Tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan mazkur kodeks loyihasining vazifasi jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor boʻlishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratish, xususiy mulkni, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Kodeks loyihasi bilan tadbirkorlik faoliyatining qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, subyektlar tengligi, halol raqobat, vijdonlilik prezumpsiyasi, korrupsiyadan xolilik kabi asosiy prinsiplari mustahkamlanmoqda. Amalda toifa sifatida faqat kichik tadbirkorlik subyekti mavjud boʻlgan boʻlsa, endi tadbirkorlik subyektlari kichik, oʻrta va yirik toifalarga ajratilmoqda.
Shuningdek, 39 ta davlat organining 147 ta nazorat funksiyalari va Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan 20 turdagi tekshiruvlar roʻyxatlari mazkur kodeksga ilova sifatida tasdiqlanib, roʻyxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar Biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi taklif etilmoqda.
Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ayni paytda parlament quyi palatasida masʼul qoʻmita tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqilmoqda.