Boʻlgʻusi pedagoglar intellektini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish dunyo miqyosida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ham jamiyatimiz aʼzolari, xususan, yoshlarning bilimi, saviyasini oshirish uchun, avvalo, ilm, maʼrifat, yuksak maʼnaviyatni kamol toptirish asosiy vazifa etib belgilangan.
Ushbu saʼy-harakatlarni amalga oshirishda oʻqituvchining mahorati, ilgʻor tajribasi juda muhim. Chunki muallim ilmli, maʼrifatli yigit-qizlarni tarbiyalash, oʻquvchilarni turli sohalarga yoʻnaltirish, uzluksiz taʼlim jarayonidagi islohotlarni roʻyobga chiqarish, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini yetishtirish, xorijdagi ilgʻor tajribalarni chuqur oʻrganish, oʻqitish metodikasi, shakl va metodlarini qoʻllashga masʼul shaxsdir.
Shu bois, oʻqituvchilarni tayyorlash boʻyicha jahon tajribasini oʻrganish, xalqaro taʼlim tizimidagi ilgʻor islohotlarni tahlil etish dolzarbdir. Ayni paytda dunyo mamlakatlari pedagoglari eʼtiboridagi oʻqitish tajribasi Finlyandiya taʼlim tizimida mujassam. Zero, oʻn yildan ortiq vaqt davomida bu davlatdagi 15 yoshli oʻquvchilar PISA xalqaro baholash dasturida muntazam eng yaxshi natijalarni koʻrsatmoqda.
Finlyandiyaning muvaffaqiyati oʻqituvchilardir. Yuqori sifatli mashgʻulot oʻtkazishi uchun ularning maqomi va mustaqilligi taʼminlangan. Taʼlim siyosati maqsadli ravishda tenglikka yoʻnaltirilgan. Shuningdek, maktablar ustidan nazorat markazlashmagani ham asosiy omildir.
Hozir Finlyandiyada yigirmata universitet (shundan oʻntasi pedagoglar tayyorlaydi) hukumat tomonidan moliyalashtiriladi. Oʻquv dasturlarini tuzish huquqi va masʼuliyati mahalliy munitsipalitetlar va maktablar zimmasida. Qonunchilikka koʻra, taʼlim beruvchilar oʻquv dasturini mahalliy sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar masʼuliyati yuklangan idoralar bilan hamkorlikda “maktabning ish muhiti, mahalliy qiymat tanlovi va maxsus resurslar”ni hisobga olgan holda ishlab chiqishi shart. U nafaqat umumiy taʼlimning yuqori standartlari, balki butun jamiyatning birgalikda belgilangan maqsad va tartiblarga sodiqligini taʼminlaydigan tarzda amalga oshiriladi.
Finlyandiyada oʻqituvchilar uchun taʼlim dasturini shakllantirish muhim omil. Oʻqitish tizimining yana bir muhim xususiyati ishonch va hamkorlik madaniyatiga tayanadi. Mamlakat maktablaridagi oʻqituvchilarni maʼlumoti va ixtisosligi boʻyicha maktabgacha taʼlim oʻqituvchisi, hunarmandlik va texnologiya fani oʻqituvchisi, musiqa oʻqituvchisi kabi toifalarga boʻlish mumkin. Biroq har bir toifadagi muallimlar turli oʻquv dasturlari asosida tayyorlanadi.
1970-yilda “Oʻqituvchilar taʼlimi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishi bilan Finlyandiya oʻqitish tizimi muvaffaqiyatida asosiy oʻrin egallagan muhim islohot amalga oshirildi. Yangi tashkil etilgan umumtaʼlim maktablari uchun ham, oʻrta maktablar uchun ham oʻqituvchilar tayyorlash oliy oʻquv yurtlariga topshirildi. Aksar universitetlar ikki boʻlimga boʻlingan: umumiy ilmiy va fan sohasidagi taʼlim hamda pedagogik taʼlim yoʻnalishlari. Birinchisida umumiy ilmiy va fan-taʼlim sohasida tadqiqot oʻtkazish va rejalashtirishdagi muammolar ustida ishlash asosiy yoʻnalish sifatida belgilangan. Ikkinchisida esa pedagogika taʼlimiga, yaʼni oʻqitish va oʻqituvchilar taʼlimi sohasidagi tadqiqotlarga eʼtibor qaratildi.
