Xoʻsh, bu muqaddas qadamjolarga, ziyoratgohlarga yana ham koʻproq sayyohlarni jalb etish uchun nimalar qilish kerak? Quyida biz bu boradagi Turkiya davlati tajribasi haqida soʻz yuritamiz.
Kino va turizm
Turkiyada kino va turizmni yonma-yon qoʻyishadi. Xoʻsh, bu ikki sohaning qanday oʻzaro bogʻliqlik joyi bor? Albatta, oʻziga xos tarixga ega bu mamlakat uch tomonidan dengizlar bilan oʻralgan, qulay obi havo sharoiti, dam olish uchun juda katta suv havzalari bilan mashhur. Lekin hamma ham bu oʻlkaga choʻmilish yoki dam olish uchun tashrif buyurmaydi. Turkiyada ziyorat turizmi keng rivojlangan. Bunda esa, shubhasiz, tarixiy filmlar va seriallarning oʻrni katta.
“Muhtasham yuz yil” teleserialini barchamiz sevib tomosha qilganmiz. Unda real hayotga yaqin tarixiy voqealar – Usmoniy hukmdorlar hayoti koʻrsatib berilgan. Bu film televizor ekranlariga chiqqandan soʻng Turkiyaga boradigan sayyohlar soni bir necha marta ortib ketgan. Chunki odamlarda sulton Sulaymon hukmronlik qilgan davrdagi saroylar, sultonning oʻzi, oʻgʻillari, xotinlari dafn etilgan joylarni borib koʻrish istagi tugʻilgan.
Haqiqatan ham, Yevropa va Osiyoni bogʻlab turuvchi Istanbul shahrida koʻradigan, tomosha qiladigan manzillar, ziyoratgohlar koʻp. Lekin sulton Mahmud tomonidan salkam 7 gektar yerda bunyod etilgan “Toʻpqopi” saroyini koʻrmasdan ketsangiz, bu ulkan kentga kelganingiz bekor. Buning sababi oʻsha “Muhtasham yuz yil” filmi.
Turkiyada turistlar oqimini koʻpaytirishda, shubhasiz, “Muhtasham yuz yil”ning mantiqiy davomi boʻlgan “Koʻsem” serialining ham alohida oʻrni bor. Sayyohlar aynan Koʻsem, uning farzandlari va nevaralari qabrlarini ziyorat qilish uchun ham Turkiyaga, Istanbulga borishadi.
Yaqinda mamlakatimiz teleekranlarida “Ertoʻgʻril” filmi paydo boʻldi. Usmoniylar imperiyasi asoschisi Usmonning otasi Ertoʻgʻril haqidagi teleserial yaratilganiga hali juda koʻp boʻlgani yoʻq. Lekin turk sayyohlik byurolari vakillarining aytishicha, ilgari koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan Eskisheher shahri yaqinidagi Syogyut shaharchasiga Ertoʻgʻril va uning safdoshlari, turmush oʻrtogʻi Halima xotunning qabrini ziyorat qilish uchun yiliga 2 million nafarga yaqin mahalliy va xorijlik sayyohlar tashrif buyurayotgan ekan. Mana, kinoning kuchi, qudrati.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Xoʻsh, nega shu paytgacha ulugʻ bobolarimiz, deylik dunyoning juda katta qismini zabt etgan, buyuk sarkarda, sohibqiron Amir Temur haqida film ishlanmagan. Toʻgʻri, sobiq shoʻrolar davrida Amir Temur qoralangandi, bosqinchi sifatida talqin qilinar edi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin-chi? Albatta, istiqlol davrida buyuk bobomiz haqida film yaratishga harakatlar boʻldi, lekin bu film Oʻzbekistondan tashqariga chiqmadi.
