Zamonaviy pedagoglarni tayyorlash eng asosiy maqsadimizdir

    Bundan toʻrt-besh yil ilgari ayrim maktablarda pedagog kadrlar yetishmasdi. Ayniqsa, olis hududlarda besh-olti nafargacha oʻqituvchiga ehtiyoj bor edi. Natijada baʼzi fanlar oʻtilmasdan qolib ketganidan soʻng muallimlar shahar markazidan taklif etilardi. Jumladan, Qashqadaryo vohasida ham bu borada anchagina muammolar mavjud edi.

    Keyingi yillarda taʼlimdagi keng koʻlamli islohotlar natijasida qator oʻzgarishlar amalga oshirila boshlandi. Xususan, yangi oliygohlar ochilib, pedagoglar safini kengaytirish sari muhim qadam tashlandi. Sohaga davlat tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtibor tufayli kadrlar yetishmovchiligi muammosi hal etildi. Pedagogika yoʻnalishida mutaxassislar tayyorlash maqsadida yangi universitetlar va filiallar ochilgani, oliy taʼlim muassasalaridagi pedagogika fakultetlari faoliyati kengaytirilgani fikrimiz dalilidir. Bundan tashqari, hududlardan talabalarni jalb qilish maqsadida davlat grantlari soni oshirildi, oʻquvchilar uchun qator imtiyozlar yaratildi. Misol uchun, Shahrisabzda yangi institutning ochilishi voha aholisiga qator qulayliklar yaratdi. Viloyat yoshlarining oliy taʼlim olishiga imkoniyatlar eshigi ochildi.


    Mehnat bozori — zamon talabi


    Shahrisabz davlat pedagogika instituti qisqa vaqtda Oʻzbekiston taʼlim tizimida oʻz oʻrnini mustahkamlashga muvaffaq boʻldi. Taʼlim sohasida raqobat kuchayib borayotgan bir davrda institut pedagogik yoʻnalishga chuqur ixtisoslashdi. Mazkur muassasa faoliyatini Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti filiali sifatida boshlab, pedagogik kadrlar tayyorlashda muhim natijalarga erishdi. 2022-yilda esa ushbu dargoh mustaqil institut maqomiga ega boʻldi. Bu esa OTMning rivojlanishi va faoliyatini yanada kengaytirishga zamin yaratdi.

    Institut mustaqil maqomga ega boʻlishi bilan akademik bazasi mustahkamlandi, yangi kafedralar va ilmiy markazlar ochildi. Shuningdek, yangi professor-oʻqituvchilarni jalb qilish va oʻquv jarayonini zamonaviy oʻqitish metodikalari asosida tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu, oʻz navbatida, taʼlim sifatini yanada oshirish va talabalarni mehnat bozori talablariga mos tayyorlashga imkon berdi.

    Mustaqil institut maqomiga ega boʻlganidan soʻng oliy taʼlim muassasasi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni kuchaytirib, ilmiy loyihalar va akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirishga kirishdi. Talabalar va oʻqituvchilar uchun xalqaro konferensiyalar, seminarlar va treninglar tashkil etilmoqda. Bu esa ularning kasbiy mahoratini oshirishga hissa qoʻshmoqda.

    Oʻqitish sifatini yaxshilash maqsadida infratuzilmani rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Yangi oʻquv binolari, zamonaviy laboratoriyalar va axborot texnologiyalari bilan jihozlangan auditoriyalar barpo etilmoqda. Bundan tashqari, talabalar uchun turli tadbirlar va klublar tashkil etilmoqda. Raqamlashtirish jarayoni oʻquv maskanida samarali davom etayotir. Oʻqituvchilar qogʻozbozligi sezilarli darajada kamaytirilgan. Shuningdek, HEMIS elektron tizimi joriy etilishi bilan oʻqitish jarayoni avtomatlashtirildi. Talabalar bu tizim orqali kerakli maʼlumotlarni olishi, ota-onalar esa farzandlarining fanlarni oʻzlashtirishini kuzatishi mumkin.


    Xalqaro hamkorlik oliygohning global nufuziga ijobiy taʼsir koʻrsatadi


    Dunyo taʼlim makonida oʻqitish xizmatlarini taklif etayotgan muassasalarning aksariyati aynan xususiy oliy taʼlim tashkilotlaridan iborat. Nufuzini mustahkamlash va yetakchi boʻlish uchun har bir oliygohdan faoliyatini muntazam takomillashtirish, taʼlim sifati ustida tinimsiz bosh qotirish, samarali, zamon talablariga mos, ehtiyoj yuqori boshqa yoʻnalish, mutaxassisliklar boʻyicha transformatsiyalashuv imkoniyatiga ega, oliy malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash talab etiladi. Bu jarayonda OTMlar oʻz yoʻnalishidan kelib chiqib, xorijdagi yetakchi universitetlarning ilgʻor tajribasini muttasil tahlil qilib borishi kerak. Shuningdek, mahalliy sharoitga mos keluvchi yangiliklarni oʻzlashtirishi, shuningdek, global taʼlim makoniga moslashishga harakat qilishi, samarali xalqaro hamkorlik oʻrnatish boʻyicha istiqbolli strategiyaga ega boʻlishi zarur.

