“Zamondanda yurib ilgʻor, boʻlib koshif...” yoxud bugungi yosh olimlarning ilmiy faoliyatiga bir nazar

    Fan 26 Iyun 2023 1737

    Muammolarni koʻra bilish va unga yechim izlash ilmiy yangilik va kashfiyot sari undaydi. Bugun hikoya qilmoqchi boʻlgan yoshlarimiz oʻzi tanlagan sohada yutuqlarga erishish uchun yangi, zamonaviy loyihalar ustida ish olib borayotgan iqtidorli zamondoshlarimizdir.

    Zamonaviy texnologiyalarni hayotga keng joriy etish, olimlar faoliyatini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgan bugungi davrda ilmiy-tadqiqot muassasalari va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bilan bogʻliq mexanizmning toʻla ishlashi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Aynan mana shu jihat kashfiyotchi va olimlar safida yoshlar salmogʻini oshirishga xizmat qilmoqda. Har qanday soha rivojining negizida bilim va iqtidor, izlanish va yaratuvchanlik, sinchkovlik va erkin fikrdan iborat mustahkam, buzilmas poydevor yotadi. Uning bunyodkori yosh izlanuvchilar, innovatorlar boʻlsa, kishida faxr uygʻotadi.

    Bu borada qonunchilikda ilmiy loyihalarni moliyalashtirish jarayoniga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Albatta, gʻoyasi bor yigit-qizga koʻmak berishning eng yaxshi yoʻli — kerakli mablagʻ bilan taʼminlash. Yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy pozitsiyaga ega yoshlar esa mamlakatning bugungi va ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti.

    Foydali va beziyon

    Maʼlumotlarga koʻra, bir gektar yerdan erta hosil olish uchun ekin yetishtirish jarayonida oʻrtacha 6 ming dona plastik idishdan foydalaniladi. Ular tuproq uchun zararli kimyoviy moddalar ishlab chiqarishi, keyinchalik yer osti suvlari yoki atrofdagi boshqa suv manbaalariga, shuningdek, ekotizimga singib ketishi bilan zararli taʼsirlarni keltirib chiqaradi. Bunday idishlarni ekologik toza mahsulotga almashtirish orqali esa iqtisodiy va ekologik muammolarni hal etish mumkin.

    Toshkent davlat agrar universiteti talabasi Oygul Mingboyeva plastik idishlar oʻrniga torf asosli karton idishlarni taklif etmoqda. Uning bu loyihasi Mirzo Ulugʻbek vorislari tanlovida gʻolib deb topilib, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilmoqda.

    — Sanoat rivojlanishi, texnologiyalar takomillashishi barobarida ekologik muammolar ham ortib bormoqda. Ekokassetalar, yaʼni koʻchat yetishtirish uchun moʻljallangan torfli idishlarning asosiy afzalligi — atrof-muhit ifloslanishini kamaytirib, ishlab chiqarish rentabelligini oshiradi, — deydi Oygul. — Koʻchatlar idish bilan birga yerga ekiladi va maʼlum vaqtdan soʻng parchalanib, tuproqni ozuqa moddalar va foydali mikroelementlar bilan boyitadi.

    Erta hosil olish uchun urugʻ dastlab kichik plastik idishlarga ekiladi. Muammo shundaki, katta miqdordagi plastik idishlar chiqindiga aylanadi. Ularni utilizatsiya qilishning qiyinligi koʻpchilikka ayon. Tuproqqa aralashsa, namlik va havo oʻtishiga yoʻl qoʻymaydi. Natijada tuproq kerakli oziq moddalar bilan toʻyina olmaydi. Shu bois, ular oʻrniga torf asosli idishlardan foydalanish samarali sanaladi. Avvallari bir gʻoyaning foyda-zarari hisobga olinib, mahsulot koʻrinishida savdo peshtaxtalariga chiqishi uchun 10 yil kerak boʻlgan boʻlsa, hozir bu ishlar uchun uzogʻi bir yil kifoya qilyapti.

    Plastik idishlar oʻrniga ekologik toza mahsulotdan foydalanish natijasida ham iqtisodiy, ham atrof-muhitga doir muammolar hal etiladi. Tadqiqotchining aytishicha, loyiha amaliyotga joriy etilgandan soʻng har ming mahsulotdan 18 million soʻmdan ortiq sof foyda olish mumkin. Ularni tayyorlash uchun esa koʻp xarajat talab etilmaydi.

    Bugungi global jahon iqtisodiyotini kuzatar ekanmiz, yuqori marralarga erishish uchun salmoqli moddiy, moliyaviy, mehnat resurslari va iqtisodiy omillar zarur ekani ayon boʻladi. Mamlakatimizda kechayotgan iqtisodiy islohotlar esa yurtimizda mana shunday omillarning barchasini hozirlashga zamin yaratmoqda.

