Uchtepada ota 15-yillik alimentni oldindan to‘lab berdi

    Bayramoldi kunlari qarzdor ota 150 ming AQSH dollarini to‘lash uchun MIBga tashrif buyurdi.

    Bu haqda MIB axborot xizmati ma’lum qildi.

    Qayd etilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining buyruqlariga asosan, qarzdor B.T. uch nafar farzandi voyaga yetguniga qadar har oyda ish haqi va boshqa daromadlaridan 1/3 qismi miqdorida aliment to‘lashi, MIB esa buni undirishi kerak edi.

    Qarzdor erkak farzandlari voyaga yetguniga qadar to‘lanishi kerak bo‘lgan alimentni oldindan to‘lash xohishini bildirib, buning hisob-kitobini chiqarish uchun MIBning Uchtepa bo‘limiga murojaat qildi.

    Amaldagi qonunchilikka hamda hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan 2040-yil 2-fevraliga qadar bo‘lgan davr uchun aliment to‘lovining umumiy summasi 1 mlrd 847 mln 413 ming so‘mdan ortiqni tashkil etdi.

    Shu yilning 29-avgust kuni qarzdor ota farzandlari ta’minoti uchun 150 ming dollar miqdorida alimentni bir yo‘la to‘ladi. Natijada ijro ishi to‘liq yakunlandi.