    Shahrisabz davlat pedagogika institutida ham xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida qator ijobiy natijalarga erishilmoqda. Jahonning nufuzli taʼlim muassasalari bilan oʻrnatilgan hamkorlik aloqalari asosida talabalar va oʻqituvchilarning akademik almashinuv dasturlari kengaydi. Bugun Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya, Polsha va boshqa davlatlarning nufuzli oliygohlari bilan oʻrnatilgan aloqalar talaba va oʻqituvchilar tajriba almashinuvi, oʻquv dasturlarini takomillashtirish va ilmiy hamkorlikka imkon yaratmoqda.

    Bu nafaqat institutning global raqobatbardoshligini oshirmoqda, balki talabalar va oʻqituvchilarning bilim va koʻnikmalarini boyitishga xizmat qilmoqda.

    Xorijiy ekspertlar va mutaxassislar bilan hamkorlikda ilmiy konferensiya va seminarlar tashkil etilayotgani eng soʻnggi ilmiy yutuqlar bilan tanishish imkonini beradi. Xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida institutimiz xorijiy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Jumladan, magistratura va doktorantura yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma diplom dasturlari yaratilib, talabalarga ikkita diplom olish imkoniyati taqdim etilmoqda. Bu, oʻz navbatida, taʼlim sifati va xalqaro reytinglardagi mavqeyini yaxshilashga katta turtki boʻladi. Xalqaro hamkorlikdagi ushbu qadamlar institutning global miqyosdagi nufuzini oshirishda, shuningdek, yoshlarga sifatli va zamonaviy taʼlim berishda muhim ahamiyat kasb etadi.


    Boʻlajak mutaxassislar soni yildan yilga ortmoqda


    Talabalarga yetarli shart-sharoit yaratish oliy taʼlimning dolzarb masalalaridan. Bu borada oliygohimizda ham qator dasturlar ishlab chiqilgan. Natijada ularning vaqtinchalik turar joy bilan taʼminlanishi muammosi imkon qadar hal etilmoqda. Kelgusida qoʻshimcha 500 oʻrinli yangi talabalar turar joyi qurilishi rejalashtirilgan.

    Shahrisabz davlat pedagogika instituti yoshlar uchun ilm-fan va taʼlimda yangi ufqlar ochadigan, mustahkam poydevorga ega maskandir. Yosh ilmiy tadqiqotchilar va pedagog kadrlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar, shubhasiz, Oʻzbekiston taʼlim tizimiga katta hissa qoʻshadi.

    Dastlabki yili institutimizga atigi 150 abituriyent oʻqishga qabul qilingan, bitta fakultet, toʻrtta kafedra mavjud edi. Bugunga kelib uchta fakultet, 16 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. Bakalavriat tizimida 17 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, magistratura va doktorantura yoʻnalish lari ham ochildi. Bu esa institutimizning ilmiy salohiyatini yanada oshirish va malakali kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan muhim qadamlardan biri boʻldi. Magistratura dasturlari yuqori malakali pedagoglar va ilmiy xodimlarni tayyorlashga qaratilgan boʻlib, ushbu dasturlar zamonaviy taʼlim talablariga javob beradigan ilmiy izlanishlar, pedagogik innovatsiyalar va metodik yutuqlarga asoslangan.

    Doktorantura taʼlimida chuqur ilmiy tadqiqotlar va izlanishlarni amalga oshirish maqsad qilingan. Doktorantlar nafaqat oʻz sohalaridagi ilmiy muammolarni oʻrganish, balki yangi innovatsion yondashuvlar, metodlar va texnologiyalarni joriy etish orqali taʼlim va ilmiy tadqiqot sohasini rivojlantirishga hissa qoʻshmoqda. Shu yoʻsinda institutimizda xalqaro miqyosdagi ilmiy hamjamiyat bilan hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

    Dasturlar doirasida talabalar oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borib, konferensiyalarda faol ishtirok etmoqda. Institutimizda magistrlik dissertatsiyalarini yoqlash jarayoni xalqaro standartlarga mos yoʻlga qoʻyilgan. Talabalarning ilmiy ishlari yuqori talablarga javob berishi taʼminlanmoqda.

    Shu bilan birga, doktorantlar va magistrantlar uchun xalqaro jurnallarda maqolalar chop etish, xorijiy hamkor muassasalarda tajriba almashish kabi imkoniyatlar ham yaratilgan. Bundan tashqari, ularning ilmiy tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat va xalqaro grantlar dasturlariga faol jalb etilmoqda.

    Institutda magistratura va doktorantura yoʻnalishlari tashkil etilishi natijasida, malakali ilmiy va pedagogik kadrlar tayyorlash jarayoni yanada tizimlashtirildi. Bu taʼlim sohasida yangi yuksak natijalarga erishishga zamin yaratmoqda.

    Eng asosiy maqsadimiz — zamonaviy pedagoglar tayyorlash. Albatta, buning uchun bizda barcha imkoniyatlar yetarli. Shunday ekan, faqat va faqat salohiyatli kadrlarni tarbiyalashga eʼtibor qaratilgan. Bugun bizda bilim olib, ertaga qaysidir oʻquv maskaniga borgan talabamiz u yerda oʻqituvchi boʻladi. Yoshlarga saboq beradi. Bu masʼuliyatli kasb ortidan qanchalab insonlar maʼnaviyati ortadi, bilim saviyasi oshadi. Shunday ekan, doim ularning chuqur bilimga ega boʻlishiga jiddiy eʼtibor qaratishimiz darkor.


    Sherzod NEʼMATOV,

    fizika-matematika fanlari doktori, professor


    Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 222-sonida (2024-yil 1 noyabr) chop etilgan.


    Hamkorlik materiali