“Dunyo” AAning xabar berishicha, tantanali marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida Urxelsk yepiskopi elchini samimiy qutlab, Oʻzbekistonda kechayotgan oʻzgarishlar jarayonlarini katta qiziqish bilan kuzatib borishini taʼkidladi. U, shuningdek, mamlakatimiz rahbariyatining, ayniqsa, bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda tinchlik, barqarorlik va xalqaro muloqotni taʼminlashga qaratilgan oqilona va uzoqni koʻzlagan siyosatini yuksak baholadi.

Andorra hamraisi Oʻzbekiston millatlararo va konfessiyalararo totuvlikning muvaffaqiyatli namunalarini koʻrsatayotgani, 130 dan ortiq millat va elatlar, shuningdek, 2000 dan ortiq diniy tashkilotlar tinch va oʻzaro hurmat muhitida istiqomat qilayotganini eʼtirof etdi.

Andorra kichik boʻlishiga qaramay, Oʻzbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berayotgani, uni muhim va hurmatli hamkor sifatida qabul qilishi alohida qayd etildi.

Yepiskop Oʻzbekistonning iqtisodiy dinamikasini, jumladan, COVID-19 pandemiyasi davrida mamlakat barqaror oʻsish surʼatlarini koʻrsatib, inqirozdan ijobiy koʻrsatkichlar bilan chiqqanini diqqat bilan kuzatib borgani samarali islohotlar samarasi ekanini bildirdi.

Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati, xususan Samarqand shahrining buyuk tarixi va madaniy merosiga eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, Andorra hamraisi Oʻzbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi va andorralik yoshlarning boy tarix va madaniyatga ega mamlakatlarga qiziqishi ortib borayotgani, Oʻzbekiston esa bunday yoʻnalishlar orasida alohida oʻrin tutayotganini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston va Andorra oʻrtasida turli sohalar, jumladan, madaniyat, turizm va xalqaro muloqot kabi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.