Bosh prokuratura “Yashil makon” loyihasi yuzasidan bir qator mutasaddilarga nisbatan tekshiruv boshladi

    Yashil sayyora 6 Iyul 2023 2056

    Ekologiya, atrof-muhitni muxofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduxakimov maʼruzasida keltirilgan kamchiliklar Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olindi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Ekologiya, atrof-muhitni muxofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduxakimovning joriy yilning 4-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida “Yashil makon” loyihasini amalga oshirilishi monitoringida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan qilgan maʼruzasi tarqaldi.

    Maʼruzada vazir “Yashil makon” loyihasi doirasida ikki milliondan ortiq ekilmagan koʻchatlarni hisobotga “ekildi” deb qoʻshib yozilgan, sugʻorib boʻlmaydigan joylarga 7,3 million tup nihol oʻtqazilgan, ekilgan 1,8 million tup koʻchatni saqlash va parvarishlash uchun tegishli masʼullar belgilanmagan. Jumladan, Navoiy viloyatida 959 ming, Toshkent viloyatida 564 ming, Fargʻona viloyatida 465 ming, Qashqadaryo viloyatida 227 ming tup ekilmagan daraxt koʻchatlari hisobotga “ekildi” deb qoʻshib yozilgan.

    Bosh prokuratura matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, mazkur yalpi majlisda Bosh prokuraturaning Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshligʻi Oʻktam Oʻtayev ishtirok etib, maʼruzada keltirilgan kamchiliklar Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan.

    Hozirda Bosh prokuratura va vazirlik mutaxassislaridan iborat tuzilgan ishchi guruh holatga qonuniy baho berish va aybdor shaxslarga nisbatan tegishli chora koʻrish yuzasidan oʻrganish ishlarini boshladi.