баннер
1 Apr 2025
20:33

    Zamon ziyolisi hazrat asarlari bilan qurollansa...

    Ulugʻlarimiz orasida javohirlar shodasida oʻzgacha yogʻdu taratuvchi koʻhinur olmosidek alohida ajralib turadigan bir siymo borki, u turkiy xalqlarni birlashtiruvchi maʼnaviy yalovbardor Hazrat Mir Alisher Navoiydir.

    Vatanimiz tarixiga bagʻishlangan koʻplab ilmiy tadqiqotlar va moʻtabar manbalarda qadim-qadimdan muqaddas diyorimiz ulugʻ avliyo va allomalar, mutafakkiru shoirlar, fotihu yengilmas sarkardalar yurti ekani taʼkidlanadi. Ayniqsa, jahon ilm-fani taraqqiyotiga mislsiz hissa qoʻshgan ikki Renessans davrida yurtimizdan yetishib chiqqan olim va mutafakkirlarning ilmiy kashfiyotlari, adabiyot va sanʼat ahli tomonidan yaratilgan betakror ijod namunalari roʻyxatining oʻzi bir necha jildli kitobni tashkil etishi bu haqiqatning oydin dalilidir. “Har gulning oʻz isi bor” deganlaridek, moziyda oʻtgan olimu fozillarning har biri ilm-fan, adabiyot va sanʼat olamida oʻz oʻrniga ega, albatta. Ammo ulugʻlarimiz orasida javohirlar shodasida oʻzgacha yogʻdu taratuvchi koʻhinur olmosidek alohida ajralib turadigan bir siymo borki, u turkiy xalqlarni birlashtiruvchi maʼnaviy yalovbardor Hazrat Mir Alisher Navoiydir.

    Uchinchi irmoq

    Mavlono Abdurahmon Jomiy “zamon va makonni oʻz izmiga boʻysundirgan zot”, deya taʼriflagan, Zahiriddin Muhammad Bobur “benazir shaxs”, deya yuksak baho bergan mumtoz shoir bobomizning shaxsiyati va ijodi besh asrdan ziyod muddatda sogʻlom tafakkur sohiblari uchun komillik mayogʻi, mahorat maktabi vazifasini oʻtab kelmoqda. Odatda davrlar oʻtishi bilan aksar tarixiy siymolar avlodlardan yiroqlashadi. Ammo har bir qoidada istisno bor. Hazrat Navoiy esa vaqt oʻtgani sari millatimizga yanada yaqinlashib, har jabhada muallimlik qilmoqda. Zotan, uning nurli hayoti, bunyodkorlik ishlari, mamlakat tinchligi va obodligi yoʻlidagi jasorati va himmati, ilm-fan, sanʼat va madaniyat ahliga koʻrsatgan gʻamxoʻrligi qanchalik ibratli boʻlsa, har jihatdan hayratlanarli ulkan ijodiy merosi ham bugungi kun savollari, kelajak ideallariga javob topishda bebaho sarchashma hisoblanadi. Milodiy XV asrga qadar Xuroson va Movarounnahr mintaqasida baqamti yashab kelgan xalqlarning mushtarak madaniy-maʼnaviy merosi, asosan, fors va arab tillarida yaratilgan boʻlsa, Alisher Navoiyning amaliy saʼy-harakatlari va barakali ijodi sharofati ila turkiy tilda yaratilgan adabiyot musulmon Sharqi ilmu urfon nahriga uchinchi irmoq boʻlib qoʻshildi. Navoiyning daholigi shundaki, u arab va fors adabiyotlarining koʻp asrlik tajribalarini ijodiy oʻzlashtirgan holda yakka oʻzi ushbu adabiyotlarga teng boʻla oladigan muhtasham adabiy obidalar yaratdi. Mutafakkir bobomiz adabiy-badiiy, diniy-tasavvufiy va ilmiy asarlari bilan oʻzbek adabiyotining oʻzigacha boʻlgan davrdagi kemtikliklarini toʻldirib, soʻz sanʼati borasida turkiy til boshqa lisonlardan zarracha kam emasligi, aksincha, oʻziga xos latofat va zarofatga ega ekanini amalda isbotladi. Sharqu Gʻarb olimlari bir ovozdan tan olganidek, Navoiyning ijodi alohida olib qaralganda mumtozlik darajasidagi mukammal bir adabiyot talablariga toʻla-toʻkis javob beradi. Alisher Navoiyning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi oʻrnini tasavvur qilmoq uchun ungacha boʻlgan davr hamda keyingi asrlarni qiyoslash kifoya. Turkiylar asrlar davomida musulmon Sharqining siyosiy, iqtisodiy hayotida yetakchi xalqlardan boʻlganiga qaramay, madaniy hayot va ayniqsa, adabiyot sohasida turkiy tilning roli sezilarli darajada emasdi. Hazratning olamshumul asarlari tufayli oʻzbek tili adabiy lison sifatida uzil-kesil shakllanib, bu tilda nainki shoiru adiblar, balki olimu fozillar ham turli mavzuda asarlar, ilmiy risolalar yozish imkonini qoʻlga kiritdi. Daho ijodkorlarning tarixiy xizmati shundaki, ular oʻzlariga qadar hech kim qadam bosmoqqa jurʼat qilmagan yolgʻizoyoq soʻqmoqlardan yurib, halaflari uchun yangi yoʻllar ochadi. Navoiydan ulgi olgan, uni oʻzlariga muallimi avval deb bilgan boshqa turkiy xalqlar namoyandalari oʻz ona tillarida milliy adabiyot yaratishga kamarbasta boʻldi. Alhol, boshqa turkiy xalqlarning adabiyoti ham mumtozlik darajasiga koʻtarildi. Shu maʼnoda, Alisher Navoiy ijodini butun turkiy xalqlarning maʼnaviy bayrogʻi desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