    Ilmiy izlanish va tadqiqotlarni moliyalashtirish dolzarb masala. Boisi, bugun ilm-fan jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun noyob imkoniyatlar eshigini ochish barobarida, iqtisodiyotni rivojlantirishga, raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladigan ilgʻor innovatsiyalarni yuzaga keltirmoqda. Anglash mumkinki, bu jarayonda raqobat ham kuchayib boraveradi.

    Talaba va shifokorlar uchun yagona maʼlumotlar bazasi

    Bilim, innovatsiya va gʻoyalarning ommalashuvi turmush sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi. Oʻz oʻrnida isteʼmolchilarning yangidan-yangi mahsulot, texnologiyaga boʻlgan talabi ham ortib boraveradi. Bu izlanuvchilar, yangilik yaratuvchilar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi, har sohada yangicha yondashuvlarni talab qiladi.

    Sogʻliqni saqlash sohasidagi innovatsiyalar hayotning davomiyligi va turli kasalliklardan saqlanish darajasini oshirsa, axborot texnologiyalari yoki gadjetlar sohasidagi ilmiy yutuqlar hayotimizni yengillashtiradi. Demak, har jabhada yangi texnologiyalarning oʻrni katta.

    Tibbiyotga doir oʻzbek tilidagi maʼlumot va materiallar bazasini shakllantirish, sohaga oid barcha professional maʼlumotlarni yagona bir bazada jamlash va boyitilgan raqamli funksiyalar bilan taqdim qilishning ahamiyati katta.

    Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasi Abdurahmon Bahromov mana shunday qulayliklarga ega “Gippokamp” platformasini yaratdi va “Boʻlajak olim” tanlovi doirasida grant sohibi boʻldi.

    — Loyihaning asosiy mohiyati tibbiyotga aloqador eng sara maʼlumot va materiallarni qidirib topish, saralash, jamlash, oʻzbek tiliga tarjima qilib, boyitilgan raqamli imkoniyatlar bilan talaba va shifokorlarga taqdim etishdan iborat. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining kasalliklarni davolashga yoʻnaltirilgan taklif va standartlarini jamlab, yagona platformaga joylash foydalanuvchilarga bir qancha yengillik yaratadi. Platformada testlar, interaktiv materiallar ham oʻrin olgan, bu oʻz bilimini yanada boyitish maqsadida boʻlganlar uchun qoʻl keladi. Oʻzim shu sohada oʻqiganim bois koʻp kuzatganman, talaba va shifokorlar uchun yagona maʼlumot va materiallar bazasiga katta ehtiyoj bor. Boisi, tibbiyotga doir adabiyotlarning aksariyati chet tillarda chop etilgan. Bu ayniqsa, endigina sohaga kirib kelayotgan yoshlar uchun noqulaylik tugʻdiradi, — deydi A.Bahromov.

    Mazkur elektron bazada tibbiyot fanlariga oid mavzular toʻplami mavjud boʻlib, boʻlimlar boʻyicha barcha maʼlumotlar oʻrin olgan. Loyihadan maqsad nima, sohaga doir adabiyotlar yetarliku, degan savol tugʻilishi tabiiy. Ammo yosh innovator aytganidek, tibbiy taʼlimga oid adabiyotlarning aksariyatini xorijiy adabiyotlar tashkil qiladi. Masalan, siz tibbiyotga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasasi talabasi boʻldingiz, ammo chet tillarni bilmaysiz. Maʼlumki, tibbiyotga doir maʼlumotlar katta hajmda va mukammal tuzilgan boʻladi. Yaʼni, chet tilni haminqadar bilsangiz, matnni tarjima qila olmaysiz. Zarur maʼlumotlarning oʻzbek tilida taqdim etilishi mana shu kabi muammolarga barham beradi. Har bir mavzu boʻyicha foydalanilgan manbalar roʻyxati keltirilgani esa, sizni oʻsha adabiyotlar bilan ham tanishishga undaydi. Muhimi, maʼlumotlar infografik tarzda ham taqdim etilgan. Bu esa maʼlumot olish jarayoniga yanada qizgʻin tus beradi va foydalanuvchi imkoniyatini kengaytiradi.

    Samarali mexanizm

    Gʻoya asosidagi loyihalar moliyalashtirilsa, ilmiy izlanishlar jamiyatga naf keltiradi. Aytish joizki, 2018-yildan boshlab ilgʻor xorijiy tajriba asosida raqobatga asoslangan, iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojiga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi mexanizmi joriy etildi. Natijada 4 yilda tanlovlar doirasida 3 ming 500 dan ortiq loyiha talabnomasi koʻrib chiqilib, 893 tasi moliyalashtirildi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, 2023-yil bahorgi tijoratlashtirish forumi doirasida tarmoq va isteʼmolchi tashkilotlar hamda oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, yangi ishlanmalarga buyurtmalar berish, sohaga innovatsiyalarni joriy qilish maqsadida qiymati 41,49 milliard soʻmlik 20 ta loyiha moliyalashtirildi.

