Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi maslahatchisi Otabek Usmonov maʼlum qildi.
Uning bildirishicha, Raqobat qoʻmitasi tomonidan ichki bozorda ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar, xususan, shakar mahsuloti realizatsiyasi doimiy tahlil qilib boriladi.
2024-yil 16-apreldan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan birja savdolariga qoʻyiladigan shakar mahsulotining kunlik hajmi 20 foizga (2 100 tonnadan 2 500 tonnaga) oshirilib, boshlangʻich narxi 6 foizga (13 600 soʻmdan 12 860 soʻmga) pasaytirildi.
Respublikaning dehqon bozorlarida tashkil etilgan elga xizmat rastalari va yirik savdo tarmoqlarida shakar mahsulotining chakana narxi 1 kilogramm uchun 13 000 soʻmdan sotilishi taʼminlanayotgan boʻlsa, boshqa savdo doʻkonlarda oʻrtacha 13 200—15 000 soʻmni tashkil etmoqda.
Shakar mahsulotining birja savdolaridagi narxi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga pasaygan boʻlsa, bozorlardagi chakana narx oʻzgarishsiz qolgan.
“Narxlarni barqaror saqlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan boʻlib, narxlar keskin oʻsishi boʻyicha xavotirga oʻrin yoʻq. Shu sababli internet tarmoqlarida tarqatilayotgan toʻliq oʻrganilmagan xabarlarga asosan xavotirga tushmasligingizni soʻrab qolamiz”, — dedi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi maslahatchisi Otabek Usmonov.
Shuningdek, qoʻmita tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda shakar mahsulotining chakana narxlari yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatilganini qayd etdi.