Bundan oʻn yillar burun Parij yaqinidagi bir litseyda uchrashuvda ishtirok etgan edim. Tadbirda litsey oʻqituvchilari bilan ochiq muloqot qildik. Men litseyda jahon tarixi fani qanday oʻqitilishi bilan qiziqdim. Buyuk Amir Temur haqida soʻradim. Jahon tarixi fanidan dars beruvchi oʻqituvchilar Amir Temurni bilishmadi. Ayrimlari bu nomni eshitganini, lekin tarixini bilmasligini aytdi.
Eʼtibor bering, jahon tarixida dunyoni egallagan, buyuk imperiyalar tashkil etgan sarkardalar barmoq bilan sanarli darajada oz. Lekin nisbatan Amir Temur shaxsiga qiziqish kuchliroq boʻlgan Fransiyada ham tarix darsliklarida ulugʻ bobomiz haqida maʼlumot yoʻq. Kinochilarimiz buyuk Amir Temur bosib oʻtgan shonli yoʻlni, u Yevropani Usmoniylar istilosidan saqlab qolganini, Samarqandga Yevropa mamlakatlaridan elchilar kelganini, ular bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatilganini, xatlar yozilganini koʻrsatuvchi film suratga olishsa, ishonchim komilki, bu kinoni butun dunyo katta qiziqish bilan tomosha qiladi. Samarqandni, Shahrisabzni, Amir Temur maqbarasini, uning avlodlari qurgan imoratlarni ziyorat qilish uchun Oʻzbekistonga millionlab sayyohlar tashrif buyuradi.
Mirzo Ulugʻbek shaxsi haqida ham shu gapni aytish mumkin. Buyuk astronom, matematik, shu bilan birga adolatparvar shoh, oʻn beshinchi asrda yulduzlar olami bilan qiziqqan, observatoriya qurgan inson haqida film ishlansa, hech shubhasiz, dunyo kino muxlislari sevib tomosha qilishadi. Yoki Boburning Andijondan Hindistongacha bosib oʻtgan yoʻli, uning temuriyzodalar, Shayboniyxon bilan munosabatlari va janglari kimni qiziqtirmaydi. Biri-biridan bachkana filmlar oʻrniga shunday ulugʻ insonlarimiz haqida bittagina yaxshi kino yaratsak aʼlo ish boʻlardi. Shunday emasmi?
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, bunday filmlarni yaratish uchun juda katta mablagʻ kerak, albatta. Lekin katta mablagʻ tikib yaratilgan filmlar, albatta, oʻzini oqlaydi.
Yaqinda Turkiyaga safarimiz chogʻida biz bir guruh oʻzbekistonlik jurnalistlar “Mendirman Jaloliddin” seriali suratga olingan kinopavilyonni borib koʻrdik. “Ertoʻgʻril” seriali ham shu yerda suratga olingan ekan. Juda katta hududni egallagan tasvirga olish maydonini qurish uchun millionlab AQSH dollari sarflangan. Lekin bu yerda olingan filmlarni koʻrib, yuqorida aytganimizdek, dunyoning barcha burchaklaridan millionlab sayyohlar Turkiyaga safar qilmoqda.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bugun teleekranlarimizni egallab olgan turk seriallarining hammasida Istanbulning va boshqa shaharlarning odamlarni oʻziga jalb qiladigan manzillar – Osiyo va Yevropani bogʻlovchi koʻprik, dengiz boʻylaridagi restoran va kafelar, chiroyli tabiat manzaralari koʻrsatiladi. Aslida bu ham yurtga sayyohlarni jalb etishning, mamlakatni reklama qilishning bir yoʻli.