Bugun Finlyandiyada oʻqituvchilar taʼlimi kuchli tadqiqotga yoʻnaltirilgani va hamkorlik mavjudligini koʻrish mumkin. 1979-yilda oʻtkazilgan keyingi islohotdan soʻng umumtaʼlim maktablari va oʻrta maktab oʻqituvchilari uchun zarur boʻlgan minimal malaka taxminan besh yillik oʻquv va amaliy ishlarni talab qiladigan magistr darajasi sifatida belgilandi. Bu uch asosiy maqsadga xizmat qildi: birinchisi, boshlangʻich va oʻrta maktab taʼlimini birlashtirib, ularning ikkalasiga ham “umumiy oʻzak” berdi; ikkinchisi, boshlangʻich darajadagi oʻqituvchilar yuqori akademik standartlarga javob beradigan boʻldi; uchinchisi, yuqori hamda oʻrta maktab oʻqituvchilari ham pedagogika fanlari boʻyicha tayyorlandi.
Oʻqituvchilar uchun oʻquv dasturining bir necha tamoyillari mavjud. Mustaqillik, masʼuliyat va ishonch. Finlyandiya pedagogik taʼlimi zamirida “barcha darajadagi oʻqituvchilar nafaqat mustaqil mutaxassis, balki sohasi boʻyicha professional boʻlishi kerak”, degan ishonch yotadi. Shu bois, turli muammolar (pedagogik, maʼmuriy, oila yoki jamoa bilan bogʻliq, hatto mahalliy sanoat bilan aloqalar) mustaqil, hamkasblar va mahalliy hamjamiyat bilan hamkorlikda yechiladi.
Oʻqituvchida bu fazilatlarning rivojlanishi, bir tomondan, pedagoglikni Finlyandiyada eng koʻp talab qilinadigan va nufuzli kasblardan biriga aylantirgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, maʼmurlar va siyosatchilarga oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va oʻquvchilarni baholash vazifalarini muallimlarga deyarli toʻliq topshirish imkonini beradigan ishonchni paydo qildi. Oʻqituvchilar va maktab direktorlari oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda asosiy rol oʻynaydi. Pedagogik taʼlim ularga oʻquv dasturi boʻyicha yaxshi rivojlangan bilim va rejalashtirish koʻnikmalarini beradi. Bundan tashqari, oʻquv dasturlarini loyihalash kasbiy rivojlanishni tizimli, nazariy jihatdan takomillashtirishga yordam beradi.
Mustaqillik masʼuliyat va ishonch tamoyili bilan bogʻliq boʻlib, ushbu tamoyil ortida turgan ikkita asosiy maqsadni ajratib koʻrsatish muhim. Birinchisi, boʻlgʻusi oʻqituvchilarga sohasidagi soʻnggi tadqiqotlardan xabardor boʻlish, shuningdek, yangi bilimlarni qoʻshish imkonini beradi. Ikkinchisi, amaliyoti haqida fikr yurita oladigan oʻqituvchilarni rivojlantirishni nazarda tutadi. Boʻlgʻusi fan oʻqituvchilari uchun tadqiqotga asoslangan pedagogik taʼlimning maqsadi “Oʻqituvchilarga mustaqil fikrlash va mantiqiy dalillar orqali amalda duch kelishi mumkin boʻlgan muammolarni hal qilishga koʻmaklashishdir”.
Talabalar odatda qiziqishi yuqori boʻlgan universitetlarga hujjat topshirishadi. Agar 2-kursda belgilangan mezonlarga javob bersa, ularga pedagogik taʼlim yoʻnalishlarida oʻqish taklif etiladi. Buni tanlaganlar 3-kursdan pedagogika fanidan bitta kursni va boshqa maktab fanlaridan kamida bittasini tanlab oʻqiy boshlaydi. Buning natijasida koʻpchilik fan oʻqituvchilari odatda kamida ikkita fandan dars berishi mumkin
Finlyandiya va Oʻzbekistondagi oʻqituvchilar taʼlimini qisqacha qiyosiy tahlil qilsak, qator farqlarni koʻrish mumkin. Masalan, Finlyandiyada maktabgacha taʼlim tashkilotlari (bogʻchalar)da ishlash uchun bakalavriat darajasi talab etiladi. Maktabda sinf oʻqituvchisi boʻlib ishlash uchun pedagogika universitetining magistratura boʻlimini tugatgan boʻlishi shart. OTMni tugatmagan talaba oʻquv muassasalarida dars berish huquqiga ega emas. Mamlakatimiz maktablarida oʻqituvchilik qilayotgan kadrlarning aksariyati bakalavriat darajasiga ega. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari (bogʻchalar)da esa oʻrta maxsus maʼlumotga ega kadrlar koʻp. Shuningdek, OTMni bitirmaganlarning ham maktablarda dars berishiga ruxsat etilgan.
