Ular Finlandiya davlat ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishib, maktab boshqaruv sohasida direktorlarni lavozimiga tayinlash, ularning malakasini oshirish, maktab boshqaruvida medianing rolini aniqlash borasida yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, maktablarda marketing qanday olib borilishi, STEM fanlarni tashkil etishda Finlandiya tajribasi hamda maktablar, o‘qituvchilar va o‘quvchilarni baholash tizimini o‘rganmoqda.
Muuramedagi tadbirkorlikka ixtisoslashtirilgan yuqori maktab faoliyati o‘zbek mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Maktabda 235 nafar o‘quvchi, 20 nafar o‘qituvchi 1 nafar kurator (direktor o‘rinbosari), 1 nafar hamshira va 1 nafar psixolog faoliyat yuritadi. 9-sinfni tamomlagan o‘quvchilar 3 yil davomida (10-sinfdan 12-sinfga qadar) tadbirkorlikka yo‘naltirilgan va maktab tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturi asosida tahsil oladi.
Maktab qoshida 2003 yilda o‘quvchilar tomonidan boshqariladigan “Kisalli” tadbirkorlik firmasi tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy faoliyati o‘quvchilarni tadbirkorlikka oid real hayotiy tajribalar asosida ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, tadbirkorlik etikasini o‘rgatish va ijtimoiy faoliyatlarga jalb etish orqali kasblarga yo‘naltirishdan iborat.
Maktabda barcha o‘quvchilar uchun bepul tushlik beriladi. Moslashuvchanlik, mas’uliyatlilik, kreativlik, jasurlik asosiy qadriyatlar hisoblanadi. O‘quvchilar, o‘qituvchilar va rahbariyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabat tenglik tamoyiliga asoslangan.
Har bir dars 90 daqiqa davom etib, 45 daqiqadan so‘ng 5 daqiqalik tanaffus beriladi va bunda o‘quvchilar ko‘proq jismoniy harakatlarni bajaradi.
Darslarda muammoga asoslangan ta’lim (problem-based learning) metodikasi keng qo‘llanilib, o‘quvchilar 7 kishidan iborat kichik guruhlarda o‘qituvchi tomonidan taqdim etilgan muammolarga yechim topishga harakat qilishadi va o‘z yechimlarini loyiha tarzida taqdim etishadi.
Ushbu loyihalar ichidan eng saralari maktab qoshidagi “Kisalli” firmasi orqali yetakchi tashkilotlarga taqdim etiladi hamda moliyalashtiriladi.
Shuningdek, tashrif so‘ngida xodimlar o‘zlarining tadqiqot mavzulari yuzasidan maktab direktori Aki Puustinendan intervyu oladi.
Fin metodikasining yana bir ahamiyatli jihati shundaki, o‘qituvchilar muammoning to‘g‘ri yechimini ko‘rsatgandan ko‘ra o‘quvchiga to‘g‘ri javobga yetaklovchi savollar beradi. Bu orqali esa o‘quvchilar tanqidiy fikrlashga o‘rgatiladi.
Fin maktablarining har bir burchagida o‘quvchilar ta’lim olishi, birgalikda mashqlarni bajarishi hamda bo‘sh vaqtlarini turli video o‘yinlar o‘ynash orqali yangi bilimlarni egallashlari (edutainment, education — ta’lim, entertainment — ko‘ngilochar mashg‘ulotlar) uchun imkoniyatlar yaratilgan.
Finlandiyada har bir o‘qituvchi yiliga 3 kun 6 soatdan jami 18 soat malaka oshirishi belgilangan. Bunda o‘qituvchilar universitetlar tomonidan tashkil etiladigan kurslarda ishtirok etadi.
Ta’lim tizimida lavozimga, xususan, maktab direktori lavozimiga tayishlash uchun maxsus internet saytlarida e’lon beriladi. Bu lavozimga nomzodlar talabiga ko‘ra, 5 yoki 6 yil pedagogik ish tajribasiga ega bo‘lishi hamda 1 yillik maxsus “Liderlik va boshqaruv” kursini tamomlagan (sertifikatga ega) bo‘lishi lozim.
Nomzodlar ichidan eng munosibi hududiy boshqarma boshlig‘i boshchiligidagi kengash tomonidan suhbat asosida ishga qabul qilinadi. O‘qituvchilik ish o‘rniga e’lon ham onlayn veb-saytlarda beriladi, nomzod direktor boshchiligidagi kengash tomonidan suhbat asosida saralab olinadi. Suhbat jarayoniga o‘quvchilar ham taklif etilishlari mumkin.
Finlandiyada o‘qituvchilar maoshi ularning ish stajiga qarab hisoblanadi.