Yana bir gap. Oʻzbekistondagi Turkiya elchixonasining Madaniyat va turizm boʻyicha maslahatchisi Alparslon Akinjining yaqinda Toshkentda boʻlib oʻtgan bir tadbirda taʼkidlashicha, bu mamlakatda ota yurtlariga qiziqish juda kuchli. Turkiya fuqarolari Oʻzbekistonga kelmagan boʻlsa ham unga boʻlgan muhabbati va sogʻinchi sabab uylarining devoriga Buxoro yo Samarqanddagi obidalar rasmini osib qoʻyishgan. Turkiyada naqshbandiylik taʼlimotiga ergashuvchi va tatbiq qiluvchi 30 millionga yaqin aholi bor. Lekin ularning hammasi ham Naqshband hazratlari haqida toʻliq maʼlumotga ega emas. Xoja Bahouddin Naqshband va Naqshbandiya tariqati haqida kinofilm ishlansa, Oʻzbekistonga ziyoratchilarning katta oqimi kelishiga sabab boʻlishi aniq. Naqshbandni faqat Turkiyada emas, butun musulmon olamida yaxshi biladi. U mangu qoʻnib topgan qadamjoni ziyorat qilishni istaganlar juda-juda koʻp.
Ustozlar ustozi
Turkiya ziyorat turizmi haqida gap ketsa, birinchi boʻlib Jaloliddin Rumiy hazratlari tilga olinadi. U jahon adabiyotining muazzam siymolaridan biri. Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Mirzo Abdulqodir Bedil kabi buyuk soʻz ustalari Mavlononi oʻzlariga ustoz deb bilgan.
Mashhurlikda Firdavsiyning “Shohnoma”si, Saʼdiyning “Guliston”i, Hofizning “Devon”i bilan bir qatorda turadigan Rumiyning “Masnaviyi maʼnaviy”sini olimlar inson maʼnaviy hayotining qomusi deb bilishadi. Uni nafaqat Sharqda, balki Gʻarbda ham ixlos bilan oʻrganishgan. Mashhur italyan yozuvchisi Jovani Bokkachcho “Masnaviyi maʼnaviy”dagi qator hikoyatlar asosida novellalar yaratgani maʼlum.
Buyuk mutafakkir Jaloliddin Rumiy 1207-yilning 30-sentyabrida hozirgi Afgʻoniston shimolidagi Balx viloyatida ulugʻ shayx Muhammad Bahouddin Valad xonadonida dunyoga kelgan. Otasi Bahouddin Valad soʻfiylar va fiqh donishmandi boʻlgan. Shu bois ham sulton Muhammad Xorazmshoh uni saroyga taklif etgan. Lekin Bahouddin Valad uning taklifini qabul qilmay, maktabdorlik va ilmiy-ijodiy ish bilan shugʻullangan. Jaloliddinning buvisi esa xorazmshohning qizi boʻlgan. Keyinroq Valad oilasi, muridlarini olib, Balxdan ketadi va Makka safaridan soʻng Iroqu Ajam shaharlarini kezib, Turkiyaning Koʻnya shahrida qoʻnim topadi. Saljuq sultonlari tarafidan izzat-ikrom bilan qabul qilingan Bahouddin Valad shu yerda muqim yashab qoladi. Valadning vafotidan soʻng, uning oʻrniga Jaloliddin Koʻnya madrasasining bosh mudarrisi boʻladi.
Hazrat Alisher Navoiy “Ustozlar ustozi” deb sharaflagan, Abdurahmon Jomiy esa “U paygʻambar emas, ammo paygʻambarlik kitobi bor” deb ulugʻlagan Mavlono Jaloliddin Balxiy-Rumiy 1273-yilning 17-dekabr kuni vafot etadi.
Mavlono nomi bilan yuritiluvchi majmua bugun, shubhasiz, Koʻnyaning asosiy sayyohlik obyekti hisoblanadi. Majmuaga kirishingiz bilan bu yerda taralayotgan hazin nay navosi butun vujudingizni qamrab oladi. Kuy sehridan mast boʻlasiz. Maʼlumotlarga qaraganda, Rumiy hazratlarining qabrini ziyorat qilish uchun shaharga har yili yarim million nafar xorijlik, 1,5 million nafar mahalliy turistlar sayohat qilishadi.