Finlyandiya taʼlim tizimi kuchli ishonch va ochiqlik asosiga qurilgan. Oʻqituvchilar taʼlim sifati va samaradorligiga masʼul etib belgilanadi va ularga ishonch bildiriladi, faoliyati nazorat qilinmaydi. Bizda oʻqituvchining taʼlim berishdagi faoliyati, dars sifati va samaradorligi doimiy nazoratga olingan. Taʼlim muassasalari rahbarlari tomonidan olib boriladigan dars tahlillari oʻqituvchi faoliyatini nazorat qilishga asoslangan. Finlyandiyada oʻqituvchilar faoliyati taʼlimga oid soʻnggi tadqiqotlarga qaratilgan. Pedagoglar doimiy ravishda oʻz ustida mustaqil ishlaydi, ilmiy izlanishlar qiladi. Bizning maktablarda taʼlimga oid ilmiy tadqiqotlar qilayotgan muallimlar sanoqli.
Taʼlim jarayonining nazariy jihatlari Finlyandiyada amaliyot bilan qattiq integratsiyalashgan. Maktabgacha, maktab va oliy taʼlimdagi islohotlar asoschisi oʻqituvchilar hisoblanadi. Ular mavjud Milliy dasturni boyitish, qoʻshimchalar kiritish yoki tubdan oʻzgartirish huquqiga ega. Mamlakat taʼlim tizimiga Milliy dastur koʻrsatma sifatida beriladi. Mazmun-mohiyatini boyitish, oʻzgartirishlar kiritish, mavzulashtirish professor-oʻqituvchilar tomonidan amalga oshiriladi. Bizning maktablarimizda esa nazariy bilim kuchli beriladi, ammo oʻquvchilarning olgan tushunchasini amaliyotda qoʻllash jarayoni sust boradi. Oʻqituvchilar tayyor dastur asosida dars oʻtadi. Taʼlim berish jarayonida dasturda koʻrsatilgan mavzulardan chetga chiqilmaydi.
Finlyandiya taʼlimining muvaffaqiyati ortida tenglik, izchil va birgalikdagi saʼy-harakatlar yotadi. Hozirgi taʼlim tizimining baʼzi asosiy xususiyatlari 1960-yillarning oxiri va 1970-yillarda oʻqituvchilar taʼlimidagi islohotlar bilan bogʻliq. Ulardan biri “milliylashtirilgan, standartlashtirilgan” testlarni bekor qilish edi. “Fin maktablari oʻquvchilar muvaffaqiyatini aniqlash uchun standartlashtirilgan testlardan foydalanmaydi.
Buning uchta asosiy sababi bor. Birinchidan, baholash amaliyoti milliy oʻquv dasturida yaxshi asoslangan boʻlsa-da, Finlyandiyada taʼlim siyosati maktablar faoliyatining muhim qismi sifatida individual taʼlim va ijodkorlikka yuqori ustuvorlik beradi. Shuning uchun har bir oʻquvchining maktabdagi muvaffaqiyati statistik koʻrsatkichlardan koʻra koʻproq uning individual rivojlanishi va qobiliyatiga qarab baholanadi. Ikkinchidan, taʼlimni ishlab chiquvchilar oʻquv dasturlari, oʻqitish va maktablarda test oʻtkazish emas, balki oʻqituvchilarning amaliyotini kuchaytirish kerakligini taʼkidlaydi.
Finlyandiya maktablarida oʻquvchilarni baholash taʼlim jarayoniga kiritilgan boʻlib, butun oʻquv yili davomida pedagoglar va oʻquvchilar faoliyatini yaxshilash uchun qoʻllanadi. Uchinchidan, mamlakatda oʻquvchilarning akademik koʻrsatkichini aniqlashga tashqi baholovchilarning emas, maktabning masʼuliyati sifatida qaraladi. Demak, mamlakatimiz taʼlim tizimidagi muammolarni bartaraf etish uchun ilgʻor milliy va xorijiy tajribalar, xalqaro baholash dasturlari talablarini inobatga olgan holda oʻquv dasturlari, oʻqitish metodikasi va taʼlim sifatini baholash tizimini takomillashtirish, oʻqituvchilarga ishonchni orttirish, pedagoglarning oʻzi ishiga masʼuliyatini oshirish juda muhim.
Odil QOʻYSINOV,
Xalqaro Nordik universiteti prorektori,
pedagogika fanlari doktori, professor
Feruza HAMROYEVA,
Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti dotsenti