Koʻkdala tumani dehqonlari tarvuzchilikda oʻziga xos tajriba yaratgan. Har yili koʻkdalalik tarvuzchilarning hosili tayyor boʻlishini hatto eksportchi korxonalar ham poylab turadi. Boisi u yerda yetishtirilgan tarvuzlar nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda ham xaridorgir.
Koʻkdalalik dehqonlar yildan yilga tarvuzchilikda samarador texnologiyalarni qoʻllamoqda va bu ijobiy natijalar bermoqda. Kuni kecha Koʻkdala tumani «Jamshid Jumanazarov» fermer xoʻjaligida yetishtirilayotgan tarvuzlar pishdi.
«Joriy yilda 25 gektar maydonga tarvuz ekilgan, shundan dastlabki 1 tonnasi mahalliy bozor rastalariga yetkazib berildi. Mavsumda tarvuzning har gektaridan 30 tonnadan, qariyb 750 tonna hosil olishni reja qilganmiz. Yetishtirilgan hosil asosan eksportga yoʻnaltiriladi» – deydi tadbirkor С.Жуманазаров.
Darhaqiqat, bir necha yillar oldin faqat chorvachilik bilan kun koʻrib, minglab gektar maydonlardan yaylov sifatida foydalangan koʻkdalaliklar hozirgi kunda dehqonchilik ayniqsa, tarvuz-qovun yetishtirishda odimlab ketishdi. Ularning bugungi faoliyati va erishayotgan natijalari bunga yaqqol misol.