Xoʻsh, bunga qanday erishilgan. Rumiyning kitoblari dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan. Bu ulugʻ zot haqida hujjatli filmlar ishlangan. Bundan tashqari, har yili Mavlono vafot etgan kun – 17-dekabrda Shabi Arus marosimi oʻtkaziladi. Unda dunyoning koʻplab mamlakatlaridan jurnalistlar, din peshvolari, siyosatchilar ishtirok etadi. Masalan, 2020-yilning 17-dekabr kuni ham pandemiyaga qaramay, shu tadbir tashkil etildi. Aynan Mavlono nomi bilan ataladigan madaniyat saroyida, qatʼiy karantin talablari ostida boʻlib oʻtgan tadbirga, dunyoning turli davlatlaridan olimlar, mavlaviya tariqati namoyandalari, jurnalistlar, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vazirligi, mamlakat parlamenti hamda Koʻnya shahri hokimligi rahbarlari qatnashdilar. Yana bir muhim jihat – Koʻnyada Mavlono Jaloliddin Rumiy shaxsi shu darajada ulugʻlanadiki, goʻyo odamlar shundan nafas olayotgandek. Bundan koʻrinib turibdiki, turizmda, ayniqsa, ziyorat turizmida targʻibotning oʻrni ham juda muhim.
Mustaqillikka erishganimizdan soʻng Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Motrudiy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Bahouddin Naqshband, Soʻfi Olloyor, Zangi ota kabi koʻplab islom olamidagi buyuk bobolarimizning qabrlari taʼmirlanib, ziyoratgohlarga aylantirildi. Islom dunyosida ularning obroʻsi juda baland. Soʻnggi yillarda chegaralarimiz sayyohlar uchun keng ochildi. Endigi vazifa bu ulugʻ zotlar faoliyatiga bagʻishlangan turli tadbirlar uyushtirish, islom davlatlaridagi turistik firmalar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyishdan iborat. Yana ijtimoiy tarmoqlarga, xorijiy internet saytlarga bu insonlar haqida ingliz, fransuz, arab va boshqa xorijiy tillarda maqolalar, suratlar joylashtirishimiz lozim. Ishonchim komilki, shu ishlarni yoʻlga qoʻya olsak, Oʻzbekistonda ziyorat turizmi yetakchi oʻringa chiqadi.
Tarixingdir ming asrlar...
Turkiyaning Koʻnya shahridan 35-40 kilometr chetroqda Chatal hoʻyuk nomli tepalik bor. Koʻnyaga tashrif buyurgan sayyoh, albatta, bu tepalikni ham borib koʻradi. Sababi tarixchilarning aytishicha, insoniyat bundan oʻn ming yillar avval, yaʼni ilk bor gʻordan chiqib yashashni boshlagan kezlari, birinchi marta shu yerda oʻziga uy qurib yashagan ekan. Aytishlaricha, tepalik oʻrnida kichik shaharcha boʻlgan. Shunisi qiziqki, bu uylarning eshigi boʻlmagan. Odamlar uyiga tomdagi teshikdan tushishgan. Ular shu yoʻl bilan oʻzlarini yirtqich hayvonlar hujumidan himoya qilgan.
2012-yilda YUNESKOning madaniy meros obidalari roʻyxatiga kiritilgan bu tepalikdagi uylar asosan gʻisht va yogʻochdan qurilgan. Shunisi eʼtiborliki, olib borilgan qazish ishlaridan soʻng uni shu holatda saqlashga katta eʼtibor qaratilgan. Qazish ishlari olib borilgan maydonning usti yomgʻir va qor oʻtkazmaydigan qilib yopilgan. Eski devorlar qulab ketmasligi uchun qazilgan joylar qum toʻldirilgan qoplar bilan mustahkamlangan. Bundan chiqadigan xulosa shuki, bizning yurtimizda ham qazish ishlari olib borilgan va olib borilayotgan manzillar bisyor. Ularni shundayligicha yomgʻir va qorlardan saqlash uchun turk doʻstlarimizning usulidan foydalansak yaxshi boʻladi.
Shu oʻrinda bir gap. Bizning mamlakatimizda ham yoshi Chatal huyuk bilan teng boʻlmasa ham ahamiyati jihatidan undan qolishmaydigan tarixiy yodgorliklar bor. Masalan, qazish ishlari natijasida qadimgi Termizda juda koʻp budda yodgorliklari, binolari topilgan.
