Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSр Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharqda tinchlik jarayoni bo'yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffning Isroil va HAMAS o'rtasida asirlar almashinuvi, shuningdek, G'azo sektorida vaqtinchalik o't ochishni to'xtatish bo'yicha so'nggi taklifini qabul qilishga tayyorligini bildirdi.

Isroil matbuotiga ko'ra, Netanyaxu G'azoda asirga olingan isroilliklarning oilalari bilan uchrashgan. Uchrashuvda Bosh vazir hukumat Uitkoffning asirlar almashinuvi va vaqtinchalik o't ochishni to'xtatishni nazarda tutuvchi tashabbusini qabul qilishga tayyorligiga ishontirdi.

O'z navbatida, HAMAS vakillari kelishuv loyihasini olganliklarini tasdiqlashdi va hujjat hozirda harakatning tegishli tuzilmalari tomonidan o'rganilayotganini ma'lum qildi.

HAMAS rasmiylari bu taklif “mas'uliyat hissi bilan” tahlil qilinayotganini va bunga “Falastin xalqi manfaatlari, insonparvarlik yordami yetkazilishini qo'llab-quvvatlash va barqaror o't ochishni to'xtatishga erishish”dan kelib chiqib javob berilishini bildirdi, deb xabar beradi aa.com.tr.