Qonunda suvdan foydalanuvchilar va isteʼmolchilarga qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv obyektlaridan foydalanishga “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan ruxsatnoma berilishi belgilanmoqda.
Kiritilayotgan qoʻshimchalarga muvofiq fermer, dehqon xoʻjaliklari hamda boshqa suv isteʼmolchilarining qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv olish limitlari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va hududiy qishloq xoʻjaligi boshqarmalari tomonidan ishlab chiqiladi hamda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
Qonunda fermer xoʻjaligi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan suv resurslaridan foydalanishi, shuningdek, fermerlararo ichki sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarini, ulardagi inshootlarni taʼmirlash hamda tiklashda ishtirok etishi, ularni texnik jihatdan soz holatda saqlashi shart ekanligi belgilanmoqda.
Qonun bilan jamoa bogʻlari, tokzorlari, ekinzorlarini va tomorqa yer uchastkalarini suv bilan taʼminlash belgilangan tartibda “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan suv yetkazib berish va suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan amalga oshirilishi koʻrsatib oʻtilmoqda.
Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga suv yetkazib berish xizmatlari uchun belgilangan toʻlovlar bekor qilinmoqda.
Mazkur Qonunda belgilangan qoidalar quyi boʻgʻinda suv bilan taʼminlovchi tashkilotlar va suv isteʼmolchilari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni tartibga solgan holda, suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.