    Vaqtdan gʻolib siymo

    Arablarda “Dunyodagi hamma narsa vaqtdan qoʻrqadi, vaqt esa ehromlardan” mazmunidagi hikmat bor. Bu naqlda ehromlarning asrlar suronidan omon chiqqani, hatto shafqatsiz vaqtdan ham gʻolib kelganiga ishora bor. Hazrat Navoiyning boy maʼnaviy merosi ham vaqtdan gʻolib qadriyatlar sirasiga kiradi. Xoʻsh, Navoiy ijodining umrboqiyligi siri nimada?

    Avvalo, “avliyolar avliyosi” deya taʼriflangan mutafakkir bobomiz ijodi Qurʼoni karim, hadisi sharif kabi boqiy sarchashmalardan suv ichganini alohida taʼkidlash joiz. Har bir satri ilohiy hikmat, insoniy ibratga yoʻgʻrilgan asarlarning zamonlar evrilsada, ahamiyatini misqolcha yoʻqotmay kelayotgani bosh sababi shu. Qolaversa, yolgʻon, oʻtrikdan hazar qilgan bu ulugʻ zot har qanday vaziyatda ham faqat rost soʻzni aytmoqni burchi deb bilgan. Sirasini aytganda, “Soʻzda, Navoiy, ne desang, chin degil” shiori bilan yashagan haqgoʻy shoir adabiyotda faqat rost soʻz yashashga haqliligiga imon keltirgan edi. Umri davomida hayotning barcha achchiq-chuchugini totib, oddiy navkarlikdan mamlakat siyosatining asosiy ustuni darajasigacha boʻlgan bosqichlarni bosib oʻtdi, taqdirning turli-tuman sinovlarini oʻz tanasida yashadi. Mutafakkir shoir haqiqat va adolatning shunchaki kuychisigina emas, balki faol kurashchisi boʻlgani bois, uning asarlarida yuksak tarzda badiiy ifoda topgan xulosayu kuzatuvlar, mushohada va mulohazalar, rost soʻz hamda raso fikr vobasta boʻlgan hikmatlar haqqoniyligi, hayotiyligi bilan bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas. Adabiyot atalmish cohir sanʼat paydo boʻlganidan buyon roʻyi zaminda necha yuz minglab shoirlar, adiblar yashab oʻtgandir. Illo, ular orasida Navoiy kabi jahoniy shuhrat qozongan, nomi insoniyat tarixiga abadiy muhrlanganlari kam. Orif shoirimiz topib aytganidek, “Lekin, doʻstlar, sheʼr ahli aro jahongiri kam boʻlar, rosti”. Homer, Firdavsiy, Nizomiy, Dante, Shekspir kabi alp ijodkorlarning moʻjizakor ijod namunalari qatorida Hazrat Navoiyning merosi, ayniqsa, bezavol “Xamsa”si jahon tamadduni yilnomasining oltin sahifasini tashkil etadi. Abdurahmon Jomiyning “Alisher Navoiy «Xamsa”si — temuriylar saltanatining eng muhim hosilasi», degan bahosida ulkan hayotiy haqiqat mujassam. Chindan, oʻzbek xalqi tafakkuri qomusi oʻlaroq