O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi raisi o‘rinbosari Lyu Gochjun hamraisligida o‘tgan majlisda ko‘p qirrali sheriklik munosabatlari jadal rivojlanayotgani, bunda, Davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona, yaqin, samimiy va birodarlik rishtalari muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda hukumatlar oldida Davlatlarimiz Rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarish hamda iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqish vazifasi turibdi.
Buning uchun, umumiy sa’y-harakatlarni savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, energetika, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, kambag‘allikni qisqartirish, fan-ta’lim hamda madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash singari ustuvor vazifalarga qaratish zarurligi bildirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi hisoblanadi. 2023-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi qariyb 14 milliard dollarni tashkil etdi. Ammo, bu raqamlar mamlakatlarimiz salohiyati va imkoniyatlarini o‘zida to‘liq aks ettirmasligi, yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichni mavjud zaxiralardan samarali foydalangan holda 20 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi bildirildi.
Yig‘ilishda tovar ayirboshlashni yanada oshirishga qaratilgan qo‘shma “Harakatlar rejasi”ni qabul qilish, Xitoyga mahsulotlarini uzoq muddatli va barqaror yetkazib berish uchun qo‘shimcha savdo imtiyozlarini joriy etish, sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirish, iqtisodiyotni barcha sohalarda qo‘shma raqobatbardosh loyihalarni amalga oshirish taklif etildi.
Shu bilan birga, hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik strategik sheriklikni mustahkamlash uchun samarali mexanizmga aylanib borayotgani mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Transmintaqaviy transport va tranzit ko‘prigining muhim tarkibiy qismi bo‘ladigan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, davlatlarimiz o‘rtasida turizmni rivojlantirish maqsadida avia qatnovlar sonini oshirish va yangi yo‘nalishlar ochish, mamlakatimizda Xitoyning yetakchi universitetlari filallari faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalarini birgalikda o‘rganib chiqishga kelishildi.
Tadbir so‘nggida, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari eshitildi hamda Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining yettinchi yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.