Mazkur Qonun 2024-yil 16-avgustda oʻtgan chaqiriq Senatning 55-yalpi majlisida ham koʻrilgan edi. Avvalgi muhokamalar jarayonida senatorlar mamlakatimizda soʻnggi yillarda yoʻl harakati ishtirokchilarining tegishli qoidalarga rioya etish madaniyatini oshirish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha koʻrilayotgan choralarga qaramasdan, respublika hududida yoʻl-transport hodisalari sodir etilayotgani va buning natijasida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga jiddiy ziyon yetayotganligi haqida oʻz fikrlarini bildirgan edi.
Qonunda yoʻl harakati qoidalariga rioya etmaslikning salbiy oqibatlarining oldini olishga xizmat qiluvchi yangi normalar oʻrin olgan.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek imtihon oʻtkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik va siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilgʻi aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda transportda bezorilik, yaʼni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yoʻllarda toʻsiqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shunday boʻlsada, Qonundagi ayrim normalar bugungi kundagi real voqelik hamda amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaganligi sababli Senatning 55-yalpi majlisida Senat aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi. Shundan soʻng Senat tomonidan bildirilgan taklif va eʼtirozlar kelishuv komissiyasi tomonidan batafsil koʻrib chiqildi hamda barcha masalalar atroflicha muhokama qilinib, Qonun takomiliga yetkazildi.
Xususan, qonun bilan jarima ballari hisoblangan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllash kabi javobgarlik belgilanmoqda. Yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganda haydovchilik huquqidan mahrum qilishning eng kam miqdori olti oydan kam boʻlmasligi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 1952-moddasi ham toʻliq qayta ishlandi. Jumladan, fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi. Muhofaza qiluvchi organlar xodimlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati toʻliq saqlanib qolmoqda. Oldingi tahrirdan farqli ravishda bor narsani ijtimoiy tarmoqqa qoʻyganlik uchun javobgarlik belgilanmayapti.
Qonunda faqat xodimlarning tasvirini ularni obroʻsizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslik, yaʼni xodimning harakatlari, soʻzlari va yuz bergan holatni buzmaslik, shu maqsadda montaj qilmaslik talab etilmoqda.
Mazkur modda sanksiyasida belgilangan jarima miqdorlari ham qaytadan koʻrib chiqildi. Jumladan, qatʼiy belgilangan BHMning 50 barobari miqdoridagi jarima 20 baravardan 50 baravargacha etib, qatʼiy belgilangan 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olish 10 sutkagacha qisqartirilmoqda, yaʼni holatdan kelib chiqib, sudya undan ham kamroq muddat belgilashi mumkin.
Shundan kelib chiqib, ushbu moddada “huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto – va (yoki) videotasvirni ularni obroʻsizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish” uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi, yoʻl harakati ishtirokchilarini yoʻllarda harakatlanish madaniyatini oshirishga, yoʻl harakati ishtirokchilari harakat davomida belgilangan qoidalarga amal qilishini taʼminlashga, pirovardida yoʻl-transport hodisalari soni kamayishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.