Bu shaharda I asrdan boshlab ulkan buddaviylik inshootlari qurilgan. Ulardan biri umumiy maydoni 8 gektar, yer ostida va ustida qurilgan imoratlar majmuasidan iborat Qoratepa buddaviylik majmuasidir. Shuningdek, Fayoztepa va Zoʻrmolada ham buddaviylik monastirlari boʻlgan.
Bu diniy inshootlardan topilgan sanʼat namunalari hozir Oʻzbekiston davlat tarixi muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi hamda Termiz va Termiziylar merosi tarixi muzeyi koʻrgazmalar zallarini bezab turibdi. Aslida ular dunyoning eng mashhur muzeylaridan joy olishga arzigulik manbalardir.
Ha, koʻhna Termizning har bir inshooti, hech bir mubolagʻasiz, katta bir muzey. Masalan, Qoratepaga tashrif buyuradigan sayyohlar bu joyda qazib ochilgan inshoot qoldiqlarini koʻrib lol qoladi. Bu manzilga nisbatan qiziqishi ortib, qayta-qayta tomosha qilgisi keladi. Ayni paytda Fayoztepa zamonaviy sayyohlik manziliga aylantirildi. Lekin masalaning ikkinchi jihati, bu yerga yetarlicha sayyohlarni jalb qila olmayapmiz. Chunki bu yerda shunday noyob yodgorlik borligini hamma ham bilavermaydi.
Bugun dunyoda 450-500 million nafar budda dini vakillari yashaydi. Xoʻsh, qadimgi Termizda shunchalik buddaviy imoratlar koʻp ekan, nega bu haqdagi maʼlumotlarni asosiy dini buddizm boʻlgan Butan, Kombodja, Laos, Myanma, Tailand kabi, shuningdek, aholisining maʼlum qismi bu dinga sigʻinadigan Hindiston, Janubiy Koreya, KXDR, Xitoy, Mongoliya, Nepal, Shri-Lanka, Yaponiya kabi mamlakatlarda targʻib qilmaymiz. Bu obidalardan xabardor boʻlgan yapon, xitoy, koreys yoki boshqa millat vakillari, albatta, Termizga bir kelib ketadi. Bunga hech shak-shubha yoʻq.
Ularni saqlash masalasini ham hech qachon unutmasligimiz lozim. Ayni paytda yurtimizning koʻplab tarixiy manzillarida qazish ishlari olib borilyapti. Lekin qazilgan manzillarni shu holatda saqlash ham muhim ish. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, ularning ustini yopish, devorlari qulab tushmasligi uchun barcha choralarni koʻrishimiz shart. Shunda bu yerlarga sayyohlarni bemalol boshlab bora olamiz.
Ibratli ishlar
Albatta, Oʻzbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish borasida ibratli ishlar boshlangan. Bunda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari boʻyicha qoʻmita tashabbusi koʻrsatyapti. Yaqinda Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi vakillari bilan yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish masalasiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirda soʻngi yillarda respublikamizda ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha qilinayotgan ishlar, bunda ikki davlat rahbarlarining oʻzaro tashrifi, mamlakatimizda turkiyalik tadbirkorlarning koʻpayib borishi va turli sohalardagi tajriba almashuvlar soha rivojiga katta turtki boʻlayotgani taʼkidlandi. Bu borada 2018-yilda Oʻzbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolangani muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Tadbirda ziyorat turizmini amaliy jihatdan rivojlantirish boʻyicha 2021-yilda Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasiga qarashli 81 nafar viloyat bosh imom xatibini Samarqand va Buxoroga ziyoratini uyushtirish, Turkiya Diyonat boshqarmasi oʻtkazadigan bosh imom xatiblar uchrashuvini Oʻzbekistonda tashkil etish boʻyicha taklif bildirildi. Shu ish boʻyicha mutasaddilar 2021-yilga moʻljallangan yoʻl xaritasini tayyorlashi maqsadga muvofiq ekanligini aytildi.
Shuningdek, “Umra+” dasturi boʻyicha Indoneziya bilan kelishuvlarga erishilgan, Pokiston bilan muzokaralar olib borilmoqda. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi qoshida «Muslim tur”, Buxoroda “Mir Arab tur” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari faoliyat koʻrsatmoqda. Turkiya tomonining xohishiga koʻra, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi qoshida “Vaqf tur” turizm tashkiloti bilan hamkorlikda Buxoro va Samarqandga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar tashkil etish masalasi hukumat doirasida muhokama qilinmoqda.
Shuni unutmaslik lozimki, Turkiya teleradiokompaniyasi dunyodagi yirik ommaviy axborot vositalari orasida eng katta beshtalikka kiradi. TRT tasarrufida 14 ta telekanal, 35 ta radiokanal bor va ular 48 tilda dunyoga axborot tarqatadi. Biz bu imkoniyatdan toʻlaroq foydalanishimiz mumkin. Buning uchun turk telekanallariga Oʻzbekistonning tarixiy joylari va buyuk din va madaniyat arboblari haqidagi reklamalarni, badiiy va hujjatli filmlarni koʻproq joylashtirishimiz lozim boʻladi.
Yana nimalar qilishimiz kerak?
Mamlakatimizda ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish uchun yana nimalar qilish kerak? Turkiya va boshqa davlatlar tajribasiga suyanadigan boʻlsak, avvalo, Kuvayt, Qatar, Oman, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Malayziya, Turkiya, Pokiston, Eron kabi mamlakatlar bilan turizm sohasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yana ham kuchaytirish, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va islom davlatlari turizm vazirliklari oʻrtasida ikki tomonlama kelishuvlarga erishish lozim.
Shuningdek, yurtimizda xorijiy turizm kompaniyalari ishtirokida uchrashuvlar va seminarlar tashkil etish, islom davlatlari uchun Oʻzbekiston ziyoratgohlarini yoritib beruvchi maxsus axborot resurslarini tayyorlash, nashrlar chop qilish, respublikamizdagi diniy ulamolar va ziyoratgohlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida mujassamlashtirgan muzeylar tashkil etish ham maqsadga muvofiqdir.
Bundan tashqari, ziyoratgohlarga tashrif buyuradigan sayyohlar uchun tarixiy obidalarimiz va islom dini boʻyicha bilimga ega, arab hamda ingliz tilini mukammal biladigan gid-tarjimonlarni tayyorlash, yurtimizdagi islom dunyosida mashhur boʻlgan diniy ulamolar va bu ulugʻlarimizning ziyoratgohlari roʻyxatini tuzish, ularning yagona turizm yoʻnalishini, Buxoro, Samarqand, Fargʻona va Surxondaryo mintaqalarining har birida alohida diniy ziyoratgohlar xaritasini va yoʻnalishlarini ishlab chiqish zarur.
Yana bir gap. Ziyorat turizmi sayyohlari uchun va ularning talabiga mos ravishda kichik mehmonxonalar, joylarda halol brendi asosida ovqatlar tayyorlash tashkil etilsa, halol ovqat tayyorlaydigan ovqatlanish korxonalarning roʻyxati tuzilib, ularning elektron xaritasini ishlab chiqilsa yaxshi ish boʻlardi.
Masjidlarda va ziyoratgohlarda ziyorat turizmi boʻyicha kelgan ayol sayyohlar uchun maxsus alohida namoz oʻqiydigan joylarni tashkil etish, maxsus “ochiq eshiklar kuni” kabi tadbirlarni oʻtkazish, xorijdan keladigan ziyoratchilarni jalb qilish uchun maxsus chegirmalar asosida diniy turizm marshrutlari ishlab chiqish ham yaxshi natija beradi, deb oʻylaymiz.
Bekqul EGAMQULOV