishlari avj pallada. Mamlakatimizda g‘alladan bo‘shagan yerdan samarali foydalanish borasida yangi tizim yaratildi.
Ekin maydonlari ikkinchi hosil olish uchun, birinchi navbatda, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar, band bo‘lmagan yoshlar, ishsiz aholiga taqsimlab berilmoqda. Mavjud maydonlarga serhosil va xaridorgir sabzavot va dukkakli ekinlar ekish, kerakli urug‘, mineral o‘g‘it va suv bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Yo‘lga qo‘yilgan ushbu yangi tizimdan yurtdoshlarimiz, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi manfaatdorligi ortib boryapti. Shu bois, bugungi kunda takroriy ekin ekib, qo‘shimcha daromad olish istagida bo‘lganlar oz emas.
– Hududlarning tuproq-iqlim sharoiti va suv ta’minoti inobatga olinib, g‘alla va ertagi ekinlardan bo‘shagan 904,9 ming gektar, boshqacha aytganda, o‘tgan yildagidan qariyb 76 ming gektar ko‘p maydonga takroriy ekin ekilishi belgilab olindi, – deydi Zafar Ortiqov. – Ularni o‘z muddatida ekish uchun talab etiladigan urug‘lik, moddiy-resurslarni yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotni sotib olish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar qilinib, joylarda ekish shtablari va ishchi guruhlar tashkil etildi. Ushbu jarayonga jami 8,6 trillion so‘m talab etilishi hisob-kitob qilindi.
G‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklar tomonidan ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan ehtiyojmand aholiga bug‘doy, shuningdek, somon tarqatish, takroriy ekin uchun ajratilgan yerni shudgorlab berish belgilab olindi. Shu asosda ularga qariyb 68 ming tonna don hamda 5 million 780 mingdan ortiq somon pressi berildi. Takroriy ekin ekish uchun esa 128 ming gektar yer ajratib berilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, takroriy ekin yetishtirish hisobiga 743 ming nafardan ziyod aholi mavsumiy ish bilan ta’minlanadi.
Zafar Ortiqovning qo‘shimcha qilishicha, 11 iyul holatiga ko‘ra, takroriy ekin ekish uchun jami rejalashtirilgan yer maydonining 85 foiziga sabzavot, poliz, kartoshka, moyli, dukkakli va boshqa ekinlar ekib bo‘lingan. Qolgan maydonlarda ekish ishlari davom etmoqda.
55 ming oilaga qo‘shimcha daromad kiradi
Farg‘ona viloyatida ham bu boradagi ishlar ayni avjida. Jumladan, Toshloq tumanidagi “Qumariq”, “Obisiyo”, “Jarqishloq” hamda “Qumqishloq” mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi kam ta’minlangan, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 60 fuqaroga bepul bug‘doy va somon tarqatilib, bir martalik takroriy ekin ekish uchun 20 sotixdan yer ajratib berildi.
— Uyimizga yaqin hududdan 20 sotix yer berishdi, — deydi “Qumariq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Jahongir Akbarov. — Uydagilari bilan maslahatlashib, mosh ekdik, shu orqali oilamizning qo‘shimcha daromad topishiga hissa qo‘shmoqchiman. Bunda ekinlarni parvarishlash bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, tayyor mahsulotni shu yerning o‘zida sotish borasida amaliy ko‘mak berib kelinayotgani ayni muddao bo‘lyapti.
Jarqishloqlik Qilichbek Aminjonov ish izlab bir necha yil o‘zga yurtlarni kezdi. Lekin topgani o‘zidan ortgani yo‘q. Mahalla faollarining taklifi bilan unga ham 20 sotix yer maydoni, 150 kilogramm don, chorva uchun somon berildi. Qilichbek berilgan yerga makkajo‘xori ekdi. Agar hosil kutilganidek bo‘lsa, 2 tonnaga yaqin don olishi mumkin. Bir kilogramm makka doni bozor narxida 3 - 4 ming so‘m ekanini hisobga olsak, daromadi cho‘g‘ini chamalab olish qiyin emas. Poyasi esa chorva uchun to‘yimli ozuqa, agar sotsa, u ham yaxshigina pul.
— Avvallari takroriy ekin ekish uchun yer olish tor doirada, tanish-bilishlar orqali hal etilardi, — deydi Qilichbek. — Imkoniyatimiz yo‘qligi uchun yer ololmay, yer egasi bilan tengsheriklik asosida ishlashga majbur bo‘lganmiz. Natijada mehnatimizga yarasha manfaatdor bo‘lmasdik. Teng yarmini fermerga berardik-da. Endi hammasi izga tushib, yer ajratish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solindi. Uzoqqa, yaqinlarimizdan olisga ish izlab bormasdan, shu yerning o‘zida ham mo‘may daromad olish imkoniyati yaratildi. Bundan juda xursandman.
Rishton tumanida ham bu muhim jarayon qizg‘in. Joriy mavsumda tumandagi 7 ming 50 gektar yerga takroriy ekin ekish bilan bog‘liq amaliy ishlarga kirishildi. G‘alladan bo‘shagan maydonlar peshma-pesh shudgorlanib, takroriy ekin ekilmoqda. Mavsum davomida ishsiz, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan 1 ming 900 fuqaroga 380 gektar unumdor yer dehqonchilik qilib qo‘shimcha daromad topish uchun bo‘lib berilmoqda.
— Uch farzandimni yolg‘iz tarbiyalayapman, shu bois, “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilganman, — deydi “Oqtomir” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Feruza Xalilova. — Menga “Oq yer fayzi” fermer xo‘jaligidan 20 sotix yer ajratib berildi. Ekin maydoni shudgorlanib, kerakli urug‘ va o‘g‘it olib kelindi. Bu mehnat qilib, daromad topish yo‘lida berilgan katta imkoniyat. Oila a’zolarim bilan bahamjihat mehnat qilyapmiz. Maqsadimiz – ekinlar hosildorligini oshirish, sifatini yaxshilash. Chunki sarxil hosilning daromadi ham salmoqli bo‘ladi.
“Amirobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Elyor Dolimov “Amirobod zamini” fermer xo‘jaligi g‘allasidan bo‘shagan yerda takroriy ekin yetishtirish uchun harakatni boshlab yubordi. E’tiborlisi, u shivit va kashnichning serhosil navidan olgan hosilini nafaqat ichki, balki tashqi bozorga ham olib chiqishni ko‘zlab turibdi.
Umuman olganda, Farg‘ona viloyatida bu jarayon qizg‘in va uyushqoqlik bilan davom etmoqda. G‘alladan bo‘shagan maydonlarga hududlarning tuproq-iqlim sharoiti, eng asosiysi, suv ta’minotini hisobga olib, sabzavot, poliz, moyli, dukkakli ekinlar ekishga alohida e’tibor qaratilyapti. Joylarda g‘alladan bo‘shagan maydonlarni sifatli shudgorlash, urug‘, mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash, kasalliklarning oldini olish, ularga qarshi kurashish bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarga amal qilish yuzasidan o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.
— Bu ishlar uchun 3,9 ming tonna urug‘lik, 15,5 ming tonna yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, 145,5 ming tonna mineral o‘g‘it, 1 701 million metr kub suv sarflanishi hisob-kitob qilingan, — deydi viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Abduqahhor Qodirov. — Ushbu mavsumda ishsiz, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 55 ming fuqaroga takroriy ekin ekish imkoniyati yaratildi. Ajratilgan maydonlar klaster korxonalari tomonidan shudgorlanib, 3 ming tonnadan ortiq bug‘doy va 150 ming dona somon pressi yetkazib berildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamiz bo‘yicha takroriy ekin maydonlarida yil yakuniga qadar jami 11,8 million tonna mahsulot yetishtirilishi prognoz qilingan. Jumladan, 1,9 million tonna sabzavot, 766,7 ming tonna poliz, 1,2 million tonna kartoshka, 57,4 ming tonna moyli, 381,8 ming tonna dukkakli, 615,6 ming tonna sholi, 6,9 million tonna ozuqabop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Ularning 790 ming tonnasi qayta ishlashga, 318 ming tonnasi esa eksportga yo‘naltiriladi. Shuningdek, 346 ming tonna mahsulot urug‘likka ajratiladi, 566 ming tonnasi qish-bahor mavsumi uchun zaxiraga jamg‘ariladi, 225 ming tonnasi yarmarkalarda sotiladi va 2,1 million tonnasi ichki iste’molga yo‘naltiriladi.
Takroriy ekindan olinadigan yalpi hosil hajmi 2022 yildagiga nisbatan 673 ming tonna ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Bu, birinchidan, bozorlarimiz to‘kinligi, narxlar barqarorligiga xizmat qilsa, boshqa tomondan, dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi muttasil oshib borayotgan bir sharoitda eksport hajmini oshirish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi.
Avazbek XUDOYQULOV,
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbirlari