Samarqand viloyat adliya boshqarmasi va “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasining koʻmagi bilan “Samarqand qogʻozi” geografik koʻrsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Maʼlumot uchun:
Ming yillik tarixga ega Samarqand qogʻozini ishlab chiqarish jarayonida balxtut novdalari maʼlum muddat suvda ivitib qoʻyiladi. Undan keyin poʻsti shilinib, poʻstloq ustidagi qoʻpol jigarrang qismi pichoq bilan ajratiladi.
Tozalangan sargʻish rangli poʻstloqlar qozonda 5-6 soat qaynatiladi va shundan soʻng ular yogʻochdan yasalgan oʻgʻirlarda 7-8 soat davomida mayin tolalarga aylangunicha maxsus toʻsinlar orqali tuyib maydalanadi.
Keyingi bosqichda mayin tolasimon poʻstloqlar katta idishga solinib, Siyob suvida aralashtiriladi va toʻrtburchak shakldagi suzgʻichlardan oʻtkaziladi.
Hoʻl qogʻozlar 8-10 soat davomida taxtakachga bostirib qoʻyiladi, soʻngra ular birma-bir silliq joyga yopishtiriladi. Yakunida har bir qogʻoz silliq marmar tosh ustiga qoʻyilib, chigʻanoq yoki aqiq toshi bilan silliqlanadi. Shu tarzda Samarqand qogʻozi tayyor boʻladi.
Samarqand qogʻozidan mahalliy miniatyurachi rassom va kalligraflar, Yaponiyadagi qadimiy yozma bitiklar va nodir asarlarni qayta taʼmirlashda foydalanishadi.