    Suvni qayta tozalash texnologiyasi

    Suv bu – hayot, degan taʼrif bejiz aytilmagan. Uni tejash, iflos qilmaslik qanchalik muhim boʻlsa, jarayonni yengillashtiradigan yangi texnologiyalarni ishlab chiqish ham shunchalik ahamiyatli. Obihayot resurslarining ifloslanishi va buzilishi turli organik, noorganik, mexanik, bakteriologik hamda boshqa moddalar toʻplanishiga, tarkibida kislorodning kamayib, yuqumli kasalliklarni tarqatuvchi bakteriyalarning paydo boʻlishiga olib keladi. Bunday salbiy oqibatlarning oldini olishda sanoat korxonalaridan chiqayotgan chiqindi suvlarni tozalash usullarini yanada takomillashtirib borish hamda ularni qayta ishlatish muhim ahamiyatga ega.

    Ekologik holatni yaxshilash chuqur izlanishni talab qilishi tabiiy. Ilmiy tadqiqotlar orqaligina sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish mumkin. Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi Nargiza Shonazarova chiqindi polimerlar asosida sanoat oqova suvlarini tozalash uchun sorbent, yaʼni, tozalovchi vosita ishlab chiqarish loyihasini yoʻlga qoʻydi.

    — Sanoat korxonalarining oqovalari tarkibida neft mahsulotlari, fenol, ogʻir metall, fosfor birikmalari, boʻyoq qoldiqlari, toksikligi yuqori boʻlgan boshqa ifloslantiruvchi komponentlar mavjud, — deydi N.Shonazarova. — Tozalash inshootlarida oqovalarning belgilangan talab darajasida tozalanmay ochiq suv havzalariga chiqarilishi atrof-muhitga salbiy taʼsir yetkazishi mumkin. Sanoat korxonalari sonining ortib borishi oqova suv hajmining oshishiga ham sabab boʻladi. Respublikamiz misolida olib qaraydigan boʻlsak, birgina Navoiy viloyatida sakkizta yirik sanoat korxonasi mavjud. Ulardan chiqadigan oqova suv miqdori 1,1 ming metr kubni tashkil qiladi. Tahlillar natijasi shuni koʻrsatadiki, ularning 45 foizi qayta tozalanib, turli maqsadlar uchun foydalanishga, 15 foizi shahar koʻkalamzorlashtirish ishlariga yoʻnaltiriladi. 2022-yilda kimyo sanoati korxonalari tomonidan meʼyoridan ortiq tarkibda bunday suvlarning Zarafshon daryosiga oqizilishi natijasida baliqlarga katta ziyon yetgan. Loyihani yaratishimga mana shu voqea sabab boʻldi. Chiqindi xomashyolar asosida yangi turdagi modifikatsiyalangan mahsulot yaratdik.

    Hozirgi kunda turli xomashyolar asosida sorbentlar ishlab chiqarish va oqova suvni tozalashda foydalanish yoʻlga qoʻyilgan. Polimerlar sunʼiy va sintetik xomashyo sanalgani bois, bu turdagi chiqindilarni tabiat oʻzlashtira olmaydi. Ammo ulardan unumli maqsadlarda foydalanish mumkin. Polimer asosli tozalash vositalarida oqova suvni zararsizlantirishda foydalaniladigan vositalarga nisbatan tozalash darajasi yuqori boʻlib, oqova suvdan qayta foydalanish imkoniyatini oshiradi.

    Zamonaviy texnologiyalarning joriy qilinishi hayotiy yumushlarimizni yengillashtirishi barobarida, ekologik muammolarni bartaraf etishga ham yordam beradi. Ilm-fan vakillari ekotizim barqarorligini saqlashga oʻzining yangi loyihalari bilan salmoqli hissa qoʻshmoqda. Yosh tadqiqotchi taklif etayotgan usulda oqova suvning tozalanishi tabiatga yetkaziladigan zararni kamaytirishi bilan birga, suvdan unumli foydalanish imkonini ham beradi. Yana bir muhim tomoni, bu usul iqtisodiy jihatdan anchagina foydali.

    Ekin chanqogʻini, tuproq talabini aniqlaydigan “aqlli” qurilma

    Qishloq xoʻjaligi uchun eng zarur manbalardan biri suv, albatta. Dunyo boʻyicha 70 foiz toza suv mazkur soha uchun sarflanadi, achinarlisi, uning 60 foizi isrof boʻladi. Zamonaviy texnologiyalar esa nafaqat bu kabi muammollarni tez va samarali bajarishga yordam beradi, balki koʻplab yangi imkoniyatlar eshigini ham ochadi.

    Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti magistranti Akbarali Turdiyev “Smart Drip irrigation system” deb nomlangan “aqlli” qurilmani yaratdi. Ishlanma qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tomchilatib sugʻorishga asoslangan aqlli tizim hisoblanib, tuproqdagi namlik miqdorini aniqlaydi va namlik darajasi belgilangan miqdordan kamaygandagina uni sugʻoradi.

    “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident farmonida qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha yetkazish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Qolaversa, bugungi kundagi vaziyat suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha izchil islohotlarni amalga tatbiq qilish zarurligini koʻrsatyapti.

    — Loyihamiz suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan, — deydi A.Turdiyev. — Qurilmaning ilk namunasini Toshkent viloyatiga oʻrnatdik. Tahlillarga koʻra, xarajatlar 30 foizga kamayib, daromad 50 foizga oshgan. Hozirda texnologiyani Jizzax viloyati fermer xoʻjaliklari dalalariga ham tatbiq etyapmiz. Shuningdek, viloyatlar kesimida loyiha taqdimotini oʻtkazyapmiz. “Aqlli” texnologiya dalaga oʻrnatilgach, ekinning suvga boʻlgan talabini avtomatik tarzda aniqlab, meʼyoriy darajada suv beradi. Bu jarayonda fermer bevosita mobil ilova orqali yer holati haqida barcha maʼlumotlarga ega boʻlishi mumkin. Shuningdek, ortiqcha ishchi kuchi va xarajatlarni talab qilmaydi. Mahsulot chetdan keltirilgan muqobillaridan ancha arzon, shu bilan birga, qulayliklari koʻp.

    Qolaversa, xomashyosi ham oʻzimizdan, yaʼni toʻlaligicha mahalliy mahsulot sanaladi. Biz 2022–2024-yillar mobaynida 500 ming gektar sugʻoriladigan yer maydonini innovatsion tomchilatib sugʻorish texnologiyasi bilan taʼminlashni maqsad qilib olganmiz. Hozirda bu jarayon qizgʻin davom etmoqda. Eng katta maqsadimdan biri – qishloq xoʻjaligi sohasida innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish va aholiga yordam beradigan “aqlli” texnologiyalarni joriy qilishdan iborat.

    Izlanuvchining taʼkidlashicha, suv tejovchi texnologiyalarning 90 foizi xorijdan olib kelinadi. Ularning iqlim sharoitimizga moslik darajasi nisbatan past boʻlib, tez orada servis xizmatlarini talab qiladi. Aholining katta qismini fermer va dehqonlar, tomorqa yer egalari tashkil etishini hisobga olsak, “aqlli” texnologiyaning xaridorlari koʻpchilik ekani ayon boʻladi. Ayni paytda Akbarali Turdiyev taqdim etayotgan qurilma kabi chetdan keltirilayotgan texnologiyalar 5 ming 200 dollarni tashkil qiladi. Bu esa koʻpchilik uchun qimmatlik qilishi tabiiy.

    Robototexnika hamda elektronika sohalariga katta qiziqish bilan qaraydigan qahramonimiz qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini sunʼiy intellekt bilan bogʻlash hamda fermer va dehqonlar xarajatini kamaytirib, daromadini oshirishga yordam beradigan innovatsion texnologiyalar ustida ish olib boradi. Haydovchisiz elektron traktor yaratish boʻyicha ham izlanishlar olib borib, uning ilk namunasini yaratdi.

    Olim va talabalar tomonidan bu kabi koʻplab qiziqarli va foydali loyihalar ishlab chiqiladi. Ammo gʻoyani mahsulotga aylantirish mablagʻdan tashqari tadbirkorga xos qobiliyatni ham talab qiladi. Gʻoyani ilmiy hajmdor mahsulotga aylantirishning ham oʻz yoʻrigʻi bor.

    Yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning innovatsion gʻoya, ixtiro va dasturiy ishlanmalarini qoʻllab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili sanalgan innovatsion texnologiyalarga qiziqishni ragʻbatlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar tufayli bugun yosh olimlar safi kengaymoqda. Ularning yangidan-yangi gʻoyalari, ixtirolari ilm-fan taraqqiyotiga, odamlar hayotida yengillik yaratishga hissa qoʻshmoqda. Biz esa ularga shoir aytganidek:

    “Zamondanda yurib ilgʻor, boʻlib koshif,

    Har ilmdan samar olmoqqa shahd aylang”, deb qolamiz.

    Feruza JOʻRAYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri