Farmonning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- 2026-yil yakuniga qadar davlat boshqaruvi organlari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy qilish boʻyicha kamida 100 ta loyihani amalga oshirish;
- 2030-yil yakuniga qadar zamonaviy sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga 1 milliard AQSH dollaridan ortiq miqdorda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
- 2026-yil yakuniga qadar mamlakatda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim tashkilotlarida 15 ta sunʼiy intellekt laboratoriyalarini ishga tushirish.
2025-yil yakuniga qadar sunʼiy intellekt yoʻnalishida amalga oshirilayotgan loyihalar, dasturlar, startaplar va bepul onlayn kurslar haqidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi “ai.gov.uz” milliy portali ishga tushiriladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab:
- yoshlarning sunʼiy intellekt texnologiyalariga qiziqishini yanada oshirish va ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovi oʻtkaziladi;
- davlat organlari, ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining raqamli transformatsiya holatini baholashda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish koʻrsatkichlari inobatga olinadi.
Reyting natijasiga asosan 2026-yil 1-martdan boshlab yiliga ikki marotaba eng yaxshi sunʼiy intellekt loyihalarini joriy etgan vazirlik va idoralar oʻrtasida “Sunʼiy intellekt boʻyicha eng yaxshi loyiha” tanlovi oʻtkaziladi.