yaratilgan bu asar Sohibqiron Amir Temur asos solgan qudratli saltanatda amalga oshirilgan maʼnaviy islohotlarning xulosasi sifatida maydonga chiqdi. Besh xazina — besh dostondan iborat ushbu muazzam asar oʻzbek xalqining maʼnaviy qudrati uning harbiy va siyosiy salohiyatidan aslo kam emasligi, maʼrifat va adolat oʻzbek davlatchiligi, tafakkurining asosini tashkil etishiga yaqqol dalildir. Jahon siyosati, harbu zarb tarixini oʻzbek xalqi asos solgan davlatchiliksiz tasavvur etib boʻlmaganidek, dunyo adabiyoti, insoniyat tafakkuri tarixini Alisher Navoiy siymosi va uning qalamiga mansub asarlarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Mutafakkir shoirning yuksak badiiy yoʻsinda ifoda etilgan insonparvarlik qarashlari barcha davru zamonlarda olam va odam, haqiqat va adolat, toʻgʻrilik, insof, rostgoʻylik, oʻzlikni anglash hamda shu orqali Yaratganni tanish kabi umrboqiy jumboqlar haqida tafakkur qilish, oqilona xulosalar chiqarishga koʻmakdosh boʻlib kelayotir.

    Ayniqsa, bugungi tahlikali zamonda “Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanligʻ, Yor oʻlung birbiringizgakim, erur yorligʻ ish”, deya oʻgit bergan zotning tinchlik va farovonlik, vatanparvarlik va insonsevarlik xususidagi mushohadalari yanada koʻproq ahamiyat kasb etmoqda.

    Milliy maʼnaviyatimizning oʻqtomiri

    Alisher Navoiyning shaxsiyati va ijodiga qiziqish uning hayotligi davridayoq boshlangan. Mutafakkirning hayotidan naql etuvchi ilk tarixiy manba Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlaʼ us-saʼdayn va majmaʼ ul-bahrayn” boʻlsa, adabiy faoliyati haqida birinchi boʻlib boshqa bir samarqandlik olim — Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” asarida maʼlumot berilgan. Navoiyshunoslikning asl vatani bugungi Oʻzbekiston ekanini hisobga olgan holda milliy davlatchiligimizning maʼnaviy asosi va oʻzligimizni anglash jarayonini ulugʻ bobomizning shaxsiyati, uning ummondek teran va togʻlardek ulkan merosini tadqiq etish bilan bogʻliq ravishda amalga oshirishimiz lozim. Negaki xalqimiz madaniy hayoti va tarixini muazzam bir chinorga oʻxshatsak, hech shubhasiz, Hazrat Navoiyning ijodi ushbu azim ogʻochning oʻqtomiri erur. “Lison ut-tayr” dostonida bunday bayt bor: Odamigʻa yaxshi koʻp avsof erur, Lek alarning ashrafi insof erur.

    Agar shu baytdagi hikmatga amal qilib, insof yuzasidan fikr yuritsak, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan Alisher Navoiyning shaxsiyati va bebaho merosini targʻib qilish boʻyicha juda koʻp ishlar va tashabbuslar qilinganiga amin boʻlamiz. Ayniqsa, Prezidentimizning “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori jahon navoiyshunosligining yangi sifat bosqichiga koʻtarilishida mustahkam huquqiy asos boʻldi. Dunyo ziyolilari tomonidan “Turkiy xalqlarning Nobel mukofoti” deya eʼtirof etilgan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilishi, oʻttiz jilddan iborat “Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi” ilmiy tadqiqotlar majmuasi nashri kabi ezgu ishlar orqali shoir muhiblarining asrlik orzulari roʻyobga chiqayotir. Koreya Respublikasi, Belarus, Qozogʻiston, Turkiya, Vengriya, Turkmaniston kabi mamlakatlarda Navoiyning haykal va byustlari oʻrnatilishi ham shundan guvohlik beradiki, yuritilayotgan adolatli va maʼrifatparvar siyosat tufayli jahon hamjamiyati Oʻzbekiston deganda Navoiyni, Navoiy deganda Oʻzbekistonni tasavvur etmoqda. Ana shunday ezgu va olamshumul ishlarning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimiz tashabbusi bilan ulugʻ shoirimiz nomi ila atalgan viloyatda 2025-yil “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilindi. Yil davomida nafaqat Navoiy viloyatida, balki butun respublikamizda navoiyxonlik kechalari, turli tanlovlar, ilmiy anjumanlar oʻtkazilishi belgilandi. Ushbu qutlugʻ yil mobaynida Navoiy asarlari nomi bilan atalgan yangi bogʻlar bunyod etiladi, ilmiy ekspeditsiyalar uyushtiriladi. Shu kabi koʻplab vazifalar qatori Navoiyning shaxsiyati, hayoti va ijodini xorijda keng targʻib qilish ham koʻzda tutilgan. Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ham ushbu xayrli ishlar roʻyobi yoʻlida tashabbuslar koʻrsatib kelmoqda. Jumladan, fond tomonidan oʻtkazib kelinayotgan “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” xalqaro ilmiy-nazariy simpoziumining navbatdagisi joriy yil 8-9-fevral kunlari Navoiy shahrida tashkil etilmoqda. Bu yilgi simpozium doirasida dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatidan salkam toʻqsonta maqola taqdim etildi. Mamlakatimizning oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida faoliyat yuritayotgan olim, tadqiqotchilar ham mutafakkir bobomizning hayoti va faoliyatining turli qirralarini yoritishga xizmat qiluvchi tadqiqotlari bilan qatnashmoqda. Ushbu maqola, tadqiqot ishlarining aksarida eski fikrlar, hammaga maʼlum boʻlgan gaplarni oʻzgacha yoʻsinda takrorlashdek noxush holatlar kamaygani quvonarlidir. Moʻysafid dunyo yana toʻqnashuvlar, manfaatlar ziddiyati, tahlikayu talvasalarga roʻbaroʻ boʻlmoqda. Kiprikdagi yoshdek qalqib turgan kurrai arzdagi shiddatkor oʻzgarishlarni koʻrib, inson yuragiga vahm tushadi. Maʼnaviy jabhadagi xatarlar, koʻz koʻrib, quloq eshitmagan tahdidlardan aql shoshadi. Nazarimizda, maʼnaviy-mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashga bel bogʻlagan bugungi kun ziyolisi Hazrat Navoiy asarlari bilan qurollanmogʻi lozim. Texnokratik inqiloblar zamonida odam farzandining insoniy qiyofasini yoʻqotmay, asli-nasli, ildizidan uzoqlashmay yashashi chin qahramonlik boʻlib qolmoqda. Bunday vaziyatda oʻzbek va jahon tamaddunining Hazrat Navoiy hamda unga tugʻishgan birodardek boʻlib qolgan boshqa dargʻalari maʼnaviy rahnamoligida yashamoq oqilona yoʻldir. Joriy yilni “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilishdan koʻzlangan asl muddao ham shu.

    Olimjon DAVLATOV,

    Alisher Navoiy nomidagi xalqaro

    jamoat fondi ijrochi direktori

    Telegram kanalimiz
    Text to speech