“Sobirsoy” geotexnologik koni 60 yoshda: zalvorli tarix, yorqin kelajak

    Respublikamizdagi tabiiy uran ishlab chiqaruvchi yagona korxona boʻlgan “Navoiyuran” davlat korxonasi tarkibida bugungi kunda “Zafarobod” kon boshqarmasi, “Uchquduq” va “Nurobod” ishlab chiqarish maydonlarida 6 ta geotexnologik konlar faoliyat yuritmoqda.

    Ularning har birining oʻziga xos tarixi, bosib oʻtgan shonli va sharafli yoʻli bor. Samarqand viloyatining Nurobod tumani hududida joylashgan “Sobirsoy” geotexnologik koni ham ana shunday zalvorli tarixga ega konlardan hisoblanadi. Joriy yil uning 60-yilligi keng nishonlandi.

    Bir necha asrlar davomida sukunatda, kimsasiz yastanib yotgan Qizilqum sahrosining beadoq kengliklari va bepoyon Ulus-Jom dashtliklarida hali hayot qaynab, qimmatbaho metallar qazib olinib, yirik sanoat korxonalari barpo etilishi hech kimning hayoliga ham kelmagan bir davrlar. Oʻtgan asrning 50-yillariga kelib esa bu hayollar haqiqatga aylanib, olimlarning ilmiy-tadqiqot hamda geologiya-qidiruv ishlari oʻz samarasini berdi. Natijada ushbu hududlarda ilk bora katta yer osti boyligi – uran zaxirasi borligi aniqlandi.

    Keyinchalik, izlanishlar koʻlami kengayib, Samarqand, Jizzax va Buxoro viloyatlari hududiga ham koʻchdi. Xususan, bundan 60-yil avval, yaʼni 1964-yilda Ulus-Jom dashtu-adirlarida aniqlangan tabiiy uran zaxiralarini oʻzlashtirish maqsadida Samarqand viloyati Nurobod tumanida “Sobirsoy” koni tashkil etilgan edi. Mazkur kon “Sharq”, “Agron”, “Nurbuloq”, “Ulus” kabi kichik uran konlarini oʻzida birlashtirdi. 60-yil – bu shonli ishchilar anʼanalarini shakllantirgan, bir necha avlod taqdirini oʻz ichiga olgan butun bir tarix demakdir. Bu yerda haqiqiy ishlab chiqarish, muhandislik izlanishlar maktabi va eng asosiysi fidokor, oʻz ishiga sodiq boʻlgan korxona ishchilar jamoasi shakllandi.

    Bugungi kunda ushbu kon “Navoiyuran” davlat korxonasi “Nurobod” ishlab chiqarish maydoniga qarashli boʻlib, korxonada uran ishlab chiqarishning 9,2 foizi, mazkur kon hisobiga toʻgʻri keladi. Konda fidokorona mehnat qilayotgan 890 nafar burgʻilovchi, geolog, geotexnolog, muhandis-texnik xodimlardan iborat jamoaning fidokorona mehnatlari ortidan 2030-yilga qadar geologiya-qidiruv ishlari orqali uran zaxiralarini 9150 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

    “Nurobod” ishlab chiqarish maydoni bugungi kunda oʻzining oldiga juda katta maqsadlarni reja qilib qoʻygan, — deydi “Sobirsoy” geotexnologik koni bosh muhandisi Jalol Arapov. — Ushbu maqsadlar bugun Davlatimiz Rahbarining “Navoiyuran” davlat korxonasi transformatsiyasini amalga oshirish boʻyicha qoʻyilgan katta qadamlarining bir qismi sifatida bizning geotexnologik konlarimizda ham oʻz ifodasini topmoqda. Shu paytgacha “Jarquduq” dala maydonida geologiya-qidiruv ishlari olib borilgan boʻlsa, hozirda bu jarayon “Ingichka”, “Sharqiy Agʻron” dala maydonlariga koʻchib, konlar ishga tushirildi. Shuningdek, Jizzax viloyatining “Arnasoy” istiqbolli konini oʻzlashtirish ishlari boshlandi va hozirda tajriba-sanoat uchastkalarida tabiiy uran qazib olish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda. Korxonamiz geologlari tomonidan ushbu konlarda uranning juda katta zaxirasi mavjudligi boʻyicha maʼlumotlar berilgan.
    Yana bir jihatni aytib oʻtish oʻrinli deb bilaman. Oʻtgan yili “Sobirsoy” koni geotexnologik uchastkalarida 7 ta burgʻilash qurilmalari ishlagan boʻlsa, birgina joriy yilning oʻzida ularning soni 13 taga yetib, zamonaviy burgʻilash qurilmalari bilan toʻldirildi. Bu ishlab chiqarish hajmlarini yanada oshirishga, belgilangan rejalarni oʻz vaqtida uddalashga imkoniyatlarni kengaytirish bilan birga, hudud aholisini ish bilan taʼminlashda ham juda katta rol oʻynaydi”.

    Albatta bosib oʻtilgan zalvorli tarix bugun yorqin kelajakni ham yaratmoqda. Uni sarhisob qilish, istiqbolli rejalarni tuzish kelgusi ishlarga qanot boʻladi. Nurobod tumani markazidagi tantanalar maskanida mazkur konning 60-yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan shodiyonada fidoyi ishchi-xodimlar sharaflandi, mehnat faxriylariga eʼzoz va ehtirom koʻrsatildi.

    Tantana avvalida “Navoiyuran” DK Bosh direktori Jamol Fayzullayevning jamoaga yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi.

    Shuningdek, shodiyonada koʻp yillik fidokorona mehnati va ishlab chiqarishga qoʻshgan munosib hissasi hamda sana munosabati bilan bir guruh xodimlar “Korxona faxriysi“ unvoni, “Konchilik shuhrati“ koʻkrak nishoni hamda korxona rahbariyati va 6-son Birlashgan kasaba uyushmasi Qoʻmitasining faxriy yorliqlari va tashakkurnomalari bilan taqdirlandilar.

    “1993-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlab, yosh mutaxassis sifatida Janubiy kon boshqarmasiga mexanik boʻlib ishga kelgandim, — deydi “Sobirsoy” geotexnologik koni bosh mexanigi, “Konchilik shuhrati” koʻkrak nishoni sohibi Umar Shodiyev. — Mana 15-yildirki “Sobirsoy” geotexnologik konida bosh mexanik lavozimida ishlab kelmoqdaman. 30-yildan buyon shu sohaning ichidaman. Bu vaqt davomida koʻplab ustozlar qoʻlida tajriba orttirdim, hozirda oʻzim ham oʻnlab shogirdlar tayyorladim. Men uchun bu kon hayotimning bir qismi, mazmuni desam hech ham mubolagʻa boʻlmaydi. Boisi, farzandlarim shu Nurobod zaminida tugʻildi, turmush oʻrtogʻim ham konda mehnat faoliyatini olib bormoqda. Qisqa qilib aytganda hayotim shu kon bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Men jamoamdan, korxonamiz rahbariyatidan minnatdorman. Bugun “Konchilik shuhrati” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashdi. Bu menga katta kuch-gʻayrat beradi, yurtimiz taraqqiyoti va korxonamiz ravnaqi yoʻlida yanada jiddu-jahd koʻrsatishga bir motivatsiya boʻladi.

    Tadbirda Nurobod tumani hokimi S.Berdiqulov ham yigʻilganlarni bayram bilan qutlab, jamoaga hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti yoʻlida qilayotgan mehnatlari uchun oʻzining minnatdorchiligini bildirdi.

    Tantanali marosim “Farhod“ va “Nurobod” madaniyat saroyi hamda “Yoshlik“ madaniyat markazi badiiy jamoalari va xonandalari tomonidan tayyorlangan bayram konserti bilan davom etdi.

    Shodiyona soʻnggida tashkil etilgan rang-barang mushakbozlik barchaga birdek bayram kayfiyatini ulashdi.

    “Navoiyuran” DK axborot PR xizmati


    Reklama