баннер
27 Apr 2025
02:15

    Senat: shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas

    Senatning beshinchi yalpi majlisida "Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda huquqiy tizimni tubdan takomillashtirish va sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli va muhim ahamiyatga ega boʻlgan islohotlar amalga oshirildi.

    Ushbu islohotlar sud ishlarini takomillashtirish, sud qarorlarining shaffofligi va xolisligini oshirish, shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish kabi keng koʻlamli yoʻnalishlarni qamrab oladi.

    Muhokama qilingan Qonun ham ana shu tizimli islohotlarning mantiqiy davomidir.

    Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi hamda “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi belgilanmoqda.

    Shu bilan birga, agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda. Sud jarayonida ishtirok etayotgan guvoh oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi koʻrsatma bermaslik huquqi joriy etilmoqda.

    Qonun bilan sudyani muayyan ishning muhokamasidan chetlashtirishga yoki uning vakolatlarini toʻxtatib turish, boshqa lavozimga oʻtkazishga faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga koʻra yoʻl qoʻyilishi joriy qilinmoqda. Shuningdek, sudya vakolatiga va odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi hamda ularning hisobdor emasligi belgilanmoqda.

    Oliy sudning qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirish doirasi aniqlashtirilib, faqat oʻz vakolatlari doirasida masalalar kiritishi koʻrsatilmoqda.

    Mazkur Qonun fuqarolarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash, odil sudlovning sifatini yanada oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

    Qonunning qabul qilinishi odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar tomonidan Konstitutsiya normalarini toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllash hamda Konstitutsiyaviy ustuvorlikni qaror toptirish boʻyicha zarur huquqiy kafolatlar yaratilishi, shaxsning huquq va erkinliklarining sud orqali himoyasi yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

    Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech